Muslim as-Samarqandiy. Ustoz va shogird  ( 33490 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:56:50

Shogird:
- Ustoz, Alloh sizni sobitqadam qilsin, sizga bergan yaxshilikni davomli qilsin! So‘zlaringizni anglab yetdim. Mendan sodir bo‘lgan nuqsonu kamchilikni kechiring, men hali g‘o‘r shogirdman. Menga siz tavsif qilgan tasdiq, ma’rifat, iqror, Islom va yaqiynlarning e’tiboringizdagi darajalarini va tafsirini aytib bering.

Ustoz:
- Mazkur kalimalar turli bo‘lsa ham, ammo ularning ma’nolari bir, ya’ni Imondir. Allohni parvardigorim deb iqror bo‘lish, Uni parvardigorim deb tasdiq qilish, Uni parvardigorim deb yaqiyn etish, Uni parvardigorim deb tanish (ma’rifat) Imondir. Bu so‘zlar turli bo‘lsa ham, ularning ma’nosi birdir. Masalan, bir kishini: ey odam, ey kishi, ey falonchi deyilsa ham, uning bir o‘zi chaqiriladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:57:15

Shogird:
- Ustoz, agar ilmim sayozligini va ra’yim zaifligini bilmaganimda, huzuringizga kelmagan bo‘lardim. Ustoz, mendan sizga yoqmaydigan hatti-harakat sodir bo‘lganini sezgan yoki og‘irlik o‘tgan bo‘lsa, meni koyimang. Zero, bemorni davolash og‘irligi tabibga, ko‘zi ojizning og‘irligi ko‘zi ochiqqa tushadi. Xuddi shuningdek, olim savodsiz odamning og‘irligini ko‘tarishi lozim. So‘zlaringizdan johil odam eshitsa, unga yoqmaydigan so‘zlar borligini, agar unga yotig‘i bilan tushuntirilsa, qanoat hosil qilishini angladim. Shuningdek, imon, tasdiq, ma’rifat, yaqiyn va iqrorni juda yaxshi tushuntirdingiz. Endi aytingchi, bizning imonimiz farishtalar va payg‘ambarlar imonlari kabi, deb qanday aytamiz. Shubhasiz, ularning bizlardan ko‘ra Allohga itoatliroq ekanliklarini bilamiz-ku?

Ustoz:
- Sen farishtalar va payg‘ambarlarning bizdan ko‘ra Allohga itoatliroq ekanliklarini bilibsan. Men senga imon amal emas, degan edim. Shuning uchun, bizning imonimiz ham ularning imonlari kabidir. Chunki biz ham ular kabi Allohning yakkayu yagonaligini, Uning parvardigorligini, Uning qudratini va U tomonidan kelgan barcha narsalarni tasdiq qilganmiz. Shuning uchun imonimiz farishta va rasullarning imonlari kabi deymiz. Anbiyo va rasullar ham ularni tasdiqlaganlar. Farishtalar-ku Allohning ajoyibotlarini ko‘rib, Unga imon keltirganlar, biz esa ularni ko‘rmasdan turiboq, imon keltirganmiz.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:57:51


Shogird:
- Ustoz, Alloh sizni najot topganlardan qilsin! Aytganlaringiz g‘oyat go‘zal. Menga ayon bo‘ldiki, bizning imonimiz, tasdiqimiz va jazmimiz farishtalarnikidek ekan. Ayting-chi, ular nega bizga nisbatan Allohdan qo‘rqadiganroq va Unga itoatliroqlar? Ba’zi johillar biror bandaning xatosini yo musibat yetganida besabrligini yoki dushmandan qo‘rqqanini yoki hoyu havasga berilganini ko‘rganida, bu yaqiyn zaifligi deb aytishni qaerdan olishgan?

Ustoz:
- Johillarning yaqiyn zaif deyishlariga kelsak, ular yaqiynning tafsirini bilmaganlaridan aytishgan. Yaqiyn bir narsani hech ikkilanmay qat’iy bilmoqlikdir. Imon keltirganlarning birortasi gunoh qilsalar ham, Allohning yagonaligiga, Uning kitoblariga, Uning farishtalariga shak-shubha qilmaydilar. Biz odamlarning holatini o‘zimizning holatimizga qiyoslaymiz. Bizdan xato o‘tishi, boshimizga biror musibat yetganida besabrlik qilishimiz, dushmandan qo‘rqishimiz mumkin. Ammo hech qachon bizning qalbimizda Allohga va Uning tomonidan kelgan barcha narsalarga shubha tug‘ilmaydi. Biz boshqalarni ham o‘zimizday deb o‘ylaymiz.
Ha, farishtalar, payg‘ambarlar bizga nisbatan Allohdan qo‘rquvchiroq va Unga bizdan ko‘ra itoatliroqdirlar, buning bir necha sabablari bor:
1. Ular payg‘ambarlik va rasullik bilan siylanganlaridek, qo‘rqish, rag‘bat, oliy xulklarda ham boshqalardan ortiq qilinganlar;
Payg‘ambarlar farishtalardan biz ko‘rmagan ajoyibotlarga shohid bo‘lganlar; Payg‘ambarlarga gunoh ishlar oldida fursat qo‘yilmagan;
Payg‘ambarlar gunohkorlar boshiga tushayotgan jazoni ko‘rib turar edilar va bu holat ularning gunoh ishlardan tiyilishlariga sabab bo‘lgan.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:58:14

Shogird:
- Ustoz, siz bayon etganingizni tushundim. Siz haqiqatni bayon etishda va ularni aytishda davom etmoqdasiz. Siz menga bayon etganingiz yaqiynimiz, xavfimiz va jur’atimiz payg‘ambarlarning shunday xislatlari qanday farq qilishini qiyoslab tushuntirib berishingizni juda istar edim. Agar johil ishining oqibatini o‘ylasa va o‘rganishni istasa, unga tushunmagan bir ishni qiyoslab tushuntirsangiz, tez tushunib olishga imkoni bo‘ladi.

Ustoz:
- Ha, qiyos haqida so‘rab to‘g‘ri qilding. Zero, har bir tolibi ilm sherigi bilan darsini muzokara qilayotganida uni tushuna olmay qolsa, undan qiyoslab berishini iltimos qiladi. Bilginki, to‘g‘ri qiyos haqni izlovchining haqqini ro‘yobga chiqaradi. Qiyos haqdor tomonida to‘g‘ri va rost guvohlikka o‘tayotgan adolatli shohidga o‘xshaydi. Johil odamlar haqni inkor qilmaganida, olimlar qiyos va qiyoslash usulini ishlab chiqmagan bo‘lur edilar.
Bizning yaqiynimiz va farishtalarning va payg‘ambarlarning yaqiynlari bir bo‘lsa-yu, ularning qo‘rquvi bizning qo‘rquvimizdan ortiq bo‘lishining qiyosini istashingga kelsak, buni, ikkita bir xil suzish mahoratiga ega bo‘lgan kimsalar sersuv va tezoqar daryo yoqasiga kelib, ulardan biri suvga tushishdan qo‘rqmaydigan, ikkinchisi qo‘rqadigan bo‘lganiga yoki bir xil dardga chalingan ikki bemorga bir xil achchiq dori berilganida, ulardan biri uni ichishdan qo‘rqmagani, ikkinchisi esa qo‘rqqaniga qiyoslash mumkin.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:59:06

Shogird:
- Yaxshi tushuntirdingiz, ustoz. Bizning imonimiz payg‘ambarlarnikidek bo‘lsa, imonlarimizning savoblari ham bir xil emasmi? Agarda bir xil bo‘lsa, u vaqtda payg‘ambarlarning bizdan afzalliklari nimada? Dunyoda imonlarimiz teng bo‘ladigan bo‘lsa, oxiratda ham imon savobida teng bo‘lishimiz kerak. Agarda imonimiz savobi oxiratda ularnikidan kam bo‘lsa, ya’ni imonimiz teng bo‘lsa-yu, bizga ularnikidan kam savob berilsa, zulm bo‘lib qolmaydimi?

Ustoz:
- Sen masalani juda jiddiylashtirib yubording. Fatvoda ehtiyot bo‘l! Bizning imonimiz payg‘ambarlarning imoni kabi ekanligini bilmaysanmi? Zero, biz ham ular imon keltirgan narsalarga imon keltirganmiz. Ammo ular imonlari va ibodatlari savobida bizdan ko‘ra ortiqdir. Chunki Alloh ularni payg‘ambarlik bilan boshqalardan afzal qilganidek, ularning so‘zlarini ham, ibodatlarini ham, uylarini ham, iqomat qiladigan joylarini ham, barcha ishlarini ham boshqalarnikidan afzal qilgan. Alloh bizning savobimizni ularniki bilan barobar qilmagani zulm emas. Zulm bizning savobimizni kamaytirib, ranjitganida bo‘lar edi. Ammo bizning haqimizni kamaytirmay bersa, zulm bo‘lmaydi. Payg‘ambarlar bu dunyoda boshqalardan ortiq fazilatga egadirlar. Zero, ular xalq yo‘lboshchilari va Allohning ishonchli bandalaridir. Allohga ibodatda, Undan qo‘rqishda, mashaqqat va og‘irliklarga chidash va dosh berishda hech kim ularga teng kela olmaydi. Yana Allohning izni bilan odamlar payg‘ambarlar tufayli fazilatga erishganlar. Payg‘ambarlarga, ularning duolari sharofati bilan Jannatga kiradigan bandalarning savoblari bilan teng savob ham bo‘ladi.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:59:24

Shogird:
- Alloh sizni Jannat bilan siylasin, ustoz. Haqni bayon etdingiz. Alloh shirkdan boshqa yana qanday gunohlar uchun bandalarni azoblashini bilasizmi? Yo gunohlarning hammasi mag‘firat qilinadi deb o‘ylaysizmi? Yo ularning ba’zilari mag‘firat qilinadi deb o‘ylasangiz, ayting-chi, ular qaysilari?

Ustoz:
- Men Allohning bandani shirkdan boshqa gunoh uchun azoblashini bilmayman. Axli qiblalar gunohkorlardan birortasini Alloh shirqdan boshqa gunohi uchun azoblashiga guvohlik bera olmaydi. Aniq bilamanki, shirkdan bo‘lak ba’zi gunoxlar mag‘firat qilinadi. Ularnida bilmayman. Chunki Allohning: «Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangizlar, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz...» (Niso, 31, mazmuni) oyatiga ko‘ra, kechiriladigan va kechirilmaydigan hamma gunohi kabiralar va kichik gunohlarni bilmayman. Alloh shirkdan boshqa barcha gunohlarni mag‘firat qilsa, ajab emas. Zero, Alloh: «Albatta, Alloh O’ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunoxlar)ni O’zi xohlagan bandalaridan kechirur...» (Niso, 48, mazmuni). Ammo men Allohning qaysi bandani mag‘firat qilishni istashini va qaysi bandani mag‘firat qilmasligini ham bilmayman.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 09:59:57


Shogird:
- Ayting-chi ustoz, shoyad qotilni Alloh mag‘firat qiladi va begonaga bir qaraganni azoblaydi deya olasizmi? Sizning nazaringizda afv umid qilishda ular ikkalasi ham bir xil darajada emasmi?

Ustoz:
- Agar Alloh qotilni mag‘firat qiladigan bo‘lsa, begonaga bir qaragan odam mag‘firat qilinishga haqliroqdir. Agarda begonaga bir qaraganga azob bersa, qotil undan ko‘ra ko‘proq azoblanishga loyiqdir. Chunki Alloh: «Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir...» (Hujurot, 13, mazmuni), degan. Begonaga bir qaragan kishi, odam o‘ldirmagan bo‘lsa, u qotilga nisbatan taqvodorroqdir. Endi sen aytganingdek, ularning umidvor bo‘lish masalasiga kelsak, mening nazarimda ikkalasi teng emaslar. Menimcha, gunohi sag‘ira qilgan gunohi kabira qilgandan ko‘ra umidvorroq. Lekin men ikkalasining ham oxiridan qo‘rqaman. Ammo men uchun gunohi kabira qilganning oqibati gunohi sag‘ira qilganning oxiridan xatarliroq. Bunga qiyos keltiray. Ikki kishidan biri dengizga va ikkinchisi kichik daryoga tushdi. Men ularning ikkalasi ham suvga g‘arq bo‘lib ketishlaridan qo‘rqaman va ikkalasining ham najot topishlariga umid qilaman. Ammo shunga qaramay, men kichik daryoga tushgan kishiga nisbatan, dengizga tushgan kimsaning g‘arq bo‘lishidan ko‘proq qo‘rqaman va dengizga tushgan kimsaga ko‘ra kichik daryoga tushgan kimsaning najot topishiga ko‘proq umidvor bo‘laman. Xuddi shunga o‘xshash, men gunohi kabira qilgan odamning taqdiridan ko‘proq qo‘rqaman. Garchi men ikkala gunohkorning mag‘firat qilinishidan umidvor bo‘lsam ham, va ularning amallariga qarab oqibatidan qo‘rqsam ham, gunohi kabira qilganning oqibati gunohi sag‘ira qilganning oqibatidan qo‘rqinchliroq, gunohi sag‘ira qilganning oqibati gunohi kabira qilganning oqibatidan umidliroqdir.

Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:00:21

Shogird:
- Qiyosni juda yaxshi qildingiz, ustoz. Ayting-chi, gunohi kabira sodir qilgan kishining gunohi kechirilishini so‘rash yaxshimi yoki uni la’natlab, duoibad qilgan yaxshimi? Siz qaysi birini ixtiyor etgan bo‘lardingiz, uni la’natlagan bo‘larmidingiz yoki unga istig‘for aytarmidingiz? Bularning barini menga tushuntirib bering!

Ustoz:
- Allohga shirk keltirishdan boshqa hamma gunohlar ikki toifaga bo‘linadi. Bu ikki toifadagi gunohdardan qaysi birini qilgan bandaning gunohi kechirilishini so‘rab, uning haqqiga duoi xayr qilish afzaldir. Agarda uni la’natlasang, gunohkor bo‘lib qolmaysan. Masalan, bir odam senga nisbatan ayb ish qilib qo‘ysa, sen uning gunohidan kechib, uni la’natlamaganing albatta yaxshiroqdir.
Shuningdek, bir odam Allohga gunoh ish qilib qo‘ydi, ammo Unga shirk keltirmadi, unday odamga rahmdillik qilib, kalimai shahodatning hurmatidan unga mag‘firat tilashing afzalroqdir. Agarchi, sen uning haqqiga duoibad qilib, ey Rabbim, uni gunohi uchun jazolagin deb iltijo qilsang, gunohkor bo‘lib qolmaysan. Ammo u gunohkor bo‘lmasa ham, ey Rabbim, uni jazolagin, desang, gunohkor bo‘lib qolasan. Gunohkorga istig‘for aytishingda ikki xislat bor. Biri shuki, u odam mo‘min banda, ikkinchisi, sen gunohkor bandani Alloh azoblashini aniq bilmaysan. Agarda Alloh unga azob berishini aniq bilsang, u holda unga istig‘for aytishing haromdir. Chunki Alloh azoblanishga mahkum etilgan gunohkorga istig‘for aytishni man’ qilgan. Alloh azoblayman deganga mag‘firat so‘rash Allohning so‘zini bajarmasligini tilash: ey Alloh, meni bir o‘zimni o‘ldirmagin, deyish kabidir. Chunki Alloh: «Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir...» (Oli-Imron, 185, mazmuni) deb marhamat qilgan.
Kalimai shahodat sharofati va hurmati yuzasidan kalimai shahodat keltirgan va unga iqror bo‘lgan bandalar uchun istig‘for aytish afzaldur. Allohga ibodatlar qilganida kalimai shahodatga iqrorlikdan ko‘ra ortig‘i yo‘qdir. Yeru osmon va ular bag‘ridagi narsalar oddida tuxum qanchalik kichik bo‘lsa, barcha farz amallar kalimai shahodat oldida tuxumdan ham kichikroqdir.
Allohga shirk keltirish qanchalik katta gunoh bo‘lsa, kalimai shahodat keltirish shunchalik katta savobdir. Alloh taolo biror yomon amal gunohini shirkning gunohini katta qilgandek katta etmagan: «...Allohga shirk keltirmagin! Chunki, shirk ulkan zulmdir» (Luqmon, 13, mazmuni) «Allohga chin ixlos qilib, Unga shirk keltirmagan holingizda (mazkur ishlarni bajaring). Kimki Allohga shirk keltirsa, bas, u go‘yo osmondan qulagan va uni qushlar (o‘lja qilib) olib ketgan yoki uni (qattiq) shamol yiroq joylarga uchirib ketgandekdir» (Haj, 31, mazmuni); «(Mushriklar): «Rahmon farzand tutdi», -- dedilar. (Ey, mushriklar,) sizlar shunday og‘ir gap aytingizki, uning (og‘irligidan) osmonlar yorilib, Yer bo‘linib, tog‘lar qulab, parchalanib ketayozur» (Maryam, 88—91, mazmuni).
Alloh qotillik va undan kichik gunoxlar xususida buncha qattiq aytmagan.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:00:55

Shogird:
- Borgan sari, ey ustoz, suhbatingizga ishtiyoqim ziyoda bo‘layotir. Alloh sizni barcha mo‘minlar nomidan siylasin! Ularning yaxshilari va gunohkorlari to‘g‘risidagi so‘zingiz, fikringiz va munosabatingiz, fazilatlarini bilishingiz, ularga mehribonligingiz juda go‘zaldir. Ayting-chi, ustoz, ahyai qiblalar haqidagi fikru mulohazalarida adolat ahlining ba’zilari ba’zilardan afzalmi?

Ustoz:
- Adolat ahllarining ummat hurmatini ulug‘lashda so‘zlari birdir. Biroq, ilmda, Allohning amrlarini ulug‘lashdagi asosda, Unga duoyu iltijo qilishda, qiyinchiliklarni ko‘tarishda, mo‘minlarni fasod ishlardan himoya etishda, ularning hurmatini ulug‘lash yo‘lini izlashda va himoya etishda, adolat axllarining bir-biridan ortiq ekanliklari namoyon bo‘ladi. Ular go‘yo yurt boshiga dushman bostirib kelgan vaqtda bir bo‘lib xalqni himoya qilishga otlangan askarlarga o‘xshaydilar. Askarlar ham bir-biridan jang qilish va dushmanni qirish mahoratida, yovni yengish uchun hiyla ishlatishda, molu davlatlarini fido qilishda, yovga qarshi targ‘ibu tashviqot ishlarida farq qiladilar.


Qayd etilgan


mutaallimah  04 Oktyabr 2007, 10:01:14


Shogird:
— Qasam ichamanki, ustoz, bu kabi qiyoslashni shu kunga qadar eshitgan emasman. Ayting-chi, gunohi kabira qilgan mo‘min Allohning dushmani bo‘ladimi?

Ustoz:
- Mo‘min odam Allohga shirk keltirmasa, har qancha gunoh qilsa ham, Unga dushman bo‘lmaydi. Dushman esa o‘z dushmanidan nafratlanadi va uni kamsitadi. Mo‘min odam, biror gunohi kabira qilsa-da, Alloh unga barcha narsalardan aziz va sevimli zot bo‘lib qolaveradi. Agar bunday odamga o‘zini yoqib yuborish yoki Allohga yuraqdan tuhmat qilishdan birini tanlash ixtiyori berilsa, albatta, u o‘zini o‘tda yoqib yuborishni Allohga tuhmat qilishdan yaxshi ko‘radi.

Qayd etilgan