Imom G’azzoliy. Qiyomat va oxirat  ( 66949 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 B


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:21:49

Ayollar sochlarini yulib: "Ey voh! Yuzim qora bo‘ldi, rasvo bo‘ldim", deb yig‘laydilar.

Alloh taolo: "Ey Molik! Bularni birinchi do‘zaxga tashla!" deb nido qiladi. Ular do‘zaxga tashlangach. "Lo iloha illalloh" deb baqiradilar. Do‘zax bu so‘zni eshitib besh yuz yillik masofaga qochib ketadi. (Bir narsaning ko‘pligini bildirish uchun uni katta raqamlar bilan aytish Arabistonda odat bo‘lgan. Yana katta raqamlar miqdor emas, ko‘plikni bildiradi.) Yana bir nido keladi: "Ey jahannam ularni ichingga ol! Ey Molik, ularni birinchi do‘zaxga tashla!" Ularni momaqaldiroq gumburlagandek bir gumburlagan ovoz eshitiladi, jahannam ularning qalblarini yoqmoqchi bo‘lganda,. Molik jahannamni to‘xtatadi. "Ey jahannam, ichida Qur’oni karim bo‘lgan va iymon bo‘lgan qalblarni yoqma! Rahmon bo‘lgan Alloh taologa sajda qilgan peshonalarni yoqma!" deydi. Bir kishi do‘zax ahlining ovozlaridan ham balandroq ovoz bilan baqiradi. Uni do‘zaxdan chiqaradilar. Terisi olovda yongan bo‘ladi. Alloh taolo undan: "Senga nima bo‘ldiki, do‘zax ahlining eng baland ovozda baqirgani sensan?" deb so‘raydi. U kishi: "Ey Rabbim! Meni hisob qilding. Sening rahmatingdan hali ham umidimni uzmadim. Sen meni eshitayotganingni bilaman. shuning uchun qattiq baqirdim", deydi. Alloh taolo unga:

"Parvardigoring fazlu rahmatidan faqat adashgan kimsalargina noumid bo‘lurlar", ya’ni, Hijr surasining 56-oyati karimasi bilan xitob qiladi. "Bor, seni mag‘firat qildim", deydi.


Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:22:09


Yana bir kishi do‘zaxdan chiqadi. Alloh taolo: "Ey bandam, do‘zaxdan chiqding. Qaysi amaling bilan jannatga kirasan?" deb so‘raydi. U banda: "Ey Rabbim! Men ojizman, ozgina narsadan boshqa narsa so‘ramayman", deydi. Unga jannatdan bir daraxt ko‘rsatiladi. Alloh taolo: "Sen ko‘rgan shu daraxtni senga bersam, boshqa narsa so‘ramaysanmi?" deb so‘raydi. U odam: "Ey Rabbim! Izzat va jaloling haqqi, boshqa narsa so‘ramayman", deydi. Alloh taolo: "Bu Mendan senga hadya bo‘lsin", deydi. U daraxtning mevasidan yeb, soyasida dam olgandan keyin, undan ham go‘zalroq boshqa bir daraxt ko‘rsatiladi. U odam haligi daraxtga maxliyo bo‘lib qoladi. Alloh taolo: "Senga nima bo‘ldi? Senga bu daraxt yoqib qoldimi?" deb so‘raydi. Banda: "Ha, ey Rabbim!" deydi. Alloh taolo: "Senga uni ham bersam, boshqa narsa so‘ramaysanmi?" deb so‘raydi. Banda: "So‘ramayman, ey Rabbim" deydi. U daraxtning mevasidan yeydi, soyasida dam oladi. Undan ham go‘zalroq bir daraxt ko‘rsatiladi. U odam bu daraxtga ham mahliyo bo‘lib qoladi. Alloh taolo: "Senga buni ham bersam, boshqa narsa so‘ramaysanmi?" deb so‘raydi. Banda: "Izzat va jaloling haqqi, so‘ramayman, ey Rabbim", deydi. Shunda Alloh taolo rozi bo‘lib, u mo‘min bandasini mag‘firat qiladi va jannatga kiritadi.

Oxiratda bo‘ladigan Allohning qudratini ko‘rsatadigan ishlardan biri: Bir kishi Allohning huzuriga keltiriladi. Alloh taolo uni hisob-kitob qiladi. Savob va gunohlari tortiladi. U kimsa hozir Alloh taolo faqat meni hisob qilyapti, deb o‘ylaydi. Ammo unday emas. Chunki bu paytda hisobini faqat Alloh taolo biladigan miqdordagi kishilarning hisobi qilinadi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:22:46

U yerda bir kishi ikkinchisini ko‘rmaydi. Biri ikkinchisining so‘zini eshitmaydi. Chunki har kim Allohning pardalari ostidadir. Subhonalloh, bu qanday buyuk quvvat va qudratdir. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasining 28-oyatida marhamat qilgan:

"(Ey insonlar), sizlarni (barchangizni avval boshda) yaratish ham, (Qiyomat kunida) qayta tiriltirish ham xuddi bir jonni (yaratish va qayta tiriltirishning) o‘zginasidir (ya’ni, shu qadar osondir). Zero, Alloh Eshitguvchi, Ko‘rguvchidir."

Janobi Haqning bu qavlida sirlar bor. Bu sir zamonsiz va makonsiz bo‘lish siridir. Chunki Alloh taoloning mulki uchun, af’oli uchun va ishlari uchun had va g‘oya yo‘q. Subhonalloh, Uning fe’llaridan hech biri boshqa ishlarni qilishga mone’ bo‘lmaydi.

Ana shunda bir kishi o‘g‘lining oldiga keladi va: "Ey o‘g‘lim! Men seni kiyintirdim, sen kiyim kiyishga o‘zing qodir emasding. Senga suv va taom berdim. Bu ishlardan sen, albatta, ojiz eding. Bolaligingda seni muhofaza qildim, chunki sen o‘zingni zararli narsalardan muhofaza qila olmasding. Mevalar yeging kelganda, sotib olib berdim. Senga dinni, Iymonni o‘rgatdim. Seni Qur’on mudarrisiga jo‘natdim. Lekin mana, qiyomatning shiddatini ko‘ryapsan. Gunohlarimning ko‘pligini ham bilasan. Ozrog‘ini sen bo‘yningga ol! Toki gunohim kamaysin. Savobingdan bitta savob ber. Mezonim u sababli og‘ir kelsin", deydi. O‘g‘li undan qochadi va shunday deydi: "U bitta savobga men sendan ko‘ra ko‘proq muhtojman".

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:22:58

Shu tariqa farzand bilan ona o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tadi, er xotin ham bir-birlari bilan shunday suhbatlashadilar. Aka-uka bir-biri bilan shu tariqa gaplashadilar. Bu holatni Alloh taolo Abasa surasining 34-35-36-oyatlarida shunday ta’riflaydi:

"U Kunda kishi o‘z og‘a-inisidan ham, onasi va otasidan ham, xotini-yu, bola-chaqasidan ham qochur!"

Hadisi sharifda shunday deyiladi: "Insonlar qiyomat kuni yalang‘och holda hashr qilinadilar". Oisha onamiz (r.a.) buni eshitganlarida: "Ular bir-birlariga qaramaydilarmi?" deb so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abasa surasining 37-oyatini o‘qidilar:

"(Chunki) ulardan har bir kishi uchun u Kunda o‘ziga yetarli tashvish bo‘lur!" Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu hadislari bilan shuni murod qiladilarki, qiyomat kunining shiddati va mashaqqati insonlarning bir-birlariga qarashlariga mone’ bo‘ladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:23:17


Insonlar bu paytda bir joyda to‘planadilar. Ularning ustiga bir qora bulut keladi. U bulut insonlarning ustiga ularning amal daftarlarini yog‘diradi. Mo‘minlarning sahifasi gul yaprog‘iga o‘xshagan bo‘ladi. Kofirlarniki esa, igna barg ko‘rinishda bo‘ladi.

Sahifalar uchib tushadi. Insonlarning sahifasi o‘ng toomnidan yoki chap tomonidan keladi. Bu insonning ixtiyoridan tashqarida bo‘lgan ishdir. Alloh taolo Isro surasining 13-oyatida shunday marhamat qiladi:

"Va Biz Qiyomat Kuni unga ochiq holda ro‘baro‘ bo‘ladigan bir Kitobni (ya’ni, Nomai a’molini) chiqarib (ko‘rsaturmiz)".

Yetmish ming (ya’ni juda ko‘p) kishi og‘ir hisob qilinmasdan jannatga kiradi. Ular uchun mezon qurilmaydi. Ular sahifa ham olmaydilar. Faqat ularga berilgan sahifa ustiga: "La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh. Bu falonchi o‘g‘li falonchining jannatga kirishiga va do‘zaxdan saqlanishiga baroatdir", deb yozilgan bo‘ladi.


Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:23:38

Bir bandaning gunohlari kechirilganida bir farishta uni arosat maydoniga olib boradi. Va shunday deydi: "Bu falonchi o‘g‘li falonchidir. Alloh taolo uning gunohlarini afv qildi. Qaytib qaroqchi bo‘lmaydi, saodatga erishdi", deydi. U kishiga bu maqomdan ko‘ra ziyoda, suyukli maqom bo‘lmaydi.

Qiyomat kuni Rasullar (a.s.) minbarlari ustida bo‘ladilar. Har bir rasulning minbari uning martabasiga ko‘ra bo‘ladi. Ulamoyi olimiyn, ya’ni ahli sunnat e’tiqodida bo‘lgan va bilganlariga amal qilgan olimlar ham nurdan yaratilgan kursilarda bo‘lishadi. Alloh taoloning dinini saqlash va yoyish uchun shahid bo‘lganlar bilan solihlar, ya’ni shariatga amal qilganlar, Qur’oni karimni hurmat bilan va musiqaga solmasdan o‘qigan hofizlar, azonni sunnatga mos ravishda chaqirgan muazzinlar tuprog‘i mushkdan bo‘lgan tepalik ustida bo‘ladilar. Bular ahkomi islomiyatga tobe’ bo‘lib, yaxshi amal qilganlari uchun kursi sohiblari, payg‘ambarlardan keyin shafoat huquqi beriladigan kishilardir.

Hadisi sharifda shunday deyiladi: "Qur’oni karim qiyomat kunida go‘zal yuzli va axloqi go‘zal bir kishi suratida keladi. Undan shafoat qilishi so‘raladi va u shafoat qiladi. Uni musiqa bilan (g‘azal o‘qigandek o‘qiganlardan, cholg‘u va o‘yin joylarida rohatlanish uchun, pul topish uchun o‘qiganlardan) o‘qiganlardan haqqini da’vo qiladi, so‘raydi. O‘zi rozi bo‘lgan kishilarnigina olib jannatga ketadi".


Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:24:06

Dunyo (ya’ni, ibodat qilishga mone’ bo‘lgan va harom ish qilishga sabab bo‘lgan narsalar va kishilar) keksa, oq sochli va ayollarning eng xunugi suratida keladi. Insonlardan: "Siz uni taniysizmi?" deb so‘raladi. Ular: "Biz uning sharridan Allohga sig‘inamiz. Yo‘q", deydilar. Ularga: "Sizlar dunyoda unga yetishish uchun bir-birlaringiz bilan urushardingiz", deyiladi.

Xuddi shunday juma ham sevimli bir inson suratida ko‘rinadi. Mo‘minlar unga diqqat bilan qaraydilar. Juma kunini sevganlar mushk tepalari ustida bo‘ladilar. Juma namozini o‘qiganlarida bir nur bo‘ladiki, unga qarab hamma ajablanadi. Juma kuniga bo‘lgan muhabbatlari sabab jannatga kiritiladilar.

Ey musulmon birodar! Alloh taoloning rahmatini, Qur’oni karimning, Islomning va jumaning saxiyligini ko‘ryapsanmi?! Qur’oni karim ahli qanday baxtlidirlar. Namoz, ro‘za, zakot, sabr va go‘zal axloqdan iborat bo‘lgan Islom qanchalik qiymatga ega.

O‘lim paytida insonning tipirchilashidan, siqintili ko‘rinishidan ma’no chiqarib bo‘lmaydi. Zero, Xandaq kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Ey chiriydigan jasadlarning Parvardigori va yo‘q bo‘ladigan ruhlarning yaratuvchisi bo‘lgan Rabbim!" degan duolari shuni ko‘rsatadiki, Alloh istagan har bir jasad chiriydi va ruhlar ham qiyomat kuni kelsa, yo‘q bo‘ladi. Bularning barchasining yaratuvchisi va Rabbisi Allohdir. Bularning har biri alohida ilmdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:24:25

Biz bu kitobda so‘zni ahli sunnat val-jamoat yo‘liga musulmonlar ergashsinlar, deb qisqa qildik. Aziz birodarim! Islomiyatga qarshi bo‘lgan bid’atchilarga (mazhabsizlarga, dinda islohat qilmoqchi bo‘lganlarga) e’tibor berma! Ahli sunnat val-jamoat olimlariga ergash! Boshqalarga, inson shaytonlari to‘qigan har xil bid’atlarga aldanma, ulardan saqlan! Mo‘minlarga, ahli sunnat yo‘lidan yurganlarga esa xush xabar ber!

Alloh taoloning amnu karami va ehsoni bilan Undan ma’sumlik va muvaffaqiyat so‘raymiz. Hasbunallohu va ne’mal vakil. Va sollallohu a’lo sayyidino Muhammadin va olihi va sohbihi ajma’iyn.

*  *  *

Qayd etilgan



AbdulAziz  21 Iyul 2008, 07:57:39

Qiyomat va Oxirat



Muallif: Imom G'azzoliy

Hajmi: 187 Kb
Fayl tipi: pdf, zip

Saqlab olish

Online o'qish

Qayd etilgan