Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155206 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 B


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:59:03

    Somon ko‘z yoshini artib turib: — Men o‘n yoshlarda, bu opang esa to‘rt yoshdalik vaqtimizda ancha esimni tanib qolgan bola edim. Dadam bilan oyim buni juda sevib erkalatishar, menga esa unday qilishmasdi. Mening rashkim kelib, singlimni yomon ko‘radigan bo‘lib qoldim. Otamdan pul so‘raganimda menga bermasdan, bunga pulni ham, boshqa narsalarni ham beraverganlari menga qattiq alam qildi. Bir kun odamlar ko‘chalarda yurib kichkina bolalarni sotib olisharmish deb eshitib qoldim-da, singlimning murabbiyasi ko‘zini shamg‘alat qilib, uni bog‘cha tomonga aldab olib chiqdimda, o‘shalarga ikki oltinga sotdim. Ular buni olib ketishdi, men esa uyga qaytib kelaverdim. Shahrizod qani deb so‘rashganda, bilmayman, ot olib qochib ketdi, deb javob qildim. Dadam ishonmadilar. Keyin uni men sotib yuborganimni eshitib, ko‘p qidirtirdilar, baribir foyda chiqmadi. Shundan keyin otam meni yomon ko‘rib, endi senga hech narsa bermayman deb ta’kidlab qo‘ydilar. Shundan buyon hamma menga dushmanu, hamma xatti-harakatlar mendan o‘ch olish, menga zarar yetkazish uchun qilinayotgandek tuyulib, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham mablag‘ to‘plab, ulardan o‘zimni himoya qilishim kerak, degan fikrga o‘tib oldim. Shu yo‘lda birinchi qilgan harakatim otam betob bo‘lib yotgan chog‘larida vasiyatnoma yozdirishlarini to‘xtatish bo‘ldi, lekin uni eplay olmadim. Bunday uddaburoligimni tuzataman, deb undan battarroq falokatga uchradim. Xullas, nima ish qilmayin, hammasi men xohlaganning  teskarisi bo‘lib chiqaverdi. Mana, bir necha kundan beri qamoqda yotib, endi ko‘zim ochildi — haqiqatni angladim,— dedi-da, qattiq bir oh tortdi. Rangi badtarroq o‘chib, butun a’zoyi badani qaltirab: — Boshimdan o‘tgan hamma sirlarimni ochiq aytib berganimdan keyin menga rahm-shafqat qilmoqchi ham bo‘lib qolarsizlar, yo‘q, men sizdan gunohlarimni kechirishlaringizni  so‘ramayman, chunki butun hayotni rasvolik, buzuqlik bilan o‘tkazgan mendek odamning jazosi o‘limdir, — dedi-da, yonidan xanjarini olib ko‘kragiga bir sanchdi-yu, qora qoniga belanib, yerga yiqildi. Hamma yoq shovqin-suron bo‘lib ketdi, ayollar bu qo‘rqinch manzaradan chetga qochishdi. Somon oldingi qilmishlariga astoydil tavba qilganiga qat’iy ishonganlari uchun, uning o‘lib ketganiga achinishdi, ko‘mish marosimi tashkil etishdi. Uning o‘limi hammadan ko‘ra ko‘proq Jahonga qattiq ta’sir qildi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 17:59:25

     «Jahon bilan Yoquta ikkalasi opa-singil ekan», — degan gap hammaning og‘ziga tushdi — tillarda afsona bo‘ldi. Ikkalasi otadan qolgan merosni bo‘lashib oldi. Hammod bilan Zirg‘om xalifa qoshida katta obro‘ga ega bo‘lib bir-biriga boja bo‘lishdi va istagan maqsadlariga erishishdi. Lekin Zirg‘om o‘ylagan bir narsa hamon yechilmay, ko‘nglining bir chekkasini xira qilib turardi. Zirg‘om o‘shani bilishni istab, bir kun onasi yoniga o‘tirdi-da:
— Mening haqiqiy nasl-nasabimni aytib beradigan vaqt hali ham kelmadimi? Xudoning menga qilgan shuncha marhamatlarini ko‘rib turib, uni aytib bera qolmay, yana nimani kutib turibsiz? — dedi.
Oftob keyinga siltashga urindi:
— Men hech narsani kutayotganim yo‘q. Lekin sen hali o‘zingga munosib o‘ringa erishganing yo‘q.
— Ya’ni otam mendan ko‘ra ulug‘roq, martabalari balandroq kishi edi, demoqchimisiz?
— Ha, albatta.
— Unday bo‘lsa, u kishi bosh sarkarda yoki vazir bo‘lgan ekanlar-da? Shunday bo‘lsa, u kishining ishlari odamlardan maxfiy qolmasligi kerak edi-ku.
— Dadang sen aytayotgan shaxslardan ham yuqori edi.
Zirg‘om hayron bo‘lib: — Bo‘lmasa, Payg‘ambar yoki hazrati Ali avlodidan ekanlar-da, — dedi.
— Ularning a’yonlaridan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:00:00

    Zirg‘om boshini yerga egib, onasi kimni aytmoqchi bo‘layotganini o‘ylab qoldi. Endi otasining xalifa bo‘lganiga shubhasi qolmadi. «Demak, otam xalifa bo‘lgan ekanlar-da»,— deb so‘rmoqchi bo‘ldi-yu, lekin uyalib so‘ramadi va indamay turib qoldi. Onasi esa hamon uning so‘rashini kutardi. Zirg‘om so‘ramay jim turavergandan keyin, Oftob:
— Savolingni nega oxiriga yetkazmayotibsan? — dedi.
— Ko‘nglimdagini aytishdan uyalyapman.
— Uyalma, xalifamidilar demoqchi bo‘lsang, to‘g‘ri topgan bo‘lasan. Dadang xuddi xalifa edilar.
Zirg‘om hayajon ichida:
— Otam xalifa? U nima deganingiz? Mu’tasim yoshda menga yaqin, u otam bo‘lishi albatta mumkin emas. Ma’mun ham, Amin ham menga ota bo‘lganligi amri mahol, — dedi.
— Ular sening aka-ukalaring bo‘ladi.
Zirg‘om yana hayron bo‘ldi:
— Demak, meni Horun ar-Rashidning o‘g‘li bo‘lamanmi?
— Ha, o‘g‘lim, xuddi shunday, uzoq yillar o‘tgandan keyin bu haqiqatni birinchi marta gapirishim.
— Dunyoda buni biladigan sizdan boshqa odam ham bormi?
— Yo‘q.
— Bu sirni shuncha vaqtdan buyon bekitib yurishning ma’nisi nima?  Odamlar xalifalarning o‘ziga emas, hatto ularning dumlariga mansub bo‘lsa qancha maqtanishadi-ku?

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:00:22

— Buning bir sababi bor, aytib bersam, to‘g‘ri ekan, deb aqling ishonadi. Men Bag‘dodda Horun ar-Rashid saroyidagi cho‘rilardan bittasi edim. U meni yaxshi ko‘rardi. Bir kechasi u singlisi Abbosani, uning eri Ja’far Barmakiyni va o‘g‘illari Husayn va Hasaynlarni yo‘q qildi. Buni g‘oyat sir tutganidan, uni ijro qilishda foydalangan hamma odamlarni ham o‘ldirib yubordi. Qasrdagilarning hammasi bo‘layotgan voqeani olisdan ko‘rib turgan bo‘lsa ham, birortasi o‘z xonasidan chiqishga botina olmadi. Ammo men o‘sha vaqtda yosh bo‘lganim uchun uni ko‘rish va eshitishni o‘zimga ma’qulladim-da, bir yerga borib biqinib turib, Horun ar-Rashid o‘z singlisi va boshqalar to‘g‘risida ayoli Zubayda bilan gaplashganini eshitdim. Shu biqingan joyimda meni ham hech kim ko‘rmaydi deb o‘ylagandim. Qarasam, Zubayda Horunga xitob qilib: «Cho‘rilaringiz gapimizni eshitayotgan ekan», — deb meni ko‘rsatib berdi. Shunda men endi albatta qatl qilinaman, deb o‘zimni o‘limga hukm qilib qo‘ydim, yuragim qinidan chiqib, dag‘-dag‘ titraganimdan oyoqqa tura olmay qolmadim. Horun jahl bilan Masrurni chaqirib: «Kim u, hozir bu yerga olib kel!» deb buyurdi. Menga ko‘zi tushgach, Horun achindi, chunki ayg‘oqchilarga xos ish qilganim uchun u albatta meni o‘ldirishi kerak. U har qancha qattiqqo‘l kishi bo‘lsa ham, kishi bo‘lsa ham, ko‘z yoshimni ko‘rib bo‘shashdi. Bir nafas yerga qarab turdi-da, — Habiba, o‘zingni-o‘zing o‘limga tashlading-da, — dedi. Horun meni Habiba deb atar edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:00:45

    Men uning oyog‘i ostiga tashlandim, yig‘ladim, hatto ko‘z yoshim uning oyoqlarini ho‘l qilib yubordi. Shu vaqtda men  senga senga homilador edim. «Yoshligimga, qornimdagi bolangizga rahmingiz kelsin, shafqat qiling», deb yalindim, yolvordim.
    Horun ozgina jim turdi, so‘ng o‘z shaxtidan qaytib: «Mayli, bir qoshiq qoningdan kechdim, lekin bundan keyin seni ko‘rishga va nomingni eshitishga toqatim yo‘q», — dedi-da, Masrurni chaqirib: «Hozir buning zod-rohilasini tayyorlab, o‘zi istagan yurtiga jo‘natib yubor», — deb farmon berdi. Men, «Farg‘onaga boraman», dedim, chunki avvaldan u yer menga tanish edi.
    Horun meni yonidan chiqarib yubordi. Shu qop-qorong‘i kechada Masrur bilan Bag‘doddan tashqariga chiqdim. U bir necha yilga yetadigan mol-holni tuyamga yuklab berdi-da, xayrlashib, o‘zi qaytib ketdi. Yo‘lda ko‘p yurdim, orada seni tug‘ib ham oldim. Oxiri Farg‘onaga eson-omon yetib kelib, hokim va uning oilalari bilan tanishdim. Ko‘p odamlar menga sovchi yuborishdi, erga tegishni xohlamay seni tarbiyat qilish bilan mashg‘ul bo‘ldim. Ammo sirimni hech kimga boy bermadim, uni hammadan pinhon saqladim. Sen katta bo‘lib aql-hushingni taniganingdan keyin «Bag‘dodga boramiz», deb meni qistading, men esa unamay, galga solib yurdim. Horun ar-Rashid ham, xotini Zubayda ham dunyodan o‘tgandan keyingina bu yerga — Bag‘dodga kelishim mumkin bo‘lib, sen bilan safar qilishga rozilik berdim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:01:07

Oftob boshidan o‘tganlarini gapirib bo‘lgach, Zirg‘om:
— Demak, men Mu’tasimning ukasi ekanman-da, — dedi.
— Ha, uning ukasisan, u buni bilib qolsa, seni yana ham o‘ziga yaqinroq tortadi, martabangni bundan ham oshi-radi.
Zirg‘om «kerak emas» degandek boshini silkib dedi:
— Yo‘q, oyi! Bu sir ikkimizning oramizda maxfiy qolaverishi kerak. Mu’tasim bilib qolsa, menga bo‘lgan muhabbati o‘rnini hasad egallab, mening payimga tushib qoladi. Men o‘zimning nasl-nasabimni bilib oldim. Shuning o‘zi yetarli. Uni izhor qilgan taqdirimizda biror foyda chiqadi deb o‘ylamayman, chunki odamlar baribir ishonmaydi. Kutganimizdan ham ortiqroq ne’mat va martabaga erishganimiz uchun xudoga shukur qilamiz.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:01:47

     JO‘RJIY ZAYDON VA UNING «FARG‘ONA KELINI» ROMANI HAQIDA

    Jo‘rjiy Zaydon arab adabiyotining yirik namoyandalaridan biri. U adabiyot sohasidagina emas, balki fan va madaniyat bobida ham anchagina ishlar qildi, adabiyotshunoslik, til, falsafa, tarix, huquq, geografiya, jurnalistika, yozuvchilik — bular Zaydon qiziqqan va hayratomuz darajada samarali ijod qilgan sohalardir.
     Jo‘rjiy Zaydon 1861 yil 14 dekabrda Bayrut (Livan)da tug‘ilib, 1914 yil 21 avgustda Qohirada vafot etdi. U kambag‘al oilada tug‘ilgani uchun ko‘p o‘qishga qurbi yetmadi, poyabzal moylab yurib, mustaqil ravishda kitob mutolaasiga kirishdi; adabiyot, tarix uni erta qiziqtirdi. U o‘z kuchini sinab ko‘rgan sohalarning birortasida ham rasmiy ta’lim olmagan, hammasiga ham shaxsiy mutolaa bilan erishgan edi. Jo‘rjiy Zaydon protestantlar kollejiga qisman qatnab o‘qib, dorichi degan guvohnoma olgan xolos. Keyin u Misrga borib, u yerda «az-Zamon» jurnali redaktsiyasiga ishga kirib bir yilcha ishlaydi (1882), keyin Livanga qaytadi, so‘ngra Bayrutda bir yilcha olimlar suhbatida bo‘lib, ko‘p narsa o‘rganishga muvaffaq bo‘ladi. Undan Londonga borib, tabobat sohasidagi bilimlarini oshirishga urinadi, u yerda sharq adabiyoti va tarixini biladigan olimlar bilan tanishadi, kutubxonalarga qatnaydi. Britaniya muzeyi kutubxonasida u ayniqsa ko‘p mutolaa qiladi. Bundagi arab manbalari uning ijodiga katta turtki bo‘ldi. So‘ngra Zaydon Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi. Qohiraga qaytgach, muallimlik qiladi, ayni zamonda «al-Muqtataf» jurnalida ishlay boshlaydi. Zaydon 1892 yili Misrda «al-Hilol» (YArim oy) jurnaliga asos soladi va umrining oxirigacha — yigirma yildan ko‘proq vaqt mobaynida uning noshiri bo‘lib qoladi. Bu adabiy jurnal shundan buyon o‘tgan sal kam sakson yil davomida arab adabiyoti va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:02:16

     Zaydon bu jurnal uchun tarixiy-adabiy maqolalar yozdi, uyushtirdi. Shu jurnal taqozosi bilan u ilmiy-ommabop maqolalar va tarixiy sarguzashtlar yozib, keyinchalik tarixiy romanlar yaratdi.
Zaydon 1889 yilda ikki jildlik «Misrning yangi tarixi», «Umumiy mosuniy tarixi»ni, 1902—1906 yillar orasida esa besh jildlik «Islom madaniyati tarixi»ni yozadi. Bu so‘nggi asar to‘laligicha 1910—1912 yillar orasida Istambulda turk tiliga, keyin fors, hind tillariga, 1907 yilda Leydenda to‘rtinchi tomi ingliz tiliga, birinchi tomi esa 1914 yilda tatar tiliga tarjima qilindi. 1908 yilda Zaydon «Arablarning islomdan oldingi tarixi» asarini yozdi. Uning ikki jildlik «Sharqning mashhur kishilari», «Arab tili tarixi», «Qadimgi arab nasablari», «Yangi farosat ilmi», «Xalqlar darajasi», «Ajoyib yaralmalar», «Umumiy tarix», «Qisqacha yunon va rumo tarixi», «Misrning qisqacha geografiyasi» kabi tarixiy-adabiy va tilshunoslikka oid asarlari bosilib chiqib, muallifiga katta shuhrat keltirdi. Zaydon vafotidan keyin farzandlari uning uch jildlik tanlangan asarlarini nashr ettirdi.
     Zaydonni adabiyot olamiga mashhur qilgan uning romanlari bo‘ldi. U arab tarixiy romanchiligiga asos soldi, uni yuqori pog‘onaga ko‘tardi. Zaydonning 22 tarixiy romani bo‘lib (bularning ko‘pi o‘rta asr tarixiga oid), ular chuqur o‘rganishga, tadqiq etishga arziydi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:02:37

     Zaydonning tarixiy romanlari ikki qismli «G‘asson qizi»dan boshlanadi. Bu asarni avtor 1886—1897 yillar orasida yozgan. Asar arablarning islomdan oldingi davrdagi urf-odatlari, ulardagi ichki qarama-qarshiliklar, ilk islom davri va bu dinning kelib chiqishi, islom dinini joriy etish uchun bo‘lgan  kurashlar, musulmonlarning Makka shahrini egallashi, ikkinchi xalifa Umar davrigacha (634—644) bo‘lgan voqealarni, Suriya, Iroq, Eronning bosib olinishini o‘z ichiga oladi. Uning ikkinchi romani — «Misrlik Armanusa»da arab qo‘mondoni Ibn al-Os rahbarligida Misrning bosib olinishi, vizantiyaliklar odatlari, arab qo‘shinlarining jang usullari to‘g‘risida hikoya qilinadi.
Xalifalik ichida bo‘lgan ichki nizolar, toj-taxt uchun o‘zaro kurashlar, xalifa Umarning o‘ldirilishi, Alining xalifalik taxtiga o‘tirishi kabi voqealar «Quraysh go‘zali», «O‘n yettinchi ramazon» romanlarida aks etgan. «Karbalo go‘zali» romani xalifa Alidan so‘nggi qonli urushlarga, uning o‘g‘li Husaynning Karbaloda o‘ldirilishi — shialar bilan sunnilar o‘rtasidagi mazhab kurashi voqeasiga bag‘ishlangan.
     Zaydon arablarning Ispaniyani fath etilishi va Frantsiya chegarasigacha yetib borishi voqealariga «Andalus fathi» va «Sharl (Karl) va Abdurahmon» romanlarini bag‘ishlagan. Shu tariqa Zaydon islom paydo bo‘lganidan keyingi har bir yirik voqeani chuqur, atroflicha o‘rganib, ularni keng o‘quvchilar ommasiga yetkazish uchun roman janrini tanlaydi. Uning «Abu Muslim Xurosoniy», «Ar-Rashid singlisi — Abbosa», «al-Amin va al-Ma’mun», «Ahmad ibn Tulun», «Abdurahmon G‘olib», «Qayruvon qizi», «Salohiddin Ayyubiy», «Dur daraxti kabi romanlari shular jumlasidan bo‘lib, VII—XII asrlar o‘rtasidagi davrni o‘z ichiga oladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  07 Oktyabr 2007, 18:03:27

     * * *

     «Farg‘ona kelini» romani IX asrda arab xalifaligida bo‘lib o‘tgan voqealarga bag‘ishlangan. Roman voqeasini yaxshiroq tasavvur qilmoq uchun tarixiy voqealarni bir lahza ko‘z oldimizga keltiraylik.
     Xalifalik territoriyasida IX asrda xalq harakatlari boshlanib, ba’zi bir joylarda avj olib ketgan edi. Xalifa hukmronligini dahshatga solgan voqealardan biri Bobak qo‘zg‘oloni edi.
Bobak Xurramiy Ozarbayjon, Armaniston va Shimoli-g‘arbiy Eronda boshlangan xurramiylar harakatiga bosh bo‘lib, yigirma yildan ortiq kurashdi. Hatto xalifa Ma’munning (813—833) ham bu qo‘zg‘olonni bostirishga qurbi yetmadi. Shu bilan bir vaqtda Misrda (829—832) qo‘zg‘olon ko‘tarilib, uni bostirish uchun xalifaning o‘zi bosh bo‘lib Misrga boradi, qo‘zg‘olonchilarni qattiq jazolaydi. Bu orada ichki ziddiyatlar va taxt uchun kurashlar zo‘rayadi. Xalifalikda hatto arab qo‘shinlariga ham to‘la ishonch qolmaydi, ularning turini o‘zgartishga kirishiladi. Bag‘dod a’yonlari va qo‘mondonlarining doimiy fitnalaridan xavfsiragan xalifa, avvalo O‘rta Osiyodagi xalqlardan qo‘shin to‘plab, o‘z taxtiga tayanch qilib oladi. Dastlab bu askarlar chegara to‘qnashuvlarida asir tushgan hamda o‘sha davrda qul bozorlaridan sotib olib kelingan qullardan, keyinchalik maxsus tuzilgan qo‘shinlardan iborat bo‘ldi. Bular xalifa dargohida turib, poytaxtdagi arab isyonkorlariga qarshi kurashda, ularning qo‘zg‘olonlarini bostirishda xizmat qilgan. Bu askarlar mahalliy arab aholisi bilan aloqada bo‘lmas, hatto ularga uylanish ham ta’qiqlangan edi. Shu boisdan ham ular uchun O‘rta Osiyodan turk cho‘rilari sotib keltirib, bir qismini uylantirib ham qo‘yishardi. (Bu holat romanda ham aks ettirilgan). Xalifa bular xizmatidan yaxshi manfaatdor bo‘lgani uchun ularga yetarli maosh va mukofotlar berib turgan. Turk askarlaridan tuzilgan gvardiyaga keyinchalik shu xalqdan sarkardalar tayinlagan. So‘ngra ichki nizolardan qo‘rqqan xalifa Mu’tasim (813—843) yangi shahar Somurroni bunyod etib, turk gvardiyasiga o‘sha yerni qarorgoh qilib belgilaydi, so‘ngra poytaxtni ham unga ko‘chiradi. Lekin xalifa Somurroda ham bora-bora turk qo‘shinlari va lashkarboshilaridan xavfsiray boshlaydi. Chunki bu gvardiya boshliqlari toj-taxt uchun o‘zaro kurashlarga ham aralashib, o‘z manfaatlariga xizmat qiladigan nomzodni qo‘llashga harakat qila boshlaydilar.

Qayd etilgan