Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155228 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:55:13

    Sen, ehtimol: — Bu martabaga ko‘tarilishdan maqsading nima? — deb so‘rarsan. Ochig‘ini aytsam, maqsadim shu martaba tufayli sening visolingga yetishdir. Sensiz hayot hayot emas menga.
    Men janob hokimni ziyorat qilishga, sevgilim Jahonni ko‘rishga musharraf bo‘lish uchun Farg‘onaga borishni niyat qilgan edim, xalifalikka putur yetkazadigan ba’zi tashvishli yumushlar chiqib qolmaganda, allaqachon Farg‘onada bo‘lardim.
    Farg‘ona safariga otlanish uchun hozir qulay bir chora topildi. O‘zing bilasanki, xalifa Mu’tasim Bag‘dod yaqinida turk askarlariga atab Somurro degan maxsus shaharcha bino qilgan. Men ham shu yerda turk askarlari bilan birgaman.
    Islom mamlakati — Bag‘dodda paydo bo‘lgan turli isyonchi guruhlarni xalifa o‘sha turk askarlari kuchi bilan bostirmoqchi.
    Turk askarlari shahar atrofidagi aholi bilan aralashsa, kuch-quvvati, shijoati ketib qolishidan qo‘rqqan Mu’tasim Movarounnahrdan cho‘ri turk qizlarini sotib olib, o‘sha askarlarni uylantirmoqchi, Farg‘onaga borib cho‘rilar sotib olish uchun bir qancha kishilarni tanlab qo‘ydi. O‘sha kishilar bilan birga men ham vatanimga borib kelmoqchi ekanimni xalifaga aytib, ruxsat oldim. Shoyad, yaqin orada diydor ko‘rishsak. Xatni senga yetkazishni ishonchli kishilarimdan biriga topshirdim. Oyim-dan senga salom».

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:56:01

    Hayzuron xatni o‘qib bo‘lgach, Jahonni quchoqlab o‘pdi:
— Senga ham, Zirg‘omga ham muhabbat muborak bo‘lsin. Zirg‘om, albatta, senga munosib yigit. «Kishi hayotda mol-mulki bilan emas, balki odamiy fazilatlari bilan qadrli» degan gaping to‘g‘ri. U botirligi va g‘ayrat-shijoati bilan hozirdanoq soqchilar boshlig‘i lavozimini egallagan bo‘lsa, bir necha yillardan keyin juda ulug‘ martabalarga erishsa ajab emas. Islom davlati hali jangu jadal qilyapti, Zirg‘omdek  yigit yana ham yuqoriroq martabalarga ko‘tarilishiga nima to‘sqinlik qilardi?
Hayzuron dilidagi gapni aytgani uchun, Jahon behad xursand bo‘ldi-yu, ammo ketidan lekini chiqib qoldi:
— Bu xatni olganimga bir necha oy bo‘ldi. Haligacha Zirg‘omdan darak yo‘q, bilmadim, ne hodisa yuz berdi ekan?
    Hayzuron: «Tashvishlanma, u albatta kelib qoladi, lekin...» dedi-yu, ko‘ngliga bir narsa kelgandek o‘ylanib, boshini quyi soldi.
— Xo‘sh, oyijon, ayting, nima lekini bor, — dedi Jahon.
— Lekini shuki, seni Zirg‘omga berishga otang rozilik bermasmikinlar deb qo‘rqaman.
— To‘g‘ri, men bu gapni otamlarga aytganim yo‘q, lekin ishonchim komilki, u kishi Zirg‘omni yaxshi ko‘radilar, juda hurmat qiladilar. Undan keyin, men nimani istasam, otam unga qarshilik qilmaydilar.
— Sayidam, janobi hokim Zirg‘omni yaxshi ko‘rishlarini, hurmatlashlarini yaxshi bilaman, lekin bu yerda boshqa bir gap bor. Shuni o‘ylab ko‘rdingmikin? — dedi Hayzuron.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 12:56:48

— Qanday gap ekan? — dedi avzoyi o‘zgarib Jahon.
— Bilishimcha, Zirg‘om musulmon, sen bo‘lsang islom diniga kirgan emassan. U seni xotinlikka olishi qanday bo‘larkin?
    Jahon:
— Men ham musulmon bo‘lsam nima qilibdi? Axir islom dini hozir davlat dini-ku, — dedi.
— Otang, qavm-qarindoshlaring dinidan qanday qilib voz kecha olasan?
— Bu din Zirg‘om bilan mening muhabbatimizga g‘ov bo‘ladigan bo‘lsa, men albatta, undan voz kechaman. Chunki men bu dunyoda ham, u dunyoda ham sevgilim qaerda bo‘lsa, o‘sha yerda bo‘lishni istayman.
    Jahon shunday deb jilmaydi. Uning ko‘zlaridan marjondek yosh oqib, yuziga tushdi.
    Gap cho‘zilib, ahvol og‘irlashganini sezgan Hayzuron Jahonni alahsitmoqchi bo‘lib, joyidan qo‘zg‘aldi va gapni boshqa tomonga burdi:
— Kun alla-palla bo‘lib qoldi, sen bo‘lsang, hali ham ovga kirishganing yo‘q, otingni min, men ketingdan kuzatib yuraman. Kiyik ovlashdagi mahoratingni ko‘rib, bir tomosha qilay, qizim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:29:09

                                    * * *

    Jahon «otimni, kamon va o‘q yoylarimni olib kel» deganday qilib, otboqarga imladi. Keyin u qaerda ov yaxshi bo‘larkin deya mo‘l tog‘ tomonga ko‘z yugurtirdi. Birdan yaqin yerdagi tosh ustida bir tog‘ takasi o‘ynoqlab yurganini ko‘rib qoldi. Ilgari bu yerda tog‘ takalarini hech ko‘rmagan edi. U shoshib, «Firuz, kamonni tez olib kel», deb otboqarga xitob qildi.
    Kamon qo‘liga tekkach, darrov uni o‘qladi-da, tog‘ takasini nishonga oldi. O‘qni otish oldida Jahon «agar shu o‘qni unga tekkiza olsam, Zirg‘omga yetishaman, u bilan tezda ko‘rishaman. Bordi-yu, o‘q tegmay qolsa, Zirg‘om bilan tezda uchrashishim qiyin bo‘ladi», deb ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
    Taka esa hamon o‘sha tosh ustida bular tomon qarab turardi. Jahon o‘q uzdi. O‘q fazoda vizillab taka tomon uchib ketdi.
    Hayzuron esa o‘q borib yetmasdan taka qochib ketsa, nima bo‘ldi, degan xavotir bilan undan ko‘zini uzmay turardi.
    Taka yiqildi, keyin qochib borib ikki xarsang o‘rtasidagi bir chuqurlikka burildi. Takaning yiqilganini ko‘rgan Jahon sevinganidan: «Ana yiqildi. Marjon, yugur, uni olib kel», deb baqirdi. Marjon, hamrohi va otboqar uchalasi taka tomon chopib ketishdi. Jahon sevinganidan yuragi yorilguday bo‘ldi. Hayzuron kulib, uning yoniga keldi:
— Bu takani qulatganingdan juda xursand bo‘ldim. O‘qing unga tekkani uchungina emas, yo‘q. Sen uni nishonga olayotganingda men, «agar Jahon shunga tekkiza olsa, albatta Zirg‘omga ham yetishadi», deb xayolimdan o‘tkazgan edim. Endi, qizim, albatta maqsadingga yetishasan. Xursandligim mana shundan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:29:39

    Jahon jilmayib dedi:
— Men ham xuddi shuni ko‘nglimga keltirgan edim. Endi «Zirg‘om sening munosibing», deb ayta olasizmi?
— Men g‘o‘r mulohazalarimni senga aytgan edim. Hozir esa Zirg‘omga muhabbatim juda ham oshib ketdi.
    Ular shu qabilda hazillashib kulishdi. Hayzuron o‘z fikrini ochiq aytib, Jahonning ko‘ngliga chiroq yoqqandek bo‘ldi.
    Tog‘ takasini sudrab kelayotganlarning hayqiriq ovozini eshitgan Jahon ular tomon yugurdi. Taka o‘lgan edi. Uning bir o‘q bilan o‘lganidan Jahon ajablandi. Uning o‘qi hamon takaning biqinida sanchig‘liq turardi. U yana boshqa bir o‘q takaning bo‘g‘zida sanchilib yotganini ko‘rib qoldi-da, «Hoy, bunda ikkita o‘q bor, men faqat bitta otgan edim-ku, mana bu ikkinchi o‘qni qaranglar, bu qaerdan kelib tegdi? Marjon, bu o‘qni darrov chiqarib ol!» deb, xizmatkorga buyurdi. Marjon juda qiyinchilik bilan o‘qni tortib oldi va «taka shu o‘q bilan o‘lgan», deb  uni Jahonga uzatdi. Jahon o‘qni oldi-da, barmoqlari bilan u yoq-bu yog‘ini ag‘darib ko‘zdan kechirdi. O‘qning patida arab tilida yozilgan bir xatga ko‘zi tushdi. Jahon arabcha xatni o‘qishni bilardi. U xatning harflarini hij, turib, birdan «Zirg‘om» deb baqirib yubordi-da: — Mana bu o‘qda Zirg‘omning ismi yozilgan ekan, — dedi. Marjon ham arab harfi bilan bitilgan yozuvlarni bilgani uchun, uni o‘qib ko‘rdi-da: «Ha, to‘g‘ri, bunda Zirg‘omning ismi bor», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:30:46

    Bu tasodifdan hang-mang bo‘lib qolgan Jahon Hayzuronga qaradi. Esankirab qolganini ikki erkakdan yashirmoq uchun u o‘zini bazo‘r qo‘lga oldi. Keyin ularga qarab: «Takani biror yerga olib borib so‘yinglar-da, nima qilsangiz, ixtiyor o‘zlaringizda», — dedi. Ular uzoqlashgach,             
    Hayzuronga qarab:
— Bu hodisaga nima deysiz? — dedi.
— Meningcha, — dedi Hayzuron, — Zirg‘om shu o‘rtada bo‘lishi kerak. Bu o‘q bilan takani otgan ham muqarrar o‘shaning o‘zi. Lekin taka jarohatlanganicha uzoq yerlarni bosib kelganga o‘xshaydi, chunki tog‘ takalari bu yerdan uzoq bo‘lgan Toshkent daryosining* qirg‘oqlarida yoyilib yuradi.
    Jahon «bu tushimmi yo o‘ngimmi» deb xayolga cho‘mdi va boshini quyi solib:
— Bu juda g‘alati tasodif, ammo hali ham men yanglishdimmikan degan xavotirdaman. Lekin ko‘nglim buni rost deb aytyapti. Xo‘p, mayli, gumonimiz to‘g‘ri chiqsa, uni siz hozir qaerda deb o‘ylaysiz? — dedi.
— U Farg‘onaga kirishdan avval dam olish uchun biror soy atrofiga tushgan bo‘lsa kerak. Lekin men bu tomonlarda Toshkent daryosidan bo‘lak suv borligini bilmayman, ehtimol, u daryoning sharqiy qirg‘og‘iga tushgan bo‘lsa,— dedi Hayzuron.
Jahon so‘radi:
— Siz aytayotgan qirg‘oq bu yerdan uzoqmi?
— Bir-ikki farsah* keladi, o‘sha tomonga borging kelayotganga o‘xshaydi-a?
    Xijolat aralash tabassum qilgan Jahon, nega bunday savol berayotganini aniq bilish uchun Hayzuronning ko‘ziga tikildi. O‘zining fikriga qo‘shilayotganini sezib, Hayzuronga: «Ha, biz uni izlab borsak, qanday bo‘larkin deysizda», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:32:05

    Hayzuronning unga rahmi keldi, ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rmoqchi bo‘ldi:
— Kishilar eshitsa, Jahon Zirg‘omni atayin izlab bordi, deb gap qilishadi. Ammo tasodifan unga yo‘liqib qolsak-chi, unda hech kim hech narsa deyolmaydi. Yana shuni ham bilib qo‘yki, yo‘l ancha olis, mashaqqatli, unga chiday olasanmi?
    Jahon: «Otga minib olganimizdan keyin nima mashaqqat bo‘lardi. Qani, qo‘zg‘aling, ketdik», — dedi-da, ikki erkak tomonga qaradi. Ular uzoqda, hali ham taka so‘yish bilan ovora edi. Jahon ularni chaqirmoqchi bo‘layotganini sezgan Hayzuron, oldinroq: «Bo‘lmasa, men xizmatching Firuzni chaqirib kelay, u sening jilovingdan yursin, ikkinchisiga esa qolgan xizmatchilar bilan shahar darvozasi yoniga borib, bizni kutib turishga farmon qilsang», — dedi.
    Uning bu maslahati Jahonga ma’qul tushib, «juda soz bo‘ladi» dedi. Hayzuron xizmatchilar oldiga borib, «buyoqqa kel» deb Firuzni imladi. Darrov yugurib kelgan Firuzga: «Hamrohingga borib ayt, u boshqa xizmatchilarni olib tezroq shahar darvozasiga borsin-da, bizni kutib turishsin. O‘zing esa ikkala otimizni olib kel, bizning yonimizda borasan», — dedi. Firuz topshiriqni bajarib bo‘lgach, Jahon bilan Hayzuron qaerga borishayotganini bila olmay ularning orqasidan yo‘lga tushdi.

_____________
* Sirdaryo nazarda tutiladi.
* F a r s a h — 8 kilometrni tashkil etadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:32:47

ZIRG‘OM VA JAHON

     Shoyad, sevgilim kelayotganini ko‘rsam, deb ko‘zlari to‘rt bo‘lib borayotgan Jahon otning boshini anhor tomonga burdi. Uning yonida ot mingan Hayzuron borardi. Tikka kelgan quyosh tig‘i ostida chuqur xayolga cho‘mib borayotgan Jahon bugun ovqat yegan-emaganini ham unutgandi. Hali ovqat ekan-ku, muhabbat dardiga yo‘liqqan odam o‘zining jahonda bor-yo‘qligini ham unutib qo‘yadi.
     Jahon va Hayzuronning otlari hakkam-dukkam ekin ekilgan yerlardan o‘tib borarkan, Farg‘ona malagini taniydigan o‘sha yerlik korandalarning ko‘zi ularga tushdi. Ular Jahonning o‘zinigina emas, qashqa otini ham, xizmatchisini ham tanishar edi. Korandalar Jahonning hurmati yuzasidan o‘rinlaridan turib, unga ta’zim qilishdi. Lekin xayoli parishon qiz ularga e’tibor bermadi, odatiy tabassumini unutdi. Xayol daryosiga g‘arq bo‘lib borayotgan Jahonning fikrini ikkala otning baravar kishnashi bo‘lib yubordi. U olisga nazar tashladi. Yo‘l ustida turkmanlarniki kabi qubbali chodirlar tikib o‘tirgan o‘troq odamlarga ko‘zi tushdi. Ilgari turkmanlar ana shunday tepasi qubbali to‘garak chodir tikib o‘tirishardi. Chodirlar orasida to‘rt-besh ot ko‘rindi. Yigitlar ikki biyani sog‘ishayotgan edi. Sahroyi arablar tuya sutini ichganidek, Turkiston cho‘llarida yashaydigan ko‘chmanchilar ham biya sog‘ib, sutini ichishardi. Jahon ularning oldiga borsa, gapga tutilib alahsib qolishdan cho‘chidi-da, yo‘lini boshqa tomonga burdi. Lekin Hayzuron otning jilovini chodirlar tomonga burdi. «Zirg‘om to‘g‘risida bulardan bir surishtirib ko‘rsak, shu yerlardan o‘tgan bo‘lsa, ular ko‘rishgan bo‘lsa ajab emas, daryo tomonga yursak, yo‘limiz ancha qisqararmidi deyman», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:33:18

     Uning bu fikri Jahonga ma’qul tushdi shekilli, u ham otining jilovini chodirlar tomonga burdi. Bularni ko‘rgan bolalardan biri Jahonning qiyofasidan «bu albatta biror amirning qizi bo‘lsa kerak», deb o‘yladi-da, mehmonlarni kutib olish kerakligini xabar qilish uchun chodirga, otasi tomonga yugurdi.
     Bolaning otasi — mo‘ysafid dehqon hassasiga tayanib kelarkan, Jahonga ko‘zi tushishi bilanoq uni tanidi. Bolalarini chaqirib: «Mehmonni otidan tushiringlar», — dedi. Lekin Jahon otdan tushgisi kelmay, dehqonga minnatdorchilik bildirdi. Keyin u «qani, qariyani gapga solib ko‘ring-chi», degandek Hayzuronga qaradi. Hayzuron:
— Sayidam, otdan tushing, bir oz dam olib, keyin yana yo‘lga chiqarmiz, — dedi. Jahon Hayzuronning taklifini noiloj qabul qildi. Firuz boshqa otlarni ko‘rsa, kishnab, bularning gapiga xalaqit bermasin, deb ikkala otning yuganidan ushlab nariroqqa olib ketdi.
     Jahon bilan Hayzuron piyoda yura boshlashgach, chol soddalik va muloyimlik bilan ularga:
— Bizning kulbai vayronamizga malikam muborak qadamlarini bir tegizib, tabarruk qilib ketsalar yaxshi bo‘lardi, — deb ularni o‘z chodiriga taklif qildi. Jahon uyala-uyala chodirga kirdi-da, o‘zi va hamrohi uchun to‘shalgan po‘stakka o‘tirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:34:13

     Hayzuron so‘z boshlamasdanoq cholning o‘g‘li sopol kosada suyuq ovqat  olib keldi. Ovqat biya sutidan tayyorlanganini sezgan Jahon: «Hozir ovqatga ishtaham yo‘q, ko‘nglim hech narsa tusamayapti», — deb uzr aytdi. Mo‘ysafid bolaga qarab:
«Bo‘lmasa bir kosa qimiz olib kel», — dedi. Kelgan mehmonlarga sharob o‘rnida talqon, go‘ja yoki hozirgi vaqtda limonad va choy berish odat bo‘lganidek, ko‘chmanchilar biya sutini achitib qimiz qilib qo‘yar va mehmonlarga tutar edilar. Chol qimizni ko‘rsatib: «Buni ichish uchun kishi och bo‘lishi shart emas, suvdek bir ichimlik, issiqning hovrini ko‘taradi, charchoqni ketkazadi», — dedi. Jahon buni ham rad qilishni o‘ziga ep ko‘rmay, kosani qo‘liga oldi. Shu fursatdan foydalanib,       Hayzuron cholga qaradi:
— Bugun bizdan boshqa mehmonlar bu yerdan o‘tgani yo‘qmi?
— Yo‘q, sizlarning poyqadamingiz yetganidan behad xursandman. Qaysi shamol Jahonoyni bu tomonlarga uchirdiki, xarob kulbamiz obod bo‘ldi. Boshqa mehmonlar kelmaganda ham, Jahonning bir o‘zi ming mehmonga arzigulik.
     Hayzuron: «Safar qiladigan musofirlar hamma vaqt ham shu yerdan o‘tib turishadimi?» — deb so‘radi.
— Ha, albatta, — dedi chol, — Ushrusana, Qo‘qon yoki Buxorodan kunchiqar tomonga yuradigan kishi daryodan o‘tgach, albatta yo‘li shu yoqqa tushadi. Farg‘onagami, boshqa shaharlargami shu yerdan boradi. Ko‘pincha, Hindiston, Tibet yoki Xitoydan Rum mamlakatiga ketayotgan yoki u yerlardan qaytib kelayotgan savdogarlar ham bu yerdan o‘tadi.

Qayd etilgan