Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155041 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:10:31

     Bexosdan Jahonning ko‘zi uydagi gilamga bosilgan zarbof naqshlar ichida ko‘zlari o‘tdek chaqnab turgan sher suratiga tushdi-da, sevgilisini esladi, chunki uning nomi ham sher* edi. Bag‘rimda sherim bor ekan, men nimadan qo‘rqaman, degan fikr o‘tdi qizning ko‘nglidan.
     Jahon shu tariqa xayol surib o‘tirgandi, birdan eshik tomonda tapur-tupur oyoq tovushi eshitildi. Bu o‘z xodima-si Hayzuronning oyoq tovushi ekanini payqab, Jahonning yuragi o‘ynay boshladi. O‘zi nima gap? Qanday xabar keltirganikin? Hayzuron Jahonga yaqin kelib: «Jahon, hokim seni chaqiryaptilar. O‘zingni dadil tut, mening sinovimga bardosh bergan botirligingni qo‘ldan berma, qizim», — dedi.
     Hayzuronning bunchalik ogohlantirishidan Jahon cho‘chidi, lekin har qanday to‘qnashuvlarga bardosh bera olishga qodir ekaniga ishongani uchun bu daldalar sababini surishtirib o‘tirmadi, gapni cho‘zishni o‘ziga ep ko‘rmay, otasi tomon yugurdi. Hokimning oldida kohin bilan Afshin o‘tirgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, yuragi bir oz siqildi. Shunday bo‘lsa ham, Jahon qadamini sekinlatmay, hokimning xonasiga yetib bordi. Soqchi eshikni ochishi bilan u to‘g‘ri otasining karavoti tomon chopdi. Otasi yig‘idan kipriklari namlangan, yosh to‘la ko‘zlarini eshikka tikib yotardi. Qiziga ko‘zi tushishi bilan u zo‘raki jilmaydi. Ko‘zlari chaqnab, mehr bilan boqib turmagan bo‘lsa, Jahon uni o‘lgan deb hisoblashi muqarrar edi. U o‘zini bardam tutib, otasi yoniga bordi. Uni ko‘rishi bilan ota o‘zida yangi bir shodlik his qildi-da, ikki bilagini ochib, gapirish uchun og‘zini juftladi, lekin lablari qimirladi-yu, gapirolmadi. Jahon uning ko‘ksiga otildi. Yuragi bardoshli bo‘lmaganda, u so‘zsiz hushidan ketgan bo‘lardi, chunki hademay so‘qqa yetim bo‘lib qolishiga ko‘zi yetib qolgandi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:11:11

     Jahon jon taslim etayotgan otasining ikki bilagidan ushladi, menga rahm qiling, yolg‘iz tashlab ketmang, deyayotgandek uning yuziga termuldi, ko‘zlari yoshga to‘ldi, ho‘ngrashimni eshitib qolmasinlar, deb nafasini bo‘g‘ar, boshini yerga egar edi. Hokim esa qizining diliga to‘lgan xavf-xatar va g‘amginlikni sezmay qolmadi, uni yupatmoqchi bo‘ldi, lekin so‘zlay olmay, faqat labini qimirlatib, Afshin tomonga qaradi. Qo‘li bilan uni va kohinni ko‘rsatdi. Afshin qo‘lida buklangan qog‘ozni ushlab o‘tirgandi. Otasining ishorati bilan o‘ziga ko‘z tashlagan Jahonga qarab, tasalli bergandek tirjayib qo‘ydi. Ma’buda tomonga qarab tik turib ibodat qilayotgan kohin iztirob ichida unga qaradi. Bu qarash Jahon ilgaridan qo‘rqib yurgan masala hozirgi suhbatda hal qilinganligini bildirdi. Jahon otasiga qarab hol so‘radi:
— Dada, tuzukmisiz? Yaxshi bo‘lib qolgan ko‘rinasiz.
     Ota qiziga javob qilmoqchi bo‘ldi-yu, lekin jon talvasasi uni so‘zlashga qo‘ymadi. Qiz otasi yoniga o‘tirib sovuq terdan ho‘l bo‘lib ketgan qo‘lini ushladi-da, uning hayot bilan vidolashayotganini payqab, dod-faryod solmoqchi bo‘ldi, lekin u o‘zini qo‘lga oldi. Shunday bo‘lsa ham ko‘z yoshini yashirishdan ojiz qolib, yerga qaradi. Chaqnoq ko‘zlardan oqayotgan yoshlar qizni guldek ochiltirib yuborgandi. Ammo qisqa-qisqa nafas olishi, xirillashi va ajal yaqinligi ham betob otani aql-hushdan judo qilmadi, sevimli qizini unuttira olmadi. Hokim bir og‘izgina so‘z aytsam deb, har qancha urinsa ham, kuchi yetmadi — so‘nggi daqiqalar kelmoqda edi. Oxiri u, qizim, eshikka chiqib tur, ozgina uxlab olay degandek imo qildi. Ammo qaltirab otasi boshida o‘tirgan Jahon unga itoat etib chiqib ketishni ham, qo‘zg‘almay o‘tira berishni ham bilmay, ikkilanib qoldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:11:41

     Otaning yurak urishi yana tezlashib, o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lgandek boshini qimirlatar va u yoq-bu yoqqa javdirardi-yu, lekin hech narsaga majoli yetmasdi.
     Hokim Jahonga termuldi, qiz ham otasining nursizlangan, hayot alomati so‘nayotgan ko‘zlariga tikildi. Hokim ikki qo‘lini qizi tomon uzatmoqchi bo‘ldi-yu, lekin qo‘llari sal qimirladi, xolos. Keyin bir xo‘rsindi-yu ikki qo‘li shalpayib qoldi, yuragi urishdan to‘xtadi. Ko‘zlari yumilib,  qovoqlari halpillab qoldi, burni va ikki chakkasi tirishdi, soch-soqoli hurpayib, kishi qo‘rqadigan darajada o‘zgarib ketdi. Jahon jon holatda: «Dadajon», deb baqirib yubordi. U sochlarini to‘zitib, yuzlarini yulib, tirnay boshladi. Uning dodlaganini butun saroy ahli eshitdi. Bu shum xabar shu lahzadayoq oqsoch Hayzuronga ham borib yetdi. U xonaga kirib, Jahonning qo‘lidan ushlagan holda g‘am-g‘ussasini yengillatishga, tasalli berishga behuda urindi.
     Hokimning hayoti so‘nishi bilan aholi majusiylar odati bo‘yicha motam taraddudiga tushdi. Uni yuvishdi, oq kiyim-bosh kiygizib, katta bir xonada xontaxta ustiga yotqizib qo‘yishdi. Hokimning yaqinlari uning atrofini qurshab o‘tirishardi. Kohin esa ovozini chiqarib duo o‘qir, o‘tirganlar «omin» deb qo‘yishardi. Bir oz fursat o‘tgach, otasi vafot etayotganda uyda bo‘lmagan o‘g‘li Somon yetib keldi, dodlab yig‘lay boshladi. Kishilar unga tasalli berishdi. Otasi o‘layotgan paytida qattiq azob chekkan Jahon endi o‘zini bir oz tutib olgandi. U yoq-bu yoqni o‘ylay boshladi. U birdan-bir ovunchog‘ini, dardini yengillata oladigan Zirg‘omni o‘ylardi. Koshkiydi, hozir u kelib qolsa-yu, dardimga malham bo‘lsa, deb yo‘lini kutardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:12:12

     Kohin: «Boshqa bir xonaga kiraylik», — deb Jahonni taklif qildi, ularning ketidan Somon ham kirib bordi. Ikkalasini yoniga o‘tqazib, bunday dedi: «Marhum birodarimiz — otangiz uchun ko‘p qayg‘urish darkor emas. U kishi taqvodor, xayr-ehsonli odam edilar. Ezgulik xudosi hamma vaqt u kishiga yordir. Biz uning ruhiga atab uch kechayu uch kunduz xushbo‘y og‘ochlardan o‘t yoqamiz. Otangizning ruhi hali bu yerni tark etmasligini, uch kundan keyingina chiqib ketishini o‘zinglar yaxshi bilasizlar. Shunday ekan, bunaqa dodlab qayg‘urishning hojati yo‘q.
     Hokim juda badavlat odam edi, vafotidan keyin xayr-ehson qilishni va qoldirgan merosini bo‘lib berishni vasiyat qildi. Uning ruhi jasadi atrofida uch kunni o‘tkazib, keyin arshi a’loga chiqadi, hur-g‘ilmonlar orasida u bilan uchrashib, qilingan xayr-sadaqalarni unga aytib beradi. Keyin abadiy ayshu farog‘atda bo‘ladi. Biz bir yilgacha uni unutmay, haqiga duo qilib turishimiz kerak. Hokim dafn marosimini qay tariqa o‘tkazishni vasiyat qilganligini ikkalangizga aytib beraman».
     Boshini yerga solib, sukut ichida kohinning gaplarini tinglayotgan, dastro‘moli bilan ko‘z yoshini peshma-pesh artib turgan. Jahon o‘z otasining vasiyati haqida gap ochgan kohinga: «Qani, otamning vasiyatlarini aytib bering», degandek qarab qo‘ydi. Kohin: «U kishi o‘z jasadini hamma odamlar qo‘yiladigan oddiy go‘ristonga qo‘yishimizni vasiyat qildi», — dedi.
     Kohin shunday deyishi bilan qiz ham, akasi Somon ham hayron bo‘lishdi va: «Bu qanday gap, oddiy go‘ristonga faqir-fuqarolar qo‘yilmaydimi, otamiz maxsus maqbaraga qo‘yilishlari lozim-ku», deyishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:12:42

     Kohin: «To‘g‘ri, aslida shunday bo‘lishi kerak edi, lekin hokimning vasiyatlari shu bo‘ldi, buning sababini menga sir tariqasida aytdilaru lekin men uni sizlarga ayta olmayman», — dedi.
Jahon kohinning so‘zlariga boshqa so‘z qo‘shmay jim turgan bo‘lsa ham, Somon indamay turolmadi:
— Janob kohin, dadamizni nega umumiy qabristonga dafn qilamiz, axir u oddiy kishilar qabristoni ekanini o‘zingiz yaxshi bilasiz-ku, u yerda jasadlarni tosh ustiga qo‘yiladi, toshlardagi jasad ochiq havoda qoladi-da, yirt-qich qushlarga, vahshiy hayvonlarga yemish bo‘ladi. Ulardan ortib qolgan suyaklar bo‘lsa, quduqqa tashlanadi. Yaxshi kishilarning suyagi yomon kishilarnikiga aralashib ke-tadi.
     Somonning ko‘mish marosimi masalasida qarshilik ko‘rsatayotganidan kohin ajablandi, lekin unchalik parvo qilmay:
— Janob Afshinning huzurida otangizning qilgan vasiyatlari shu. Bir necha kundan keyin sizga o‘qib eshittiriladigan vasiyatnomada shunday deb qayd etilgan, — dedi va dafn hozirligini ko‘rishni saroy mutasaddisiga buyurdi.
     Kishilar bir necha kungacha hokimning duoyu fotihasini o‘tkazishdi. Jahon Zirg‘omning qaytishini sabrsizlik bilan kutmoqda, uning kechikkanligidan tashvishlanar, qayg‘usiga qayg‘u qo‘shilardi. Zirg‘omning bajarib keladigan ishi bir necha haftaga cho‘zilishi mumkinligi Jahonga qorong‘u edi. Oshiq kishi ko‘p besaranjom, serxavotir bo‘ladi. Negadir, Jahon akasi Somondan ilgari ko‘rmagan mehr-shafqatlarni ko‘rar, u Jahondan bir qadam ham nari siljimaydigan bo‘lib qolgandi. Jahonning xafalanganini ko‘rsa, darrov unga tasalli berardi. Jahonning Zirg‘omga ishqi tushganini Somon sezardi, lekin uning o‘ziga bu haqda aytmagan bo‘lsa ham, singlisi Zirg‘omni bot-bot eslab yurishidan xabardor edi. Shuning uchun uning haqida ko‘p gapirar va ba’zan maqtab ham qo‘yardi. Shu bilan birga, Jahonga boshqa kishilarni, xususan Bobak al-Xurramiyni ham maqtardi. Somon o‘zi muhabbat nimaligini bilmas, oshiqlarda sehrli kuch borligini tushunmas edi, lekin ularning tashvish va zaiflik sabablarini idroki bilan topardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 18:13:12

Jahon fahm-farosatli bo‘lib, akasiga uncha ishonmasa ham, uning gapidan zavqlanardi. Sevgilisini hurmat qilgani, uning fazilatlari va dovyurakliligini maqtagani uchun Jahon Somonni yoqtiradigan,  u bilan suhbatlashadigan, uning avvalgi nuqsonlarini va yomon niyatlarini unutadigan bo‘lib qoldi.
Mana sizga muhabbat: kishining ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘yadi. Kishi har qancha dono, har qancha aqlli bo‘lmasin, ishq changaliga tushsa, o‘sha donolik va aqlni yo‘qotib qo‘yadi. Kishi har sohada bilimdon, katta siyosatmand, zo‘r olim, o‘tkir shoir yoki ulug‘ faylasuf bo‘lishi mumkinu, ishq-muhabbat bobida yosh boladay itoatkor bo‘lib qolaveradi. Ba’zan unga xayolparastlik g‘olib chiqib, orzusiga yetishni osonlashtiradigandek tuyuladigan yoki ko‘ngliga tasalli beradigan har qanday bo‘lmag‘ur narsalarga ishonaveradigan, xurofotlarga ham ko‘ngil beraveradigan bo‘lib qoladi.
     Har bir xurofotga jonu jahdi bilan qarshi bo‘lib yuradigan ota sevimli farzandi betob bo‘lib, tabiblarning dori-darmoni kor qilmay qolganda, o‘g‘lim balki shifo toparmikan deb o‘zini folbinlar va sehrgarlarning so‘ziga ishontiradi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:36:57

    *  *  *

    Motam kunlari kohin bilan Afshin ta’ziya bildirib, hokim saroyiga qatnab turishdi. Somon esa otasining vasiyatini bilishga oshiqardi. Motam kunlari tugashi bilan kohin kelib alohida uyda suhbatlashmoq uchun Jahon bilan Somonni chaqirdi va cho‘ntagidan buklangan qog‘oz olib: «Mana, otalaringiz mening huzurimda janob Afshinga topshirgan vasiyatnomasi», dedi va Jahonga qarab: «Otang vasiylikni o‘z do‘sti Afshinga topshirib, to‘g‘ri ish qildi»,— dedi.
Kohin qog‘ozni ochib: «Janob Afshin bu vasiyatni sizlarga o‘qib eshitdirganimdan keyin o‘zlariga qaytarib bermog‘imni buyurdilar. Yaxshi tinglab, tushunib olinglar», — dedi-da, salmoqlab o‘qiy boshladi. Jahon jiddiyat bilan unga quloq solar, Somon esa jim o‘tirardi. Vasiyatnoma quyidagicha:
«Bu Farg‘ona hokimi Tahmozning o‘z hayotining oxirida ibodatxona boshlig‘i kohin huzurida va yaxshilik xudosining yordami bilan Ushrusana podshohi va xalifa Mu’tasimning lashkarboshisi podshoh Afshin Haydar ibn Kovusga topshirgan vasiyatnomasi. Iskandar yili... Xurdodmoh (may) oyining ikkinchi kuni.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:37:39

     Hokim Tahmoz o‘zidan keyin qoldirgan mol-mulk, yer-suvlarni vorislari manfaati yo‘lida shu vasiyatnomaga muvofiq tasarruf qilmoqni Ushrusana podshohi va Mu’tasimning askarboshisi Afshin Haydar ibn Kovusga topshiradi. Tahmozning qonuniy vorislari faqat ikki farzand: Somon bilan Jahondir. Tahmoz qoldirgan hamma narsalarni qizi Jahonning o‘ziga vasiyat qiladi: saroy, undagi asbob-uskunalar, yer-suv, jonli mol va imoratlar, qul va joriyalar, oltin asbob va idishlar hamda naqd pullar — shularning hammasi qizi Jahonning merosidir. Do‘stimiz Afshin ularga qarab turmog‘i va yaxshilik xudosining inoyati bilan Jahonning foydasi uchun ularni tebratib turmog‘i shart. Ammo o‘g‘lim Somon shu merosning hammasidan mahrumdir: faqat bir nav yashashi uchun yetarli narsani vasi ajratib berishi mumkin.
Somonni merosdan mahrum qilishimning sababini bu vasiyatnomada yozishni loyiq topmadim, lekin noaniq qolmasin uchun sababini kohin huzurida vasiga og‘zaki aytib qo‘ydim. Zarur vaqt kelguncha bu narsa shu ikki kishi o‘rtasida sir bo‘lib saqlanib turmog‘i kerak.
     Mana shu vasiyatim o‘z huzurimda yozildi. Uni o‘zim aytib turdim va imzom bilan tasdiqladim, unga kohin guvoh bo‘ldi. Shuning bir harfini o‘zgartirgan kishiga ellik martaba la’nat bo‘lsin. Buni aql-hushim joyidalik vaqtida, o‘z ixtiyorim bilan yozdirdim. Yana o‘lganimdan keyin jasadimni umumiy qabristonga qo‘yishlarini va u yirtqich hayvonlarga yemish bo‘lmog‘ini vasiyat qildim.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:38:16

     Yaxshilik xudosi bu vasiyatning ijrosiga o‘zim rahnamolik qilsin va unga muvofiq amal qilishda birodarimiz Afshinga o‘zi yordam bersin».
     Kohin vasiyatni o‘qiyotganda Somon bilan Jahon jim o‘tirishgandi. Somonni mahrum qilish degan jumlaga yetganda uning yuzlari o‘zgarib, rangi o‘chdi, lekin hammasini o‘qib bo‘lguncha sabr qilib o‘zini tutib turdi-da, keyin: «Xo‘sh, nega otam meni merosdan mahrum qiladilar, men axir yolg‘iz o‘g‘illariman-ku? Bunday gap bo‘lishi hech mumkin emas, u kishining nomi va shuhrati menda qoladi, yer-suv esa men bilan singlim Jahonga tegishlidir», — dedi.
— Vasiyatnomani ikkalangizga o‘qib berdim, undan chetga chiqib bo‘lmaydi. Har holda yana Afshinning fikriga qarash kerak. Men esa o‘z vazifamni ado etdim, endi ruxsatlaringiz bilan ibodatxonaga qaytay. Afshin o‘zi kelib vasiyatga muvofiq ish ko‘radi, davlat vasiyatni ijro etishda unga kuch bilan yordam beradi. Bolam Somon, otangning merosidan senga tegmagani uchun sabr qilishing kerak, — dedi-da, kohin shoshilib chiqib ketdi. Somon ham uni ayvonning zinapoyasigacha kuzatib qo‘ymoq uchun orqasidan chiqdi. U bilan xayrlashib, bog‘chaga tushgandan keyin Somon tishlarini g‘ijirlatib orqasidan qarab turdi-da, ichida g‘uldiradi:
— Nahs bosgan kohin! Sen bir baloni boshlab kelasan, deb qo‘rqib yurardim, seni aytib kel deb otam necha marta yuborganda paysalga solib, keyinroq kelishingga chora izlaganim ham shunday vasiyatdan qo‘rqqanim uchun edi, chunki otamning men to‘g‘rimdagi fikrini sezardim. Ha, uning mendan nega jahli chiqqanini bilaman, ammo men qilib qo‘ygan o‘sha ishni otam biladi deb o‘ylamagandim. Lekin bu ish meni meros haqimdan mahrum qilolmaydi. Janob kohin, gapingiz to‘g‘ri, ish o‘sha la’nati Afshinning qo‘lida, u pashshadan ham xira va suq. U merosga ega bo‘lish, bizni undan mahrum qilish uchun o‘zi vasi bo‘lishga intilgan bo‘lsa kerak, albatta. Eh, koshki Jahon so‘zimga kirsa edi, ikkimiz bir bo‘lib Afshinning ta’zirini berib qo‘yardik. Lekin Jahon o‘lgudek o‘zbilarmon. Ha, mayli, hammasining ta’zirini o‘zim beraman. — Somon bog‘chadan chiqib otini minib ketayotgan kohinning orqasidan qarab turib, shu gaplarni ko‘nglidan o‘tkazdi-da, keyin singlisi yoniga qaytib keldi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:39:11

     Afshinning vasiy bo‘lgani Jahonning o‘ziga ham og‘ir tushdi. Lekin chorasi yo‘q edi. Buning ustiga akasining merosdan mahrum qilingani yana ortiqcha. U akasiga qarab:
— Aka, xafa bo‘lmang, men hayot ekanman, sizni qiynab qo‘ymayman, akamsiz, otamning merosi badalini o‘zim boshqa yo‘l bilan to‘g‘rilayman, — dedi.
    Somon yerga qarab, bo‘ynini egib turdi, keyin ko‘zidan yosh to‘kib: «Merosdan mahrum bo‘lganim uchun emas, uning sababini bila olmaganim uchun kuyaman. Nima yomonlik qilgan ekanmanki, menga shunday muomala qilinsa?» — dedi.
Jahon akasiga tasalli berdi:
— Men ham buning sababini bilmayman, Afshindan bo‘lak hech kim bilmaydi, u yaqin orada Bag‘dodga jo‘nab ketishi kerak. Biz bu yerdamiz, mol-mulk o‘z qo‘limizda, undan o‘zimiz istagancha foydalanaveramiz.
   Bu mehribonlik uchun Somon Jahonga tashakkur aytdi. Ammo dilidagi gapni undan yashirdi. Uning merosdan mahrum bo‘lganidan Afshin bilan kohinning xabardor bo‘lishi va buning sababini bilishi Somonni qattiq tashvishga solardi. U hech narsa demay, bunga qanday chora topish kerakligini ustida fikr yuritardi. Keyin nimalarni o‘ylayotgani singlisi sezib qolmasin uchun Zirg‘om to‘g‘risida gap ochib, xayolini chalg‘itdi:
— Nimaga botir Zirg‘om kechikib qoldi? Biror muhim ish chiqib qolmasa, bunday jimjit bo‘lib ketmasdi, albatta.
— U Farg‘onadan olisroq yerda bo‘lsa kerak, agar Farg‘onaning o‘zida yoki unga yaqinroq yerda bo‘lganida boshimizga tushgan bu musibat xabari unga yetmay qolmasdi. Qaytib kelib qolsa ajab emas, — dedi Jahon.

Qayd etilgan