Imom G’azzoliy. Qiyomat va oxirat  ( 94201 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 B


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:12:03

Shundan keyin Dovudga (a.s.): "Minbaringga qayt, Zaburning davomini o‘qi!" deb buyuriladi. U esa, Alloh taoloning amrini bajo keltiradi. Bu paytda Bani Isroilga ikki qismga ajrashishlari buyuriladi. Birinchi qismi mo‘minlarga, ikkinchi qismi esa kofirlarga qo‘shiladi.
Undan keyin shunday xitob qilinadi: "Iso (a.s.) qaerda?" Iso (a.s.) keltiriladi. Alloh taolo Moida surasining 116-oyatida kelganidek, so‘raydi:

"Ey, Iso binni Maryam, sen odamlarga: "Allohni qo‘yib, meni va onamni xudo qilib olinglar", deb aytdingmi?"

Iso (a.s.) ko‘p hamdu sanolar aytadi va yuqoridagi oyatning davomida kelganidek javob beradi:

"Ey, Pok Parvardigor, haqqim bo‘lmagan narsani aytish men uchun durust emas-ku. Agar aytgan bo‘lganimda Sen albatta bilar eding. Zotan, Sen dilimdagi bor narsani bilursan. Ammo men Sening huzuringdagi hech narsani bilmasman. Faqat Sen O‘zing g‘ayb ilmlarining Bilguvchisisan".

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:12:29


Shunda Alloh taolo jamol sifatini ko‘rsatadi va: "Bu kun sodiq (mo‘min)larga sodiqligi foyda beradigan kundir", bo‘lgan oyati karima bilan marhamat qiladi va: "Ey Iso! Sen to‘g‘ri aytding. Minbaringga chiq! Senga Jabroil tablig‘ qilgan Injilni tilovat qil", deb buyuradi. Iso (a.s.) buyruqni bajarib, tilovat qila boshlaydi. Tilovatning ta’siridan hamma boshini yuqoriga ko‘taradi. Chunki Iso (a.s.) rivoyat qilish jihatidan insonlarning eng hikmatlisidir. Qiroatda shu qadar tozalik va nazokat ko‘rsatadiki, xristianlar va rohiblar o‘zlarini xuddi Injildan hech bir oyat bilmaydigandek his qilishadi.

Shundan keyin nasroniylar ham ikkiga bo‘linishadi. Buzilgan xristianlari kofirlarga, buzilmaganlari mo‘minlarga qo‘shilishadi.

Undan keyin bir nido eshitiladi: "Muhammad (s.a.v.) qaerda?" Payg‘ambarimiz (s.a.v.) keladilar. Haq taolo deydiki: "Ey Muhammad! Jabroil senga Qur’oni karimni tablig‘ etganini aytyapti" Ul zot: "To‘g‘ri, ey Rabbim!" Haq taolo: "Ey Muhammad! Minbaringga chiq va Qur’oni karimni tilovat qil!" deb buyuradi. Pay-g‘ambarimiz (s.a.v.) Qur’oni karimni g‘oyat go‘zal va totli bir shaklda tilovat qilib, mo‘minlarga mujdalar beradilar. Ularning yuzlariga tabassum yuguradi va sevinchlari ichiga sig‘maydi. Qur’oni karimga ishonmaganlarning va bu Kitobni (Alloh saqlasin) oddiy bir cho‘l qonunidir, deganlarning yuzlari esa g‘oyatda chirkin ko‘rinish oladi.


Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:12:49

Shu yergacha bayon qilingan payg‘ambarlarga qilinadigan savol-javobni A’rof surasining 6-oyatida shunday marhamat qilinadi:

"Endi albatta Biz, o‘zlariga Payg‘ambar yuborilgan kishilar bilan ham, (ularga) yuborilgan payg‘ambarlar bilan ham, savol-javob qilurmiz".

Bu haqda Moida surasining 109-oyatida bildirilgan:

"Alloh payg‘ambarlarini to‘plab: "Sizlarga (ya’ni, qilgan da’vatingizga ummatlaringiz tomonidan) qanday javob bo‘ladi?" deb so‘raydigan Kun...".

Shunda payg‘ambarlar "Yo Rabbiy! Bizda ilm yo‘q. Faqat sen o‘zing g‘oyib (narsa)larning allomasidirsan", deydilar. Oldingi oyatning xabar berganini aytgan olimlarning so‘zlari to‘g‘riroqdir. Zero, payg‘ambarlarning ham darajalari bor. Iso (a.s.) ularning buyuklaridandir. Chunki u "Ruhulloh"dir va "kalimatulloh"dir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Qur’oni karimni tilovat qilganlarida ummatlari o‘zlarini xuddi oldin eshitmagandek his qilishadi. Bu to‘g‘rida Abu Said Asmoiydan (Asmoiy 122 y.da Basrada tug‘ilib, 216 (mil. 831) y.da Marvada vafot etdi. Asl ismi Abdulmalikdir.) so‘rashdi: "Sen Qur’onni juda yaxshi yod olgansan. Sen ham shu holga tushasanmi?" Shunda u: "Ha, Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) eshitganimda men ham o‘zimni xuddi oldin eshitmagandek his qilaman", degandi.


Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:13:12

Kitoblarning qiroati tamom bo‘lgach, bir nido keladi: "Ey mujrimlar, endi sizlar ayrilinglar!" Bu nidodan so‘ng Arosat maydoni harakatga keladi. Hammani qo‘rquv bosadi. Bir-birlariga tiqilib olishadi. Farishtalar, jinlar va insonlar bir-birlariga aralashib ketadilar. Keyin yana bir nido keladi: "Ey Odam! Avlodingdan jahannamga loyiq bo‘lganlarini jo‘nat!" Odam (a.s.): "Ey Rabbim! Qanchasini?" deb so‘raydi. Alloh taolo: "Mingdan to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqizini jahannamga va birini jannatga". Kofirlardan va ahli sunnat yo‘lidan ayrilgan mulhidlardan va g‘ofillardan ajrala-ajrala Alloh amr etganidek bir qism mo‘’minlargina keladi, xolos.

Undan keyin Iblis shaytonlari bilan keladi. Ularning ham yomonliklari yaxshiliklaridan og‘ir keladi. Kimgaki dinning xabari kelgan ekan, uning savoblari va gunohlari, albatta, tortiladi. Shaytonlarning gunohlari og‘ir kelib, azobga hukm qilinishlari aniq bo‘lgach: "Bizga Odam zulm qildi. Zaboniy farishtalari sochlarimizdan tortib, bizni do‘zaxga sudrashdi", deyishadi.

Shunda Allohdan bir nido keladi:

"Bu Kunda (hech kimga) zulm qilinmas. Albatta Alloh tez hisob-kitob qilguvchi Zotdir", (G‘ofir, 17-oyat).

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:13:28

Hamma uchun katta bir Kitob olib kelinadi. Uning kattaligi sharqdan g‘arbgachadir. Unda maxluqotlarning barcha katta-yu kichik amallari yozilgan. Alloh taolo hech bir bandasiga zulm qilmaydi. Maxluqlarning har kuni qilgan amali shu Kitob bilan arz qilinadi. Alloh taolo Abasa surasining 16-oyatida bildirilgan: "Kiromin barora", farishtalariga, ya’ni karim va itoatkor farishtalariga amallarni yozishni buyurgan. O‘sha Kitob ana shudir. Josiya surasining 29-oyati sharifi buni shunday ta’riflaydi.

"Darhaqiqat, Biz sizlar qilguvchi bo‘lgan barcha amallaringizni (ushbu nomai a’molga) ko‘chirib qo‘ygandirmiz".

Undan keyin munodiy har kimni bitta-bitta chaqiradi. Hamma alohida-alohida hisob qilinadi. Nur surasining 24-oyatida shunday marhamat qilinadi.

"U kunda — Qiyomatda qilib o‘tgan (bo‘htonlari) sababli ularning tillari ham, qo‘l va oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur".

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:13:43

Sahih xabarda bizga bildirganki, bir kishi Alloh taoloning huzuriga keltiriladi. Haq taolo unga: "Ey osiy banda! Sen mujrim va osiy bo‘lding", deydi. Banda: "Ey Rabbim! Men hech narsa qilmadim", deydi. Alloh taolo: "Senga qarshi dalillar va guvohlar bor", deydi. U odamning Hafaza farishtalari keltiriladi. U odam: "Ular men haqimda yolg‘on gapirishdi", deydi. Bu holni Nahl surasining 111-oyati bizga ta’rif etadi:

"Har bir jon faqat o‘zini o‘ylab — himoya qilib qoladigan va har bir jon qilgan amalining (mukofotini) to‘la oladigan, ularga zulm qilinmaydigan Kunni (ya’ni, qiyomatni eslang)!".

"Bu kunda Biz ularning og‘izlarini muhrlab qo‘yurmiz. Bizga ularning qilib o‘tgan ishlari haqida qo‘llari so‘zlab, oyoqlari guvohlik berur".

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:14:00


Shu tariqa osiylarning a’zolari guvohlik beradi va ular do‘zaxga yuboriladi. Mujrimlar (din dushmanlari, harom ish qilganlar, namozga ahamiyat bermaganlar) o‘z a’zolariga baqira boshlaydilar. A’zolari esa shunday deydi:

"Bizlarni barcha narsani so‘zlatgan Zot Alloh so‘zlatdi. Sizlarni dastlab U yaratgan va sizlar yana Uning O‘ziga qaytarilursizlar", dedilar" (Fussilat, 21-oyat).

Hisobdan keyin hamma insonlar Sirot ko‘prigidan o‘tkaziladi. Sirotdan o‘ta olmay yiqilgan mujrimlar Jahannam tubiga, azob farishtalariga topshiriladi. Ular baqirib yig‘alay boshlaydilar. Mo‘minlarning osiylari ham do‘zaxga kirayotganlarida dahshatga tushib yig‘lay boshlaydilar. Farishtalar jinoyatchilarni do‘zaxga tashlarkan:

"Mana shu sizlarga va’da qilingan Kundir", (deb) kutib olurlar", deyishadi (Anbiyo, 103-oyat).

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:14:49


Buyuk faryod — jahannam ahli eng ko‘p faryod ko‘tarib yig‘iladigan to‘rt joydan birinchisi — sur chalingan paytda; ikkinchisi — do‘zax farishtalari qo‘lidan qutilib, mahshar ahliga qarab ketayotgan paytda; uchinchisi — Odam (a.s.) Alloh taologa shafoatchi yuborish uchun chiqqan paytda; to‘rtinchisi — ular do‘zaxning azob farishtalariga topshirilgan paytda.

Do‘zaxiy bo‘lganlar do‘zaxga ketgach, arosat maydonida faqat mo‘minlar, muslimlar xayru ehson qilganlar, oriflar, siddiqlar, valiylar, solihlar, shahidlar va rasullar qoladilar. Iymonlarida shubhalari bo‘lganlar, munofiqlar, zindiqlar, bid’at sohiblari (ya’ni, ahli sunnat e’tiqodida bo‘lmagan mo‘minlar) ham do‘zaxga ketishadi. Alloh mahsharda qolganlardan: "Ey insonlar, Rabbingiz kim?" deb so‘raydi. Ular: "Alloh taolodir", deb javob berishadi. Alloh taolo: "Siz uni bilasizmi?" deb so‘raydi. Ular: "Ha bilamiz, ey Rabbimiz", deyishadi. Shunda ularga Arshi a’loning chap tarafidan bir farishta ko‘rinadi. U farishta shu qadar bahaybatki, agar yetti dengiz barmog‘ining uchiga qo‘yilsa, bir tomchidek bo‘lmaydi. U farishta mahshardagilarga Allohning amri bilan ularni imtihon uchun: "Men sizning Rabbingizman", deydi. Ahli mahshar: "Sendan Alloh taologa sig‘inamiz", deyishadi.

Undan keyin Arshi a’loning o‘ng tarafidan bir farishta ko‘rinadi. U ham shunday bahaybatki, agar oyog‘ining uchi bilan bir bossa, o‘n to‘rt dengiz ko‘rinmaydi. U ahli mahsharga: "Men sizning Rabbingizman", deydi. Ahli mahshar: "Sendan Alloh taologa sig‘inamiz", deyishadi.


Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:15:07


Shundan keyin Alloh taolo ularga o‘zlari istagandek g‘oyat yumshoq va xush muomala qiladi. Mahshar ahlining hammasi sajda qiladilar. Haq taolo ularga: "Sizlar shunday bir joyga keldingizki, siz uchun begonalik va qo‘rquv yo‘qdir", deydi.

Alloh taolo barcha mo‘minlarni Sirot ko‘prigidan o‘tkazadi. Mo‘minlar darajalariga ko‘ra jannatga o‘tkaziladi. Insonlar guruh-guruh o‘tadilar.

Oldin Rasululloh, keyin nabiylar, keyin siddiqlar, keyin valiylar, oriflar, keyin xayru ehson qilganlar, keyin shahidlar, keyin qolgan mo‘minlar o‘tadilar. Musulmonlar gunohlari afv etilmaganlar o‘ta olmaydilar, ba’zilari A’rofda mahbus bo‘lib qoladilar. Iymoni zaifroq bo‘lganlardan ba’zilari Sirotdan yuz yilda, ba’zilari esa ming yilda o‘tadilar. Muhimi do‘zaxda yonmaydilar.

Kimki Parvardigorini ko‘rsa, do‘zaxga kirmaydi. Ular baxtli insonlardir. Ko‘pchiligi Sirotdan xuddi chaqmoqdek tez o‘tadilar. Ko‘plari ochlik va suvsizlikdan shunaqa qiynalishadiki, narsalardan tutun chiqadi. Ular kosalari ko‘kdagi yulduzlar soniga, suvi kavsar irmog‘idan, kattaligi Quddusdan Yamangacha va Adandan Madinai munavvaragacha bo‘lgan Kavsar hovuzidan suv ichadilar. Bu hol Payg‘ambarimizning (s.a.v.): "Mening minbarim hovuzim ustidadir" — ya’ni minbarim Kavsar hovuzining ikki qirg‘og‘ining biri ustidadir, deganlari bilan sobitdir. Kavsar hovuzlaridan uzoq bo‘lganlar qabohatlarining darajasiga ko‘ra Sirotda hibs qilinadilar.

Qayd etilgan


mutaallimah  03 Oktyabr 2007, 08:15:26


Ko‘p insonlar yaxshi, mukammal tahorat olmaydilar. Ba’zi namozxonlar namozlarini xushu’ va xuzu’ bilan o‘qimaydilar. Agar uni chumoli chaqsa, namozini to‘xtatib, chumoli bilan mashg‘ul bo‘ladi. Holbuki, namoz paytida oriflarning qo‘llarini yoki oyoqlarini kesishsa ham, bu narsa ularni namozdan chalg‘itmaydi. Chunki ularning ibodatlari Alloh uchundir. Alloh taoloning huzurida turgan kishi Uning azamatini his qilgan holda, tafakkur qilgan holda xushu’ qiladi, qo‘rqadi. Shunday bo‘ladiki, podshohlardan birining huzurida insonni chayon chaqsa ham, sabr qiladi. Podshohga hurmat uchun qimirlamaydi ham. Bu insonlarning bir maxluqning huzuridagi holatidir.

Ammo Alloh taoloning huzurida turgandachi, Uning haybat, saltanat, azamat, jabarut, qahru g‘azabini his qilgan holda ko‘proq xushu’da,xuzu’da bo‘lish talab qilinadi.

Ibodat qilgani holda zulm qilgan, tavba qilgan bo‘lsada, mazlumni topolmaganidan dunyoda halollasha olmagan bir kishi haqida hikoya qilinadiki, u Alloh taoloning huzuriga keltiriladi. Dunyoda halollashmagan qul haqlari bo‘lsa, ma’lum qilinadi. Mazlum uning yoqasiga yopishadi. Alloh taolo mazlumga: "Ey mazlum! Yuqoriga qara" deydi. U yuqoriga qarab bir saroyni ko‘radi. Kattaligi va chiroyi aqlni oladi. Mazlum: "Ey Rabbim! Bu nima?" deb so‘raydi. Alloh taolo: "Bu saroy sotiladi. Mendan uni sotib olasanmi?" deydi. Mazlum: "Ey Rabbim! Uning haqini to‘lashga menda hech vaqo yo‘q", deydi. Alloh taolo: "Birodaringni kechirib xalos qilsang, saroy senikidir", deydi. Shunda mazlum: "Ey Rabbim! Sening amring sababli undagi haqqimdan voz kechdim", deydi.

Qayd etilgan