Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155217 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:49:40

— Azizam, boshingga og‘ir kulfat tushdi, marhum otangning vafoti eng og‘ir musibat. U kishi bilan oramizdagi do‘stlikni o‘zing yaxshi bilarding. Shu do‘stlik tufayli o‘zidan keyin senga rahnamolik qilishni menga topshirib ketdi. Buni otang sening qadringga yetishimni yaxshi bilganlari uchun qildilar, albatta. Buni o‘zi hayotlik chog‘idayoq senga ma’lum qilgan bo‘lsa kerak? Sening donoliging va ziyrakligingga avvaldan qoyil qolganman. Buni senga otang gapirgan bo‘lsalar ham kerak.
    Afshin gapni bu tomonga burib ketayotganidan Jahon hayratda qolgan bo‘lsa ham, unga murosasozlik qildi:
— Ha, sizning do‘stligingizni, ulug‘ martaba egasi ekaningizni dadamdan ko‘p marta eshitganman. U kishi «Afshin Ushrusanada dongdor podshoh, na Farg‘onada va na Ushrusanada uning nomini, ishlarini bilmagan birorta kishi topilmaydi», derdilar.
    O‘zini bu qadar ko‘klarga ko‘targani uchun Afshin Jahonga minnatdorchilik bildirdi. So‘ng ko‘pdan buyon sir saqlab kelgan shum niyati tomon yana bir odim tashlashga jur’at etdi:
— Meni maqtashingni eshitayin deb, bu savolni berganim yo‘q. Savolimning o‘ziga javob berishingni istardim. Men uchun qanchalar qadrli ekaningni otangdan eshitmaganmisan?

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:50:15

    Uning ko‘nglidagi gapni, nima demoqchi bo‘layotganini Jahon payqamay qolmadi, lekin bilmagan bo‘lib:
— Unday gapni eshitganim esimda yo‘q. Meni o‘z farzandlaringiz qatorida va otamni esa akangizdek bilib, bizga yaxshilik qilyapsiz degan fikrdaman. Bu olijanobligingiz uchun sizga katta tashakkur. Arvoh xotirasini qilib, dadamning ruhini shod etayotganingiz uchun sizdan minnatdorman. Sizdan yana bir iltimosim bor, shuni ham bajo keltirsangiz, bizni juda mamnun etgan bo‘lardingiz, — dedi Jahon.
— Xo‘sh, nima ekan u iltimos?
— Mening donoligim va aqlimga o‘zingiz tahsin aytayotibsiz. Haqiqatan shunday bo‘lsam, menga vasiy bo‘lishingizning nima hojati bor edi?
— Senga vasiy bo‘lishim donoliging va aqlingga futur yetkazmaydi, — dedi Afshin ayyorona iljayib.
— Siz podshoh va bosh qo‘mondonsiz, sizning ulug‘ martabangiz va ishlaringizning ko‘pligi menga o‘xshaganlarga vaqt sarflashga imkon bermasa kerak. Bundan tashqari, siz Iroqda, men esa Farg‘onada istiqomat qilaman. Vasiylikdek og‘ir yukni zimmangizdan soqit qila qolsangiz, yaxshi ish qilgan bo‘lardingiz.
— Yo‘q, yo‘q. Men otangning vasiyatiga hech qachon xiyonat qilolmayman. Sening xizmating bo‘lgani uchun har qanday og‘irlik ham menga bilinmaydi. Xizmatingda bo‘larmikinman, deb ko‘pdan beri orzu qilib yurardim. Ammo Iroq bilan Farg‘ona orasining olisligi masalasiga kelganda bu hech gap emas: yo sen Iroqqa ko‘chib borasan, yoki men Farg‘onaga ko‘chib kelaman. Har holda ikkimiz bir yerda bo‘lishimiz kerak.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:50:53

Jahon uning maqsadini aniq bilib olgan bo‘lsa ham, hech narsaga aqli yetmagandek:
— Mavlono, menimcha, bunchalik bog‘lanishga zarurat bo‘lmasa kerak, — dedi.
— Meni mavlono deb atamagin, — dedi Afshin unga mehribonlik qilgandek.
— Xo‘p, bo‘lmasa, ota yoki amaki, menga bunchalik bog‘lanishning hojati yo‘q.
Afshin qoshlarini chimirib, tirjaydi va kursini Jahonning kursisiga yaqinroq surdi:
— Amaki deb chaqirishing mavlono deganingdan ham og‘irroq, nega men bilan betakalluf, bemalol gapirishavermaysan? — U cho‘ntagidan juda qimmatbaho gavhardan ishlangan marjon olib Jahonga uzatdi. Gavhar uning qo‘lida yaltirab turardi. «Men seni azizam desamu, sen meni amaki deb chaqirsang durustmi?» — dedi.
    Jahon avval yuzini teskari burdi, keyin unga bir ko‘z olaytirib qaradi-da, kursisini nariroqqa surib oldi va qo‘lini orqasiga qilib:
— Yo‘q, sayidim, menga gavharning keragi yo‘q, men azador odamman, qolaversa, bunday so‘zlarga toqatim yo‘q, — dedi.
    Jahonning bunday nafratlanishidan ajablangan Afshin: «Otang vasiy qilib tayinlagan odam bilan shunday muomala qilasanmi? Men begona odamman deb faraz qilaylik, lekin loaqal otang vasiyatini hurmat qilishing kerakmasmi?» — dedi.
Jahon bosiq ohangda, ovozini bir parda baland ko‘tarib, kinoyaomuz dedi:
— Ey podshoh, ey qo‘mondon, o‘sha vasiyatni oldin o‘zingiz hurmat qilmog‘ingiz lozim emasmidi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:51:41

    Afshin «jiloving mening qo‘limda» degandek: «Otangning vasiyati faqat shu qog‘ozdagining o‘zi deb o‘ylaysanmi? U kishi menga og‘zaki ham vasiyat qilganlar, buni albatta bajarishim kerak», — dedi.
Jahon ko‘zlari chaqnab, lablari titrab, Afshinni ezib tashlaguday bo‘ldi:
— Otam hayot bo‘lganlarida siz bu gaplarni aytishga sira ham jur’at qilmagan bo‘lardingiz.
    Afshin achchiq istehzo qilib, shunday o‘qraydiki, Jahon undan cho‘chib ketdi. Afshinning jahli chiqdi, og‘zini ko‘pirtirib o‘shqirdi:
— Yaxshi, otang hech narsa demagan bo‘lsin, lekin mening gapim senga kifoya emasmi? Men seni ziyrak, dono qiz deb o‘ylab xato qilgan ekanman. Ushrusana podshosi seni o‘ziga yaqin olib, do‘stlarcha gapirsa-yu, sen unga qo‘pollik bilan muomala qilsang yarashadimi?
Jahon ham bo‘sh kelmadi, g‘azab bilan unga bir o‘qraydi:
— Bas, shu yerda to‘xtang, ko‘p haddingizdan oshmang, o‘zingizni hadeb maqtayvermang. Sizning podshohligingiz o‘zingizga, men uchun uning bir chaqalik qiymati yo‘q.
— Sen maqsadimga tushunmaganga o‘xshaysan, hali ham tushunmadingmi? Jahon, men seni sevaman, qattiq sevaman,— dedi-yu, qizargan ko‘zlari battarroq chaqnab ketdi.
Uning shu gapini eshitgan Jahon sherdan hurkkan ohudek sakrab tushdi:
— Men sizga ishorat bilan «to‘xtang, ko‘p haddan oshmang» degan edim, quloq solmadingiz.   Juda haddan oshib ketdingiz! Endi shuni bilib qo‘yingki, menga bunaqa bema’ni gaplar aytishingizga yo‘l qo‘ymayman. Bu — sharmandalik. Soch-soqolingiz oqarib ketibdi-yu, bolalaringizdan ham kichikroq bir qizga «o‘ldim-kuydim» deyishga uyalmaysizmi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:53:02

Afshin qizarib, bir xo‘rsindi-da, tavoze qilishga, yalinishga o‘tdi:
— Ey Jahon! Muhabbat faqat yosh yigitlarda bo‘ladi, deysanmi? Menimcha, muhabbat keksalar uchun ko‘proq zarur, ular muhabbatning qadriga ko‘proq yetishadi. Kishilar xato o‘ylashadi: muhabbat yoshga qaramaydi.
    Keyin u yaxshilab o‘rnashib o‘tirib oldi-da, ko‘kragiga ishorat qilib: «Bu yurakda muhabbatning shunday zo‘r alangasi borki, hech qanday yigit ko‘kragi unga bardosh bera olmaydi. Men yigit bo‘lganman, hozir keksaydim. Sening ma’budang bilan ont ichib aytamanki, mening hozirgi muhabbatim avvalgidan ko‘ra zo‘rroq va mustahkamroq. Mana, ishonmasang ko‘r, ulug‘ podshoh, dovyurak qo‘mondon bo‘la turib ishqingda yolboryapman, o‘zimni oyoqlaring ostiga tashlayapman», — dedi-da, qizning oyog‘iga yiqilib, gapida davom etdi:
— Agar menga xo‘p desang, baxt-saodating yo‘lida jon fido etuvchi oshiqi beqaroring bo‘laman, o‘zing esa Ikki Iroq*, Fors, Xuroson, Ushrusana va Farg‘onada aytganing aytgan, deganing degan malika bo‘lasan. Yo‘q desang, o‘jarligingni qo‘ymasang...
    Jahon «odam bo‘lmay o‘l» degandek aftiga tikilib turdi-da, uning gapini bo‘lib, keskin gapirdi: «Turing, ey Haydar, turing, Kovusning o‘g‘li, turing, ey Ushrusana podshosi, o‘pkangizni bosib oling, gapingizni o‘ylab gapiring! Qilgan bu noma’qulchiligingizni men kechiraman, boshqalarga yoyib yurmayman. Meni odamlar: «Afshindan ko‘ra aqlliroq ekan, o‘zini tuta bilarkan», deb yursa, siz uchun yaxshi bo‘lmaydi».

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:53:39

Jahonning bu gaplari Afshinning yuragiga o‘qdek qadaldi. U tishlarini g‘ijirlatib, o‘rnidan turdi:
— Sen o‘z o‘jarliging bilan meni tiriklay o‘ldirding. Meni aytganini qila olmaydi deb o‘ylama. Hali ham kech emas. «Sen uchun baxt-saodat eshigini lang ochib beraman», degan taklifimni yaxshilab o‘ylab ko‘r, nodon kishilar ishini qilma. Shuni yaxshi bilki, sening o‘zing ham, butun mol-mulking ham mening qo‘limda. Agar so‘zimga unasang, aytganimni qilsang, o‘zim ham, hamma topgan-tutganlarim ham seniki.
    Jahonning jahli chiqib, butun vujudi o‘t bo‘lib yondi. Afshinni battarroq koyimoqchi bo‘ldi-yu, lekin o‘ylab qoldi: har qalay u podshoh, qo‘lida askar-anjomlari bor, xususan u otasi belgilab ketgan vasiy. Unga bas kelolmasligini, agar u yomonlikka ko‘chsa, na hokim va na amir o‘zining tomoni bo‘la olmasligini tushundi. Buning dastidan faqat xalifalik poytaxti Bag‘dodda xalifaga shikoyat qilish va shu yo‘l bilangina qutulish mumkin. Faqat xalifagina Jahonning shikoyatiga quloq solib, Afshinning tanobini tortib qo‘yishi mumkin edi.
    Jahon endi boshqa bir tadbir ko‘rish lozim ekanligini o‘yladi. Zo‘r irodasi bilan o‘zini mahkam tutib, yumshoq ohangda dedi: «Siz gapirgan gaplaringizni o‘ylab ko‘rishimga fursat bering. Mening aytganlarimni siz ham o‘ylab ko‘rishingizga vaqt beraman. Ikkimiz ham obdan o‘ylashib ko‘rib, keyin bir bitimga kelamiz. Sizning bu gaplaringizni sir tutishga, boshqalarga oshkor qilmaslikka tirishaman. Ha, Afshin hokimning do‘sti va vasiyi bo‘la turib, qizning sha’niga shunday gaplarni aytibdimi?» — deydigan kishilar malomatidan sizni saqlashim kerak. Mening shu taklifimni qabul qilasizmi, yo‘qmi? Qabul qilmaydigan bo‘lsangiz, u vaqtda beodoblik va sharmsizlikni mendan ko‘rasiz. Bu ojiz qizning qo‘lidan nima kelardi deb o‘ylamang, janob!»

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:54:38

    Qizning zo‘r jasorat egasi ekaniga yana bir marta ishonch hosil qilgan Afshin uning yuziga qarashga ham yuragi dov bermadi. G‘azabdan Jahonning ko‘zlari yana ham qattiqroq chaqnab ketdi. Jahonning gaplari Afshinning miyasiga yashin tushgandek ta’sir qildi:
— Sen ojiz qiz emassan, men ham aqldan toygan kishilardan emasman. Lekin sen boshqalarga o‘xshab muhabbat faqat yoshlarga yarashadi, deb o‘ylaysan. Men esa keksalar ishq yo‘lida yoshlardan ham sobitroq ekanini senga amalda ko‘rsatib beraman. Men sevgilisi yo‘lida hamma bor-yo‘g‘ini, hatto hayotini ham qurbon qilib yuboradigan kishiman. Qani, qaysi yigit shunday qila oladi? Ular yengil tabiatlilik tufayli, ko‘ziga qon to‘lganlik tufayli muhabbat qo‘yadilar. Yoshlar muhabbatda barqaror turolmaydi, o‘z mahbubasiga keragicha vafo qilolmaydi. Endi sen gaplarimni o‘ylab ko‘rish uchun muhlat so‘rayapsan. Xo‘p, muhlat beraman, ehtimol, shu asnoda aql-hushingni yig‘ishtirib olarsan. Birodarim — otangning ta’ziyasi ham hali tugagani yo‘q, unga qadar mening umidim yuzaga chiqib qolar. Mening xayrixohligimni ochiq bilganingdan keyin gaplarim xususida asta-sekin fikr yuritib ko‘rarsan, albatta.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:55:12

    Afshinning balandparvoz orzusi haqidagi uzundan-uzoq gaplarini eshitib bo‘lib, Jahon bosiq, lekin qat’iy ohangda dedi:
— Mening ishonchli vasiyim sifatida quloq berishingiz kerak bo‘lgan bitta gapim bor: vasiylik vazifangizni ado qilish uchun saroy va saroy ahllari ishini tartibga solish ustida hech bosh qotirib ko‘rdingizmi?
— Ha, hamma ishlarni o‘rinlatib qo‘ydim, dehqonlar dalada ishlashyapti, saroy boshlig‘i saroy ishlarini bajarib turibdi. O‘zim esa sening mol-mulkingni o‘zingdan ko‘ra ham yaxshiroq tejab-tergab, muhofaza qilib turibman,— dedi Afshin. Keyin hamon qo‘lida turgan bezagini ko‘z-ko‘z qilib, — Buni olmading-a, ola qol, — dedi.
Jahon achchig‘i kelib undan betini o‘girdi:
— Bugungi uchrashuvimizni eslatadigan hech bir narsani qabul qilgim yo‘q, ilojini topsam, xonadagi shu holatimizning shohidi bo‘layotgan yoki shu so‘zlarni eshitayotgan hamma narsani bu yerdan chiqarib tashlar, yo‘qotib yuborar edim. Otamdan qolgan meros ustida bosh qotirayotganingiz, ularni tejab-tergab turganingiz uchun sizga tashakkur aytishga ruxsat etsangiz. Otamning do‘stlari va oilalarini ishonib ketgan kishilari bo‘lmish Afshindan men shuni kutgan edim, albatta. Endi akam Somonni nima uchun merosdan mahrum qilganlaringizni bilsam bo‘ladimi?
    Hech narsani nazar-pisand qilmay, o‘zini ustun tutib shartta-shartta gapirayotgan Jahon oldida dovdirab qolganiga qaramay, Afshin nafasini ichiga yutib: «Sen menga go‘yo vazifasini uddalay olmayotgan kishidek tergov qilyapsan. Menga Somonning merosdan mahrum qilinishini sir saqlash vazifasi yuklangan. Agar ma’shuqa o‘z oshig‘iga savol bergandek qilib so‘rasang, hamma narsani aytib berishga tayyorman», — dedi.
— Vasiyatga amal qilavering, muhabbat, oshiq-ma’shuq degan gaplarni yig‘ishtiring! — kesatdi Jahon.
Afshinni ter bosib, hang-mang bo‘lib qoldi. Boshqa biror so‘z aytishga yuragi dov bermadi. U «ketishim kerak», deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qizni sira ham rozi qila olmasligiga aqli yetib, mag‘lublarcha xonadan chiqib ketdi. «Afshin Jahondan mag‘lub bo‘libdi» degan malomatdan cho‘chidi-da, eshik oldiga borganda: «Xo‘p, mayli, sen bilan keyin gaplashaman», — deb qo‘ydi.

_________________
* Ikki Iroq deb Ajam (Fors) Iroqi va Arab Iroqini aytishadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:58:27

     XALIFA MU’TASIM VA SURRA MAN RAO SHAHRI

     Xonadan chiqib ketayotgan Afshinning orqasidan Jahon tik turganicha qarab turdi. Keyin u devordagi pardaga tikilgan suratga ko‘z tashladi-da, chuqur xo‘rsindi. Og‘ir mehnatni bajargan kishidek bo‘g‘in-bo‘g‘ini bo‘shashib ketdi, o‘zini kursiga tashladi. Tevarak-atrofiga qarab o‘z-o‘zicha: «Ey Jahon, ey Farg‘ona malagi! Boshingga ne kulfatlar tushdi-ya? Otang vafot etdilar. Uning ustiga sevgilingning Iroqqa jo‘nab ketishi-chi? Xayr, mayli, Zirg‘om bu nodon cholning, behayo podshoh va mutakabbir qo‘mondon Afshinning yaramas niyatlarini bilmay ketgani yaxshi bo‘ldi. U battol chol surayyo yulduziday Jahonga xomtama bo‘lib yuribdi-ya. Men unga «ko‘nglim Zirg‘omda, sen laqillab yurma», deb nega aytib qo‘ya qolmadim? Yo‘q, agar aytganimda u bechorani ham tashvishga solib qo‘ygan bo‘lardim, albatta. Oh, sevgilim Zirg‘om, qaerdasan? — dedi-da, uning uzoq yurtlarga ketib qolganini eslab, to‘satdan yig‘lay boshladi. Yig‘layotganimni birov eshitib qolmasin deb ovozini pasaytirib, ko‘z yoshlarini daryo qilib oqizdi. U o‘zini unutib, alamini yig‘idan olar, o‘ksinib-o‘ksinib yig‘lardi. Shu holatda ekan, tapillab o‘zi tomonga kelayotgan oyoq tovushini eshitib qoldi. O‘zini yig‘ishtirib oldi. Qarasa oqsochi — Hayzuron qo‘rqib ketgan, yugurganicha ikki qo‘lini ochib, quchib olgudek bo‘lib kirib kelyapti. Ojizlik qilganidan xijolat tortgan Jahon uning quchog‘iga o‘zini tashladi. Hayzuron gap boshladi:
— Ha, qizim, sayidam, senga nima bo‘ldi, biron yering og‘riyaptimi?
— Onajon, — dedi Jahon ko‘z yoshini artib, — nega yig‘lashimdan ajablanasiz. Kuni kecha mehribon otamdan judo bo‘lgan bo‘lsam. U kishidan ayrilib qolishimdan ham og‘ir musibat bormi? — Hayzuron Jahon bilan Afshin o‘rtasidagi mojaroni garchi eshitmagan bo‘lsa ham, Afshin chiqib ketayotgandagi vajohatini ko‘rib, ancha-muncha narsani fahmlagan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 23:03:09

— Qizim, to‘g‘ri aytasan, janob hokimning vafotlari chindan ham og‘ir musibat bo‘ldi. Ayniqsa o‘zlaridan keyin Afshinday kishining vasiy bo‘lib qolishi musibat ustiga musibat bo‘ldi, — U Jahonni quchoqlab o‘pdi va:
— Qizim, nima uchun yig‘layotganingni bilaman, xafa bo‘lma, men sening uchun jonimni qurbon qilaman. Faqat men emas, butun saroy ahli, farg‘onaliklarning hammasi sen uchun o‘zlarini fido qilishadi, — dedi.
    Jahon Hayzuronning quchog‘idan sekin o‘zini oldi-yu, «qani, o‘tiring» deganday imo qilib yonidan joy ko‘rsatdi. Hayzuron suq bilan Jahonga tikilganicha u ko‘rsatgan yerga o‘tirdi. Jahonning yuzidagi umidsizlik, xafalik alomatlari o‘rnini jiddiylik alomatlari egalladi. Lekin u hamon jim o‘tirar, nimanidir o‘ylayotgani ko‘zlari va manglayidan ko‘rinib turardi. Uning sukuti uzoqqa cho‘zildi. Hayzuron esa qulog‘ini ding qilib «sayidam nima der ekan», deb kutib turardi. Axiyri Jahon shartta o‘rnidan turdi-da, Hayzuronga jiddiy boqib:
— Hozirdan boshlab menga bu yurt harom, — dedi.
Undan bunday gapni eshitgan Hayzuron o‘takasi yorilguday bo‘lib, sakrab o‘rnidan turdi.
— Nima deyapsan, qizim?
— Bu saroyni hozir tashlab chiqib ketishim kerak.
— Qaerga? Hamma mol-mulking shu yerda bo‘lsa, o‘sgan-ungan yurtingdan qaerga ketmoqchisan, ularni kimga tashlab ketasan? — qo‘rqa-pisa so‘radi oqsoch.

Qayd etilgan