Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155134 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:34:42

     Hayzuron Jahonga qarab fors tilida: «Zirg‘omning yo‘li ham shu yerdan o‘tadigan bo‘lsa uni shu yerda kutib turganimiz ma’qul, u yoqqa borib ovora bo‘lib yurgandan ko‘ra, shu yaxshi emasmi? Biz bir yo‘ldan yursak,  u boshqa yo‘ldan kelib, o‘tib ketib qolsa, bir-birimizga duch kelmay qolamiz», — dedi.
     U yerdagi dehqonlar chig‘atoy tili, ya’ni qadimiy turk tilida so‘zlashganlari uchun Hayzuronning gapiga tushunishmadi. Jahon bu gapga javob bermadi. Lekin chehrasidan uning taklifiga rozi bo‘lganday edi. Hayzuron:
— Bo‘lmasa, mayli, otaxonimiz biror taom tayyorlay qolsin, xo‘p deya qol, — dedi.
— Avval o‘zimiz yo‘q deb qo‘yib, endi qay yuz bilan so‘raymiz.
— Malol kelmaydigan qilib o‘zim so‘rayman, — dedida, Hayzuron cholga qarab chig‘atoy tilida: «So‘yish uchun sotadigan bironta otlaring yo‘qmi?» — dedi.
— Yo‘q, sayidam, biz otlarni faqat suti uchun boqamiz. Ularni nochor bo‘lib, sutdan qolgandagina so‘yamiz, — dedi chol.
— Mabodo biror toycha so‘yish lozim bo‘lib qolsa, nima qilasizlar?
— Shu yerdan o‘tadigan yilqilar podasini poylab turamiz-da, tanlaganimizni sotib olamiz, — dedi chol, keyin kunchiqar tomonni ko‘rsatib: — Men anchadan beri shu tarafga qarab turibman, olisdan quyuq chang ko‘tarilyapti, ehtimol bu yoqqa kelayotganlarning podasidir. Ular kelishi bilan bir-ikkita ot sotib olib, darrov so‘yamiz. Malikamiz andak tahammul qilsalar, semiz bir ot so‘yib ziyofat qilardik.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:35:37

     U kishining xushmuomalasi, ziyrakligi Jahonga ma’qul tushib, jilmaydi. Qizning tabassumidan o‘z taklifiga rozi bo‘lganligini anglagan chol o‘g‘illaridan biriga darrov borib, o‘sha uyurning oldidan to‘sib chiqishni buyurdi. Bola yugurganicha ketdi. Ota esa dasturxon tayyorlashga kirishdi, bitta qovun keltirib, Jahonning oldiga qo‘ydi:
— Mana bu tilni yoradigan Buxoro qovunlaridan. Istagan vaqtlarida so‘yib beramiz.
     Katta amaldorlar uyida ham maqtovga arziydigan bunday qovun cholning chodiriga kelib qolganidan Jahon ajablandi. Buni sezgan chol:
— Qizlarimdan biriga xushtor bo‘lib qolgan bir yigit menga olib kelgan tuhfalar orasida shu qovun ham bor ekan,— dedi.
     Xushtor so‘zini eshitgan Jahon o‘zining muhabbati dardini esladi-da, bir oh tortib cholga qaradi: — Bu qovunni atalgan kishisiga — qizingizga saqlab qo‘ying.
Chol javob qaytarmoqchi bo‘lib turuvdi, uzoqdan kimningdir chaqirayotganini eshitdi. Qaytib chopib kelayotgan o‘g‘li: «Ular podadan birorta otni ham sotishmas ekan», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:36:32

     Kelayotgan yilqi podasining oyog‘idan chiqayotgan changga qaragan Jahon uning oldida egarlangan ot minib kelayotgan bir kishini, uning orqasida egar-jabduqsiz o‘nlab otlarni o‘ynatib kelayotgan chavandozlarni ko‘rdi.
     Ba’zi otlarni Turkiston sahrolarida yilqi va mol boqib tirikchilik o‘tkazadigan Gruziya dashtidan kelgan cho‘ponlar minib olgandi. Jahon oldinda kelayotgan otliq yigit askar kiyimida ekanini va qo‘lidagi nayzaga bayroq osilganini ko‘rdi, lekin u bayroqqa bitilgan ismga e’tibor bermadi. Agar o‘sha ismni o‘qisa bormi, butun a’zoyi badanini qaltiroq bosib ketgan bo‘lardi. Chol o‘sha otliq kishining yo‘lini to‘sib: «Bu otlardan bittasini bizga soting», — deb iltimos qildi. Otliq kishi takabburlik va qo‘pollik bilan: «Yo‘q, sotmaymiz», — dedi.
— Bolam, hozir bitta ot so‘yish zarur bo‘lib qoldi, aytgan pulingni beramiz, — yolvordi chol. Ammo u kishi bu iltimosni rad qilgancha bosh chayqadi, lekin chol «nima uchun sotmaysiz» deb yana savol berdi. «Bu uyur pulga muhtoj kishilarniki emas», — deb javob berdi otliq.
— Kim ular o‘zi, axir?
— O‘qishni bilmaydiganga o‘xshaysiz, aks holda savol-javobga hojat qolmagan bo‘lardi, — dedi-da, otliq yigit bayroqni ko‘rsatdi. Bu so‘zni eshitgan Jahon yalt etib bayroqqa qaradi. Arab harfi bilan yozilgan «Afshin Haydar bin Korus» so‘zlarni o‘qidi-yu, rangi o‘chib, Hayzuronga qaradi. Dehqonning ham, Hayzuronning ham chehrasida bir xilda o‘zgarish paydo bo‘lgandi. Chol otliqdan: «To‘g‘ri aytdingiz, o‘qishni bilmayman, bu bayroq kimga tegishli?»— deb so‘radi.
— Xalifa Mu’tasimning lashkarboshisi va Ushrusana mamlakati hukmdori amir Afshin Haydar bin Korusniki.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:38:05

     Turkistonda bu nomni bilmaydigan birorta kishi yo‘q edi. Chunki Afshin Mu’tasimning xizmatiga kirmasidan oldin Ushrusana podshosi bo‘lgan. Chol hayron bo‘lib qoldi. U qo‘rqib ketganidan: «Eshitishimizga ko‘ra, Afshin Bag‘dodda turar emish», — dedi.
— To‘g‘ri, — javob berdi yigit, — u Bag‘dodda yashaydi, lekin bir necha kun burun Ushrusanaga keldi va bizni askarlari uchun mol, qo‘y sotib olishga yubordi.
— Hozir bu yilqilarni Ushrusanaga haydab boryapsizlarmi?
— Afshin Ushrusanada edi, lekin u navro‘z bayramini o‘tkazish uchun Farg‘onaga kelishi kerak.      Uning askarlari Toshkent atroflarida qo‘nishgan, mana bu yilqilar o‘shalarga tegishli, tushundingizmi? — dedi yigit va otiga qamchi bosib yo‘lga tushdi. Otboqarlar ham uning ketidan jo‘nashdi.
     Chol yana surishtirishga botinmadi. Jahonni ziyofat qila olmagani uchun xijolat tortdi. Unga uzr aytish uchun so‘z topolmasdi.
     Jahon esa o‘rnidan turib, «ikkala otni olib kel», deb xizmatchiga buyurdi va cholning yoniga yugurib borib: «Otajon, bizga qilgan g‘amxo‘rliklaringiz uchun juda minnatdorman, hozir zudlik bilan qaytishim zarur bo‘lib qoldi, nasib bo‘lsa, boshqa bir fursatda kelib, sizni ziyorat qilib ketaman», — dedi.
     Chol qizning bunday xushmuomala va kamtarligidan mamnun bo‘lib, malikaning qo‘lini o‘pdi. Jahon qo‘lini tortib olarkan, otaga biror narsa berish kerak, degandek Hayzuronga qaradi-da, yonidan to‘rt-besh oltin pul chiqarib, cholga uzatdi:
— Bolalar uchun o‘yinchoq — o‘q-kamon olib berasiz.— Chol tashakkur aytib pulni oldi. Jahon va Hayzuron u bilan xayrlashgach, otga minib yo‘lga tushishdi. Firuz ham ularning izidan yurdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:38:49

     Bir oz yo‘l yurgach, Jahon ko‘nglida g‘ashlik paydo bo‘lgandek bir uh tortdi-da, Hayzuronga qarab so‘radi: «Endi nima deysiz? Afshin Farg‘onada emish. Otamni ko‘rish uchun u albatta, hovlimizga keladi».
— U otangni kelib ko‘rsa, sen nimaga tashvishlanasan?..
Jahon uning gapini bo‘ldi.
— Men tashvish qilayotganim yo‘q, parvoyimga ham kelmaydi. Askarlari ham men uchun xavfli emas, lekin uning o‘zini ko‘rishga toqatim yo‘q va... — dedi-da, boshidagi ro‘molini tuzatib qaytadan o‘rab olish bahonasi bilan gapni boshqa yoqqa burdi.
     Hayzuron Jahonning xavfsirayotganini sezsa ham, o‘zini bilmaslikka solib: — Aqlli, dono qizim, hech kimdan, hech narsadan qo‘rqmaydi, daryo tomonga yurish niyatingdan qaytganing yo‘qdir-a? — dedi.
     Jahonga uning savoli qiziq tuyuldi. U yer tagidan qarab jilmayib qo‘ydi. Tili bilan aytolmasa ham, butun ko‘rinishi «Bo‘lmasam-chi?» deyayotganday edi.
     Yilqi to‘dasi ko‘zdan g‘oyib bo‘lguniga qadar Jahon bilan Hayzuron unga tikilib borishdi. Ularning otlari yo‘rg‘alagancha yilqilar borayotgan tomonga emas, boshqa tomonga qarab borardi.
     Quyosh bota boshladi. Hayzuronga ochlik ta’sir qildi Jahon esa o‘z sevgilisi bilan uchrashish shavqida hamma narsani unutgandi. U churq etmay uzoq yo‘l bosdi. Ko‘nglidagi shirin xayollar borgan sari ulg‘ayib, ildiz otardi. Sevgilisi bilan yuzma-yuz kelishini ko‘z o‘ngiga keltirarkan, yuragi o‘ynab, «muhabbat irodamdan ustun chiqmaganda, bunday qaltis ishga jur’at etmasdim», derdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:40:17

     Ko‘p vaqtlarda muhabbat va iroda kim yengishga o‘ynay-di-yu, muhabbat g‘olib chiqaveradi. Ba’zan iroda muhabbatdan ustunlik qiladi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi, mabodo cho‘zilib ketsa, muhabbatning yuzaki va tez so‘nuvchan ekanidan dalolat beradi. Muhabbat ahli odatda tiyran aqlli, tadbirli va donishmand kishilar bo‘ladi, lekin ular sevgi yo‘lida faqat aqli kam kishilar qiladigan ishlarni qilib yurishadi. Boshqalar uning xatti-harakatidan hayron bo‘ladi, lekin uning o‘zi ulardan ko‘ra ko‘proq ajablanadi. Chunki aqli uning ishini nazorat qiladi, uni tanqid qiladi, uning og‘ir yo‘lga tushib qolganini ko‘rsatadi, lekin u bunday yo‘ldan qaytishni uddalay olmaydi. Chunki uning aqlli va donishmand qalbi muhabbat girdobiga qattiq o‘ralgan bo‘lib, ko‘ngil xohishiga xilof ish qilib qo‘ysa, sira bardosh berib bo‘lmaydigan darajada azoblanadi, jinni bo‘lib qolishi yoxud jonini taslim etib yuborishi ham hech gap bo‘lmaydi. Qanchadan-qancha oshiqlar aql bilan ko‘ngil o‘rtasidagi nizoning qurboni bo‘lishadi. Aqlli kishida sevgi paydo bo‘lsa, uning irodasi bilan xohishi o‘rtasida qattiq jang ketadi. Agar u nafsoniyatli, qalbi musaffo kishi bo‘lsa, o‘z izzat-nafsi va qalbi kuchiga suyanib, nafsi xohishiga qarshi kurashadi, mag‘lubiyatga uchrashdan qo‘rqmaydi.
     Jahonda aql ham, iroda ham zo‘r edi. Ayni vaqtda u jo‘shqin qalbli, chuqur hissiyotli qiz edi. Negaki u o‘z yorini chin qalbdan sevar, u bilan bir necha yildan beri hamgap bo‘lgan, uning muhabbati qizning ko‘nglidan mahkam joy olgan edi.
     U o‘z sevgilisiga vafodor, o‘z ahdidan qaytmaydigan qiz edi. Afshindan cho‘chishi va uni ko‘rishdan nafratlanishi sevgilisiga bo‘lgan vafosini yana ham kuchaytirardi.
     Qiz sevgilisi bilan uchrashish uchun uning oldiga borishdan iymanmadi. Ov qilgani ketyapmiz, degan gap Jahonga yaxshi bahona bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:41:40

* * *

     Jahon bilan Hayzuron chor atrofga nazar tashlab borishardi. Otlarning o‘zi ularni daryo qirg‘og‘i tomon boshladi. Uzoqdan daryo suvi ko‘zga tashlandi, qirg‘oq ham ko‘rindi, lekin u yerda na o‘tov, na biror piyoda yoki otliq askar ko‘rinardi.
— U yerda hech kim ko‘rinmayaptimi? — so‘radi Jahon otini to‘xtatib Hayzurondan.
— Yo‘q, ko‘rinmayapti. Qirg‘oqqa yaqinlashib qoldik. Qani, yuraver-chi, o‘sha yergacha boraveraylik, ajab emas, bizga dalda beradigan biror belgi ko‘rinsa, — dedi Hayzuron.
Ular ketidan Firuz borardi. Nihoyat qirg‘oqqa yetib bir daraxt tagidagi chayla yaqinida to‘xtashdi. U yerga qandaydir yo‘lovchilar qo‘nib, yaqindagina jo‘nab ketgani sezilib turardi. Tashqarida olov hanuz o‘chmagan, ovqat, meva-cheva va et qoldiqlari bor edi.
     Shu payt chayla egasi «bizga kelgan qo‘noq bo‘lsa kerak», deb ularning istiqboliga chiqdi: «Xush kelibsizlar, qani, marhamat», deb chaylaga taklif qildi. Hayzuron: «Chaylaga kirgin-da, bu yerda qo‘nib o‘tgan kishilar kimligini bilib chiq», deb Firuzni yuborgan edi. Firuz chaylaga borib, egasiga salom berdi va o‘sha kishilarni so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:42:13

— Ular musulmon askarlari ekan, tong paytida daryodan o‘tib kelib, choshgohgacha bu yerda turishdi-da, tushgi ovqatlarini yeb bo‘lgach, jo‘nab ketishdi, — deb javob qildi chayla egasi.
— Ular qaysi tomonga ketganidan xabaringiz bo‘lmadimi?
— O‘ylashimcha, Farg‘onaga ketishdi, ular yangi yilni o‘sha yerda o‘tkazishmoqchiga o‘xshaydi.
     Bu so‘zni eshitgan Jahon: «Ular albatta Zirg‘om bilan hamrohlari. U Farg‘onaga borsa, to‘g‘ri biznikiga tushadi, bu yerga men chakki ovora bo‘lib kelibman», — dedi o‘zicha. «Shuning uchun darrov Farg‘onaga qaytib borishim, ketib qolishmasdan u bilan uchrashishim kerak», degan fikrga keldi.
     Hayzuronga qarab: «Qani, ona, otning jilovini qo‘ying, ularni orqasidan qo‘yib, qorong‘i tushmasdan burun manzilga yetib olaylik. Hozir odamlarimiz turgan joygacha chamasi ikki chaqirim yo‘l qoldi», — dedi. Ular shahar darvozasida kutib turgan odamlar tomon ot choptirib ketishdi.
     Jahon mo‘ljaldan kechikib qolgani uchun xizmatkorlar tashvishlanib, bir necha kishini uni qidirishga yuborishgan ekan. Ular qizni topolmay qaytib kelgandan keyin, tashvishlariga tashvish qo‘shilibdi. Uning kelayotganini uzoqdan ko‘rib, bo‘y-basti va otining tusidan Jahonning o‘zi ekanini bilishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:42:44

     Sog‘-salomat yetib kelgandan keyin ko‘ngillari tinchib, qizni otdan tushirishdi, tayyorlab qo‘yilgan taomni oldiga keltirib qo‘yishdi. Hayzuronning taklifi bilan u go‘shtdan ozgina totigan bo‘ldi, ustidan shoshilib qimiz ichdi va ho‘l meva tanovul qildi. Shu payt xizmatkorlardan bittasi Hayzuronning yoniga kelib qulog‘iga nimalarnidir shivirlagan edi, uning rangi o‘chib ketdi. Buni ko‘rgan Jahon bir hodisa yuz berganini sezib, Hayzuronni chaqirdi va nima gap degandek, unga qaradi. — Akang Somon bu yerga kelib seni yo‘qlatibdi-da, darrov iziga qaytib ketibdi, — dedi Hayzuron.
— Hech narsa demabdimi?
— Yo‘q, hech narsa aytmabdi, — dedi-da, Hayzuron tiqilib qolayozgan og‘zidagi ovqatini yutishga urindi.
     Jahon Hayzuronga shivirlagan xodimning tusidan tashvishlanib: «Akam dadam to‘g‘risida kelganga o‘xshaydi, tinchlikmikin, u kishiga biror gap bo‘lmadimikin?» — deb so‘radi.
Hayzuron Jahonning buni darrov payqab olganidan jilla ham ajablanmadi, chunki kishilar ko‘nglidagini ko‘zlaridan uqib olish Jahonning odati edi. Hayzuron: «Urmuzdga* shukur, u kishiga hech gap bo‘lgani yo‘q, lekin sening kechikkaningdan bir oz xavotir olibdilar. Tezroq qaytsin, deb tayinlabdilar. Axir yangi yil kiray deb turibdi-da»,— dedi.
     Jahon irg‘ib o‘rnidan turdi-da, «hozir qaytishim kerak, ot-aravalarni tayyorlanglar», deb xizmatchilarga buyurdi. «Otam og‘ir tortib qolmasalar, menga kishi yuborib o‘tirmas edilar. Qani, chaqqon bo‘linglar, ketdik».
     Xizmatchilar ot-aravalarni allaqachon tayyorlab qo‘yishgandi. Jahon bilan Hayzuron otga minib, qolgan xizmatchilar ularning ketidan hokim saroyi tomon yo‘l olishdi. Jahonning fikri zikri u yerda, Zirg‘omni uchratishda edi.

_________
* U r m u z d — zardusht dinidagilar, ya’ni otashparastlar aqidasicha, ezgulik xudosi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:43:52

       HOKIM SAROYIDA

     Jahon hamrohlari bilan otasining saroyiga yetib kelganda qorong‘i tushgandi. Ularning bog‘chasida chirog‘lar porlab turibdi. Bog‘cha hokimning ziyoratiga kelgan kishilar, ular keltirgan hadyalar bilan liq to‘la. Jahonlar bog‘chasi xuddi bayram kunlaridagidek go‘zal manzara kasb etgan. Odatda bayram kezlari ularning yuzida shod-xurramlik to‘lib-toshar, tanbur-dutorlar beto‘xtov chalinib turardi. Ammo bugungi manzara bo‘lakcha. Tanbur-dutorlar keltirilganu, lekin hokimning og‘ir betobligi tufayli ularni chalish hech kimning ko‘ngliga sig‘masdi. Hammaning egnida ipakli bayram kiyimlari. Odamlarning bir qismi to‘p-to‘p bo‘lib, ba’zilari esa yakka-yakka bog‘chada va hokimning qasriga chiqadigan zinapoyalarda turishardi. Biroq hammaning chehrasida g‘amginlik, ular tik turgan holda bir-birlariga shivirlashardi. Bog‘cha darvozasi yonida xizmatkorlar ot-eshaklarga ortilgan kiyim-kechak, xushbo‘y narsalar va ho‘l mevalarni tushirib olish va saroyning ichkarisiga tashish bilan ovora.
     Jahonning aravasi saroy eshigiga kelib to‘xtashi bilan hamma yo‘lning ikki tomoniga o‘tib, o‘rta bo‘shab qoldi. Qizni ko‘rish bilan ular g‘am-g‘ussalarini unutishdi. Hamma Jahonni sevar, unda xayr-barakat bor deb ixlos qilardi. Aravadan tushishi bilan hammalari ovozlarini barala qo‘yib salom berishdi. Bu qiz otasining oldiga kirishi bilan hokimning dardi tarqab, shifo topadi, deb o‘ylashardi turganlar. Jahon hurmat bilan boshini egib, to‘planganlarning salomlariga javob qaytardi. Uning xushtavozeligidan salomi tabassumdek tuyulardi. Hayzuron Jahondan ilgari otidan tushib, uning yonida borardi. Odamlarning bari qizning hurmati uchun o‘rinlaridan turishadi. Jahon e’zoz-ikrom bilan odamlar orasidan asta-sekin yurib, bog‘chaga kirdi. U yerdan saroy yonidagi ayvonga chiqiladigan zinapoyaga ko‘tarildi. U bir tomondan, Zirg‘omni ko‘rarmikinman degan umidda bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Afshinga ko‘zim tushib qolmasa edi, degan xavotirda, odamlarga birma-bir ko‘z qirini tashlab o‘tardi.

Qayd etilgan