Muslim as-Samarqandiy. Ustoz va shogird  ( 33515 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:06:41

Shogird: - Muncha ham adolatli, muncha ham tushunarli va muncha ham haqiqatga yaqin bo‘lgan so‘zlar! Ayting-chi, ustoz payg‘ambarlar va ular aytganlardan boshqa namoz o‘qiydigan, ro‘za tutadigan odamni ko‘rib, uni Jannatga kiradi, deya olasizmi?

Ustoz:
- Yo‘q.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:07:17

Shogird:
- Siz odamlarning: «Mo‘min zino qilsa, boshidan imonini ko‘ylagini yechganday yechib tashlaydi va tavba qilsa, uning imoni qaytariladi», degan rivoyatlarini tasdiqlaysizmi yoki unga shubha bilan qaraysizmi? Agar bunday so‘zni tasdiqlasangiz, xavorijlarning so‘ziga qo‘shilasiz. So‘zlariga shubha qilsangiz, xavorijlarning asliga shubha qilib, aytgan haqiqatingizdan qaytgan bo‘lasiz. Agarda ularning so‘zini yolg‘onga chiqarsangiz ular sizga, Payg‘ambarimiz so‘zlarini rad qilyapsan, deydilar. Chunki ular rivoyat qilgan gap roviylarining silsilasi Payg‘ambarimiz alayhissalomgacha borib yetadi.

Ustoz:
- Men xavorijlarni yolg‘onchilarga chiqaraman. Ularni yolg‘onchiga chiqarishim va ularning so‘zlarini rad qilishim aslo Payg‘ambarimiz alayhissalomni yolg‘onchiga chiqarish, degan ma’noni anglatmaydi. Payg‘ambarning so‘zlari yolg‘on deyman degan kimsagina Payg‘ambarimiz so‘zlarini yolg‘onga chiqargan bo‘ladi. Ammo odam, men Payg‘ambarimiz alayhissalomning barcha so‘zlariga ishonaman, lekin u zot noto‘g‘ri va Qur’onga xilof gap aytmaganlar, desa, bu uning Payg‘ambarni va Qur’onni tasdiq etishi va Payg‘ambarimiz Qur’onga xilof qilmaganlar deyishi bo‘ladi. Mabodo, u zot Qur’on oyatlariga zid biror narsa deganlarida yoxud Alloh taologa nisbatan nohaq so‘z aytganlarida, Alloh ularni jazolamasdan qo‘ymas edi. Chunki Alloh taolo: «Agar (payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ba’zi so‘zlarni to‘qib aytganida edi, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan tutgan, so‘ngra uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lar edik. U holda sizlardan biror kishi undan (payg‘ambardan halokatni) to‘sa oluvchi bo‘lmas edi» (Al-Haaqqa, 44—47, mazmuni), deb marhamat qilgan.
Allohning payg‘ambari hech qachon Uning kitobiga xilof qilmaydi. Allohning kitobiga xilof qilgan Uning payg‘ambari bo‘lmaydi. Ularning rivoyati Qur’onga xilofdir. Chunki, Alloh taolo Qur’onda zinokor erkak va fohisha ayol deb nomlab, ulardan imonni rad etmadi. Alloh shunday marhamat qiladi: «Sizlardan o‘sha (zinokorlik)ni qilganlarning ikkisi (erkak va ayol)ga...» (Niso, 16, mazmuni). Bu oyatdagi «sizlardan» so‘zida mo‘minlar nazarda tutilmoq-da. Nasroniylar yoki yahudiylar nazarda tutilmagan.
Ko‘rib turibsanki, biz dalil asosida xavorijlarning so‘zlarini rad qilmoqdamiz. Qur’oni karimga xilof hadisni Payg‘ambardan deb aytayotgan kishini qaytarish Payg‘ambarimizni qaytarish yoki u zotni yolg‘onchiga chiqarish degan gap emas, balki, uning Payg‘ambardan deb gapirgan botil va tuhmat so‘zini rad etishdir. Bunday odamning raddiyasi zinhor Payg‘ambarimiz alayhissalomga qaratilgan emas.
Biz Payg‘ambarimizdan eshitgan va eshitmagan hamma hadislarni bosh ustiga qo‘yib qabul qilamiz, ularga ishonamiz va Payg‘ambar aytgandayligiga iqrormiz. Payg‘ambar, Alloh qaytargan biror narsani buyurmaganligiga, Allohning buyruqlaridan birorta narsani tushirib ham qoldirmaganligiga, Alloh tavsif qilgan narsani boshqacha qilib tavsif qilmaganliklariga, barcha ishda Allohga muvofiq bo‘lganliklariga, Payg‘ambarimiz alayhissalom Alloh aytmagan narsani Alloh aytgan deb ichlaridan to‘qib chiqarmaganliklariga, Allohning buyrug‘isiz biror o‘zgarish qilmaganliklariga, soxtakor bo‘lmaganliklariga iqrormiz. Shuning uchun, Allohtaolo: «Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi...» (Niso, 80, mazmuni), deb marhamat qiladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:08:12

Shogird:
- Yaxshi tushuntirib berdingiz, ustoz. Odamlarning: «ichkilik iste’mol qiluvchi bandaning namozi qirq kun qabul bo‘lmaydi», degan gaplariga nima deysiz? Ezgu va solih amallarni nima yo‘q qiladi?

Ustoz:
Men ularning: «ichkilik ichuvchining namozini Alloh qirq kecha-kunduz qabul qilmaydi», degan so‘zlarini izohlab bera olmayman. Uni haqiqatga mos ravishda tushuntirib bermas ekanlar, men ularni yolg‘onchi, deyman. Alloh gunoh qilgan bandani jazolashi yoki uni avf qilishi, qilmagan gunohi uchun jazo bermasligi, bandaning qilgan ibodatlarini hisobga olib qo‘yganidek, uning gunohlarini ham bo‘yniga yozib qo‘yishi Uning adolatidan ekanligini bilamiz. Masalan, bir odam molining zakotidan berishi lozim bo‘lganini to‘la bermay, uning 50 dirhamini bersa, Alloh mazkur bandani bermagan zakoti uchun, uning miqdoricha jazolaydi, ammo uning zakotini bergan qismini savobini uning hisobiga yozib qo‘yadi. Yoki bir odam ro‘za tutsa, namoz o‘qisa, hajga borsa va qotillik qilsa, yaxshi amallari uning hisobiga, yomon amali ham uning bo‘yniga yoziladi. Alloh taolo:
«...Uning kasb etgani (yaxshiligi) — o‘ziga, va orttirgani (yomon amali) ham o‘zigadir...» (Baqara, 286, mazmuni);
«Albatta, Men sizlardan amal qiluvchilarning — xoh erkak bo‘lsin va xoh ayol bo‘lsin — amalini zoe qilmasman...» (Oli Imron, 195, mazmuni);
«...biz yaxshi amal qiluvchilarning ajrini zoe qilmagaymiz» (A’rof, 170, mazmuni);
«...sizlar faqat o‘zlaringiz qilib o‘tgan amallaringizga qarab taqdirlanursizlar» (Yosin, 54, mazmuni);
«...sizlar faqat o‘zlaringiz qilib o‘tgan qilmishlaringiz jazosini olursizlar» (Tur, 16, mazmuni);
«Bas, kimki dunyoda zarra miqdoricha yaxshilik qilgan bo‘lsa, (Qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdoricha yomonlik qilgan bo‘lsa, uni ham ko‘rar» (Zalzala, 7—8, mazmuni) deb marhamat qilgan.
Alloh taolo eng kichik yaxshilikni ham, yomonlikni ham hisob qiladi: «Biz Qiyomat kuni uchun adolatli tarozilar qo‘yurmiz, bas, biror jonga zarracha zulm qilinmas. Agar xantal (o‘simligi) urug‘idek (yaxshi yoki yomon) amali bo‘lsa ham, o‘shani keltirurmiz! Biz o‘zimiz yetarli hisob-kitob qiluvchidirmiz» (Anbiyo, 47, mazmuni).
Bularga zid gapirgan kimsa yolg‘on so‘zlagan, Allohni adolatsizlik va zulm bilan tavsif qilgan bo‘ladi. Shubhasiz, Alloh bandalarni zulm va adolatsizlikdan omon etgan zotdir. U o‘zini Shakuur, deb atagan. Chunki Alloh bandalarga solih amal qilganlari uchun ajr beradi. U eng mehribon Zotdir. Solih amallarning savobini uch narsadan bo‘lak hech narsa yo‘qqa chiqarmaydi: Allohga shirk keltirish. Chunki Alloh: «Kimki, imondan kufrga qaytsa, (qilgan savobli) ishi, albatta, zoe bo‘lur...» (Moida, 5, mazmuni), degan. Minnat qilish. Odam Allohning rizoligi uchun qul ozod qilsa yoki do‘st-birodarlik, qarindosh-urug‘chilik rishtasiga rioya qilsa yoki sadaqa qilsa-yu, so‘ng achchig‘i chiqqan vaqtida yoki odatiy paytda yaxshilik ko‘rsatgan birodariga: men seni ozod qilganman, yoki silai rahm qilgan kishisiga: men seni qarindoshim, deb yordam qo‘limni cho‘zib yurardim, yoki sadaqa bergan kishisiga: men senga ehson bergandim desa, u qilgan xayrli ishlarning savobi yuziga uriladi. Zero, minnat qilishlik va ozor berishlik bilan amallarning savobi yo‘q bo‘ladi. Riyo — odamlarga ko‘z-ko‘z qilish uchun amalga oshirilgan solih ishlarni Alloh qabul etmaydi.
Ushbu uch xil narsadan boshqa qilmishlar xayrli ishlarning savobini yo‘q qilmaydi.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:08:35

Shogird:
- Gaplaringiz o‘ta adolatli tavsiflardandir. Ayting-chi, ustoz, bir odam sizni kufrda ayblasa, siz unga nima degan bo‘lar edingiz?

Ustoz:
— Unday odam yolg‘onchidir. Men uni kofir deb atamayman, yolg‘onchi deyman. Chunki ikki xil hurmat bor: Alloh hurmati va banda hurmati. Shirk keltirish, kufr keltirish, Allohni yolg‘onchiga chiqarish Alloh hurmatini to‘kishdir. Bir-biriga zulm qilish bandalar hurmatini to‘kishdir. Alloh va Uning Payg‘ambarini yolg‘onchiga chiqarayotgan bandani meni yolg‘onchiga chiqarayotgan odam bilan tenglashtirmayman. Zero, Alloh va Uning Payg‘ambarini yolg‘onchi deyuvchining gunohi barcha odamlarni yolg‘onchi deyuvchining gunohidan og‘irdir. Meni kufrda ayblayotgan banda mening nazdimdagina yolg‘onchidir. Uning yolg‘on so‘zi uchun unga yolgon aytishim durust bo‘lmaydi. Chunki Alloh: «...biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin! Odil bo‘lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqtsir...» (Moida, 8, mazmuni), «Biror qavmga nisbatan bo‘lgan adovat zinhor ular o‘rtasida adolatni tark etishingizga sabab bo‘lmasin!» - degan.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:11:09

Shogird:
- To‘g‘ri, ustoz. Marhamat qilib ayting-chi, bir odam o‘zini o‘zi kofirman desa, bu holda siz nima degan bo‘lar edingiz?

Ustoz:
- Bunday odamning o‘zini aldashini tahqiq qilish menga lozim emas, deyman. Agarda u o‘zini eshak desa, men rost gapirdi, deyishim kerak emas. Mabodo u, men Allohni e’tirof etmayman, Uning payg‘ambarini ham tan olmayman va unga ishonmayman deb, o‘zini mo‘minman desada, uni kofir deb atayman, shuningdek, Allohni bir deb bilaman, U tomonidan nozil etilganlarga imon keltirganman deb, o‘zini kofirman desa ham, uni mo‘min deb atayman.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:32:54


Shogird:
- Ustoz, u odamning o‘zidan ko‘ra ham unga nisbatan yaxshi gapni aytdingiz. Siz haqsiz. Agarda u sizga, men sening diningni inkor qilaman, shuningdek, sening ma’budingga munkirman desa, nima degan bo‘lar edingiz?

Ustoz:
— Agarda shunday desa, men unga javob qaytarishga shoshilmagan bo‘lar edim. Men undan: sen Allohning dinidan yuz o‘girdingmi yoki Uning o‘zidanmi, deb so‘ragan bo‘lar edim. Agarda u mazkur ikki savolning qaysi biriga bo‘lsa ham, ha, deb javob bersa, uni men mushrik kofir, deb atagan bo‘lar edim. Mabodo u, men Allohdan ham, Uning dinidan ham bo‘yin tovlamayman, men faqat sening diningdan yuz o‘giraman, zero, dining kufr dini va sen sig‘inayotgan ilohingdan yuz o‘giraman, chunki sen shaytonga sajda qilasan, desa men uni kofir deb atamayman. Chunki u shaxsan menga nisbatan yolg‘on so‘zlamoqda.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:33:17

Shogird:
Qasam ichamanki ustoz, bu aytganlaringiz taqvo ahlining so‘zlaridandir. Ayting-chi, shaytonga itoat etgan va uning xohishini istagan kimsa kofir va shaytonga sig‘inuvchi emasmi?

Ustoz:
- Bu savoling bilan nima demoqchiligingni bilasanmi?! Mo‘min Allohga bo‘ysunmasa, bu bo‘ysunmasligi bilan, agar amali shayton toati va xohishiga muvofiq kelsa, shaytonga itoat qilgan va uning xohishini istagan va qasd qilgan bo‘lmaydimi?

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:33:41

Shogird:
- Ustoz, ibodat o‘zi nima, uni qanday izohlab berasiz?

Ustoz:
- «Ibodat» so‘zi toat, rag‘bat va Parvardigorga iqrorlik ma’nolarini o‘zida jam qilgan. Bu shunday: kishi Allohga imonda itoat etsa, uning qalbiga Allohning mag‘firatidan umidvorlik va Unga gunoh qilishdan qo‘rqish kiradi. Qalbida ushbu uch xislat bor banda Allohga ibodat qiladi. Kishida Allohdan umidvorlik va qo‘rqish bo‘lmasa, mo‘min bo‘lmaydi. Ammo bir mo‘minning Allohdan qo‘rqishi kuchli, boshqasiniki kam bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Allohdan o‘zga narsaga, undan savob istab yo azobidan qo‘rqib, itoat qilgan inson o‘sha narsaga sig‘ingan bo‘ladi, Allohga emas. Agarda har narsaga itoatning o‘zigina ibodat bo‘lganida, Allohdan boshqaga itoat etgan kishi unga ibodat qilgan bo‘lar edi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:34:07

Shogird:
- Yaxshi so‘zlarni aytdingiz, ustoz! Ayting-chi, kishi Allohdan boshqa bir narsadan qo‘rqsa yoki undan biror manfaat umid qilsa, u kofir bo‘lib qoladimi?

Ustoz:
- Qo‘rqish va umid qilish ikki xil bo‘ladi:
1. Bir odam boshqa bir odamdan, Allohning irodasisiz zarar yo foyda qila oladi, deb qo‘rqsa yo umid qilsa, bunday odam kofirdir.
2. Bir odam Allohdan umid qilib yo qo‘rqib, boshqa bir odamdan umid qilsa yoki undan qo‘rqsa, Alloh unga boshqaning qo‘lidan yo bir narsa sababidan ziyon yetkazishidan xavfsirasa, kofir bo‘lmaydi. Chunki ota farzandining unga yaxshilik qilishidan, tuyakashning tuyasi uning molini tashib berishidan, qo‘shni qo‘shnisining unga yaxshilik qilishidan, sulton o‘zining himoya qilinishidan umid qiladi. Bu bilan ularning qalbiga kufr kirib qolmaydi. Chunki ularning umidlari Allohdandir, O’g‘lining va qo‘shnisining yaxshilik qilishini Allohdan umid qiladilar. Allohdan shifo berishini umid qilib, dori ichgan bemor kofir bo‘lib qolmaydi. Alloh azobiga duchor bo‘lib qolishdan qo‘rqib, yomonlikdan qo‘rqiladi va undan qochiladi. Bularni Muso alayhissalomning hatti-harakatlariga qiyoslash mumkin. Alloh uni payg‘ambarlikka tanlab oldi va unga kalomini bevosita yetkazdi. Ammo shunga qaramasdan u: «Bas, meni o‘ldirib qo‘yishlaridan qo‘rqaman», dedi (Shuaro, 14, mazmuni). Yoki Payg‘ambarimiz alayhissalomni olaylik. U zot qo‘rqqanlaridan Hiro g‘origa qochib kirib oldilar. Bu holatlarda na Muso alayhissalom va na Payg‘ambarimiz, sallallohu alayhi va sallam, qalblariga kufr doxil bo‘lmadi. Shunga o‘xshash odamlar yirtqich hayvondan, ilonu chayondan, uyning qulashiyu yo‘lning o‘pirilib ketishidan yoki oziq-ovqatga tushib qolgan zaharning zarar keltirishidan tabiiy holda qo‘rqadilar. Ammo ularning qalblariga kufr kirmaydi, ammo qo‘rqinch kiradi.


Qayd etilgan


mutaallimah  06 Oktyabr 2007, 01:57:03

Shogird:
- Aytganlaringizni angladim, ustoz. Endi Allohdan qo‘rqmay, ammo maxluqlardan qo‘rqadigan mo‘min to‘g‘risida nima deysiz?

Ustoz:
- Mo‘min hech narsadan Alohdan qo‘rqqanidan ortiq qo‘rqmaydi. Chunki Alloh uning badaniga biror azob beradigan dard yetkazsa ham yoki boshiga og‘ir musibat tushirsa ham, ey Alloh, menga bergan dardu musibatlaring nega shunchalar yomon, deb olamga dod solmaydi va hatto o‘ziga-o‘zi past ovozda ham gapirmaydi. Aksincha, u Alloh zikrini ko‘proq qila boshlaydi. Agar shunday falokatlarning o‘ndan biri unga dunyo sultonlaridan biri tomonidan yetkazilsa, gapini sultonga yetkazmaydigan ishonchli odamlar oldida tili bilan sultonning zolimligini aytgan bo‘lardi.
Mo‘min banda hech kim yo‘q kimsasiz joyda ham, odam-lar orasida ham, pinhona ham, oshkora ham, issiqda ham, sovuqda ham Allohdan qo‘rqadi. Dunyo sultonlaridan na shodlik va qayg‘uda, na pinhon va oshkora qo‘rqiladi. Ma-salan, unga sovuq tunda janobat yetsa, garchi Allohdan o‘zga hech kim uning junub bo‘lganini bilmasa-da, o‘zini zo‘rlab bo‘lsa ham, o‘rnidan turadi va Undan qo‘rqqanligi uchun g‘usl qiladi. Mo‘min jazirama issiq kunlari chanqoqlik azobini tortsa ham, uni birov ko‘rib turmayotgan bo‘lsa ham, Allohdan qo‘rqqanidan, ro‘za tutadi, sabr qila-di, besabrlik qilmaydi.
Kishi dunyo sultonlari oldidagina ulardan cho‘chiydi va qo‘rqadi, ular goyib bo‘lgach, unda qo‘rquvdan asar ham qolmaydi. Demak, mo‘min uchun Allohdan qo‘rqishdan ortiqroq qo‘rquv bo‘lmas ekan.

Qayd etilgan