Muslim as-Samarqandiy. Ustoz va shogird  ( 33480 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:51:14

USTOZ
va
SHOGIRD

Ushbu kitobning nomi, garchi olim va ta’lim oluvchi, degan ma’noni anglatsa-da, biz uni «Ustoz va Shogird», deb tarjima qildik. Zero, kitob Abu Hanifa bilan u zoti sharifning shogirdlari Imom Abu Balxiy savol-javoblari asosida ta’lif etilgan. Ustoz va shogird o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ilmiy bahsu munozarani Imom Abu Muqotil ibn Muslim as-Samarqandiy rivoyat qilib, bizgacha yetkazgan.

Kitobdagi savol-javoblar har bir musulmon bilishi zarur bo‘lgan o‘ta muhim va o‘ta nozik masalalarni qamrab olgan. Uni diqqat bilan o‘qib chiqqan vatandoshlarimiz, xususan, tolibi ilmlar islomiy e’tiqodga oid o‘zlarini qiynab yurgan savollarga qoniqarli javob topadilar, deb umid qilamiz.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:51:58

Kitob shunday boshlanadi:

Bismillahir rohmanir rohim

Allohga hamd bo‘lsinki, Uning in’omlari (ne’matlari) bois solih amallar kamolot cho‘qqisiga erishadi.

Sayyidlarning Sayyidi, xojamiz Muhammad, sollallohu alayhi va sallam va u zotning avlodlariga, sahobalariga va pokiza ahli ayollariga durudu salom bo‘lsin!
Yaratilish va parhezkorlik jihatidan ham eng haqir bo‘lgan, balki, haqiqatdan ham hech narsaga arzimaydigan Mustafo Oshir, Alloh uni mag‘firat qilsin va nomini gunoxlaridan ko‘ra aziz qilsin, dedi:

- Men buzruk imomimiz Abu Hanifaning (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin) «al-Olim va al-Mutaallim» asarini pirim va ustozim Hoji Husayn ibn Muhammad ibn Hasan al-Miymiy al-Basriydan (Alloh rahmat qilsin u zotni) rivoyat qilaman...

Kitobni mazkur so‘zlar bilan boshlagan Mustafo Oshir haqiqatdan ham «al-Olim va al-Mutaallim» risolasi Imomi A’zam qalamlariga mansub ekanligini isbot qilish uchun mazkur risolani bevosita Imomimizning og‘izlaridan eshitgan Imom Abu Muqotil Hafs ibn Muslim as-Samarqandiygacha yashab o‘tgan barcha roviylarning nomlarini birma-bir sanab o‘tgan.
Xuddi shuningdek, Mustafo Oshir Abu Hanifaning «al-Fiqh al-Absat» asarini imomimizning og‘izlaridan u zotning shogirdlari Abu Muti’ al-Hakam ibn Abdul-loh al-Balxiy, «al-Fiqh al-Akbar»ni esa Imomimizning o‘g‘illari Hammod ibn Abu Hanifa eshitib, rivoyat qilganlarini ta’kidlamoq uchun ulargacha bo‘lgan hamma roviylarni nomma-nom bayon qilgan.

Biz o‘quvchilarga malol keltirmaslikni nazarda tutib, kitoblarni rivoyat qilishda ishtirok etgan roviylarning to‘liq nomlarini mufassal bayon qilishni lozim topmadik. Ularni bilishni istaganlar kitoblarning asl nusxalariga murojaat etishlari mumkin.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:52:32


USTOZ VA SHOGIRD

Shogird:
- Ustoz! Chuqur bilimingiz, boy tajribangiz, fazlu karamingiz yordamida ko‘nglimdan joy olgan shubhali savollarga qoniqarli va aniq javob olish uchun huzuringizga keldim. Hayot taqozosi bilan men turli xil fikrdagi odamlarni uchratib turaman va ular menga ba’zida shunday savollar beradilarki, ularga javob topishdan ojiz bo‘lib qolaman. Ularning savollariga javob berolmasam-da, bilganim haqiqatdan qaytmayman. Zero, haqni bayon etguvchilar bor. Haq yo‘q bo‘lmaydi. Botil yashamaydi.
Shuningdek, meni hali hech narsani bilib ulgurmagan yosh tolibi ilmlarga tenglashtirishlarini va gohida meni ko‘ngliga kelgan narsani aytaveradigan «birsom» (jigar bilan qalb o‘rtasining shamollashidan paydo bo‘ladigan kasallik) dardiga mubtalo bo‘lgan bemorga qiyos qilishlarini istamayman. Shuning uchun, ustoz, Alloh taolo holingizni xayrli qilsin, ergashganim haqiqat aslini bilishni va uni so‘zlashni istayman, toki havodor haddan oshmoqchi yo meni haqdan qaytarmoqchi bo‘lsa, maqsadiga erishmasin, yo tolibi ilm mendan ta’lim olmoqqa kelsa, unga o‘zim tushinib, o‘rgatay.

Ustoz:
- Bilmagan narslaringni bilishga intilishing har qancha tahsinlarga loyiq. Bilib qo‘yginki, inson jismidagi hamma a’zolar uning ko‘zlariga bog‘liq bo‘lganidek, uning amallari ham ilmga bog‘liqdir. Cho‘lda, adashilganida kerak bo‘lgan ko‘p ozuqadan ko‘ra to‘g‘ri yurilganida, zarur bo‘lgan ozgina ozuqa qanchalik foydali bo‘lsa, ilmga asoslangan ozgina amal ham jaholat ila qilingan har qancha ko‘p amallardan foydaliroqdir. Shuning uchun Alloh taolo: «..."Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!" Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9, mazmuni), deb marhamat qiladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:53:05

Shogird:
- Qalbimda ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqimni yanada ziyoda qildingiz, ustoz. Yuqorida aytganimdek, men turli saviyadagi odamlar bilan muloqotda bo‘lib turaman. Ulardan, inshaalloh, mening nazarimda eng past saviyada bo‘lganlaridan gapni boshlayman. Menga ularga qarshi dalillarni ayting. «Bu ishga aslo daxl etma. Zero, sahobalar ham bu ishlarning hech biriga daxl etmaganlar. Ular qilganini qil», deydigan toifalarni ko‘rdim. Ular meni bilganimdan ham oshirishdi. Ular toshqin daryo ichida turgan, uning sayoz joyini bilmaganidan g‘arq bo‘layotganga, joyingda tur, sayoz joyni izlama, deyayotgan kishiga o‘xshaydilar.

Ustoz:
- Sen ularning kamchiliklaridan ba’zilarini ko‘rib, ularga qarshi dalil izlayotganingni payqadim. Agarda ular senga: «sahobalarga yetgan narsa sizga yetmaydimi?» desalar, ularga: «sahobalarning o‘rinlarida bo‘lganimda, ularga yetgan narsa menga ham yetardi, ammo ularning huzurida bo‘lgan zot mening yonimda yo‘q», degin.
Biz, bizni badnom qiluvchilarni va qonlarimizni to‘kishni halol deguvchilarga duchor bo‘ldik. Qaysi birimiz nohaq va qaysi birimiz haq? Buni bilmasligimiz mumkin emas. Biz o‘zimizni va nomusimizni himoya qilmog‘imiz lozim. Rasulullohning, alayhissalom, ashoblari esa, qarshi kurashuvchilari bo‘lmaganidan aslahaga ehtiyoj sezmagan xalqqa o‘xshar edilar. Biz esa, bizni badnom qiluvchilarga va qonlarimizni to‘kishni halol deguvchilarga duchor bo‘ldik.
Insonlar kelisholmagan masalani eshitganida kishi so‘zlashdan tilini tiysada, qalbini tiyolmaydi. Zero, qalb tomonlardan birini yo ikkisini ham yoqtirmasligi kerak. Ammo kelisholmagan tomonlarning hammasini yoqtirishi mumkin emas.
Agar qalb zulmga moyil bo‘lsa, zolimlarni yaxshi ko‘radi. Qaysi xalqni yaxshi ko‘rsa, ular jumlasidan bo‘ladi. Agar qalb haqqa va unga ergashganlarga moyil bo‘lsa, ularga do‘st bo‘ladi. Buning sababi shuki, amal va so‘zlarning yuzaga chiqishi qalbga bog‘liqdir. Shuning uchun ham til bilan imon keltirib, qalb bilan imon keltirmagan banda Alloh nazdida mo‘min emas va aksincha, qalb bilan imon keltirib, til bilan imon keltirmagan banda Uning nazdida mo‘mindir.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:53:26

Shogird:
- Ustoz, ayting-chi, kim haqu kim nohaq ekanligini bilmasligimning menga zarari bormi?

Ustoz:
- Haqni nohaqdan ajrata olmasliging senga bir tomondangina zarar qilmaydi. Boshqa tomonlardan ham zarar qiladi. Senga zarari yetmaydigan tomoni shundaki, sen nohaqning amali uchun jazo olmaysan, Ammo uning senga zararli tomonlari esa ushbulardir:
1. To‘g‘rini noto‘g‘ridan ajrata olmasliging sababli odamlar orasida ilmi yo‘q ekan, degan nom olasan; Haq yoki nohaq ekanligingni bilmasliging xato qilyapsanmi yoki yo‘qmi, ajrata olmasliging sababli seni shubhaga tushiradi va undan chiqish yo‘lini bilmaysan; Haqni nohaqdan ajrata olmasliging natijasida sen birovni Alloh rizoligi uchun yaxshi ko‘rishingni va yoki birovni Alloh rizoligi uchungina yomon ko‘rishingni bilmay qolasan.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:54:45

Shogird:
- Ustoz, ko‘zlarimdan jaholat pardasini olib tashladingiz. Ayting-chi, ustoz, to‘g‘ri deb bilingan kishi muxoliflarining to‘g‘riligini yoki adashganini bilmasa, uni haqiqatni biluvchi haqiqat ahlidan deb atash mumkinmi?

Ustoz:
- To‘g‘ri deb bilingan kishi muxoliflarining to‘g‘riligini yo adashganini bilmasa, adashgan va to‘g‘rini bilmagan johildir. Ey birodar! Ular mening nazdimda eng johil va past toifadir. Ular oppoq ko‘ylak sotib olib, bir-biridan uning rangini surishtirayotgan to‘rt kishiga o‘xshaydi. Ularning biri ko‘ylakning rangini qizil deydi, boshqasi sariq, uchinchisi esa qora va nihoyat, to‘rtinchisi uning rangi oq, deydi. Uchovi haqida qanday fikrdasan, ular haqmilar yoki adashdilarmi? — deb to‘rtinchisidan so‘ralsa, u, men aniq bilamanki, ko‘ylakning rangi oq, ammo ular haq bo‘lsalar ham ajab emas, deb javob beradi. Xuddi shuningdek, bu toifadagi odamlar: «biz aniq bilamizki, zinokor kofir emas» va «Zinokor zino qilayotgan vaqtida undan imoni ko‘ylagini yechgan kabi yechiladi», deb rivoyat qilgan roviy, ajab emaski, rostgo‘y bo‘lsa, biz uni yolg‘onchi hisoblamaymiz, deydilar. Shuningdek, ular: biz imkoni bo‘la turib, haj qilmasdan vafot etgan bandani mo‘min deb ataymiz, unga janoza o‘qiymiz, talabi mag‘firat qilamiz va uning uchun hajji badal amalini ado etamiz, yahudiy qavmida va yoki masihiy qavmida vafot qilibdi, deydiganlarni ham yolg‘onchiga chiqarmaymiz, deyishadi. Bunday toifadagi odamlar shialar, xavorijlar va murjialarning aytganlarini inkor etadilar, ammo ularning so‘zlarini aytadilar.
Bu uch toifaning safsatalarini rost deguvchilar, yolg‘on deb hisoblaydiganlar ham bor. Yana bu borada, Rasululloh, alayhissalom, aytganlar, deb hisoblaganlari rivoyatlar keltirishadi. Ular: biz, shubhasiz, Alloh taolo Rasulini (s.a.v.) ixtilof chiqarish, musulmonlar bir-birlarining yuzlarini tirnashlari uchun emas, balki rahmat etib, tarqalganlarni birlashtirish, ittifoqni kuchaytirish uchun yuborganini bilamiz, deyishadi va ixtiloflar rivoyatlarning turli-tumanligi bois ro‘y bergandir, ularning nosix va mansuxlari bor, deb o‘ylaydilar-u, rivoyatlarni qanday eshitgan bo‘lsak, shunday rivoyat qilamiz, deyishadi. Xayf ulargaki, oqibatlariga tegishli ishlarga oz ahamiyat beradilar, odamlar oldilarida tik turib, ba’zi mansux bo‘lganlarni aytadilar. Vaholanki, bugungi kunda mansuxlarga amal qilish zalolatdir. Chunki odamlar, mansuxlarga amal qilsalar, zalolatga ketadilar.
Bizga ma’lumki Payg‘ambarimiz, alayhissalom, bir oyatni hech qachon ikki xil tafsir qilmaganlar, barcha insonlarga nosix oyatlarni nosix va mansuxlarni mansux, deb tafsir etganlar. Nosix va mansux masalasi faqat amr va nahiyga oid oyatlarga daxldordir. Xabar va sifatlarning hech birida mansux yo‘qdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:55:21


Shogird:
Ustoz, Alloh Sizni Jannat bilan siylasin. Haqiqatdan ham, siz olijanob muallim ekansiz. Ilm sohasida men bilmagan yangi bobni ochib berdingiz. Mazkur toifadagi odamlar so‘zlarining zaifligi, fikrlarining ojizligini chuqur bilishda men e’tibor qilmagan tomonlarini bayon etdingiz. Endi ikkinchi toifa kishilarning: «Allohning dini ko‘p, u, ya’ni din, Alloh farz etgan barcha amalni bajarish, harom qilgan hamma narsalardan saqlanish», deyishlarini rad qilish yo‘lini ayting.

Ustoz:
- Sen barcha payg‘ambarlar bir dinda ekanliklarini bilmasmiding?! Ularning hech biri qavmini o‘zidan oldin o‘tgan payg‘ambarning dinini tark etishga da’vat qilmagan. Zero, hamma payg‘ambarlarning dini bir bo‘lgan. Har bir payg‘ambar o‘z shariatiga da’vat etgan, o‘zidan avval o‘tgan payg‘ambarning shariatidan qaytargan. Ularning shariati har xil va ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun Alloh: «...Har bir (ummat) uchun (alohida) shariat va yo‘l (tayin) qilib qo‘ydik. Agar Alloh xohlasa edi, sizlarni bir ummat (bir xil shariatda) qilib qo‘ygan bo‘lur edi...» (Moida, 48, mazmuni). Alloh ularga bir dinni barpo etishni buyurgan. U din tavhid - Allohni bir va yagona, deb e’tiqod qilmoqlik dinidir. Alloh bandalarning ushbu dinda guruh-guruh, toifa-toifa bo‘lib ketmasliklarini buyurgan. Alloh ularning dinini bitta qilgan.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Alloh Nuhga tavsiya qilgani, vahiy orqali xabar bergani va sizga (ey Muhammad), Ibrohimga, Musoga, Isoga tavsiya qilganlari dindan ekanligini shar’iy (qonuniy) qilib qo‘ydi».
«...sizlar uchun din bo‘yicha Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuning-dek), Biz Ibrohim, Muso va Isoga buyurgan narsani -shariat qildi...» (Sho‘ro, 13, mazmuni). Bundan tashqari Alloh boshqa oyatlarida ham: «(Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg‘ambarga ham: "Mendan o‘zga iloh yo‘q, bas, Menga ibodat qilinglar", — deb vahiy yuborgandirmiz» (Anbiyo, 25, mazmuni).
«...Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!). Allohning yaratishiga o‘zgartirish yo‘q. Eng to‘g‘ri din shudir...» (Rum, 30, mazmuni). Allohning dinini o‘zgartirib bo‘lmas. Din almashtirilgan, buzilgan va o‘zgartirilgan emas. Ammo shariatlar o‘zgartirilgan va almashtirilgan. Alloh ba’zi xalqlarga halol etgan narsani boshqa xalqqa harom qilgan, Alloh ba’zi bir ishni bir xalqqa amr qilgan va boshqa xalqni undan qaytargan. Shunday bo‘lgach, shariatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lgan. Shariatlar amrlardir.
Agar Alloh taoloning hamma amrlarini bajarish va barcha qaytariqlaridan tiyilish din bo‘lsa, Alloh taoloning biror amrini bajarmagan yo biror qaytarig‘iga qo‘l urgan kimsa dindan chiqadi va kofir bo‘ladi. Agar kofir bo‘lsa u bilan musulmonlar orasidagi nikoh, meros, janoza, so‘yganini yeyish kabi ishlar yo‘q bo‘ladi. Zero, Alloh taolo ularning barchasini mo‘minlar o‘rtasida joriy qilgan. Imon sababli bir-birlariga noshar’iy qon to‘kish va mollarini noshar’iy yeyishni harom qilgan.
Alloh taolo mo‘minlarni, dinga iqror bo‘lganlaridan so‘ng ularga farzlarni ado etishni amr etgan. Alloh taolo marhamat qiladi:
«(Ey, Muhammad), imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni mukammal ado etsinlar...» (Ibrohim, 31, mazmuni}, «Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi...» (Baqara, 183, mazmuni), «Ey, imon keltirganlar! Sizlarga o‘ldirilgan kishilar uchun qasos olish farz qilindi...» (Baqara, 178, mazmuni); «Ey imon keltirgan bandalar, Allohni ko‘p zikr qilinglar!..» (Ahzob, 41, mazmuni).
Ushbu farzlar imon bo‘lganida edi, oyatlarda Alloh taolo ularni bajarmaslaridan ilgari bandalarni mo‘minlar, deb xitoban atamagan bo‘lur edi. Shubhasiz, Alloh taolo imon va amal o‘rtasini ajratdi. Alloh taolo marhamat qiladi: «Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga...» (Baqara, 25, mazmuni); «Yo‘q, kimki yuzini (o‘zini) Allohga bo‘ysundirsa, Rabbi huzurida unga ajr muhayyodir...» (Baqara, 122, mazmuni); «Kimki oxiratni istasa va mo‘minlik holvda (o‘z) sa’yi bilan harakat qilsa, bas, unday zotlarning sa’ylari (Alloh nazdida) manzurdir» (al-Isro, 19, mazmuni).
Alloh taolo imonni amaldan boshqa etdi. Mo‘minlar Allohga imon keltirganliklaridan namoz o‘qiydilar, zakot beradilar, ro‘za tutadilar, hajga boradilar va Allohni zikr qiladilar. Ular namoz o‘qishlari, zakot berishlari, ro‘za tutishlari va hajga borishlaridan Allohga imon keltirmaydilar. Ular avval imon keltirib, so‘ng amal qiladilar. Shuning uchun ularning farzlarni bajarishlari Alloh taologa imon keltirganliklaridandir. Ularning imonlari farzlarni bajarganliklaridan emas.
Bunga misol: Bir odam qarzdor bo‘lsa, u, avvalo, qarzdorligiga iqror bo‘ladi, so‘ngra qarzini to‘laydi. U hech qachon oldin qarzini to‘lab, so‘ngra qarziga iqror bo‘lmaydi. Uning qarziga iqror bo‘lishi uni to‘laganidan emas, balki uning qarzini qaytarishi qarziga iqror bo‘lishidandir. Qullar xojalariga xizmat qilganlaridan ularga qullikni iqror etmaydilar, balki qullar xojalariga qul ekanliklariga iqror bo‘lganidan ularga xizmat qiladilar.
Sizlar ham bir-biringizga xizmat qilasiz, bu bilan qullikka iqror bo‘lgan bo‘lmaysiz, xizmat qilishni qullikka iqrorlik deyilmaydi. Boshqa birov qullikka iqror bo‘lsa-da, ishlamasa undan qullik ismi yo‘qolmaydi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:55:45

Shogird:
- Juda yaxshi tushuntirdingiz, ustoz. Menga aytinchi, imon o‘zi nima?

Ustoz:
— Imon tasdiq, ma’rifat, yaqiyn (shubhasizlik), iqror va Islomdan iboratdir. Tasdiq qilishda odamlar uch xil darajada bo‘ladilar:
Allohni va U tomondan kelgan barcha narsani dili va tili bilan tasdiq qiladiganlar;
Allohni va U tomondan kelgan barcha narsani dili bilan tasdiq qiladigan, ammo tili bilan inkor etadiganlar;
Allohni va U tomonidan kelgan barcha narsani tili bilan tasdiq qiladigan va ammo dili bilan inkor etadiganlar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:56:07

Shogird:
- Ustoz, men topa olmay yurgan masalani ochdingiz. Ayting-chi, mazkur uch darajadagi odamlar Alloh taolo nazdida mo‘min hisoblanadimi?

Ustoz:
- Allohni va U tomonidan kelgan barcha narsalarni dili va tili bilan tasdiq qilgan bandalar Alloh nazdida ham, odamlar nazdida ham mo‘mindirlar.
Tili bilangina tasdiq qilib, dili bilan inkor etgan banda Alloh nazdida kofir, ammo odamlar nazdida mo‘mindir. Chunki, odamlar bunday kimsaning qalbida nima borligini bilmaydilar. Shuning uchun odamlar undan zohir bo‘lgan iqroriga qarab, uni mo‘min, deb atashlari mumkin. Ular qalblarni bilishga qiynalishlari kerak emas.
Odamlardan, ularning nazdida kofiri, lekin Alloh taolo nazdida mo‘mini bor. Ular dillari bilan Allohni tasdiq qiladilar, lekin ular xavfu xatardan o‘zlarini himoya qilish uchun tillari bilan kufrni izhor qiladilar va odamlar ularning ehtiyotkorligini bilmay, ularni kofirlar deb ataydilar. Ammo ular Alloh nazdida mo‘mindirlar.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:56:32


Shogird:
- Ko‘p yaxshi gaplarni aytdingiz, ustoz. Ammo imonni tasdiq, ma’rifat, yaqiyn, iqror va Islom deb ko‘p hisobladingizmi?

Ustoz:
- Sen ko‘pam shoshilaverma, fatvoda ehtiyot bo‘l. Mening aytayotganimga e’tirozing bo‘lsa, samimiy bo‘lsang, mendan ularni sharxlab berishni so‘ra! Odam eshitgan so‘zini yoqtirmasligi ham mumkin. Unga agar so‘z sharxlab berilsa, undan qoniqish paydo bo‘ladi. Sen bir gapni eshitib yoqmagani uchun uni qoralash maqsadida, bu so‘zning men bilmagan tafsiri va sababi bo‘lsa kerak, birodarimdan uning tafsirini so‘rayin, balki, bu so‘zlar uning og‘zidan beixtiyor chiqib ketgandir, uni aniqlab olsam yaxshi bo‘lardi, uning asl maqsadini bilmasdan turib, uni aybdor qilishim durust emas, deb odamlar orasida tarqatib yuruvchiga o‘xshama.

Qayd etilgan