Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 126096 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:44:25

     Saroy ahli Jahonning yo‘liga g‘oyat muntazir edilar. U kelishi bilan hamma Jahonning istiqboliga chiqdi. Jahon ular orasida akasi Somonni ko‘rmagach, «otamning yonida bo‘lsa kerak», deb o‘yladi. Saroyning mahram xodimi oldiga yetgach, undan otasining ahvolini so‘radi. «Shukur, yaxshilik xudosining marhamati bilan otangiz durustlar»,— dedi xodim. Jahonning ko‘ngli bir oz taskin topdi, lekin u hamon tik turgan cho‘rilar va xizmatkorlar orasidan yurib, otasining xonasi tomon oshiqardi. Gilam yozilgan dahlizdan o‘tib, otasi yotgan xonaning eshigiga yetdi. Tezroq uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, sog‘lig‘ini bilib xotirjam bo‘lish uchun shoshardi qiz. Eshik oldida bichilgan mamluklardan* maxsus bir qorovul turardi.
     U Jahonni ko‘rishi bilan hokimning huzuriga yugurib kirdi-da, Jahonning kelganini xabar qildi, so‘ng qaytib chiqib, pardani ko‘tardi va Jahonning kirishi uchun ruxsat berilganini aytdi.
Jahon ov kiyimlarini va boshidagi ro‘molini yechmay, lov-lov yonib turgan tashvishdan yana ham go‘zallik kasb etgan yuzi va bo‘ynini ochgan holda otasining yotog‘i yoniga bordi. Uning ko‘zlari chaqnar edi.
     Hokim tetik, hali oltmishdan oshmagan kishi ekaniga qaramay, betoblikdan ancha o‘zini oldirib qo‘ygan, ko‘kragiga tushib turgan soqoli oppoq oqargan, ko‘zi ich-ichiga botib ketgan, yuzida ajinlari ko‘paygan, lekin salobati sira kamaymagan edi. Intizor bo‘lib yotgan paytida qizi yetib kelganini bilgan otaning ko‘zlari yorishib ketdi. U obnus* yog‘ochidan yasalgan,  kunguralariga fil tishi qadalgan karavot ustida chalqancha yotardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:46:27

     Boshida kichik salla, ustida zar bilan qavilgan ipak ko‘rpa, yarim belidan yuqori tomonga qimmatbaho sammuriy* po‘stin tashlab qo‘yilgan. Yengi shimarilgan bo‘lib, ozib ketgan ikki qo‘lini ko‘rpadan chiqarib yotardi.
     Jahon eshikdan ichkari kirishi bilan to‘g‘ri otasining karavoti yonidagi tokchaga qo‘yilgan oltin ma’buda tomon borib, otashparastlar odaticha bo‘ynini egib, unga topindi. Uyning o‘rtasida shiftga osilgan chirog‘dan tashqari ma’buda oldiga ham sham yoqib qo‘yilgandi. Jahon ibodatini tamom qilib bo‘lgach, karavot yoniga borib tiz cho‘kdi-da, otasining qo‘lini o‘pib, yuz-ko‘zlariga surta boshladi.
     Otasining holdan ketgani Jahonga  ancha ta’sir qilgan bo‘lsa ham, unga dalda berish uchun o‘zini mahkam ushlashga harakat qilardi. Otaga chuqur muhabbat va buyuk ehtiromini ochiqdan-ochiq bayon qilib turgan qizning ko‘zlari kulmasa ham, labi jilmayardi.
     Otasi uni ko‘rishi bilan ko‘ziga yosh oldi-da, beriroq kel, degandek ikki qo‘lini cho‘zdi. Jahon otasining bag‘riga o‘zini tashlashi bilan ota uni o‘pib, muattar soch va bo‘yinlarini hidladi. Otamni tirik ko‘ramanmi-yo‘qmi, deb qattiq xavfsiragan Jahon bemorning issiq nafasini, soch-soqollari tikandek botishini sezib, uning sog‘ayib ketishiga umid bog‘ladi. Hokim o‘zini dadil tutdi, ikki tirsagiga tayanib o‘rnidan turdi va yostiqqa suyanib o‘tirib oldi. U qiziga qarab: «Yonimdagi ko‘rpachaga o‘tir», degandek ishora qildi. Jahon ko‘rpachaga o‘tirib: «Dada, qalaysiz?» — deb ahvolini so‘radi. «Yaxshilik xudosi — mehribon Urmuzdning marhamati bilan durustman, yomonlik xudosi yaxshilik xudosidan g‘olib chiqib, seni ko‘rolmay qolamanmi deb ko‘rqqan edim, chunki dardim zo‘rayib, darmonim qurib, juda holsizlanib qolgan edim. Lekin saroyga qaytganingni eshitib, ancha sog‘ayib qoldim. Qizim, bu dunyoda mening baxtim, ovunchog‘im faqat sensan. Endi saroydan hech qaerga jilma, seni ko‘rib tursam, ko‘nglim taskin topadi», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:47:05

     Bemor yotgan keksa otasining kuyib-pishib gapirganiga rahmi kelgan Jahonning ko‘zidan ikki tomchi yosh to‘kildi. Qizning ko‘z yoshi otasiga ta’sir qilmay qolmadi. O‘limidan keyin qizining taqdiri nima bo‘lishini ko‘z o‘ngiga keltirgan otaning mehri jo‘sh urib, yig‘lab yubordi. O‘pkasi to‘lib turgan qizining hovurini pasaytirish uchun u o‘z hayajonini yashirishga urinardi. Otaning ko‘nglidan o‘tayotgan xayollarni sezgan qiz o‘zini mahkam tutib, jilmaydi va «Mehribon yaxshilik xudosiga shukur, sizning sog‘ayib ketishingizga aminman», — dedi-da, ma’budani ko‘rsatib: «Men dardingizga shifo berib, kasalingizni daf qilishni shu sanamdan iltijo qilaman, unga yolvoraman, u albatta murodimni beradi», — dedi.
— Men kohinni* topib kelish uchun akang Somonni yubordim. U kelsa, hammamiz birgalikda duo qilishamiz.
     Otasining duoga — ibodatga rag‘bat etganini ko‘rgan Jahonning tashvishlari bir oz pasaydi, ko‘ngli taskin topganday bo‘lib so‘radi:
— Kohin shu oqshom keladimi? — Hokim og‘ir bir uh tortdi: «Uni topib kel, deb akangni yubordim, lekin olib kelishiga aqlim yetmayapti. Chunki u biror ishni men buyurgandek qilib bajarib kelgan emas». Hokim shunday ta’na gapni aytganiga pushaymon qildi shekilli: «Mayli, bugun kelmasa, ertaga kelar», deb ilova qilib qo‘ydi.
     Otasi akasidan norozi ekanini Jahon sezdi. Buni u anchadan buyon payqab yurgan bo‘lsa ham, sababini bilolmasdi.
     Jahonning ziyrak va hushyorligini bilgan otasi, «qizimning ko‘ngli buzilmasin», deb Somondan noroziligini undan yashirdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:47:34

     Ota-bola bir oz sukut qilib turishdi. Keyin hokim o‘zini o‘nglab olib:
— Qizim, Jahon, xonangga borib kiyimlaringni kiyib, ovqatingni yegin, men ancha durustman, uyqum ham kelib qoldi, — dedi.
Jahon o‘rnidan turdi:
— Dadajon, qiladigan yumushlar bo‘lsa aytsangiz, bajarib, undan keyin xonamga ketardim.
— Yo‘q, qizim, hech bir yumush yo‘q, borib dam olgin, xudoning panohiga topshirdim. Ertalab kohin kelsa, biror yangilik eshitib qolarsan, — dedi bemor.
     «Otamning, ertaga bir yangilik eshitib qolarsan, degan gaplari nimasi, qanday yangilik bo‘lishi mumkin!» degan fikr Jahonni ne-ne xayollarga olib bordi, ammo u aniq bir fikrga kela olmadi. Har holda otasi Afshinni tilga olmagani qiz uchun shodlik edi. Jahon Zirg‘om nomini qistirib ketadigan biror gap boshlamoqchi bo‘ldi. Otasi yigitni maqtaguday bo‘lsa, unga ko‘ngli borligini darrov aytib qo‘ya qolishni diliga tugib qo‘ydi. Lekin bunday gaplarni otasi oldida gapirib odatlanmagani uchun «mayli, Zirg‘omning o‘zi kelganida gapiraman», deb avvalgi fikridan qaytdi-da, hokim oldidan chiqib ketadigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:47:59

     Hali Jahon uydan chiqqanicha yo‘q edi, eshik oldidagi soqchi kirib «Somon keldi» deb xabar berdi. Uning nomini eshitgach, hokimning tusi o‘zgarib, «mayli, kirsin», dedi. Somon ichkari kirdi. Uni ko‘rgan kishi Jahonning akasi ekaniga sira ishonmasdi. Somon hokimning sindlik* bir cho‘risidan tug‘ilgan bo‘lib, sakkiz yoshida onadan yetim qolgandi. Shundan keyin otasi Kavkazga borib, u yerda bir cherkas qiz bilan uchrashib, yaxshi ko‘rib qolgan va unga uylangan edi. Farg‘onaga qaytib kelgandan keyin hokimning cherkas xotini egizak qiz tug‘ib beradi. O‘sha ikki qizning biri Jahon edi. Ikki qizni yosh qoldirib ona vafot etdi, bolalarining tarbiyasini ota Hayzuronga topshirdi. Qizlar husnu latofatda onalariga o‘xshash barkamol edi. Xotinini nihoyatda sevgan ota qizlarini ham sevdi, boshqaga uylanishni mutlaqo istamadi. Ammo uch yoshga to‘lar-to‘lmas qizlarning biri yo‘qolib, Jahonning tanho o‘zi qoldi. Otaning butun muhabbati Jahonga o‘tdi.
     Qizning yo‘qolishi o‘lim tufayli emas, boshqa bir vajdan yuz bergan. Allaqanday bir ot kelib, uni olib qochib ketgandi. Turkistonda bir to‘da o‘g‘rilar bo‘lib, ular o‘z otlarini bolalar va uy-ro‘zg‘or buyumlarini olib qochishga, olisda kutib turgan o‘g‘rilarga yetkazib berishga o‘rgatishardi. O‘shandan beri farg‘onaliklar o‘z bolalarini shu qabilda olib qochilishidan ehtiyot qilib yuradigan bo‘lishgan.
     Hokim esa qizning yo‘qolish sababini boshqacha gumon qilgan. Lekin bu gumonini hech kimga aytmaganu, o‘sha vaqtdan boshlab Somondan ko‘ngli qolgan.




Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:49:38

     * * *

     Somon pastki iyagida bitta-yarimta ko‘rinar-ko‘rinmas ko‘sa soqolli, yuzi yassidan kelgan yigit. Uyqudan turgan kishining ko‘zidek ikki ko‘zining oqiga qizil aralashgan. Bundan tashqari u g‘ilay bo‘lgani uchun sizga qaraganda shiftga yoki eshikka qarayapti, deb o‘ylaysiz. Ko‘zi hamma vaqt alang-jalang. Siz bilan so‘zlashayotganda yerga qarab turadi yoki qovoqlarini chimirgancha boshqa tomonga qarab gapiradi. Bir narsadan qo‘rqqandek, lablari pirillab uchib turadi. Gap boshladimi, so‘zlari biri ikkinchisiga ulanib ketaveradi. Shu bilan birga, u hiylakor, aldamchi, o‘zidan boshqaga hech narsani ravo ko‘rmaydigan xudbin odam.
     Otasi unga kirish uchun ijozat berishi bilan boshida ipak qalpoq, egnidagi butun jasadini qoplagan uzun to‘ni etagiga chalishib ketgudek bo‘lib chopib ichkari kirdi-da, hokim huzurida tik turgancha: «Kirshonshohga* bordim, lekin u yerda kohinni topmadim. Aytishlaricha, u ertaga ertalab kelarmish, nima qilay? Uyiga borib, uni topib kelaymi?» — dedi.
Hokim ensasi qotib:
— Bu yerga qaytib kelib o‘tirmay, uni topib kela qolsang bo‘lardi-ku, mayli, ertaga boshqa odam yuboramiz, bor, ishingni qilaver, — dedi.
     Otasining Somonga qilgan muomalasidan Jahonning: «Demak, otam uni yaxshi ko‘rmas ekanlar», degan gumoni yana ortdi. U ilgari bunday muomalani ko‘rmagandi.
— Uning xuddi shu kechasi sizga zarurligini bilganimda, qaerdan bo‘lsa ham topib kelgan bo‘lardim, bo‘lmasa hozir yana borib kela qolay? — dedi Somon.
Somon gapirayotganda otasi tikilib turgandi, u gapini tugatishi bilan yuzini boshqa yoqqa burdi-da: «Yo‘q, kerak emas, meni o‘z holimga qo‘y, ozgina dam olmoqchiman», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:50:33

     Somon engashib otasining ikki qo‘lini o‘pdi-da, yurgan yo‘lida qoqilib-suqilib, chiqib ketdi. Jahon tik turganicha goh otasiga termular, goh ikki ko‘ziga yosh olib, ma’buda yonidagi shamga tikilar edi. Jahon otasining lab qimirlatishidan ko‘nglidagi yashirin bir sirni aytmoqchi bo‘layotganini payqab, karavotga o‘tirdi-da, uning qo‘lini ushladi. Undan sovuq ter chiqqanini, sal qaltirayotganini sezdida: «Dada, menda ishingiz bormi yoki ketaveraymi?» — deb so‘radi. U yostig‘ini tuzatarkan: «Qizim, ketaver..., yo‘q..., tura tur..., mayli, ketaver, borib dam ol!» — dedi.  Jahon tashvishlanib:
— Dada, sizga nima bo‘ldi? Akam Somon aytganingizni bajarmagani uchun xafa bo‘ldingizmi? U maqsadingizni yaxshi tushuna olmabdi, xolos, — dedi.
Hokim boshini bir silkib qo‘ydi.
— U mening maqsadimni tushunmabdi, lekin men uning maqsadini tushundim. Hisob vaqti yaqinlashdi... — U shunday dedi-yu, yotib, uxlash uchun choyshabni ikki yelkasiga ko‘tarib oldi. Endi otasi bu to‘g‘rida ko‘p gapiraverishni istamaganini sezgan Jahon uning choyshabini to‘g‘riladi-da, qo‘lini o‘pib chiqib ketdi. U akasini o‘ylagancha o‘z xonasiga bordi. Hayzuron uni uyda kutib o‘tirardi. Kelishi bilan yuqoriga olib, otasining ahvolini so‘radi, «Kiyim-boshlaringni almashtirib, o‘rningga borib uxla», dedi.
     Jahon hamon tik turardi. Uning xayoli Zirg‘omda ekanini payqagan Hayzuron tasalli berdi:
— Hamma joy-joyiga ketdi, bog‘chada ham, ayvonda ham chirog‘lar o‘chirildi, Zirg‘omdan hanuz darak yo‘q, balki ertaga kelib qolar.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:51:15

     Bu gapdan qanoat hosil qilgan Jahon uning yordami bilan kiyimlarini almashtirdi, shundan keyin Hayzuron xayrlashib, chiqib ketdi. Jahon endi o‘rniga yotay deb turganida bir xodima kirib: «Somon keldi, siz bilan gaplashmoqchi, huzuringizga kirishga ruxsat so‘rayapti», — dedi.
     Somon kelganini eshitgan Jahon xursand bo‘lib ketdi, chunki otasining unga qilgan muomalasi Jahonga g‘alatiroq tuyulgandi. Somon g‘amgin, xafa holda kirdi. Uning ezilganini ko‘rgan Jahonning rahmi kelib, ochiq chehra bilan kutib oldi va «Dadamning muomalalaridan xafa bo‘lmang, betoblikdan ko‘ngillariga qil ham sig‘maydi», — dedi. Somon o‘gay singlisi Jahonning gapiga javob qaytarmay, bo‘ynini egib ko‘rpaga o‘tirdi. Uning yuzlaridan quyilayotgan yoshni ko‘rgan Jahon ta’sirlandi. Qizning odamiylik mehri aqli va sezgirligidan ustun kelib: «Aka, nega yig‘layapsiz?» — deb so‘radi.
     Somon boshini ko‘tarib, bo‘g‘iq ovozi bilan dedi:
— Mendan so‘rab nima qilasan, voqeani o‘z ko‘zing bilan ko‘rib, qulog‘ing bilan eshitding-ku, axir!
— Dadam sizga nima degan bo‘lsalar, yomon niyat bilan emas, kasalliklari tufayli dedilar. Sizni yaxshi ko‘radilar, sizdan bo‘lak o‘g‘illari yo‘q, axir u kishining nomi sizda qoladi va siz...

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:51:53

     Somon uning so‘zini bo‘ldi:
— Dadam, ehtimol, meni yaxshi ko‘rarlar, lekin o‘zim baxtsizman. U kishining xizmatlarida jonimni fido qilaman. O‘zlari kohinni aytib kelishni menga buyurganlari yo‘q edi, lekin «bir kishi bo‘lsa, kohinni topib kelardi», deganlarini eshitib, «men bora qolay» deb o‘zim ketgan edim. Qachon bo‘lsa, menga teskari qaraganlari-qaragan, mendan norozi bo‘lib ketmasalar, degan tashvishdaman.
— Dadam, sizdan rozilar yoki albatta rozi bo‘ladilar, xotirjam bo‘lavering, — tasalli berdi Jahon.
— Sen meni hurmat qilishingni va dadamni mendan rozi qilish harakatida ekaningni yaxshi bilaman. Lekin u kishining ko‘ngillarini boshqalar buzyapti, o‘zlari oq ko‘ngil bo‘lganlari uchun, kim nima desa, ishonaveradilar,— dedi-yu, yana Jahonga malol kelmasin deb, o‘rnidan turib, chiqib ketmoqchi bo‘ldi. Jahon uni to‘xtatib: «Aka, orabuzar, ig‘vogar deb kimlarni aytmoqchisiz?» — dedi.
— Din nomidan aqlimizni ham, dillarimizni ham, mollarimizni ham asir qilganlarni aytmoqchiman, — dedi Somon.
     Gapidan u ibodatxona xodimlari — kohin va so‘filarni aytmoqchi bo‘lganini Jahon payqadi-da, unga: «Ha, tushundim, «hali kohinni topmadim» deb jo‘rttaga yolg‘iz qaytib kelganingiz ham shuning uchun ekan-da», — dedi.
     Somon yo‘talib oldi-da: «Ataylab qilganim yo‘q, rostdan ham uni ibodatxonada topmadim, lekin boshqa yerga borib, qidirib ham o‘tirmadim, chunki ularning nomuborak qadami uyimizga yetsa, biror yaramas ish chiqarmay ketmaydi», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:52:17

    Jahon uning gapini bo‘ldi:
— Bu fikringizga qo‘shilmayman, chunki kohinlar biz uchun ibodat qilishadi, ular biz uchun baraka, boshimizga tushgan har bir falokatni ularning yordami bilan daf qilamiz. Bundan tashqari otamiz ularga ixlos qo‘yganlar, u kishiga zid ish qilishimiz durust bo‘lmaydi, albatta.
— Ularning ichida ba’zi durust odamlar ham borligini inkor qilmaymiz, — dedi Somon, — lekin ba’zilari borki, o‘lguday tamagir. Hamma narsaga chovut solaverishadi. Ey, qo‘ysang-chi, hozir ular to‘g‘risida gapirishning nima keragi bor. Menga eng keragi otamning mendan ko‘ngillari qolmasligi.
— Bu yog‘ini menga qo‘yib bering-da, bemalol borib uxlang, — dedi Jahon.
     Somon boshini egib, g‘amgin chiqib ketdi. Ammo Jahon o‘rniga cho‘zildi-yu, kechani xayol dengiziga g‘arq bo‘lgancha mijja qoqmay o‘tkazdi.

_____________
* M a m l u k — qul kabi sotib olingan va xojasining ixtiyorida turadigan xizmatchi.
* O b n u s — qora, qattiq daraxt.
* Savsarlar oilasidan bo‘lgan yovvoyi hayvon terisi.
* K o h i n — otashparastlarning duoxoni, tabibi.
* S i n d — Hindistondagi bir viloyat.
* K i r sh o n sh o h — Farg‘onadagi majusiylar ibodatxonasining nomi.

Qayd etilgan