Murod Mansur. Judolik diyori (3-kitob)  ( 127678 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 35 B


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:05:24

Bu diyorlarda men bir rivoyat eshitdim: Alloh qiyomat kuni odam bolasidan mehrni ko‘tarib, o‘ziga qaytarib olib qo‘yadi ekan. Ana o‘sha qiyomatda har kim o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi ekan. Ota bolaga, bola otaga qaramas, qiz onani, ona qizini «tanimas» ekan. Shafqat yo‘qoladi ekan. Rahm-marhamat degan narsalar o‘rtadan ko‘tariladi ekan. Ana shu damda bir qorindan talashib tushgan Hasan-Husanlar, Fotima-Zuhralar bir-birlaridan qochadilar ekan, savobimdan so‘rab qolmasin deb. Bir paysa savob anqoning urug‘iga aylanib, uni tilanib yurib ham topib bo‘lmay qoladi ekan.
Ana shunday kunda bir paysagina savobi yetmay qolgan bir banda zir yugurib heshu aqrabolarini izlab yursa, hech kim qayrilib qaramasmish. Jigariga borsa, jigari yuz burib ketarmish. Bir umrli yor-birodarlariga borsa, ular o‘zlari kimdan so‘rashlarini bilmay turadilar ekan. Nihoyati bir paysa savob topilmasa-ya! Jannatdan qanday umid uzsin? U yana tanish izlab yugurgilab ketibdi. Axiyri xomushdan-xomush turib qolgan bir birodarini uchratibdi.
— Ey aziz birodar, u dunyodagi yaqinligimiz haqqi, yordam qil. Bir paysagina savob yetmay do‘zaxga tushadigan bo‘lib turibman. Hech kim rahm qilmayotir,— deya o‘tina ketibdi.
Shunda haligi tanishi kutilmaganda:
— Sen bir paysani topolmayotgan bo‘lsang, o‘-ho‘, menga yo‘l bo‘lsin ekan, — debdi vallomatligi tutib: — Meni bor-yo‘g‘i bir paysagina savobim bor ekan, ol, shu bilan ishing bitsa, — deb yuboribdi...
Ana shu tob buni ko‘rib turgan Alloh subhanahu va taolo:
— Ey yolg‘iz bir paysa savobini birodariga ilingan bandam, qayt, — deb chaqiradi ekan va: — birodaring qo‘lidan tut-da, ikkingiz jannatga kiringiz, — deb marhamat qiladi ekan...
Sen mening ana shunday birodarimsan, Chaman. Orqadoshimsan. Hech kimda rahm-shafqat qolmagan kezda ham senga ishonmoq mumkin! Men qachonlardir qilgan bir yaxshiligim evaziga — xo‘v o‘sha Zokir-govni chiroqpoya qilib ketganimizda o‘tqazib qo‘yishgani, pochcha qutqarib olgani borganlarida aytgan so‘zim, sensiz chiqmaganim uchun — shuncha yaxshiliklar qilding. Allaqachon qamalib ketadigan mendek odamni qay diyorlarga chiqarib-qutqarib yuribsan. Kafil turmagil — kafansiz ketasan, desalar-da, o‘z bilganingdan qolmay kelasan. Jahon vallomatlari do‘stga sadoqatni sendan o‘rgansinlar.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:05:48

Agar sen bo‘lmasang, kafil turmasang, qadamim bu diyorlarga tegishi, bu jihodlarda yurishim dargumon edi. Yurgizib qo‘yishmasdi: allaqachon quyosh betini ko‘rmaydigan joylarga tiqib tashlashar edi, vallohi a’lam. Sen bo‘lmasang bizni bu haloskorlar safiga qo‘shib qo‘yarmidilar! Tangritog‘ga yo‘latarmi edilar! Niyatimizni bilishsayoq, peshonamizdan otardilar.
Sen chindan qiyomatli do‘stsanki, bu yoqda bizni asrading, u yoqda ahli ayolimni qanoting ostiga olib o‘tiribsan. Bu yaxshiliklaringni qiyomatga dovur qaytara olamanmi ekan? Qaytara olmasam rozi bo‘lib qo‘yasan, oshna. Yolg‘iz Allohdan o‘tinchim shuki, bu silai rahmlaring ajrini O‘zi ming barobar qilib qaytarsin. Bu dunyoda yuz ko‘rishtirmasa... yo‘q-yo‘q, farishtalar omin demay turib, Allohdan bir o‘tinchim bor: u bizni jilla qursa, bir bor ko‘rishtirsin, diydoringni shunchalar sog‘inganman! Qolaversa, dunyo kezib sendayin bir sadoqatli do‘st topmadim...
Chaman, taqdir yozug‘ida nimalar bor, bilmasmiz. Agar qayta ko‘risholmasak deb ushbu maktublarni senga atab qo‘noq bo‘lgan manzillarimizda qoldirishni niyat qildim. Do‘stim, uni o‘zing bilgan uslub-    da — hov o‘sha ulug‘ jihodchi Zakiy Validiyning tan soqchisi Xoris rahmatli o‘ylab topganidek qilib, shishaga solib, qo‘noq bo‘lgan joylarimizning qibla tarafiga ko‘mish va xaritaga tushirish niyatidaman. Ularni biz namoz o‘qigan joylarning mehrobi chetidan topgaysan. Xaritani senga yetkazgaylar.
Duolarida eslaguvchilarimizni Alloh O‘z hifzu himoyasida asrasin. Yaratganning O‘zi dastimizni uzun, niyatlarimizni pok qilsin.

Birodaring Sultonmurod.
Ulkan qoya tagidagi
ilk qo‘nalg‘a».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:06:13

*   *   *
O‘sha shisha topildiqdan chiqqan boshqa naycha-xatchada shunday bitiklar bor edi: (Uni ham o‘z holicha yuqoridagi xatga ilova qilamiz).

«...Subhanallohi! Ne kunlarga qola boshladik? Oldinda yana ne ko‘rgiliklar bor ekan?
Tik oyoqda tura oladiganlar Qori akaga iqtido qilib, shomning farzini o‘qib olgunimizcha shunday voqea sodir bo‘lsa-ya!..
O‘sha marshal To‘ramning soyai chehradoshlari (ha-ha, o‘sha xos tabiblari), bo‘y-bast, suvrat, shakl-shamoyilda bir tuki kam bo‘lmagan, va’z aytganda u kishidek ilhomlanib-jo‘shib ketguvchi va o‘zini to‘ram deb ko‘rsata bilguvchi kishi — Qo‘shshoq to‘ram birpasda aynib qolsa-ya. U yotgan yerida har bittamizning otimizni atab chaqirar, boshlarini to‘lg‘ab alahlar edi.
— Botur, To‘ramning roziliklarini olmabmi edik? U kishi nega indamaydilar?.. Nega jimdan-jim turibdilar? Qaytingiz huzurlariga. Rozi-rizolik tilangiz. Bizdan rozi bo‘lsunlar, — deb to‘lg‘onadi. Peshonasini marjon-marjon ter qoplagan, o‘zi har birimizga bir ilinj-la termuladi. Ammo biz qani turolsak, namozni buzolmaymiz, unga ham yordam berolmaymiz.
Alahlayapti desam, jon xalpida vasiyat qilayotgan ekan.
— Alloh o‘zi kechirsin, — derdi Qo‘shshoq to‘ram yutaqa-yutaqa, — men sizlarni qay yo‘lga boshlab qo‘ydim? Nega birovning o‘rniga o‘tdim? Ayting, Qori aka, mening holim... tongla Mahsharda ne kechgay?
Qori aka ikki yonga salom bera, uning yoniga oshiqqan edilar. Qo‘shshoq to‘ramning boshlarini tizzalariga olib, yuzlarini silab, peshonalaridan o‘pdilar:
— Nega kechirmasin, Qo‘shshoq to‘ram. Axir niyat qanday edi! Alloh rizoligini istab o‘rtaga chiqqan edingiz-ku. Niyat — jihod edimi, axir?
— Darvoqe, niyat shu edi, pok edi-ku... O‘zingga shukr, laa ilaha illallohu...

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:06:27

Uning mijjlaridan ikki tomchi yosh yumalab borib, Qori akaning to‘ni barigami, qaerga singib yo‘qoldi ham, u engah tashlab, boshi bir yonga burildi-qoldi ham. Qo‘shshoq to‘ram jon taslim qila olmay turgan ekan, ko‘z o‘ngimizda shom asnosida uzuldi-qo‘ydi. Ko‘p qon yo‘qotgan edi, boyaqish, u yog‘iga torta olmadi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin, u kishi Hoziq To‘ramning soyai chehradoshlari bo‘libgina qolmay, xos tabiblari ham edi, mayyitni mash’ala yorug‘ida shahid qavmida engil-boshi ila tuproqqa berdik. Ro‘zi Mahsharda shu qoni ila Alloh huzuriga tirilib borsin, ilohim.
Birodarlar, Muztoqqa ko‘tarilaverishda uchraguvchi birinchi qoya tagidagi qabrni — mujohid qabri deb bilgaysizlar. Alloh qabrdagi savol-javoblarini oson qilgan bo‘lsin, ilohim. Ertaga navbat kimniki, hech kim bilmas. Qay birimiz ko‘kka dahanini tirab turgan u dovonga yeta olamiz, qay birimiz yeta olmasmiz — yolg‘iz Alloh bilgay.
Dovon osholsak — g‘olib deb, osholmasak — shahid deb bilgaysizlar.
— Umid doram, deng. Shoyad Tangrim baroyad yo rab desa, — dedilar Qori aka.
U kishi endi bizning yo‘lboshchi-imomimiz bo‘lib qolgan edilar».
Xatning so‘nggida: «Shunaqa gaplar, Chaman. Oyto‘ra onamizga salom ayt. Duolarida eslaguvchilarimga ham duoi salomlarimni yetkaz. Xayrli kech» degan jumlalar bor edi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:06:45

2. Umidim navdasi, jon ukam, pakana pari

«Bugun so‘nggi diyordoshim, o‘zimizning o‘sha Qang‘lidan birga chiqib, shu kunga qadar yonimdan jilmagan qurdoshimdan judo bo‘lib turibman, Maqsud. Toyir akangdan ayrilib qoldik. Navbat uniki ekan. Alloh uni-da huzuriga chorlab oldi!
Men unga bergan va’dalarimning o‘ndan birini ham ado etolmay qoldim, Maqsud!
U bu dunyodan manguga ketayotib (qara-ya, bir jarohat tog‘dek yigitni qulatsa-ya!), men bilan rozi-rizolik tilashar ekan, Alloh o‘zi kechirsin, bu osmon, bu tog‘lar ustimga qo‘shilishib qulasalar rozi edim. Dunyo ko‘zimga tordan-tor, hunukdan-hunuk, olchiqdan-olchoq ko‘rinib ketmoqda edi.
— Barzanimni bir ko‘rsam edi, xuttalon otiga bir bor minsam edi, — deya o‘tinar ekan, jon qushim bo‘g‘zimga kelgan edi, Maqsud.
Sengina bilasan, u ot jinnisi edi. Barzanga ishqi tushib, ne ko‘chalarga kirmab edi. Men senga bundan yuz karra zo‘r otlar topib bergayman. Biz uchar otlar diyoriga ketyapmiz. Xohlasang, toshloqda ohudan ham o‘zadigan, charchoq nimaligini bilmaydigan, boshqa otlar qirq chaqirim yo‘l bosganda, yuz chaqirimni ko‘rdim demaydigan xuttal otlaridan olib beraman, deb bu diyorga boshlagan edim. To‘ylaringda o‘zim kuyov-navkaring bo‘lay, deb va’dalar qilgandim. Hech biriga ulgurmadim. U esa, rozi-rizolik tilardi, Maqsud. Endi men bu jahonga qanday sig‘ay, Maqsud?!
Ilgari beklar bunaqa kezda: «tik turib erdim— qaddim bukildi! O‘ltirib erdim — boshim xam bo‘ldi. Yerga uzala tushib erdim — bovurim ezildi! Allohim, O‘zing sabr ber — chiroyli sabr ber», deb bo‘zlar ekanlar. Men nima ham deya olardim?!
Men uni ot bahonasida Alloh rozi bo‘ladigan yo‘llarga boshlab edim-ku. O‘n gulidan bir guli ochilmay, go‘shangalarga kuyov bo‘lmay turib, qayga chaqirib olmoqda Allohim uni?! Birodarim Toyir akang uchqur otlarga ishqi tushgan bir bo‘zbola edi, ammo suyansa suyangulik chin birodar edi. Bundaylar bilan tog‘ni urib, talqon etmoq mumkin edi. Ular bilan dorilomon bir diyor qurmoq mumkin edi, Maqsud. Menga muhabbati, men ishongan narsalarga e’tiqodi bo‘lakcha edi! Men uchun desa, o‘tga kirardi, tegirmonga tushib-da butun chiqardi, Maqsud! Top-chi, endi bundayin birodarni! Rahmatlini eslasam, Qori aka aytgan bir rivoyat yodimga tushib ketaveradi.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:07:02

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida Bani Hanifa qabilasidan Musaylama otlig‘ bir kishi chiqib, payg‘ambarlik da’vosini qila boshlaganida U zot uni zalolatdan qaytarish uchun maktub bilan chopar jo‘natibdilar ekan.
Chopar Toyir akangga o‘xshab, ishonimli yigitlardan ekan. Bolaligidayoq U zotga bay’at berib bog‘langanicha ajralmay keladi ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun desa jonini nisor qilib yuboradigan sahobalar xilidan ekan o‘zi ham. Habib ibn Zayd degan o‘sha yigit qir, adir oshib, Najd tepaliklariga yetib boribdi-da, Rasuli Akramning maktublarini Musaylamaga topshiribdi.
Payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan kimsa xatni o‘qib, sap-sariq yuzlari zahil tortib, gezarib ketibdi. Alamdan o‘zini qaerga qo‘yarini bilmay, zaharini odamlariga sochib:
— Bu tirranchani kishanlab tashlang! — deb buyurib, o‘zi ko‘shkiga kirib ketibdi.
Ertasiga jamoatini jam qilib, choparni chorlabdi.
— Xo‘sh, — debdi so‘roqni boshlab, — Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik bera olasanmi?
— Albatta, — deb biyron javob qilibdi chopar,— Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rosuluhu, — deb shahodat keltiribdi u.
— Men Allohning elchisi ekanimga-chi? — debdi Musaylama.
— Kim? — debdi chopar kutilmaganda kaftini qulog‘iga tutib, — Bilasanmi, mening qulog‘im sal og‘irroq. Nima deganingni...
Masxaraomuz bu gapdan Musaylamaning tepa sochi tikka bo‘lib:
— Jallod, kes! — deya uning badanidan bir bo‘lak kesib olishga amr etibdi.
Jallod shay ekan, choparning o‘ng etidan qilich ila bir bo‘lak kesib olib, yerga otibdi.
Musaylama savolini takrorlabdi:
— Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik berasan, shundaymi?
— Albatta, u kishi Rasulullohdirlar, — debdi chopar.
— Men-chi, men kimman — Allohning elchisi bo‘lmay? — debdi u yana.
— Aytdim-ku, — debdi chopar qulog‘iga ishora etib, — nima deganingni tushunib bo‘lmayapti.
Musaylama battar jazavaga tushib, qichqiribdi:
— Jallod, chop!
Qilichi keskir jallod choparning yana bir parcha etini uzib olib, yerga itqitibdi. Qon sharillab oqa boshlabdi. Lekin elchi hamon qilt etmay turadi ekan. Odamlar uning sabotidan dahshatga tushibdilar.

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:07:15

Musaylama savolini takrorlashni qo‘ymas, chopar o‘z so‘zidan qaytmas, jallod esa, har gal uni qilich ila qiymalar ekan, chopar:
— Ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rosuluhu! — deb iymon keltiradi ekan.
Hech qancha o‘tmay chopar ikkiga bo‘linib qolibdi. Uning yarmi bo‘laklarga bo‘linib yerda yotar, yarmi esa qip-qizil qoniga belanib bo‘lsa-da, tik turar, o‘zi o‘sha so‘zini — yolg‘iz Rasulullohga (U zotga Allohning salomi bo‘lsin!) sodiqligini takrorlar ekan.
Kichkina bolaligida Rasulullohga (U zotga Allohdan salovat va salomlar bo‘lsin) bay’at bergan o‘sha sahoba — yigit yoshida shunday e’tiqod ko‘rsatib, vafo namunasini namoyon qilgan ekan, Maqsud. Ana senga mo‘minlik! Toyir akang ham shular toifasidan edi, Maqsud. Uning boshiga ham o‘sha ish tushsa, bu ham o‘z so‘zidan qaytmas edi! Allohim uni jannatda Buroq otlari bilan siylab, O‘zi xursand etsin, ilohim. Yetmadi Toyir u dorilomon kunlarga. Yetgaymikanmiz biz? Bizdan chiqmadi haloskor. Qachon chin haloskorini yuborgay ekan, Allohim. To‘ramdek bo‘la bilmadik biz!
Toyir yosh ketdi, ammo bu dunyodan oxiratini topib ketdi! Unikidagilarga bu xabarni yetkazib qo‘y, Maqsud. Shu yumush ham sening zimmangda qoldi, ukaginam. Bo‘zlashmasin, Toyir akang shahid qavmida to‘g‘ri jannatga ketdi.
«Inna lillahi va inna ilayhi rojiun» — hammamiz Unikimiz va Unga qaytguvchimiz. O‘zi yorlaqasin.
Qachon va qanday qaytarini bilmagan akang
Sultonmuroddan deb bilgaysan.
Aziz xolalarimu tog‘alarimga, kennoying va hamma bizni taniganlarga duo degaysan. Meni yoddan chiqarmaydiganlarni Alloh o‘zi panohida asrasin. Va salomun allal mursalin, valhamdulillahi robbil alamiyn.
Ikkinchi manzildagi muz qabr boshi».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:07:42

3. Biz kimmiz, Chaman, na shahid o‘lmagan,
na g‘oziy bo‘lmagan?
(Yoxud qo‘tos suyaklari qolgan joyning qibla tarafidan topilgan xat)


«Havo aynib, qor aralash yomg‘ir shivalashga, yuqoridan muz nafasi ura boshlashga tushgan bir pallada... qaraki, Alloh bizni yorlaqadi. Yeguliklar tugab, silla quriy boshlagan kezda Xudo tog‘dek rizq yetkazdi. To‘pidan ajragan bir oqsoq qo‘tos uchradiki, «hay-hay»lashib quvib-chalg‘itib, oyoqlarini arqonga matab, yiqitib oldik. Keyin terisini shilib, bir olam go‘sht g‘amlabmiz. Hayhotdek suyaklarigina qoldi yirtqichlarga rizq bo‘lib...
Shunisiga ham shukr, Alloh hadeb olavermaydi ekan, beradi ham ekan! Oldinda osmon ila bo‘ylashgan muzli tog‘lar, qorli dovon turar edi, holimizni ko‘rib, o‘zi marhamat etdi. Ko‘rgan sari, qaragan sari et junjikib, vahm bosadi: qanday oshib o‘tgaymiz ekan deb bu muz tog‘dan? Yutaman derdi bu muz, sovuq...
Mador bo‘lsin deb o‘tda jindek go‘sht qovurishyapti. Hididan bosh aylanib, ichaklar achishyapti, shunday ochqabmiz ekan!
Men esa, shu holimga senga yo‘lakay xat bityapman, Chaman. Ayt, endi biz kimmiz? Na shahid ketdik, na g‘oziy bo‘ldik? Endi qay diyorga ham bosh olib borgaymiz?! Nusrat nega bizdan yuz o‘giryapti? Necha yuz yillarki, mo‘minlarning ishi shunday orqaga ketib, qo‘li past tushib bormoqda? Hikmati nima — hech o‘ylab ko‘rganmisan, Chaman? Nimani unutganmiz? Hatto To‘ramdek zot ham chin nusratni qo‘lda tutib qola olmadilar? Nega? Xatolik qaerda?.. Amalimizdami, niyatimizdami? Yo iymonimiz sustmi, nimada? Nega zabunmiz, mazlummiz, ishi orqaga ketgan millatlardan bo‘lib qolmoqdamiz? Bu qoloqlik nimadan, mutaassibligimizdanmi va yo boshqa sababdan? Har narsaga aqling yetguvchi, ammo ichingga yutib, chivinga ham sir oldirmovchi sen bilmasang, kim bilgay? Sulaymon qori akadan so‘raganimcha yo‘q, mavridi ham kelmadi. Ammo dardi-dunyomni zimiston etib yotgan bu savollardan qani forig‘ bo‘lolsam?! Qani bir dardkash topolsam!..
Hatto Zakiy Validiydek bir zot, Anvar poshoyu Madaminbeklar boshini qovushtirolmagan, nusrat yo‘liga olib chiqa olmagan bu xalqni endi hech kim uyg‘ota olmagaymi?
Taraqqiyotdan ortda qoluvimizga... kemalar chiqib, dengiz yo‘llari ochilib, musulmon olami katta karvon yo‘llaridan chetda mung‘ayib qolganigina sababmi? Taraqqiyotga ishtiyoq, ilmga tashnalik-chi, jur’at-chi, bir din — bir millat tuyg‘usi-chi, ittifoqlik-chi? Alloh buyurganidek, jilla qursa, rozi bo‘ladiganidek darajadami?

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:07:59

Chaman, o‘zing ayt. Xato, kemtiklik qaerda? Nega sidq ila qilgan niyatu jihodlarimiz ham kutilgan mevani bermayapti? Nusratga yetisholmayapmiz? Sen boshqirdlar elida tuzilgan «Jonnisorlar» tarixiyu taqdirini yaxshi bilasan. Sharqiy Turkistonda zafar ustiga zafar quchib yurib, axiyri tanazzulga yuz tutib, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan «Fiysabililloh»chilar haqida eshitgansan. Hatto imom Shomildek zotlar yolg‘izlanib qolganini ham yaxshi bilasan. Bu mag‘lubiyatlarning hikmati nimada? Bu jihod, jonnisorliklar dilimizning tub-tubidan emasligidan emasmi? Biz har yerda, har narsada Alloh roziligini istovchilar, izlovchilar emas, dovqur, botur deb atalish uchun o‘zimizni o‘tga-cho‘qqa uruvchilarga aylanib qolmaganmizmi? Axir jihod «fiysabililloh» yozuvli alohida kurash kiyimlari kiyishdami, o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilish, mutaassiblarcha o‘zni o‘limga otishdami? Bilmadim, Chaman, balki men yanglishayotgandirman, voqealarning hikmatiga yetolmayotgandirman. Balki Alloh bu millat qayg‘usini yelkasiga dast oladirgan bir zotni hali yubormagandir. Ungacha o‘zimizni o‘nglashimiz kerakdir. O‘shanda nusrat kelib, natija yuz ko‘rsatari balki. Hozir-chi, qani o‘sha natija, dorilomon bir hayot? Mag‘lubiyatlar alami yurak-bag‘rimizni o‘rtab, adoy-tamom etdi-ku. Bu holatdan, bu mag‘lubiyatlardan qachon xulosa chiqaramiz ekan?! Sendan boshqa kimdan ham so‘ray bu dardlarimni? Yo qodir Alloh, o‘zing to‘zim ber bu dovonlardan oshib o‘tmog‘imizda.

Sultonmuroddan deb bilgaysan.
Mahfuzamga, biznikilarga duoi salomlarimni yetkazgaysan. Qiyomatli birodaring.
Uchinchi manzilgoh».

Qayd etilgan


shoir  30 Sentyabr 2007, 14:08:18

4. Sayrab uchgan Ularqush qay balolardan xabar berar, Chaman?

«Chaman do‘stim. Bizga Allohdan madad tila. Sabr-bardosh tila. Qay bir tilsimli diyorga, muzlar o‘lkasiga kirib qolgan ekanmizki, bu diyorning nimasiga beruxsat teginib qo‘ygan ekanmizki, bizni bu balo tutdi, Chaman?!
Holimizga yig‘laguvchi qani, bo‘zlaguvchi qani? 1
Tik turib edim, oyoqlarimdan mador ketib, o‘ltirib qoldim! Sapchib tushgan otim zorli kishnab, qay bir yerga dovur surib-surgab ketdi! Jilovi qo‘limda ekan, ajrab ketolmadi. Ketolmadiyu to‘xtagan yerida kamiga oyoqlarini kerib, shov-shov bo‘shanib yubordi, jonivor...
Sheriklarim ham shu ahvolda edilar. Qori aka zo‘r berib kalima keltirar edilar, qo‘llari ot sag‘risidan tushmas edi. Elchin qani, qaerda qoldi desam, mosovsirab, turgan yerida serrayib qopti? Orqadagilardan ko‘z uzmaydi. Subhanalloh! Ko‘z o‘ngimda Boturning sochi oppoq oqarib tushdi! Qasira-qusir ila qaldirib tepadan o‘pirilib tushayotgan oq balo esa, to‘g‘ri sheriklarimizning ustiga tushib kelardi!
Chaman, bunday balo — ko‘chkini senu biz — odam bolasi ko‘rmaganmiz! Ko‘z ochib-yumguncha fursat ichida orqada hech vaqo qolmagan edi, birodarlarimiz yo‘q edilar... Bir yo‘la uch kishi, uch mujohidni, ko‘chki yutgan edi, e, voh!..
«Inna lillahi va inna ilayhi rojiun»2.
Insonning kuni bitsa — shu ekan. Safarda, diyoridan uzoqda, deb o‘tirmaskan. Alloh ularni bu dunyo mashaqqatlaridan forig‘ etib, bir lahzadayoq dargohiga chorlab ola qolgan, ko‘z yumib ochguncha fursat ichida orqamizda oq mozortepa paydo bo‘la qo‘ygan edi.
Sakkiz nafar edik, dovonning yarmiga yetmay besh birodarimizdan ajrab, yetim bo‘tadek qolib o‘tiribmiz...
Holimizga kim yig‘laydiyu kim bo‘zlaydi, Chaman?
Ertaga o‘zimizning holimiz ne kechgay? Albatta, bilguvchi yolg‘iz Alloh, ammo buni aytguvchi qaniyu, dalda berguvchi qani?!

Qayd etilgan