Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155124 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:52:56

     ZIRG‘OM BILAN JAHON

     Jahon bugun barvaqt uyg‘ondi-da, guldor atlas peshmatini yopinib, otasi huzuriga bordi. Otasi o‘z karavotida o‘tirgandi. Uning ahvoli kechagiga qaraganda birmuncha durust edi. Jahon shodlanib: «Dada, tuzukmisiz?» deb so‘radi.
— Yaxshilik xudosiga ming qatla shukurki, bir oz durustman, bu kecha tinch uxladim. Hozir ancha bardamman. Afshin Farg‘onaga kelgan, kelmaganidan xabaring bo‘lmadimi? U bayram munosabati bilan keladigan edi.
     Jahon Afshin nomini eshitishi bilan seskanib tushdida: «Bilmadim, ehtimol, kelgandiru, lekin biz tomonda ko‘ringani yo‘q», — dedi.
— Biror kishi uni surishtirib kelsamikin?
— Undan xabar topib kelsin desangiz, albatta odam yuboramiz. Lekin Farg‘onaga kelgan bo‘lsa, taklifimizni kutib o‘tirmay, o‘zi biznikiga kelgan bo‘lardi.
— To‘g‘ri aytding, qizim, akang kohinni chaqirib kelishga ketdimi?
— Uni qidirib saharlab chiqib ketgan edilar. Kecha kechasi uni topib kelolmaganim uchun dadam mendan ranjidilar, deb ko‘p o‘ksindilar.
— Unday bo‘lsa yaxshi, qaytib kelib qolar, — dedi chol. So‘ng iltimos qildi: — O‘z qo‘ling bilan menga suv ber, qizim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:53:25

     Jahon sevinganicha chiqib ketdi, bir piyola suv olib kelib dadasiga uzatdi. Dadasi suvni ichib bo‘lar-bo‘lmas eshikdagi soqchi kirib: «Iroqdan kelgan bir mehmon yigit huzuringizga kirishga ruxsat so‘rayapti», — dedi.
— Bu mehmon albatta Afshin bo‘lishi kerak, — dedi hokim hayajon ichida va o‘z odatiga xilof ravishda mehmonning kimligini surishtirib o‘tirmay, «Kiraversin!» dedi. Jahon shu paytda bu yerda bo‘lganidan afsuslandi. Qani endi devor tars yorilsa-yu, bu yerdan chiqib keta qolsa, lekin dadasini o‘ylab, tishini tishiga qo‘ydi. Jahon ichidan zil ketsa ham, harakatidan sezdirib qo‘ymaslik uchun o‘zini dadil tutar, bardosh berib o‘tirardi.
     Eshik soqchisi pardani ko‘tardi-yu, mehmon ichkari kirdi. Uni ko‘rgan Jahonning yuragi duk-duk urib, birdan gulday ochilib ketdi, chehrasidagi avvalgi g‘am-qayg‘udan asar qolmadi. Kelgan mehmon Afshin emas, Zirg‘om edi. Uni ko‘rish bilan hokim tabassum qilib, dedi: «Xush kelibsan, o‘g‘lim Zirg‘om, men do‘stimiz Afshin keldimikin deb o‘ylagandim. Sen Iroqdan kelyapsanmi?»
— Balli, sayidim, Iroqdan kelyapman, — dedi Zirg‘om.
— Afshin ham sen bilan keldimi?
— Yo‘q, u men bilan kelgani yo‘q, ammo Iroqdan chiqayotgan kunim uning ham Ushrusanaga kelish niyati bor deb eshitgan edim. Kelgan bo‘lsa ham ajab emas.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:53:55

     Zirg‘om o‘ttiz yoshlar chamasidagi, xushbichim, xushfe’l, o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan, yelkalari va manglayi keng, kulcha yuzli yigit edi. Uning ko‘zlarida botirlik, saxovat va rostgo‘ylik barq urib turardi. Yigit boshidagi qirmizi qalpog‘i ustidan qora salla o‘rab olgandi. Egniga havo rang kamzul kiygan, uning ustidan oltin dastali qilich taqilgan. Arg‘uvoni ipakdan tikilgan shim, kamzuli ustidan qora chakmon kiygan. Qaddi-qomatidan zo‘r pahlavonlarga o‘xshab ketardi. Bir yerda tikka turgan bo‘lsa, uni o‘rnidan siljitib bo‘lmaydigan tog‘ deb faraz qilasiz.
     Zirg‘om hokimning huzuriga kirar ekan, u yerda Jahonni ham uchratishi xayoliga kelmagandi. Jahon qanchalik hayajonlangan bo‘lsa, Zirg‘om ham shunchalik o‘zini yo‘qotib, qizga  nima deyishini bilmay qoldi.
     Ko‘zi Zirg‘omga tushishi bilan Jahon hissiyotlarini qanday yashirishni bilmay qoldi. U yuragining duk-duk urayotganini, vujudidagi titratmani bir amallab yashirsa ham, chehrasida va ko‘zlarida namoyon bo‘lgan zo‘r xursandlik belgilarini yashirishga sira chora topolmasdi. U otasining dardini ham unutib qo‘ydi. Uning butun fikr-yodi sevgilisiga otasi qiladigan muomala bilan band. Otasi Zirg‘omni muborakbod qilayotganini ko‘rib, Jahon shodlanib ketdi. U ma’buda yonidagi ustunga suyanib turar, ma’buda ustidagi changni artish bilan butun vujudini qamrab olgan hayajonni yashirmoqchi bo‘lardi. U Zirg‘omdan yuzini bekitmadi, zotan, farg‘onalik ayollar o‘sha vaqtlarda paranji-chimmat yopinishmasdi, Jahon ham yuzini to‘sishni o‘ziga or deb bilardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:54:38

     O‘z sevgilisi bilan tasodifan uchrashib qolgan Zirg‘omning qanchalik shodlanganini asti so‘ramang. U hokimga salom berib, engashib ikki qo‘lini o‘pdi. Bu bilan hayajonini birmuncha yashirishga muvaffaq bo‘ldi.
     Hokimning amri bilan Zirg‘om bir ko‘rpachaga, Jahon ikkinchi ko‘rpachaga o‘tirishdi. Hokimning hol-ahvol so‘rab bergan savollariga javob qilganidan keyin u: «Bayram bilan sizni hammadan avval muborakbod qilaman deb shoshilib kelgandim, betob ekaningizdan bexabar ekanman. Tezroq tuzalib, ko‘rmagandek bo‘lib keting», — dedi.
— Bugun ertalabdan beri yaxshiman, seni ko‘rib shodligim yana ziyoda bo‘ldi. Seni qanchalik sevishimni o‘zing yaxshi bilasan.
     Zirg‘om unga tashakkur aytib, engashib qulluq qildi. Hokimning mehribonchiligidan u xushnud bo‘ldi, lekin Jahonning shodligi oldida uning xushnudligi hech narsa emasdi. Jahon sevinganidan yuragi duk-duk urar, dadasining gaplarini jon qulog‘i bilan tinglardi. Zirg‘om hokimga minnatdorchilik bildirdi:
— Janob hokimning iltifotlaridan benihoya minnatdorman. Tarbiyangizda bo‘lgan chog‘imdayoq lutfu marhamatlaringizdan boshim ko‘kka yetgan edi.
     Zirg‘omning maqtovlaridan xijolat tortgan hokim: «Sen to‘g‘ri Iroqdan kelyapsanmi?» deb so‘radi.
— Balli, janob hokim, Farg‘onaga kecha kechqurun yetib keldim.
— Iroqda odamlarning ahvoli qalay?
— Hammaning o‘ziga yarasha bir tashvishi bor, hamma bir-biridan, hatto do‘stlaridan ham xavfsiraydi, o‘zini ehtiyot qilmoqchi bo‘ladi, boshqa millat askarlaridan yordam istaydi. Ammo shu kunlarda peshqadamlik turk askarlari qo‘liga o‘tib boryapti, — javob berdi Zirg‘om.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:54:55

— Yangi xalifa Mu’tasim* o‘z xalifaligini mustahkamlash uchun turk tog‘laridan yordam so‘raganidan, ular shu jumladan Ushrusana hokimi Afshin ham, sen ham unga yordam ko‘rsatganlaringdan xabarim bor, — dedi hokim.
Hokim Afshin qatori o‘z nomini tilga olganidan to‘lqinlanib ketgan Zirg‘om bunday dedi:
— Xalifalikni himoya qilishda Afshinning xizmatlari katta, men esa hali biror arziguli ish qilganim yo‘q.
Hokim uning so‘zini bo‘ldi:
— Botirlik, saxovating seni yaqinda baland martabalarga erishtiradi. Zo‘r qahramonliklar ko‘rsatganing uchun xalifaning askarlari o‘rtasida ancha-muncha obro‘ qozonibsan.
Zirg‘om quvonib ketdi:
— Siz janob hokimning marhamatlari bilan kamina soqchilar boshlig‘i bo‘ldim.
— Xalifa soqchilarining boshlig‘i bo‘ldim degin? — hokim so‘radi.
— Balli, janob hokim, shunday...

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:55:56

     Hokimning chehrasida shodlik alomati ko‘rindi va Zirg‘omning shitob bilan yuqori martabaga ko‘tarila boshlagani haqidagi suhbatga Jahonni ham aralashtirmoqchi bo‘lib unga qaradi. Jahon esa Zirg‘omga tikilganicha, uning gaplarini zavq bilan tinglardi. Agar hokim shu paytda uning ko‘ksiga quloq solib ko‘rsa bormi, yuragining qattiq urayotganini albatta eshitgan bo‘lardi. Jahon otasiga bir qaradi-da, boshini egdi. Uning javdirab turgan ko‘zlaridagi ma’noni Zirg‘om payqab turgan bo‘lsa ham, hokim tushunmadi.
    Hokim yana avvalgi so‘zini davom ettirdi:
— Demak, hozir Iroqda turk askarlaridan ancha bor, degin.
— Ha, yigirma mingdan ham ortiq bo‘lsa kerak, ularning orasida Farg‘ona amirlarining farzandlari — axshidlar va boshqalar ham bor, — dedi Zirg‘om.
Hokim mulohazasini aytdi:
— O‘ylashimcha, xalifaning onasi turk bo‘lgani uchun askarlikka ularni ko‘proq olishga uringan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:56:24

— Ehtimol, bu ham sabablardan biridir, — dedi Zirg‘om, — lekin asosiy sababi o‘zingizga ma’lumki, musulmonlar davlati aslida arablardan kelib chiqqan. Mamlakatlarni zabt etish uchun boshlangan yurishlar paytida hamma askarlar arablardan bo‘lgan. Ular bir qancha mamlakatlarni zabt etib, o‘z davlatlarini tuzishgan Amaviylar davrida ham ko‘pchilik askar arablardan edi. Keyin eronliklar abbosiylarga yordam berib, Abbosiy davlatini tashkil etishda o‘z hissalarini qo‘shishdi. Shuning uchun eronliklarning ishi oldinga bosib, arablarning ishi ketiga ketdi. Sobiq xalifa Ma’mun* davrigacha eronliklarning ishi rivoj topdi. Davlat arboblari ham ulardan bo‘ldi, aytganlari aytganu, deganlari degan bo‘lib qoldi. Islom dini paydo bo‘lgan davrdan boshlaboq hokimiyatni Eron shohligiga qaytarib olish uchun ular qilib kelayotgan xatti-harakatlar sizga sir emasdir albatta, janob hokim.
     Hokimning chuqur xo‘rsinishidan fors davlatining qo‘ldan ketgani uchun qayg‘urayotganini Zirg‘om sezsa ham, o‘zini bilmaslikka solib, gapini davom ettirdi:
— Xalifalik Mu’tasim qo‘liga o‘tgach, u eronliklardan cho‘chidi, xususan, ular akasi Aminni* o‘ldirib, xalifalikni uning o‘gay ukasiga — fors ayolidan tug‘ilgan Ma’munga olib berishganda,       Mu’tasimning tashvishi kuchaygan edi. Chunki Ma’mun vafotidan keyin xalifalik meros tarzida eronliklarga o‘tishi lozimligini u yaxshi bilardi. Shuning uchun Mu’tasim ham shahar sharoitiga uncha ko‘nikmagan, bardoshli bir millatdan askar to‘plab, forslarga qarshi kuch yig‘ish taraddudiga tushdi. Uning bu rejasiga turklar mos kelgani uchun ularni askarlikka safarbar qila boshladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:56:56

— Turk askarlari Bag‘dodning o‘zida istiqomat qilishadimi? — so‘radi hokim Zirg‘omdan.
— Ular yaqin fursatgacha Bag‘dodda yashab turishuvdi, lekin bag‘dodliklar bilan oralarida kelishmovchilik yuz bergani, ko‘chalarda ularga ozor berishlar, ba’zan o‘ldirishlar sodir bo‘lganligi tufayli Mu’tasim ularning o‘zlariga alohida shahar qurib berdi va unga Surra Man rao* deb nom qo‘ydi. U yerda ko‘chalar ochtirdi, har bir oilani alohida joy bilan ta’minladi, turli hunar egalari uchun alohida rasta va savdo do‘konlari ajratib berdi. Bundan tashqari, u yerda ko‘plab qasrlar, imoratlar qurilib, suv chiqarildi. Markaz Bag‘doddan Somurroga ko‘chibdi degan ovoza xalq orasida tarqalib, savdogarlar xo‘jalik anjomlari bilan, boshqa xalq iste’mol mollari bilan bu yerga kela boshladi, shahar ancha obod bo‘lib ketdi.
    Bunday siyosat va tadbirdan ajablangan hokim so‘radi:
— Ha, ha, demak, u yer juda katta shahar bo‘lib ketdi degin-a, turklar o‘z dinida qoldimi yoki musulmon diniga kirishdimi?
— Ulardan ko‘pchiligi zardushtlik dinida ekanligi janoblariga ma’lum, lekin hozir ular islomni qabul qilishgan. Askarlarning kuch-qudratini kamaytirmaslik uchun xalifa ko‘rgan g‘alati tadbirlardan yana biri — ularni shahar aholisidan chetlatib, yerli ayollarga uylanishni man qilgani va Turkistondan turk ayollarini keltirib, shularga uylantirish harakatida ekanidir. Xalifa cho‘ri ayollar sotib olish uchun Farg‘onaga ancha odam yubordi. Shu vaziyatdan foydalanib, men ham ular bilan birga keldim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:57:38

     Hokim: «O‘g‘lim, kelganingdan juda quvondim, boshim osmonga yetdi. Bayram oldidan seni ko‘rishni yaxshilik xudosi o‘zi muyassar qildi», — dedi-da, rangi o‘zgarib ketdi va yuzlarida xafalik alomatlari paydo bo‘ldi. Yig‘lab yubormaslik va hayajonini yashirish uchun u yo‘taldi, mo‘ylovini, yuz-ko‘zini silab qo‘ydi. Shu orada Jahon va Zirg‘om bir-birlari bilan ohista ko‘z urishtirib olishdi.
Jahon otasining Zirg‘omga qilayotgan shirin muomalasidan sevinayotgan bo‘lsa ham, hokimning umidsizlanishidan bir oz tashvishga tushib qoldi. Otasining Zirg‘omga bu xayrixohligi mangu bo‘lishini istardi u. Zirg‘om o‘zining umr yo‘ldoshi bo‘lishiga otasi qarshilik qilmasligiga ham Jahon to‘la ishongandi va qulay payt keldi deguncha shu gapni unga aytishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi.
Zirg‘omni gapga solish uchun hokim:
— Onang qalay? — deb so‘radi.
— Xudoga shukur, juda yaxshilar, hamisha janobingizni va bizga qilgan marhamatlaringizni eslab turadilar. Sayida Jahonni tillaridan qo‘ymaydilar, u kishiga ixloslari juda baland.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 17:58:06

     Zirg‘om bilan gaplashishga mavrid kutib turgan Jahon:— Bechora Oftob xola, u kishini onamdek yaxshi ko‘raman, u kishidek qalbi pok ayolni uchratmaganman. Oftob xola mening ovunchog‘im edilar, — dedi.
     Hokim bir narsadan cho‘chigandek, birdan joyidan qo‘zg‘aldi-da: «Somon qaerda? Kohinga bordimi? Darrov oldimga chaqirib kelinglar. Somonga inonib bo‘lmaydi», — dedi. Keyin boshini shunday sarak-sarak qildiki, bundan allaqancha ma’no anglashilardi.
Zirg‘om irg‘ib o‘rnidan turib: «Kohinni men chaqirib kela qolay, u kishini taniyman, uylarini ham ko‘rganman»,— dedi. Hokim e’tiroz bildirdi:
— Yo‘q, ovora bo‘lma, qasrimizda nima ko‘p — xizmatchi ko‘p. Somonning o‘zi, men borib kelaman demaganda, ulardan bittasini allaqachon yuborgan bo‘lardim.
— Otamning buyruqlarini o‘zim bajarib kelaman, deb Somon juda yaxshi ish qilgan, agar janoblari ruxsat bersalar, hali ham bo‘lsa men borib kela qolay, — dedi Zirg‘om qo‘zg‘alib. Hokim uning so‘zini bo‘ldi:
— Yo‘q, sen borma.

Qayd etilgan