Undan keyin Dovud (a.s.) chaqiriladi. Ul zot ham xuddi shamolda titragan yaproqdek titrab keladi.
Alloh taolo: "Ey Dovud! Jabroil Zaburni ummatingga tablig‘ etganingga guvohlik beryapti", deydi. Dovud (a.s.): "To‘g‘ri, ey Rabbim", deydi. Alloh taolo: "Minbarga chiq va senga nozil qilingan narsani tilovat qil!" deb buyuradi. Dovud (a.s.) minbarga chiqadi. Go‘zal ovoz bilan Zaburni o‘qiy boshlaydi.
Hadisda ma’lum qilinadiki, Dovud (a.s.) jannat ahlining munodiysidir. (Dovud (a.s.)ning ovozi juda go‘zal va yoqimli edi.) Nido qilganda ovozini tobuti sakiynaning imomi eshitadi va jamoat ichidan saflarini yorib o‘tib, Dovudning (a.s.) oldiga keladi. Uni quchoqlab oladi. "Sen Zaburdan ta’lim olmadingmiki, men haqimda yanglish niyat qilding", deydi. Dovud juda uyaladi, siqiladi. Javob bera olmaydi. Arosat achinarli holga keladi. Insonlar Dovuddan (a.s.) ko‘rgan hollaridan juda xafa bo‘ladilar. Keyin Dovud (a.s.)ni quchoqlab, huzuri Mavloga chiqaradi. Ustlariga parda tushadi. Tobutning imomi: "Ey Rabbim! Dovudning (a.s.) hurmatiga meni mag‘firat qil, u meni jangga yubordi. Jangda o‘ldirildim. Men uylanmoqchi bo‘lgan ayolga o‘zi uylanmoqchi bo‘ldi. Holbuki, bu paytda to‘qson to‘qqizta xotini bor edi", deydi. Alloh taolo Dovuddan (a.s.) so‘raydi: "Ey Dovud, uning so‘zi to‘g‘rimi?" Dovud (a.s.) uyalganidan va Allohning azobidan qo‘rqqanidan, mag‘firat va’dasidan umid qilib, boshini egib turadi. Chunki inson bir narsadan qo‘rqsa va uyalsa boshini egadi. Bir narsa umid qilsa yoki iltimos qilsa boshini yuqori ko‘taradi. Shunda Alloh taolo tobutning imomi bo‘lgan zotga deydiki: "Men buning o‘rniga saroylar va xizmatkorlar, yana boshqa narsalar beraman. Rozimisan?" U zot: "Roziman, ey Robbim", deydi. Undan keyin Dovudga (a.s.): "Sen ham ey Dovud! Bor, seni ham mag‘firat qildim", deydi.