Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155204 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:46:51

    Saroydagilar uncha-muncha hayiqadi, bo‘lmasa, uni otangga yetkazishgan bo‘lardi. Ochig‘ini aytsam, bunday qilishlariga men ruxsat etmadim.
    Jahon otining yolini tuzatib turib, birdan:
— Akam Somon-chi, u ham bu sirdan voqifmi? — dedi.
Hayzuron Somonning nomi tilga olinishidan achchig‘landi:
— Quruq qolarmidi o‘sha. U hamma narsadan xabardor. Oyoq olishini men allaqachon senga aytgan edim-ku.
    Hayzuron Jahonning akasiga ko‘ngil bo‘shlik qilayotgani uchun koyimoqchi bo‘lib turuvdi, buni sezgan Jahon uning gapini bo‘ldi:
— Akam Somonning nojo‘ya xatti-harakatlarini sezib yuraman, lekin nima qilay: yakka-yu yagona akam. Unga ayb qo‘yishga yuragim chopmaydi. Akamning ba’zi qiliqlari yoqmasa ham, menga ancha mehri borligini sezib yuraman. Lekin shunda ham har xil sirlarga aralashib yurishi menga ma’qul emas. U menga sir sandiqqa o‘xshab ko‘rinadi. Ko‘pincha u kun bo‘yi allaqaerlarda daydib yuradi. Butun Farg‘onani izlasang ham uni topib bo‘lmaydi. Kelganidan keyin «qaerda eding» deb so‘rasak aytmaydi, yoki mujmal bir javob qilib ketaveradi. Ba’zi mish-mishlarga qaraganda, u shahardagi otashxona boshlig‘i bilan ko‘pincha xufiya suhbat qilarmish. Uning ichidan pishgan va hiylakorligi sir emas.
— Fikrimcha, bu otashxona boshlig‘ining Bobak* Xurramiy boshliq maxfiy jamiyat kishilari bilan tili bir bo‘lsa kerak. Bobak shu qadar kuchga egaki, musulmonlar xalifasi undan qo‘rqib qoldi. Akang Somon shu jamiyat a’zosi bo‘lsa ham ajab emas. Mayli, hechqisi yo‘q, xurramiylar hokimiyatni forslarga olib berish va musulmonlarga qarshi jang qilish tadbirlarini ko‘rishmoqda, — dedi Hayzuron.
— Akam Somonni benuqson demayman, lekin nima qilayki, akam-da. Keling, qo‘ying, o‘sha haqda gaplashmaylik.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:48:14

    Bu qiz o‘z akasining shunchalik bema’niligini, niyati buzuqligini sezgani holda yana undan yaxshilik kutib yurishidan ajablangan Hayzuron ko‘zlarini yerga tikkancha bir oz xayolga cho‘mdi, keyin bu bahsni to‘xtatib, avvalgi hangomani davom ettira boshladi:
— Xo‘sh, xayolingni parishon qilgan, ko‘nglingni band etgan gapni hali ham aytib bermaysanmi?
Murabbiyasi oldida o‘zini ojiz sezgani Jahonga qattiq ta’sir qildi. Uning nafsoniyati g‘olib keldi:
— Oyijon, meni ojiza degan fikringizdan qayting, shunday deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Parishonligim sababini bilsangiz, qani o‘zingiz aytib bering-chi.
Hayzuron gapni qisqa qilib qo‘ya qoldi:
— Parishonligingga sabab — Zirg‘om.
    Zirg‘om nomini eshitgan zamon Jahonning yuragi qinidan chiqayozdi, yuzlariga qon yugurdi, ko‘zlari chaqnadi. Buni ko‘rgan Hayzuron: «Qizginam, endi bo‘yningga ola qol, Zirg‘omni sevishingni ko‘zlaring aytib turibdi», — dedi.
    Zirg‘omni sevishimga Hayzuron qanday qararkin. Ma’qullarmikan-yo‘qmikin, deb Jahon uning ra’yini bilmoqchi bo‘lib, indamay turardi.
    Hayzuron o‘z fikrini bayon qildi:
— Zirg‘om o‘ktam yigit, shijoatli, botir yigit. Farg‘ona va Fors mamlakatlarida benazir yigit.
— Xo‘p, uning botir va o‘ktam yigitligini bilar ekansiz, uning to‘g‘risida yana nimalar bilasiz? — so‘radi Jahon.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:48:55

    Hayzuron dilidagi gapni aytmoqchi bo‘ldi-yu, lekin Jahonni o‘ylab, bir lahza jim qoldi. Oldingi gaplardan ancha dadillangan Jahon sekingina qayta so‘radi:
— Oyi, hech narsani andisha qilmay, fikringizni ochiq aytavering.
— Zirg‘omning nasl-nasabini hisobga olinmaganda, undan munosib yigit yo‘q. Uning nasl-nasabini, otasi kimligini Farg‘onada hech kim, hatto uning o‘zi ham bilmaydi.
    Jahon kamonini o‘ynagancha Hayzuronga qaradi:
— Zirg‘om to‘g‘risida odamlar nima deyishadi?
— Zirg‘om shijoatda, saxovat, husnda, olihimmatlik va sipolikda sara yigit, deb maqtashadi-yu, lekin nasabiga kelganda biror gap aytolmay, bir-birlariga qarashadi, — so‘z boshladi Hayzuron, — onasi uni qo‘lda ko‘tarib Farg‘onaga kelgan vaqti mening yodimda. O‘shanda u kelishgangina juvon edi. Farg‘onaliklardan bir nechtasi unga sovchi bo‘ldi, kishi qo‘ydi, lekin u «yo‘q, er qilmayman, bolamni katta qilaman» deb unamadi, kambag‘al bo‘lishiga qaramay, bolasini yaxshi parvarish qildi. Keyin janobi hokim — sening otang undan xabar topib, o‘z huzurlariga chaqirtirdilar. Uning boshidan nimalar kechganini surishtirganlarida, avvaliga aytmadi-yu, keyin aytgan gaplari mana bunday bo‘ldi: «Men yosh qizcha ekanman, turklar sahroda onamning bag‘ridan tortib olib, Iroqqa keltirib sotishgan ekan. Keyin bir iroqlik qulfurush uyida tarbiyalanib, katta bo‘ldim. Taqdir ekan, oxiri borib o‘sha yerlik bir kishining qo‘liga tushdim. U meni qullikdan qutqardi-yu, o‘ziga xotin qilib oldi. Qornimdagi bola tug‘ilmasdan u kishi vafot  etdi. Bola tug‘ilgach, hamma narsadan voz kechib, bor-yo‘g‘imni shuning tarbiyasiga bag‘ishladim».

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:49:41

    Otang janobi hokim uning gaplaridan qanoatlanmadilar shekilli, sinab ko‘rish uchun «Saroy a’yonlaridan bittasiga seni uzatsam, nima deysan» deganlarida, u e’tiroz bildirdi. Shunda ham u kishining shubhalari tarqamadi. Keyin uni o‘z saroylari yoniga joylashtirib, butun ro‘zg‘or-tirikchiligini but qilib berdilar. U yaxshi chevar edi. Saroydagi boshqa xizmatkorlar qatori ishlab yurib, ko‘zi dardga chalindi. Shu kasal bahona bo‘lib, ko‘zdan ayrildi, ishga ham yaramay qoldi. Shundan keyin otangning uyida qolib ketdi. Bu yog‘ini o‘zing ham bilasan.
    Zirg‘om ulg‘aygach, ot minishni, kamon otishni o‘rgandi. Unda zo‘r qobiliyat paydo bo‘la boshladi. Shundan keyin otang — janobi hokim uni o‘zlariga sodiq mahram qilib oldilar. Uni juda yaxshi ko‘rar, iste’dodiga qoyil qolar edilar.
    Bir necha yil burun xalifa Mu’tasim bu tomonlardan turklar, farg‘onaliklar, ushrusanliklardan askarlikka odam so‘ragan vaqtda Zirg‘om ham ixtiyoriy ravishda yozilib, Bag‘dodga ketdi.
Sen yashirib yurgan oralaringizdagi muhabbatni o‘sha vaqtdayoq sezgan edim. Ammo uning qanday qilib sendan ko‘ngil uzib, Bag‘dodga ketganidan hayron edim. U bechora nasl-nasab va martabada oralaringizda osmon bilan yercha farq borligini o‘ylab, «Men qaerda-yu Jahonga erishish qaerda», deb umid uzgan bo‘lsa kerak-da.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:50:54

    Hayzuronning so‘zlariga diqqat bilan quloq solib o‘tirarkan, Jahon: «Odamning odamligi shunday paytlarda ma’lum bo‘lishini bilgani uchun u Mu’tasimning xizmatiga borishga bel bog‘lagan. Siz aytgandek, «Men qaerda-yu, Jahonga erishish qaerda» deb umidsizlangandir bechora. Ammo men uni o‘zimdan allaqancha afzal ko‘raman. Kishi yer-suvi, uy-joyi va mol-mulki bilan emas, balki fazilatiga qarab, el-yurt o‘rtasidagi obro‘siga qarab baholanadi. Siz o‘zingiz ham, boshqalar ham uning ajoyib xislatlarini maqtab gapirib yurasizlar-ku, axir. Uning askarlik xizmatida sharaf topishiga men aminman. Turli joylardan keltirilgan qullarni xalifa sotib olib tarbiyalagani va askarlikka olgani, keyinchalik ular o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, qo‘mondonlik vazifalarigacha ko‘tarilganini ko‘p eshitganmiz. Shunday ekan, Zirg‘omning fazlu fazilatlari ma’lum-ku! Uning qobiliyati o‘zingizga ham, menga ham ayon-ku!»— dedi.
    Jahon bu gaplarni qattiq ishonch bilan, tilini biyron qilib so‘zlarkan, yuragida muhabbat alangasi avj olayotganday bo‘lardi. Jahonning gaplarini eshitgan Hayzuron uning Zirg‘omga chindan ham ko‘ngil berganligiga yana ham qattiqroq ishonch hosil qildi. Jahonni bu ra’yidan qaytarishga so‘z topolmay, dedi:
— Zirg‘omning Mu’tasim askarlari orasida yuqori martabaga erishuviga hech bir shubha yo‘q, albatta. Lekin bosh qo‘mondonlikka erishgani bilan ham kishi Farg‘ona malagiga munosib bo‘la qolmaydi. Senga amirlar sovchi qo‘yib turishibdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:51:25

    Hayzuron Jahonning ko‘ngli uchun yoki uni maqtash uchun emas, balki bor gapni aytgan edi. Jahonni javob qaytarish niyatidan chalg‘itish uchun Hayzuron gapni ata¬yin boshqa yoqqa burib: «Qizim, men juda charchadim», — dedi-da, yon tomonga qaradi, har gal Jahon kelib, ov qilib ketdigan vodiylar yaqinidagi bir tepalikka ko‘zi tushdi. O‘sha tepalikka ishora qilib: «Shu yerga borib ozgina dam olsak, nima deysan? Keyin otga minish qochmas. Sen yoshsan, safar mashaqqatlari menga og‘irlik qiladi», — dedi. «Juda yaxshi bo‘ladi», — uning taklifini ma’qulladi Jahon. Har ikkovlari otdan tushib, tepa tomon yo‘l olishdi. Otboqar orqadan yetib kelib, ikkala otni bir chekkaga yetaklab, ustidagi namat yopqichni oldi-da, tepalikdagi yassi bir tosh ustiga to‘shab berdi. Jahon bilan Hayzuron uning ustiga o‘tirib olgach, otboqar otlarini o‘tlatgani ketdi. Ikki xizmatkorga qarab Jahon: «Vodiyga kirib, ovdan daarak olib chiqinglar», deb jo‘natib yubordi.

_______________
* Melodiy 826 yilga to‘g‘ri keladi.
* M a j u s i y l a r — otashparastlar. Islom dini kirib kelgunga qadar O‘rta Osiyo xalqlari majusiy dinida bo‘lganlar.
* M a r z b o n  yo k i  m a r z u b o n — katta yer egasi, u shahar hokimi hisoblanardi.
* B o b a k — Arablarga qarshi Ozarbayjondagi mashhur xurramiylar qo‘zg‘olonining yo‘lboshchisi, 837 yili o‘ldirilgan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:52:14

     ZIRG‘OMNING MAKTUBI

    Hayzuron Jahonga qaradi:
— Sayidam, gapimga nima deding?
— Meni shunchalik mubolag‘a bilan baland ko‘tarishingiz va sevib maqtashingiz bejiz emas, chunki men qizingizman. Har bir ona o‘z qizini maqtashga tushib ketganida, «uni talashib podshohlar bir-biri bilan jang qilishyapti», deyishdan ham toymaydi.
— Men, haqiqatni, rost gapni aytdim. Manaman degan Eron shohlari roziligingni kutishayotgani yolg‘on emas-ku axir?
Jahon yelkasini qisdi. Bu gaplarga ishongisi kelmasdi:
— Eron shohlari-ya? Tavba, hozir ularning podshohlari bor ekanmi?
Jahon o‘zining qanchalik yuqori martabali qiz ekanini tushunib olish payti yaqinlashayotganidan Hayzuron o‘zida yo‘q sevindi. Zotan, u bor gapni aytayotgan edi.
— Sayidam, yelkangni qisma, eronlarda shunday ulug‘ shohlar borki, ular bugun-erta Xusraviylar hokimiyatini qayta tiklaydigan bo‘lib turishibdi. Tabariston hokimi Moziyorni, Ardabil hokimi Bobak Xurramiyni bilmaysanmi? Ming-minglab qahramonlar bu shavkatli amirlarning farmoyishida. Lekin shunga qaramay, Farg‘ona malagiga tiz cho‘kib, uning bir karami uchun jon olib-jon berishmoqda.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:52:55

    Jahon, yechilib o‘tlab yurgan qashqa otiga nazar tashlarkan, Hayzuronning gapi yoqmagandek bosh silkidi-da:
— Oyi, shohlaringizni boshimga uramanmi, menga Zirg‘omdan bo‘lak hech kim kerak emas, Moziyorni, Bobakni ne qilay? Ardabil va Tabariston bilan bizning yurt orasida qancha kunlik masofa bor?
— Gapimga ishonmasang, Bobak Xurramiy kimligini, niyati nimaligini akang Somondan so‘ra, — dedi Hayzuron.
    Jahon o‘zini qo‘lga oldi-da:
— Akam shunaqa bir kishini hadeb maqtayotganini eshitgandim shekilli, lekin o‘zingiz bilasiz-ku, uning hech bir gapiga ishonmayman. Bu gapga e’tibor berganim ham yo‘q, negaki, hech kim Zirg‘omning o‘rnini bosa olmaydi, amir va podshohlarni uning tirnog‘iga ham olmayman, — dedi.
— U mamlakatlarni uzoq desang, mana qo‘shnimiz Ushrusananing amiri Afshin-chi? U hozir Bag‘dodda hamma musulmon askarlarning bosh qo‘mondoni. U yaqinda otangni ko‘rgani keladi. Otang o‘zlari yangi yil bayramida kelib ketgin, deb unga xat yozganlar, — dedi Hayzuron.
Hayzuron bilan shu choqqacha bemalol gaplashib o‘tirgan Jahonning Afshin nomini eshitishi bilan xayoli qochdi, tusi o‘zgardi, yuragiga g‘ashlik tushdi. «Bo‘ldi, uning otini sira ham atamang», — deganday qo‘lini siltab, Hayzuronni gapdan to‘xtatdi.
    Hayzuron yana gap boshlamoqchi edi, Jahon norozi ohang¬da: — Qo‘ying, uni gapirmang, nomini eshitishga toqatim yo‘q. Siz sezib yurgan xafaligimning boisi ham xuddi o‘shaning o‘zi. Uning yaqinda Farg‘onaga kelishini, yangi yil bayramini bizda o‘tkazishini eshitib, o‘zimni qo‘ygani joy topolmayapman. Bayramni boshqa biror uzoqroq yerga borib o‘tkazish qo‘limdan kelsa, albatta shunday qilaman, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:53:30

    Jahon Afshinni shu qadar yomon ko‘rishidan ajablangan Hayzuron:
— Afshin senga biror yomonlik qilganmidi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, menga yomonlik qilmagan, bir og‘iz gapirgan ham emas. Lekin u otamning ziyoratiga kelganidan buyon yomon ko‘rib qolganman, aftiga qaragim kelmaydi. Kim haqida nima deb o‘ylasam, xuddi shu o‘ylaganimdek bo‘lib chiqaveradi. Bunga o‘zim ham hayronman.
— Taajjub, — dedi Hayzuron, — Afshin Zirg‘omning boshlig‘i ekanini, Zirg‘omning maqsadi musulmon askarlari orasida shuhrat qozonib, Afshin qo‘mondonlaridan biri darajasiga ko‘tarilish, uning bayrog‘i ostida bo‘lish ekanini bilmaysanmi?
— Yo‘q, oyijon, Zirg‘om Afshinga tobe emas, u xalifa qorovullarining boshlig‘i, — dedi Jahon. Hayzuronning chehrasida hayronlik alomati zohir bo‘ldi.
— Shu so‘zlaring rostligiga o‘zing to‘la ishonasanmi?
Jahon unga tikilib, tabassum qildi:
— Ha, albatta, mening unga ishonchim sizning podshohlar mening visolimga yetisholmay yurganiga ishonchingizdan ham zo‘rroq, — dedi-da, qo‘lini cho‘ntagiga tiqib:
— Ancha bo‘ldi, undan xat olgandim. U yaqinda Farg‘onaga kelishini yozgan. Lekin nima uchundir hanuz daragi yo‘q, — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:54:27

    U xatni chiqarib: «Mana o‘zingiz o‘qib ko‘ring», deb Hayzuronga uzatdi. Xat qadimiy pahlaviy tilida yozilgan edi:
    «Somurroda yashayotgan Zirg‘omdan, Farg‘onadagi ko‘nglim farishtasi Jahonga!
Sayidam! Men seni hamma vaqt sayidam deb atayman, chunki sen butun borliqning sayidasisan, mening sevgilimsan. Sen qalbimning — butun vujudimning xojasisan. Farg‘onadan chiqqanimdan buyon ancha yillar o‘tib ketdi. Shu vaqtgacha senga maktub yozmadim, to‘g‘risi, buni o‘zimga ep ko‘rmadim. Hokimning qizi, sayida, malakxil’at Jahonga xat yozishni mendek bir faqir yetimga kim qo‘yibdi, deb o‘yladim. Sen bilan vidolashayotgan kunim ulug‘ martabaga erishish uchun qo‘limdan kelganicha tirishaman, sening martabangga yaqinlasha olsam, ostonangga kelib boshimni uraman-da, jufti halollikka roziligingni so‘rayman. Bordi-yu, o‘shanday yuqori martabaga erisha olmasam, baxtim qaro ekan deyman-da, peshanamga urib, hajringda zor-zor yig‘lab dunyodan o‘taman, degan edim.
    Men bu yerga kelib askarlikka yozildim. Og‘ir jang maydonlariga sening nomingni qalbimga jo qilib kirdim. Nomingni o‘zida saqlayotgan ko‘ksimni o‘qlarga tutdim. Muborak, aziz noming meni hamma falokatlardan omon saqladi.
    Men askarlik xizmatida turli lavozimlarda bo‘lib, oxiri xalifa saroyida qorovullar boshlig‘i vazifasiga erishganimdan keyin senga sevinch xabarini yo‘llayap¬man.

Qayd etilgan