Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155135 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:41:24

Zirg‘om:
— Do‘stim Hammodda janob oliylariga ma’lum qilishi zarur bo‘lgan maxfiy gaplar bor agar ruxsat bersalar, aytmoqchi, — dedi.
Xalifa Hamodga qaradi:
— Gapir, lekin yolg‘on aralashtirishdan ehtiyot bo‘l!
    Hammod sarkardalar xalifani o‘ldirib, o‘rniga Abbosni o‘tqazish to‘g‘risida kelishib olganini va suiqasd qilganlarning nomini, shu jumladan, Shoh bin Ismoil Xurosoniyni, Horis as-Samarqandiy, Ujayf bin Anbasa va boshqalarni aytib berdi. Mu’tasim bu ishga shitob bilan kirishib, gumonsiragan kishilarini chaqirtirdi, ularni turli vositalar bilan tergov qildi. Ular qilmishlariga iqror bo‘lgandan keyin, hammasini o‘ldirtirdiki, bu o‘ldirtirish vositalarini batafsil bayon etishga hojat yo‘q. Ammo Abbosni Somurroga borguncha saqlab turdi va uni mal’un, deb atadi. Shundan keyin u Ma’munning bolalarini tutib, uy-uylarida umrbod qamoqqa hukm qildi. Vaqtida ogohlantirganliklari uchun Zirg‘om bilan Hammodni maqtab, ularga mukofotlar berdi.
    Afshin Vardon bilan Hammodning qilgan ishlarini ba’zi odamlardan eshitdi, lekin Somurroga yetib borguncha sabr qilib, u yerga borgandan keyin ularni ham, Zirg‘omni ham o‘xshatib xalifaga chaqmoqchi bo‘ldi. Qofila Somurroga yaqinlashganda Zirg‘omning yuragi duk-duk ura boshladi, chunki uzoq hijrondan keyin Jahon bilan ko‘rishadigan vaqt kelayotganini u bilardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:41:51

    * * *
    Jahon Vardon bilan Hammodning qo‘liga o‘tgandan keyin, azaliy orzulari yana jo‘sh urdi. Avvaliga ularning askarlari bilan hujum qilayotganini ko‘rib, «yana qanday baloga duchor bo‘lyapman», deb xudodan panoh tiladi va ulardan o‘zini mudofaa qilmoqchi bo‘ldi. Keyin birdan Vardonning tovushini eshitib qoldi. O‘sha tovushni xotini Haylona ham eshitib qoldi-da, ikkalasi uning tomoniga burilishdi. Tirikligidan umid uzib qo‘ygan Vardonning ovozini eshitgan Haylona qalbida paydo bo‘lgan sevinch va hayajonni aslo so‘ramang. Er-xotin bir-birlarini quchib, qadimiy va mangu muhabbat alomatlarini zohir etishardi. Shu payt Vardon Somonni ushlab, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qo‘yishni o‘z sheriklariga topshirdi-da, Jahonning yoniga bordi. Jahon unga qarab:
— Rostdan Vardonning o‘zimisan? — deb so‘radi.
Vardon:
— Ha, menman, sayidam, salomatlik va diydor ko‘rishish sizga muborak bo‘lsin? — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:42:09

Jahon to‘lqinlanib so‘radi:
— «Ko‘rishish», Zirg‘omim, u qaerda?
Vardon:
— U sog‘-salomat, bir necha kundan keyin keladi. Men sizning uning Somurrodagi hovlisiga eltib qo‘yaman, u yetib borguncha o‘sha yerda onasi yonida turasiz.
Jahon «bu tushimmi yo haqiqatmi» deb xayol surdi-da, Vardonning basharasiga yana bir tikilib qaradi va: «Zirg‘omim tirikmi?» dedi. Shu payt Jahon «Zirg‘om o‘lgan» deb xabar yetkazganlardan birinchisi bo‘lmish Somonni esladi. Somon esa otning orqasiga o‘ngarilib qo‘yilgancha yotardi. Jahon unga qaradi. Vardon bilan gaplashib turgan Jahonga qarab Somon: «Menga rahm-shafqat qil», deyotgandek tuyuldi. Lekin Jahon yuzini teskari o‘girdi-da, Vardon bilan apoq-chapoq bo‘lib, shodu xurramlikdan uchib ketay deb turgan Haylonaga qarab: «Vardonni sen ilgari ham tanirmiding?» — deb so‘radi.
— Axir bu o‘z erim bo‘ladi-ku.
— Menga aytgan pop ering shumi?
— Ha, xuddi o‘zi. Uni menga yetkazgan Ollohga shukur. Oshiqingning qarorgohiga yetganingdan g‘oyat mamnunman, muborak bo‘lsin, Jahon! — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:42:25

Vardondan Jahon: «Zirg‘om qaerda?» — deb yana so‘radi.
— Hozir Ammuriyyada, Somurroga jo‘naydigan bo‘lib turishibdi.
Shundan keyin ular ham. Somurro tomon yo‘l olishdi. Vardon o‘zida yo‘q xursand. Yo‘lda ular boshdan kechirgan mojarolarni bir-birlariga hikoya qilib borishardi. Vardon ham Zirg‘omning Mu’tasim oldida qozongan obro‘-martabasini maqtadi, uning nomini xalifa Sohib deb o‘zgartirganini va buning sabablarini Jahonga tushuntirib berdi. Bundan tashqari, u Hammod bilan Yoquta voqealarini va Yoqut Jahonning xuddi o‘ziga o‘xshashligini hikoya qildi.
Ular Somurroga yetgandan keyin Vardon darhol Somonni qamoqxonaga yubordi va uning boshlig‘iga: «Bu ayg‘oqchini qamab qo‘yishni Sohib buyurdi», deb ta’kidladi. Keyin u Jahon kelganini Oftobga xabar qildi. Jahon bilan Oftobning uchrashuvlaridagi holati kishi ko‘z o‘ngiga keltira olmaydi. Oftob Jahonni yonidan siljishga qo‘ymay, bag‘riga tortib, quchoqlab o‘pardi.
Yoquta ham Hammodni ko‘rgach, sevinganidan terisiga sig‘may ketdi. U Hammodning barhayotligidan xabardor edi, lekin Jahonni ko‘rib og‘zi ochilib qoldi. Yoquta bilan Jahonning bir-biridan ajratib bo‘lmaydigan darajada o‘xshashligidan u ko‘zguda o‘z aksini ko‘rayotgandek his qildi. Jahon ham Yoqutani ko‘rib hayratda qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:42:55

    Vardon Somurroda o‘z vazifasini tugatgandan keyin Ammuriyya tomon qaytishga otlandi. Hammod ham u bilan birga yo‘lga chiqdi.
    Somurroda  xalifa saroyidagilarning hammasi Zirg‘omning yo‘lini sabrsizlik bilan kutmoqda.
O‘n yetti kun o‘tgandan keyin «xalifa va uning askarlari sog‘-salomat g‘alaba bilan qaytib kelyapti», degan xushxabar tarqaldi. Somurro shahri bezatildi. Davlat arboblari va askarlar saf tortib ko‘chalarga bayroqlar osildi, kuylar chalindi, butun shahar shod-xurramlikka to‘ldi. Erkagu ayol tomosha qilish uchun yo‘lga chiqdi. Hamma shu marosim bilan band.
    Jahonga esa hech bir narsa ko‘rinmaydi, hech narsa eshitilmaydi. Xalifaning hamrohlari ichida Zirg‘om saroyga kirib kelayotganini ko‘rarmikanman, deb uning ikki ko‘zi saroy darvozasida. Lekin xalifa kirib kelgan vaqtda uning yonida hech kim ko‘rinmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:43:16

    Jahon hayajonlanib, ko‘yib-yonib turgan paytda hovlida yo‘tal ovozi eshitildi. Bu ovoz albatta Zirg‘omniki ekanini tushungan Jahonning a’zoyi badanini qaltiroq bosib ketdi. Uni kutib olish uchun oldiga yugurmoqchi bo‘ldi, lekin dag‘-dag‘ qaltirab, ikki oyog‘ini yerga bosa olmadi. Rangi quv o‘chib ketdi, lekin u tahammul qildi, o‘zini bosdi, dovyurakligini esladi-da hovli tomon yura boshladi. Zirg‘om ichkariga kirgandi. U Jahonning shoshilmay, o‘zini yo‘qotmay bemalol yurib kelayotganini ko‘rdi. Uning ko‘zlari minbarda turib kishilarni sajda qilishga da’at qilayotgan yoki muhabbat yo‘lida o‘zini fido qilishga chaqirayotgan voizning holatini eslatardi. Zirg‘om ta’zim qilib, Jahonga salom berdi. U o‘rnidan turib, quchoqlab ko‘rishishni istardi-yu, ammo bunday qilish uyat hisoblangani uchun botinmadi, oyoqqa turib, unga qo‘lini uzatdi. Jahon ham o‘z navbatida Zarg‘omga qo‘l berdi-da, bir olam ma’noli tabassum bilan ko‘z urishtirishdi. Keyin Zirg‘om:
— Farg‘ona kelini, xush kelibsan, necha oy, necha yillardan beri ko‘rishmadik. Mening ham safarim cho‘zilib ketdi. Lekin «oshiqlar yo‘li qisqadir» degan maqol bor,— dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:43:30

Jahon kulib javob berdi:
— Yo‘l noqulay, o‘r-qirlari ko‘p bo‘lgani uchun cho‘zilgandir-da, lekin shakar suvini qancha ko‘p qaynatsang, shuncha shirin bo‘ladi.
— Lekin u shakarning suvi qaynayverganidan qurib qolib kuyib ketarmikan deb qo‘rqqan edim, — dedi.
— Men ko‘z yoshlarim bilan uni ho‘llab turmaganimda, kuyib ketishiga sal qolgandi, — deb ikki ko‘zini ochgandi, unda ikkita durdona paydo bo‘ldi. Shu ko‘zlari bilan bir qaragan edi, Zirg‘omning ko‘ksiga o‘q qadalgandek bo‘ldi. Zirg‘om hushidan ketayozib.
— Shunday yoshlar bo‘la turib, shakarning kuyib qolishidan qo‘rqarmiding? — dedi.
— Lekin qayg‘u yoshi bilan shodlik yoshi orasida osmon bilan yercha farq bor, mayli, xudoga shukur, hammasini ham ko‘rdim.
Hamon o‘z qo‘lida turgan Jahonning qo‘lini siqib, o‘sha yerdagi kursi tomon uni boshladi. Uning ikki ko‘ziga tikilib turib so‘radi;
— Sen hozir Ollohga shukur aytyapsan. Ilgari bo‘lsa, unga emas, Urmuzdga* shukur aytarding. Bu o‘zgarish qachon yuz berdi?
Jahon Zirg‘om bilan birga yurib kelib, butun dunyoni unutgan holda ikkalasi yuzma-yuz o‘tirdi-da, gap bosh-ladi:
— Bir vaqtlar ahvolim o‘zgarib, ko‘nglim boshqa yoqqa ketdi, o‘z shuurimga ega bo‘lolmay qoldim, Zirg‘om nimani istasa, men shunga tayyorman degan qarorga keldim. Seni qiziqtirayotgan bu o‘zgarish o‘sha kundan boshlab yuz bergandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:43:56

    Umidsizlik vujudimni kurshab olgan kunlarimga achinaman. Akam Somonni, boshqa odamlarni «Zirg‘omdan xabar bilib kelinglar», deb Somurroga yuborganimda, ular «Yo‘q, ekan», hatto ba’zilari: «O‘lgan ekan», deb qaytib kelishgan kundagi umidsizliklarim uchun achinaman. Qancha noxushlik, qancha falokat keltirgan o‘sha kunlar hech kimning boshiga tushmasin! Ammo hozir ularning hammasi unut bo‘ladi — ko‘rmagandekman. Endi dunyoda mendan baxtliroq kishi bo‘lmasa kerak, men Farg‘onada — sizning yoningizda bo‘lgan kunlarimdan ham baxtliroqman. U kunlari men baxtsizlik nimaligini bilmay, ko‘r-ko‘rona baxtli bo‘lgandim. Uchrashuv nimaligini bilmay turib, muhabbat to‘lqini bilan otilib, sizga yaqin bo‘lishdan lazzatlanardim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:44:42

    Ammo bugun bilsam, baxt-saodatning qadri shu baxt yo‘lida chekilgan azob-uqubatga qarab ziyoda bo‘larkan. Farg‘onada siz bilan birga o‘tkazgan kunlarimda shuni bilgan bo‘lsam, sizga yetishishdan oldin muhabbat yo‘lida bir qancha qiyinchiliklarni boshdan kechirishni o‘zimga lozim ko‘rgan bo‘lardim, albatta, — dedi. Shu gaplarini gapirarkan, unda muhabbat zavqi g‘alaba qilib o‘zini, ayollik izzat-nafsini unutib qo‘ygandi. Uning yuzidagi tarovatga, ko‘zidagi sehrga mahliyo bo‘lib qolgan. Zirg‘om sevgilisining gaplari mag‘zini chaqolmadi. Jahon gapini tugatdi. Ammo Zirg‘om unga quloq solayotgandek, hamon tikilib turardi. Keyin u  o‘zini tutib oldi, xayoli boshqa yoqda bo‘lganidan, gap nima ustida borayotgannii ham unutganidan xijolat bo‘ldi-da:
— Bu judolik vaqtlarida boshingdan o‘tgan voqealarni eshitishga juda qiziqaman. Ularning ba’zisini boshqalardan eshitgan bo‘lsam ham, o‘z og‘zingdan eshitishim uchun boshqa gap edi,— dedi. — Sen ham mening boshimdan nimalar kechganidan xabardor bo‘lishni istasang kerak, albatta. Gaplarimiz ko‘p, bafurja gaplasharmiz. Umrim bo‘yi senga tikilib o‘tirsam ham, tikilishdan to‘ymayman, ey guluzorim, ey obi hayotim! Muhabbat lazzati shu muhabbat yo‘lida chekiladigan azob-uqubatga qarab ziyoda bo‘ladi, deganing to‘g‘ri. Ammo sen bilan mening muhabbatimiz ziyodalikni qabul qilmasa kerak, lekin mashaqqat, azob-uqubat bilan yana ham musaffo bo‘ladi, desang, bu fikringga qo‘shilaman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:44:57

Jahon o‘rnidan turib:
— To‘g‘ri aytdingiz, ikkimizning visol damlaridan oladigan lazzatimizning nihoyasi yo‘q, — dedi.
— «Onangizni ko‘rdingizmi?» — deb so‘radi Jahon. «Yo‘q, hali u kishini ko‘rganim yo‘q», — javob berdi Zirg‘om.
Jahon:
— Sizga qanday yaxshi, shunaqa mehribon onangiz bor, u kishi sizni bag‘riga bosib, bo‘ylaringizni hidlashni juda ham sog‘inganlar, — dedi.
 Jahon bilan Zirg‘om  hovli tomonga chiqishdi. Hovlida turgan ona ularni sezdi. Zirg‘om yugurib borib, uning qo‘lini o‘pdi, ona ham bag‘riga bosib o‘pdi, peshonasini siladi. Shu yerda tikka turgan Yoqutani ko‘rsatib, Jahon Zirg‘omga:
— Men yo‘qlik vaqtimda Yoquta bilan hamsuhbat bo‘lib tursangiz arzimasmidi? — dedi.
Zirg‘om: — U bilan ba’zan suhbatlashib turdik, ammo ko‘p vaqtlari siqilardim ham. Ikkalangizdagi shu o‘xshashlik seni menga topib berdi. Buni keyin senga gapirib beraman, — dedi. Oshiq-ma’shuq shunday suhbatlar bilan uyda bir necha soatni o‘tkazishdi. Keyin ovqat tayyor bo‘lib, uni yeyishga o‘tirishdi. Shu vaqtda Oftob o‘g‘liga qarab: — Endi to‘yni boshlab yuboradigan vaqting keldi, o‘g‘lim, — dedi.

Qayd etilgan