Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155105 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:04:56

     Jahon otasini tilga oldi-yu, uning holini eslab, xo‘rsindi va: «Sevgilim, vaqtimiz juda g‘animat. Ha, sevgilim, sizdan oldin shu iborani tilga olganim uchun meni kechiring. Muhabbat dunyoda qanday zo‘r narsa-ya», — dedi.
Zirg‘omning butun g‘am-g‘ussasi sirtiga tepdi:
— Bu iborani menga aytishga sizdan bo‘lak hech kimning haqqi yo‘q edi. Mana, dastlab o‘zingiz aytib qo‘ya qoldingiz, o‘z og‘zingizdan eshitmay turib, sizni sevgilim deb aytishga menda jur’at qayda? Tangriga shukurlar bo‘lsinki, bundan keyin sizni ham sevgilim deb atashimga yo‘l ochildi. Bu ibora tilimda qanday laziz, ko‘nglimda qanchalar orombaxsh. Shu so‘zni dilimda qayta-qayta takrorlaganman, sizning og‘zingizdan eshitarmikanman deb qachonlardan buyon orzu qilib yurardim, mana, maqsadimga erishdim. Olamda mendan ko‘ra baxtliroq odam bormi?
     Jahon boshini yerga egdi. Ammo Zirg‘om undan ko‘zini uzmasdi. Ikki bilagidan ushlashga yuragi dov bermay, iloji bo‘lsa, ikki ko‘zi bilan uni o‘z yoniga tortib olgisi kelardi. Sevligisining vujudi titrab, boshini yerga egib turganini ko‘rgan Zirg‘omning ko‘ngliga g‘alati xayollar keldi. Jahon hozir achchiq qilib ketib qolsa kerak, deb o‘yladi-da, unga dedi:
— Nega boshingizni yerga egib oldingiz, sevgilim?
    Jahon boshini ko‘tardi va Zirg‘omning ko‘nglidan nimalar kechganini sezib, tabassum bilan: «Boshqa xayollarga bormang, sizni sevgilim deb atarkanman, hech kimdan qo‘rqqanim yo‘q. Xususan, otamning sizga qilgan muomalalari va ko‘rgazgan iltifotlari sizni oshkora shunday deb atashimga yordam berdi. Eh, otam betob bo‘lmaganlarida edi, betob bo‘lmaganlarida...» — dedi-yu, jim bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:05:13

— Tangri u kishiga shifo bersin, — dedi-yu Zirg‘om qizning ko‘zlariga tikilgancha jim bo‘ldi. Ularning har ikkisi ham bir-birovining dilidagi gapni ko‘zlaridan uqib turardi. Jahon Zirg‘omga nisbatan ko‘proq narsa sezdi shekilli, o‘zi so‘z boshladi:
— Zirg‘om, men o‘z tuyg‘ularini sevgilisidan yashiradigan, uning diliga shubha soladigan, ojiz qiz emasman. Necha yillar birga yashab, bir-birimizni yaxshi sinaganmiz, ruhimiz bir-biriga payvand bo‘lib ketgan, bizni bir-birimizdan ajrata oladigan kuch endi dunyoda yo‘q. Sizsiz menga hayot ham, orzu-umidlarim ham yo‘q. Siz meniki va men sizniki, shunga imonim komil. Men qachon biror narsani o‘ylasam, darhol ko‘z o‘ngimda siz paydo bo‘lasiz, o‘sha fikrimni bo‘lib yuborganday bo‘lasiz, ko‘z o‘ngimga nimani keltirmay, uning ichida sizni ko‘raman. Shunday ekan, bizni judo qila oladigan biror kuch dunyoda bo‘lishi mumkinmi axir? Agar vujudimizni bir-biridan ajratsalar ham, ruhimizni, xayolimizni aslo ajrata olmaydilar. Lekin oldimizda katta bir g‘ov turibdi, shundan o‘tsak... — dedi-yu, sukut etib ko‘zdagi yoshini sezdirmaslik uchun yuzini boshqa yoqqa burdi.
Zirg‘om Jahonning nima demoqchi bo‘lganini tushunmadi. Biroq qizning ajoyib gaplari va hozirgi o‘zini tutishi yigitni nihoyatda jo‘shtirib yuborgandi...

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:05:48

— Nimadan xavotir qilasiz? Sizning biror narsadan qo‘rqqaningizni hech qachon ko‘rgan emasdim. Sizdagi aqllilik, dovyuraklilik hamma baloga qalqon edi-ku. Mana, ixtiyorim qo‘lingizda, nimaki farmoningiz bo‘lsa, hammasini bajarishga tayyorman.
— Rahmat sizga, Zirg‘om, ixtiyoringizni menga topshirdingiz, men hech narsadan qo‘rqmayman, chunki dunyoda meni sizdan chetlata oladigan hech bir kuch yo‘q. Otamda biror o‘zgarish yoki dudmollik yuz berib qolarmikan, degan xavotirda edim, ammo bugun o‘sha xavotirim ham yo‘qoldi. U kishining betobliklari bor, tez shifo topib ketsalar edi,— dedi Jahon. Zirg‘om unga dalda berdi:
— Xudo xohlasa, shifo topib ketadilar. Dilingizda boshqa gaplaringiz bo‘lsa, mayli, izhor eting.
— Hali bir qancha to‘siqlar bor. Boshqalarni cho‘chitsa ham, men ularni parvoyimga keltirmayman. Chunki ular hammasi puchak narsalar, siz esa javohirsiz. Siz meniki ekansiz, butun dunyo, dunyodagi hamma narsalar ham meniki. Meni ko‘nglimdagini ochiq aytib qo‘ya qolganim uchun avf eting. Sizning ham shunday qilishingizni istardim. Chunki men ikkilanishni, fikrni dudmol qilishni yoqtirmayman.
Zirg‘om qat’iy qilib dedi:
— Sizni sevaman yoki sizni deb butun dunyodan kechib yuboraman deb ochiq aytib qo‘ya qolishimni istaysizmi? Yo‘q, menimcha, bunday deyishning sira ham hojati yo‘q. Tashna kishiga «menga suv kerak desang, bo‘lmaydimi» deyish, baxti qaro odamdan o‘zing uchun baxt istaysanmi? deb so‘rash lozim emas-ku, axir. Siz bo‘lmasangiz, men suvsiz baliq, jonsiz jasadman. Baxtim ham, hayotim ham, butun borlig‘im ham siz.
     Jahonning ko‘zlariga olam yorishganday bo‘ldi, g‘am-g‘ussasi tarqalib: «Men sizdan kutganim ham shugina edi. Hovlida Somonning ovozi kelyapti. U bu yerga kirib, sirimizdan voqif bo‘lib qolmasin. Endi va’damiz shuki, otam tuzaldilar deguncha u kishiga shu haqda gap ochaman. Bergan javoblarini sizga yetkazaman», — dedi-da, turmoq uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Shu payt g‘amgin, dard-dunyosi qorong‘i Hayzuron kirib keldi. Jahon uning yoniga bordi. Hayzuron:
— Somon hozir hokimning oldilariga kirmoqchi bo‘lib ketdi, — dedi.
— Kohin ham birga keldimi? — so‘radi Jahon.
— Yo‘q, yolg‘iz o‘zi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:06:22

     Jahon boshini sarak-sarak qilib, tishlarini g‘ijirlatdi-da: «Bu kishini ko‘rdingizmi?» — deb Zirg‘omni ko‘rsatdi.
     Hayzuron xijolat tortib, terga botib ketdi va: «Shu ahvolda kirganim uchun kechirasiz, uzr. Qizim, otang Somonning kirishini istamaydilar, «yonimga hech kimni qo‘ymanglar, deb tayinlagan edilar», dedi. Keyin u Zirg‘omga qarab salom berdi-da, uning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi.
Zirg‘om kulimsirab, uning salomiga alik oldi. Hayzuron Jahonni astoydil e’zozlashini yaxshi bilgani uchun Zirg‘om u bilan tortinmay bemalol gaplashaverardi.
— Somonning o‘z otasi oldiga kirishidan nega buncha tashvishlanmasanglar?
— Kecha kohinni olib kel, deb dadam uni yuborganlarida uddasidan chiqolmay, lalayib qaytib kelgani uchun undan norozi bo‘lgan edilar, — dedi Jahon, so‘ngra, — hozir otamning oldilariga borib kelaman, — dedi-da, Zirg‘omni o‘z xonasida qoldirib, yugurganicha chiqib ketdi. Somon otasi yoniga kirishiga ruxsat bermayotgan soqchi bilan eshik oldida «adi-badi» aytishayotganda, Jahon unga qarab: «Aka, sizga nima bo‘ldi?» — dedi.
— Ko‘rmaysanmi, otamning oldiga kirishga to‘sqinlik qilayotibdi.
— Xafa bo‘lmang, otamiz to‘shakda yotibdilar, meni ham chiqarib yuborib, Mehtar bilan ba’zi ishlar ustida suhbatlashyaptilar. Kohinni uchratdingizmi?
— Yo‘q, topolmadim, — dedi Somon.
— Kohinni topmay, yolg‘iz qaytib kelishingizdan dadamning dillari og‘rishini bilmaysizmi?
    Ular ikkalasi eshik oldida shunday so‘zlashib turgandi, ichkaridan hokim: «Somonni yonimga kiritmanglar, Jahon, sen bu yoqqa kel», — deb chaqirib qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:06:53

    Jahon akasiga qarab ohista dedi:
— Aka, siz ayvonga borib turing, otamizni ranjitmang, bu yerdan chiqib, darrov oldingizga boraman.
    Somon «xo‘p» deb ayvon tomonga ketdi. Jahon ichkariga kirdi, otasi yonida Mehtar cho‘kka tushgan, oldida qog‘oz, siyoh va dovot bor edi. Hokim rangi o‘chgan, o‘ychan holda karavotda o‘tirardi. Jahon kirishi bilan unga bir qarab, jilmaydi. Jahon ham ochiq yuzlik bilan uning yoniga borib qo‘lini o‘pdi va: «Dadajon, qalaysiz? Tuzukmisiz?» deb so‘radi. Hokim uning peshanasidan o‘pdi va uzoq vaqt quchoqlab turdi. Otasining iliq ko‘z yoshlari yelkasiga tomayotganini sezgan Jahon qo‘rqib, uning yuziga qaradi: ko‘zlari jiqqa yosh edi. Uning avzoyi Jahonga qattiq ta’sir etganini, Jahon qo‘rqayotganini bilib atayin tabassum aralash: «Qizim, men yaxshiman, qo‘rqma! Senga qo‘limdan kelganicha yaxshilik qilaman, o‘tir», — dedi va Mehtarga qarab: «Sen eshikka chiqib tur» degandek ishora qildi. Mehtar tashqari chiqib, eshikni mahkam berkitdi. Jahon otasi yonidagi daftar-qalamga yana bir qarab qo‘ydi-yu, lekin so‘rashdan istihola qildi.
     Otasi bir esnadi-da, orqasidagi yostiqni balandroq ko‘tarishni so‘rab, qiziga qaradi. U oyog‘ini uzatib, yostiqqa suyanib oldi-da, so‘z boshladi:
— Akang Somonning bu safar ham yolg‘iz qaytib kelganini bildim, chunki u kohinni olib kelsa, o‘zi uchun foyda emas, zarar bo‘lishini bilib shunday qilyapti.
— Dadajon, xotirjam bo‘ling, kohinni olib kelish uchun Zirg‘om o‘z xizmatchisini yubordi. Hozir kelib qolsa kerak, — dedi Jahon.
    Otam nima deyarkinlar deb Jahon qasddan Zirg‘omning nomini tilga olgan edi. «Zirg‘om dili pok yigit, uni ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Senga akalik qilishga arziydigan yigit battol Somon emas, balki shu Zirg‘omdir»,— dedi hokim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:07:29

     Sevgilisini otasi maqtagani Jahonga yoqib tushdi. Shu to‘g‘rida yana gap ochmoqchi bo‘lib turuvdi, birdan soqchi kirib: «Kohin Afshin bilan birga tashqarida ruxsat so‘rashyapti», — dedi.
Afshinning nomini eshitgan hokimning yuziga qon yugurib: «Afshin ham keldimi?» deb so‘radi. Soqchi: «Ha, janob hokim, Afshin ham bor», — dedi.
     Ammo Jahonga uning kelishi ma’qul bo‘lmadi. Qizning dilidagi sevinch o‘rnini xafalik egalladi. Uning basharasini ko‘rmay qo‘ya qolay, deb chiqib ketishga shaylandi-yu, lekin otasining ijozatini kutishga o‘zini majbur qildi. Otasi unga qarab: «Istasang, o‘tiraversang ham mayli. Yana o‘zing bilasan, qizim», — dedi.
— Dadajon, ruxsat bersangiz men chiqib keta qolay.
— Mayli, qizim, chiqib dam ola qol! — dedi hokim. Qiz xonaning bir burchagidagi maxfiy eshikdan chiqib ketdi. Hokim soqchiga qarab: «Kohin ham, Afshin ham kira qolishsin», — dedi.
Kohin uning orqasidan Afshin hokim huzuriga kirishdi. Kohin avval ma’buda tomonga bordi, bukilib labini pichirlatib nimalarnidir o‘qib, duo qildi. Afshin ham xuddi kohindek ma’budaga topindi.
— Xush keldinglar, qani, marhamat, o‘tiringlar, — dedi hokim va ularni o‘tqazdi. So‘ng Afshinga: «Juda uzoqlashib ketib, kishini sog‘intirib qo‘ydingiz», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:08:00

    Afshinning yoshi ham hokimning yoshiga yaqin edi. U moshkichiri soqolini qashib turib: «Ha, turli moneliklar chiqib qoldi. Farg‘onaga shu bugun yetib keldim, o‘zingizning ahvolingiz qalay?» dedi.
— Tuzukman, siz ayni vaqtida keldingiz, — dedi hokim, — keyin kohinga qaradi: — Sizga bir necha marta kishi yubordim, kelmadingiz.
— Bundan ilgari menga hech kimsa borgani yo‘q, yo‘qlatganingizni eshita solib, yugurib kelishim, — dedi kohin.
— O‘g‘lim Somonni kecha ham yuborgandim, bugun ham yubordim. Ibodatxonadan u kishini topmadim deb qaytib keldi.
     Hokimning bu gapidan hayratga tushgan kohin: «Bayram munosabati bilan tevarak-atrofdan Farg‘onaga kelgan kishilar ibodatxonani ziyorat qilib, nazr-niyoz topshirib turgani uchun uch kundan buyon ibodatxonadan qimirlaganim yo‘q. Siz chaqirtirasizu, nahotki kelmasam. Farzandingiz ibodatxonaga borib, meni so‘rasa-yu, men eshitmasam, balki borgan bo‘lsa ham, meni so‘ramagan, yoki tanimaydigan kishilardan so‘ragan bo‘lsa ajab emas», — dedi.
Hokim jahli chiqib, tishlarini g‘ijirlatdi:
— Sizni so‘ramagan bo‘lsa kerak. Nima niyatda shunday qilganini bilolmay qoldim. Bilsam ham aytib o‘tirishning hojati yo‘q. Uning jazosini berib qo‘yaman, mana, birodarim Afshin bunga guvoh bo‘lsinlar. — U chapak chalib soqchini chaqirdi va unga: «Yonimizga hech kimni kiritma, eshikni berkitib qo‘y», — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:08:41

     *  *  *

     Jahon Afshin kelgani va otasining oldida dovot-qalamlar tayyorlab qo‘yilganini ko‘rib, u yerdan asabiyat va hayajon ichida qaytib chiqqan edi. U to‘g‘ri Zirg‘omning oldiga keldi. Zirg‘om yolg‘iz o‘zi ayvonda edi. Uni ko‘rish bilanoq Jahon hayajonini unutdi, g‘amu g‘ussasi tarqadi.
     Zirg‘om uning oldiga borib, otasining ahvoli qandayligini so‘radi. Jahon: «Otam ertalabkidan ko‘ra tuzuklar. U kishi sizni menga Somon o‘rnida akalik qilishingizni aytdilar. Koshkiydi sizning undan necha baravar yaxshi ekanligingizni bilsalar», — dedi-da, Zirg‘omga ma’nodor bir qarab qo‘ydi.
Zirg‘om ko‘zlari kulib turib dedi:
— Meni osmon-falakka chiqarib qo‘yganingiz uchun katta rahmat, otangizni qanday tashlab chiqdingiz?
Jahon qattiq xo‘rsindi-da:
— Afshin bilan kohin kelganini bilmadingizmi? — dedi.
Zirg‘om hayajonga tushdi:
— Afshin ham keldimi? Xizmatchim Vardonni men hali ko‘rganim yo‘q.
— Ikkalasi birga kelishdi... Men shundan qo‘rqib yurardim, mayli, hechqisi yo‘q. Otam tuzalib ketsalar bas.
Zirg‘om: «Ular qaerda?» — deb so‘radi.
— Otamning oldilarida, hech kimni yo‘latmay, o‘zlari o‘tirishibdi. U kishi menga bu yerda o‘tiraversang ham, chiqib ketsang ham ixtiyor o‘zingda, dedilar. Men ularning basharasini ko‘rmay qo‘ya qolay, sevgilim Zirg‘om bilan suhbat g‘animat deb chiqib keldim.
— Ularning suhbati uzoq cho‘ziladiganga o‘xshaydi, ruxsat bersangiz men bir tashqariga chiqib kelsam, — dedi Zirg‘om.
— Meni tashlab qaerga borasiz?
Zirg‘om unga dalda berdi:
— Xohlamasangiz, bormasam ham bo‘ladi, lekin borsam ham bir lahzada qaytib kelaman.
— Mayli, borib keling, yaxshilik xudosining  o‘zi asrasin!

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:09:12

     Jahon «yaxshilik xudosi» degandan keyin Zirg‘om: «Shu topda menda bir savol tug‘ildi, ruxsat bersangiz so‘rab olsam», — dedi.
Jahon uning ko‘zlariga tikilib turib: «Savolingiz mening yaxshilik xudosiga e’tiqodim xususida bo‘lsa kerak. Sizningcha, xudo bitta, u ham yaxshilik, ham yomonlik xudosi, shunday emasmi?» — dedi.
    Zirg‘om uning ziyrakligiga ofarin aytib: «Ha, savolim xuddi shuning o‘zi edi», — dedi.
— Men bundan buyon sizning diningizni qabul qilaman. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham sizdan ajralishni istamayman, — dedi Jahon.
   Jahonning ko‘nglidan chiqarib aytayotgan bu gapidan Zirg‘om sevinib: «Menda yana boshqa bir savol ham bor», dedi. «Tortinmay aytavering», — dedi qiz.
— Mening onam Iroqda yashash niyatida ekanlarini siz yaxshi bilasiz. Nima uchun shunday ekanligini men bilmayman...
   Jahon uning gapini bo‘ldi:
— Siz qaerni istasangiz, men o‘sha yerda bo‘laman, men uchun butun dunyo siz yashaydigan yerdan iborat bo‘ladi. Otamning Farg‘ona yoki boshqa yerlardagi mol-mulklari menga kerak emas.
— Men hozir hamma maqsadimga erishdim, baxt-saodatimni mukammal qo‘lga oldim. Endi menga ruxsat bersangiz, borib Iroqdan birga kelgan hamrohlarimni ko‘rib, ulardan xotirjam bo‘lib qaytib kelsam, — dedi Zirg‘om xursand bo‘lib.
— Boring, sizni yakka-yu yagona xudoning o‘zi asrasin!
Zirg‘om Vardonni chaqirib kelishga kishi yuborgandan keyin Jahon bilan xayrlashib chiqib ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:10:03

     HOKIMNING O‘LIM OLDIDAGI VASIYATI  VA VAFOTI

     Jahonning ko‘ngliga Zirg‘omning orqasidan borish xayoli keldi. Lekin otasining betobligini o‘ylab, bu fikridan qaytdi. Agar otasi vafot etsa, u akasining qo‘lida qoladi. Akasi esa madadkor bo‘lishga arzimaydigan, beburd bir odam. Jahon otasining kohin va Afshin bilan o‘tkazayotgan suhbatini eslab, yana ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, tashvishlandi. Chunki kohinlarning tamagirligi, xususan, ibodatxonada xizmat qilishni ular mol-mulk to‘plash, maishat qilish manbai deb bilishi Jahonga ma’lum edi.
     E’tiqodlar eskirgani sari tamagirlik unga rahnamo bo‘la boradi. Buzuqlik avjiga minib, kishilar uchun u dinsizlikdan ham battar bo‘lib qoladi. Shunga ko‘ra, Jahon dinga mukkasidan ketmagan edi, u otasining otashparastlik dinida bo‘lar ekan, hech narsani surishtirmagan, chunki u shu dinga ishonuvchilar oilasida tug‘ilib o‘sgan edi. Uning boshqacha odat va axloq bilan tarbiyalanishi qiyin ham edi. Bunday bo‘lishi ko‘pchilik avomlarda uchraydigan tabiiy bir holat. Ular yoshlikda o‘rgangan, ko‘rgan va eshitganlarini qilishadi. Katta bo‘lib u yoq-bu yoqni ko‘rganda va ilm-idrok orqali tahlil etishga qodir bo‘lganlarida o‘sha taomil va axloqni aql va ko‘ngillariga o‘rnashib qolgan diniy e’tiqod bilan qo‘shib yuboradilar. Shuning uchun din va uning taomili kishiga milliy an’anadek bo‘lib qoladi. O‘sha taomilni ta’na etuvchilardan dindor g‘azablanadi, diniy urf-odatlarni himoya qiladi, ularni o‘z nomusini saqlagandek saqlashga intiladi.
     Jahon kohinlar ko‘pchilikni ishontirish maqsadida aytadigan gaplariga e’tiborsizlik bilan qarardi. Ularning qo‘lidan keladigani, boylik to‘plash deb ishongani uchun, ulardan hayiqmasdi. Kohinning hokim bilan suhbati Jahonni qiziqtirmasdi-yu, lekin Afshinning bu suhbatga aralashgani uning diliga g‘ashlik solardi. U nima uchundir Afshinni yoqtirmaydi. Askarlari va hukmi ostidagi odamlari ko‘p bo‘lgan, hokimning hurmat va ishonchini qozongan Afshindan Jahon qo‘rqardi.

Qayd etilgan