Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155037 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:45:10

Zirg‘om javob berdi:
— To‘g‘ri, oyi, xudo xohlasa ertaga boshlaymiz.
Ular hali ovqatni yeb, dasturxon yig‘ishtirilgani ham yo‘q ediki, saroy g‘ulomlaridan biri kelib, Zirg‘omni xalifa yo‘qlatayotganini aytdi. Zirg‘om o‘rnidan turib, kiyimlarini kiydi-da, chiqib ketdi. U umumiy qabulxonaga yaqinlashganda, darvoza yonida turgan ushrusanalik bir qancha yigitlarni ko‘rib, Afshinning shu yerdaligini payqadi. Ichkariga kirib, majlisning to‘rida, o‘z taxtida o‘tirgan xalifaga, uning yonida kursida o‘tirgan Afshinga ko‘zi tushdi. Vardon bilan Hammod katta xonning bir chekkasida tikka turishardi. U salom bergach, xalifa unga «o‘tir» ishoratini qildi. U o‘zini tushunmaganga solib:
— Oliy hazratlari ruxsat bersalar, bir og‘iz gap gapirsam, — dedi.
Xalifa:
— Mayli, gapir, — dedi.
Zirg‘om Vardonni ko‘rsatib: «Hazrati oliylariga Armanistonning katta poplaridan biri bo‘lgan Vardonni tanitmoqchiman. Bazz, va Ammuriyya muhorabasida askarlarimiz safida yaxshi ish ko‘rsatdi», — dedi.
Xalifa ham, Afshin ham uning gapidan hayron bo‘lib qolishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:45:28

Xalifa:
— Bu sening xodiming Vardon emasmi? — deya so‘radi. Zirg‘om:
— Uning tag-tugini surishtirmay, xodim deb yurgan edim. Keyin bilsam, ulug‘ kishi ekan. Mening huzurimda bir qancha xizmatlari bo‘ldiki, undan musulmon askarlariga ko‘p manfaat keldi. Hazrati oliylari ruxsat bersalar, u o‘tirsa, — dedi.
— Lekin uni sud majlisiga, seni guvoh tariqasida chaqirtirganman.
— Hazrati oliylariga itoat etib, shohidlik vazifamni ado etaman — dedi-da o‘tirib gapga quloq soldi.
Xalifa:
— Bosh sarkardamiz Afshinning gapicha, Vardon bilan Hammod uning askarlariga taaddi etib, qo‘llaridan ikki asir ayolni tortib olgan emish. «Biz u masalani Somurroga qaytib borganimizdan keyin hal etamiz», degan buyrug‘imizga ular bo‘ysunishmagan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:45:41

Zirg‘om:
— Shunday qilishgan, hazrati oliylari! Agar bu ishni gunoh deb hisoblasalar, u gunoh mening bo‘ynimda, sababki, uni men tufayli qilishgan, unga men javobgarman. Qanday ish bo‘lgan bo‘lsa ham Hammodni hazrati oliylari afv etgan edilar. U o‘zlarining va’dalariga muyassar bo‘lmoq uchun Somurroga kelgan. Boshqa kishining gunohi tufayli u jazoga mustahiq etilmasa kerak.
Mu’tasim o‘zi unutgan bir narsani xayoliga keltirayotgandek chakkasini qashidi-da:
— To‘g‘ri aytding, Hammod muhtaram va ko‘p yaxshilik qilgan kishi, o‘ziga munosib yaxshilik qaytaramiz. Istasa, hozir qora kursidan turib, chiqib ketishi mumkin, — dedi.
Hammod qulluq qilib, chiqib ketdi. Majlisda Vardon, Zirg‘om va Afshin qoldi. Keyin xalifa Zirg‘omga xitob qildi.
— Sen Vardon xususida o‘ziga munosib gapni aytding, lekin u o‘sha ikki asir ayol to‘g‘risida bizning farmonimizga zid ish qildi. Biz Ammuriyyadalik vaqtimizda bu ikki ayolning ishini Somurroga qaytib borgach, hal qilamiz degan edik. Vardon shu farmonga rioya qilishi kerak edi. O‘sha ikki asir ayol bu yerga keltirilsin!

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:45:59

Zirg‘om:
— U ikki asir ayolning biri mening ma’shuqam bo‘lsa, ikkinchisi buning jufti haloli bo‘ladi. Mening ma’shuqam menga tegishi ustida hazrati oliylarining buyruqlari bo‘lgandi, popning xotini hozir mening hovlimda, janob Afshin uning uchun qayg‘urmasalar ham bo‘ladi, — dedi.
Afshin g‘azabidan ko‘zlarini katta ochib:
— Birinchidan, ikkala ayol ustida ham hazrati oliyning farmonlariga rioya qilinishi, menimcha, zarur edi. Mening ma’shuqam deyayotganing Jahon bo‘lsa, uning ustida alohida gaplashamiz, otasining vasiyatiga muvofiq uning ixtiyori menda.
Shu payt Vardon o‘rnidan turib, gapirishga ruxsat so‘radi-da, xalifaga xitoban:
— Bu kishi Jahonga vasiy bo‘lganligi haqida hazrati oliylariga rasmiy hujjat taqdim etganmi? — deb so‘radi.
Mu’tasim Vardonning gapidan ko‘zi ochilib, Afshinga qaradi: — Vasiyatnoma qaerda?
— U menda, men yolg‘onchimidim?
— Shariat bo‘yicha, hukm chiqarishdan oldin vasiyatnomani ko‘rish talab qilinadi, uni yashirishning sizga nima zarurati bor?

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:46:29

    Afshinning basharasida g‘alati bir holat yuz berib, avval gapni boshqa yoqqa chalg‘itmoqchi bo‘ldi, keyin o‘zini g‘azablangan ko‘rsatib:
— Shunday ishda bosh sarkarda yolg‘onchi bo‘lib, bir qulvachchaning gapi rost bo‘ladigan bo‘lsa, oxirzamon bo‘libdi-da! — dedi.
Vardon:
— Men bu kishining vasiyligini inkor qilmayman, lekin xalifa janoblari Ushrusana podshosi qanday odamligini bilib qo‘yishlari uchun o‘sha vasiyatnomaning aslidan xabardor bo‘lsalar, yaxshi bo‘larmikin, deb o‘ylayman, — dedi.
Afshin fig‘oni falakka chiqib, o‘zini unutib qo‘ygandek:
— Xalifa huzurlarida musulmon askarlarining bosh sarkardasiga shunday muomala qilinadimi? Faraz etaylik, vasiyatnoma yo‘qolgan, o‘g‘irlangan yoki kuyib ketgan bo‘lsin. Shu bilan men aybdoru, yolg‘onchi hisoblanishim kerakmi? Bu odam vasiyligimga o‘z tili bilan iqror bo‘lyapti, bas shunday ekan, vasiyatnomani ko‘rsatishimdan nima foyda?
Vardon sipolik bilan dedi:
— Janob sarkarda, jahlingiz chiqmasin, biz xalifa huzurlarida sud majlisida o‘tiribmiz. Sud sizdan shu vasiyatnomani o‘qib berishingizni talab qiladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:47:08

Afshinning qattiqroq jahli chiqdi:
— Vasiyatnoma yo‘qolgan, uning iborati yodimda yo‘q.
Vardon:
— Iborati mening yodimda, agar hazrati oliylari ruxsat bersalar, huzurlarida uning iboratidan ba’zisini o‘qib, bersam, — dedi.
Xalifa:
— Mayli, esingda borini aytib ber, — dedi.
Vardon:
— Vasiyatnoma xudo nomi bilan emas, zardushtlar xudo deb e’tiqod qiladigan «Urmuzd» nomi bilan boshlanib, unga shariat qozisi o‘rnida majusiylar kohini guvoh bo‘lgan. Shunday emasmi, islom askarlarining sarkardasi! Mana shuning o‘zi bu zotning kimliklarini bilib olish uchun hazrat oliylariga yetarli dalil bo‘lsa kerak.
Afshin yana g‘azablandi. Vardon uni tahqirlamoqchi va sharmandasini chiqarmoqchi bo‘layotganini payqadi. U bilan nojo‘ya o‘chakishgani uchun achindi-yu, lekin o‘zini bardam tutib, dedi:
— Xo‘sh, bunda ta’na qilishga arziydigan nima bor? Vasiyat qilgan kishi o‘zi zardusht dinida bo‘lgani uchun o‘z dini va mamlakatining urf-odati bo‘yicha yozgan. Gapingga qaraganda, meni zardushtlikka nisbat bermoqchisan. Bu sening haddan tashqari yuzsizliging!

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:47:25

Vardon Afshinga murojaat qildi:
— Hazrat oliylari ruxsat bersalar, men bilgan gapimni aytib bersam.
Xalifa:
— Sen o‘zingni himoya qilyapsan, bunga yordam beradigan har qanday gapni aytishga haqlisan, — dedi.
Vardon Afshinga murojaat qildi:
— Men sizni zardushtlikka nisbat beribgina qolmay, zardushtiysiz, hozirgacha Urmuzdga topinib yurasiz, deb barala ayta olaman. Bundan tashqari, islomni himoya qilaman degan niqob ostida mol-mulk jamg‘arishni o‘zingizga asosiy kasb qilib olgansiz. Qo‘lingizdan kelsa, musulmonlar davlatini chilparchin qilishga urinasiz. Mana, Farg‘onadagi otashxona bu gapimning dalilidir.
Vardon shunday degandan keyin Afshin masala chuqurlishib ketayotganini ko‘rib, bu yig‘inning o‘zida uning hal bo‘lmasligini payqadi-da, keyinga qoldirmoqchi bo‘lib, dedi:
— Sening gaplaring hozirgi yig‘inimiz mavzuidan chiqib ketdi. Biz hozir ikki asir ayolning yashirin ravishda olib ketilganligi masalasini qarayapmiz.
Gapga Zirg‘om aralashdi:
— Bu masalada men aybdorman, deb hazrati oliylariga aytdim, chunki ularning bittasi mening ma’shuqam, u hozir o‘z hovlimda...

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:47:49

Xalifa gapini bo‘ldi:
— Uni jufti halollikka olishingga biz e’tiroz bildirayotganimiz yo‘q, bildirmay, olib qochib ketgani uchun Vardonni ayblayapmiz.
Vardon javob berdi:
— Afshin janoblari «lozim bo‘lib qolgan taqdirda musulmonlar davlatini ag‘darishda darkor bo‘lar» deb har yili ularning qanchadan-qancha mol-dunyosini o‘z mamlakatlari Ushrusanaga yuborib turadilar. Jahonni ham «olib borib o‘sha mollarga qo‘shib qo‘yilsin» deb farmon berganlarini bilib, uni olib qochdim.
    Xalifa Afshinga o‘girildi. Uning ko‘ksida selkillab turgan soqoli va qaltirab turgan muzdek qo‘l-oyoqlariga qaradi-da:
— Bu ayblar juda katta ekan, ularni rad qila olmaydiganga o‘xshaysiz, — dedi.
Afshin o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi:
— Bu gaplarning hammasi yolg‘on. O‘tirishning davomini ertaga qoldirsak! Shunda uning sarasi sarakka, puchagi puchakka ajraladi.
Vardon rozi bo‘ldi:
— Mayli, majlisni xoh ertaga, xoh undan keyinga qoldirilsa ham zarari yo‘q, lekin aybdorning Somurrodan ketmay turishiga sud oldida kim kafil bo‘la oladi?
Xalifa:
— Bu kishi shu yerda — saroyda turadi, — dedi-da, soqchilar boshlig‘iga «buning qurol-yarog‘ini va kiyimlarini yechintirib ol, qochib ketmasi, poylab tur», — deb buyurdi. Afshin pushaymon yeb o‘rnidan turdi-yu, lekin hamon karamdimog‘lik va zarda bilan xalifa oldidan chiqdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:48:13

    Afshindan keyin xalifa Vardonni ham chiqarib, yuborib, Zirg‘omni olib qoldi. Keyin xalifa bir xo‘rsindi-da, zirg‘omga qarab: — Badbaxt zardushtlar! Davlatimizga sherik bo‘ladi-yu, yo‘limizga g‘ov soladi. Olloh bizga ularning qilichidan foydalanishga, makrlarini esa o‘zlariga qaytarishga yordam berdi. Xo‘sh, Sohib, bu ishda qanday fikr berasan? — deb so‘radi.
Zirg‘om javob qildi:
— Ularning ko‘nglidagi buzuqlik hazrati oliylariga ma’lum. Ularning o‘zidan ham, makrlaridan ham ko‘p zamonlardan buyon nolib yurgandilar.
Xalifa gapida davom etdi:
— Do‘sting Vardonning gaplari bizga sir emasdi. Chunki Xurosondagi omilimizdan maktub olib turamiz. Bu maktublarda u Afshinning o‘z mamlakatiga juda ko‘p mol-dunyo yuborib turishi haqida shikoyat yozardi. Ammo biz sabr qilib kelardik.
    Ko‘p odamlar uni zardushtligi hamda Tabariston podshosi Moziyor va Bobak bilan bizga qarshi muhoraba qilishga ittifoq tuzganligi haqida maktub yo‘llardi. Bundan qozi Ahmad va vazirlarimiz Muhammad bin Abdulmalik Zayyot va boshqalar xabardor. Bizga xiyonat qilishda Afshin bilan ittifoqlashgan Tabariston podshosi Moziyorni, Sug‘d podshosi Marzubonni, bir zardusht ruhoniyni va Ushrusanada masjid bino qilgani uchun Afshinning qiynoviga uchragan ikki musulmonni olib kelishga kishi yuborganmiz. Men yaqinda majlis chaqiraman. Unga o‘sha kishilar qatnashadi. Barcha maxfiy sirlarni shu majlisda ochib tashlaymiz va aybdorlarni o‘z aybiga yarasha jazolaymiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:48:35

    Tez orada Mu’tasim majlis chaqirdi, unda o‘sha kishilar qatnashdi. Unga Zirg‘om bilan Vardon ham da’vat etildi. Hamma yig‘ilgach, Afshin qamoqxonasidan chiqarilib majlisga olib kelindi. Vazir Abdulmalik soqchilik vazifasini olib bordi. Kaltak yegan va badanida eti qolmagan ikki kishi keltirilib, orqalari ochildi va xalifa Afshinga qarab:
— Bularni taniysizmi? — deb so‘radi.
Afshin javob qildi:
— Ha, taniyman, bu kishi so‘fi, bunisi imom. Bular Ushrusanada masjid qurgani uchun har birini ming qamchi urganman. Chunki Sug‘d podshosi bilan oramizda har bir millatni o‘z dinida qoldirish, unga daxl qilmaslik to‘g‘risida shartnoma bor. Bu ikkalasi Ushrusanadagi bir otashxonaga taaddi qilib, ichidagilarni chiqarib tashlab, o‘rniga masjid bino qilishgan. Shuning uchun bularni o‘rgan-   man.
Qoralovchi savol berdi:
— Sizda oltin, javohirlar bilan bezalgan bir kitob bor, ichida kufr so‘zlari ham yozilgan. Shu kitobni qaerdan olgansiz?
Afshin:
— U kitob menga otamdan qolgan, unda ajamlar* adabiyoti kufrlari ham bor. Men undan adablarini olib, kufrlarini tashlayman. U shunday ziynatlangan ekan, o‘z holicha qoldirdim. Menimcha, bu islomdan chiqaradigan bir ish bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman.

Qayd etilgan