Shogird:
- Qiyosni juda yaxshi qildingiz, ustoz. Ayting-chi, gunohi kabira sodir qilgan kishining gunohi kechirilishini so‘rash yaxshimi yoki uni la’natlab, duoibad qilgan yaxshimi? Siz qaysi birini ixtiyor etgan bo‘lardingiz, uni la’natlagan bo‘larmidingiz yoki unga istig‘for aytarmidingiz? Bularning barini menga tushuntirib bering!
Ustoz:
- Allohga shirk keltirishdan boshqa hamma gunohlar ikki toifaga bo‘linadi. Bu ikki toifadagi gunohdardan qaysi birini qilgan bandaning gunohi kechirilishini so‘rab, uning haqqiga duoi xayr qilish afzaldir. Agarda uni la’natlasang, gunohkor bo‘lib qolmaysan. Masalan, bir odam senga nisbatan ayb ish qilib qo‘ysa, sen uning gunohidan kechib, uni la’natlamaganing albatta yaxshiroqdir.
Shuningdek, bir odam Allohga gunoh ish qilib qo‘ydi, ammo Unga shirk keltirmadi, unday odamga rahmdillik qilib, kalimai shahodatning hurmatidan unga mag‘firat tilashing afzalroqdir. Agarchi, sen uning haqqiga duoibad qilib, ey Rabbim, uni gunohi uchun jazolagin deb iltijo qilsang, gunohkor bo‘lib qolmaysan. Ammo u gunohkor bo‘lmasa ham, ey Rabbim, uni jazolagin, desang, gunohkor bo‘lib qolasan. Gunohkorga istig‘for aytishingda ikki xislat bor. Biri shuki, u odam mo‘min banda, ikkinchisi, sen gunohkor bandani Alloh azoblashini aniq bilmaysan. Agarda Alloh unga azob berishini aniq bilsang, u holda unga istig‘for aytishing haromdir. Chunki Alloh azoblanishga mahkum etilgan gunohkorga istig‘for aytishni man’ qilgan. Alloh azoblayman deganga mag‘firat so‘rash Allohning so‘zini bajarmasligini tilash: ey Alloh, meni bir o‘zimni o‘ldirmagin, deyish kabidir. Chunki Alloh: «Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir...» (Oli-Imron, 185, mazmuni) deb marhamat qilgan.
Kalimai shahodat sharofati va hurmati yuzasidan kalimai shahodat keltirgan va unga iqror bo‘lgan bandalar uchun istig‘for aytish afzaldur. Allohga ibodatlar qilganida kalimai shahodatga iqrorlikdan ko‘ra ortig‘i yo‘qdir. Yeru osmon va ular bag‘ridagi narsalar oddida tuxum qanchalik kichik bo‘lsa, barcha farz amallar kalimai shahodat oldida tuxumdan ham kichikroqdir.
Allohga shirk keltirish qanchalik katta gunoh bo‘lsa, kalimai shahodat keltirish shunchalik katta savobdir. Alloh taolo biror yomon amal gunohini shirkning gunohini katta qilgandek katta etmagan: «...Allohga shirk keltirmagin! Chunki, shirk ulkan zulmdir» (Luqmon, 13, mazmuni) «Allohga chin ixlos qilib, Unga shirk keltirmagan holingizda (mazkur ishlarni bajaring). Kimki Allohga shirk keltirsa, bas, u go‘yo osmondan qulagan va uni qushlar (o‘lja qilib) olib ketgan yoki uni (qattiq) shamol yiroq joylarga uchirib ketgandekdir» (Haj, 31, mazmuni); «(Mushriklar): «Rahmon farzand tutdi», -- dedilar. (Ey, mushriklar,) sizlar shunday og‘ir gap aytingizki, uning (og‘irligidan) osmonlar yorilib, Yer bo‘linib, tog‘lar qulab, parchalanib ketayozur» (Maryam, 88—91, mazmuni).
Alloh qotillik va undan kichik gunoxlar xususida buncha qattiq aytmagan.