Somon yomg‘irda qolgan mushukdek shumshayib kirib keldi-da, jazolanishdan qo‘rqayotgan gunohkordek tikka turdi. O‘z qilmishlarini o‘ylab, rang-ro‘yidan ajragani yetmagandek, aft-basharasi ham tirnalgan, kiyim-boshlari yirtilib, ozib-to‘zib ketgan edi. Hovli o‘rtasiga kelib to‘xtagach, bo‘ynini egib, o‘tirganlarga ko‘zini javdiratib qaradi. U Yoqutani ko‘rdi-yu, ahvoli o‘zgarib, bir xil bo‘lib ketdi. Keyin Jahonga ko‘zi tushdi-da, xo‘rligi kelib, yig‘lab yuborguday bo‘ldi. Jahon Somonni shunday ayanchli holatda ko‘rib, o‘ziga qancha jabru jafolar qilganiga qaramay, rahmi keldi — yig‘lab yubordi. O‘tirganlarning hammasi unga achindi. Ammo Vardonning ko‘ngli mutlaqo yumshamadi. O‘tirganlar ruxsati bilan birinchi bo‘lib Vardon so‘zladi:
— Somon! Qo‘rqma, bironta gunohing uchun seni sud qilishga chaqirganimiz yo‘q, o‘zing bo‘laringcha bo‘psan. Sud qilganimiz bilan ham aybingga loyiq jazo topa olmaymiz, odamlarga munosabatda sening qarorsizliging qiziqtiradi. Bir qarasak, seni otang merosidan mahrum qilgani uchun Afshindan xafa bo‘lib, unga qarshi Sohibdan yordam izlayapsan, keyin birdan Sohibga qarshi bo‘lib qolib, Afshindan madad so‘rayapsan. Yana sal fursat o‘tmay, Afshin bilan teskari bo‘lib qolasan-da, yordam so‘rab Sohibga murojaat qilasan. Xullas, sening kimga do‘st, kimga dushmanligingni hech kim bilmaydi. Eng katta jumboq — axloq tomondan ham, husn-aqldan ham farishtalarga o‘xshagan shu singlingga xiyonat qilganing. U birovning xasmi bo‘lsa, o‘z sevgilisi yashayotgan yerga qochib ketishda senga ishonsa, akam deb suyansa-yu, sen shunga qaramay, dunyodagi eng buzuq kishiga uni ro‘baro‘ qilgansan. Singlingning xiyonatkorona qo‘lga tushurilib, buzuqlik sardori bo‘lgan o‘sha la’natiga majburan eltib berilishiga rozi bo‘lgansan. Uni Somurroga olib borganingda, u la’natidan oladigan mukofotdan ko‘ra yaxshiroq mukofotga ega bo‘lgan bo‘larding-ku axir. Baribir Bobakdan mukofot emas, sharmandalik, rasvolik topding, unga avval yordam berib, keyin xiyonat qilding, istehkomlarining sirini dushmanlariga ochib berding. Singlingga va uning sevgilisiga yoqmaydigan ishlarda Afshin bilan til biriktirding. Odamlar orasida ko‘p yomonlarini ko‘rdim, ular o‘zlariga ham, boshqalarga ham ayon bo‘lgan bir maqsad yo‘lida senikidan badtarroq ishlarni qiladilar. Ammo senda ma’lum bir maqsad borligini bilmadim.