Fargʻona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon  ( 155208 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 40 B


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:40:57

— Zirg‘om shu yerda bo‘lganida qayg‘umiz bir oz yengillashgan bo‘lardi. Men uni ko‘rsam xursand bo‘lib ketaman. U o‘z oti bilan chindan ham sherdek yigit. Hech kimga nasib bo‘lmagan olijanob xislatlarning hammasi unda bor.
     Akasining bu maqtovlaridan Jahon qattiq tashnalikdan so‘ng to‘yib suv ichgandek mamnun bo‘ldi. Akasining Zirg‘omni maqtayotgani sidqidildan emasligini bilib turgan bo‘lsa ham, har holda u sevgilisining nomini tilga olayotgani uchun shodlanardi, «akam uni yaxshi ko‘rarkan, avvallari men yanglish o‘ylab yurgan ekanman», deb jo‘rttaga o‘zini yupatardi.
Ikkovlari shunday so‘zlashib o‘tirishgan paytda Hayzuron Zirg‘omning kelganini xabar qildi.      Jahonning yuragi bir orziqib tushdi va butun g‘am-g‘ussalari unut bo‘ldi. Zirg‘om otasining ko‘ngliga yoqqanini va u hozir tirik bo‘lganda, qanchalik baxt-saodatga erishgan bo‘lishini eslab, ko‘ziga yosh oldi, lekin uni ko‘rishi bilan o‘zini bardam tutib, jilmaydi. Zirg‘om unga salom berib, ko‘ngil so‘radi. Keyin u Somonga qarab uning ham ko‘nglini so‘radi. Somon:
— Choramiz qancha, peshanada bori shu ekan, baxtimizga sen omon bo‘l, — dedi.
Jahon o‘z xonasi tomon yo‘l oldi. Safar kiyimlarini hali yechmagan Zirg‘omni o‘z xonasiga taklif qildi va: «Otam vafot etayotganlarida shu yerda bo‘lmaganingiz biz uchun qayg‘u ustiga qayg‘u bo‘ldi», — dedi.
— Iroqdan menga topshirilgan vazifani tezroq ado etay, deb uzoq yerlarga borishga majbur bo‘ldim, lekin... — dedi-yu, jim bo‘lib qoldi. Jahon:
— Ha, nima hodisa yuz berdi? — deb so‘radi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:41:55

    Xalifadan «Iroqqa tez qaytib kel», degan buyruq kelib qoldi.
Jahon boshini egdi va:
— Sizning ketishingiz men uchun ko‘ngilsizlik bir ish bo‘ladi... — dedi.
Zirg‘om uning so‘zini bo‘ldi:
— Men Farg‘onada qolaman, chunki yuragim, aqlim va butun vujudim shu yerda, — dedi-yu, birdan Somonning shu yerdaligi esiga tushib, xijolat bo‘ldi.
— Mayli, xijolat bo‘lmang, o‘rtamizdagi sirni akam biladilar, bu kishi sizni yaxshi ko‘radilar, mardligingizni, xulq-axloqingizni yoqtiradilar. Tap tortmay bemalol gapiravering. Sizning bu yerda qolishingiz men uchun ayni muddao. Lekin modomiki, sizni izzat qilgan va obro‘yingizni oshirgan xalif chaqirtirgan ekan, menimcha, uning yoniga bormog‘ingiz kerak. Xalifa Afshinni ham chaqirtiribdimi?
— Uni chaqirganidan xabarim yo‘q, — dedi Zirg‘om, — lekin uni ham chaqirsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki bu urushga aloqador masala, Afshin esa bosh qo‘mondon. O‘zingiz ayting, siz shunday qayg‘uda turib, men qanday keta olaman, ko‘nglim tinchiydimi? Siz...
Somon uning gapini bo‘ldi:
— Mayli, xavotir bo‘lmang, otamiz Jahonning holidan xabar olib turishni janob Afshinga vasiyat qilganlar, — dedi-da, jahldan ko‘zlari pirpirab ketdi.  «Ey, buni chakki aytib Zirg‘omni tashvishga solib qo‘ydingiz», degandek Jahon unga bir o‘qrayib qaradi. Chunki u o‘z sevgilisiga hamma vaqt shodlikdan so‘zlardi, juda majbur bo‘lmasa, unga yoqmaydigan narsani sira tilga olmasdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:42:33

     Afshinning vasi bo‘lib qolganidan taajjublangan Zirg‘om, bu qanday voqea, degandek  Jahonga qaradi. Jahon: «Afshin otamning o‘rtoqlari, unga ko‘p ishonardilar. O‘zlaridan keyin mening holim nima kechishini o‘ylab, uni menga vasi, kohinni esa guvoh qilibdilar, mayli, bundan tashvishlanishning hojati yo‘q», — dedi.
     Zirg‘om yerga tikilgancha xayol surdi: «Afshin Iroqda o‘zim bilan birga, bir shaharda yashaydi. Mendan uzoqda, Farg‘onada yashaydigan boshqa kishidan ko‘ra, uning vasi bo‘lgani yaxshiroq», degan fikrga keldi. U yo‘lga chiqishga azm qildi-da, Jahonning o‘zi bilan ketishi to‘g‘risidagi ra’yini bilmoqchi bo‘lib unga qaradi. Jahon esa undan ko‘zini uzmay tikilib turardi. «Demak, Afshin o‘ziga topshirilgan vazifani bir yoqlik qilguncha bu yerda turar ekan-da. Bunda siz uchun ancha xotirjamlik bo‘ladi», — dedi Zirg‘om Jahonga qarab.
    Jahon Zirg‘omning maqsadini tushundi:
— Men bu yerda ta’ziya tugaguncha turib, keyin Bag‘dodga boraman. Otamning vafotlaridan keyin bu shaharda yashashga toqatim yo‘q. Farg‘onaliklardan men ko‘rayotgan mehr-ixlosga qaramay, o‘zimni bir begonadek his qiladigan bo‘lib qoldim. Xususan, siz ketsangiz, g‘aribligim juda ham bilinib qoladi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:43:41

     Ularning o‘rtasidagi gap-so‘zlarni Somon eshitayotgan bo‘lsa ham, hech nimaga tushunmasdi, chunki so‘qir qo‘lida chiroq bilan ham so‘qirligicha qolaveradi. Muhabbat unga yetib bormasdi. Shunday bo‘lsa ham ularning gapiga aralashishni o‘ziga lozim topib: «Jahon Bag‘dodga borib, onangizni ko‘rish ishtiyoqida, chunki u kishi unga sevimli do‘st va ulfat edilar», — dedi.
     Jahon akasiga gina qilgandek bir qaradi-da: «Men gapning po‘skallasini aytishni yaxshi ko‘raman. Zirg‘omga bo‘lgan muhabbatimni ochiq-oydin izhor qilishga qo‘rqadi, deb o‘ylaysiz shekilli meni. Yo‘q, muhabbat uchun hech kimni aybsitib bo‘lmaydi. Yaxshilik xudosi otamning umrlarini yana bir yil cho‘zib berganda, ish albatta biz istagancha bo‘lardi. Xo‘sh, aka, siz nima deysiz?» — dedi.
— Zirg‘omni sevishingga mutlaqo qarshi emasman. U shunga arziydigan yigit. Sen uni mendan oldin sevib qo‘yganing chakki bo‘ldi, bo‘lmasa uni yaxshi ko‘rishda sendan o‘tib ketgan bo‘lardim. Lekin unga sening muhabbating boshqa, meniki boshqa, — javob berdi Somon.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:44:17

    Otasining vasiyatini eshitganidan buyon Somonning ko‘ngli g‘ash bo‘lishiga qaramay, bunday hazil qilishi Jahonga yoqib tushdi, lekin u akasining makkor, hasadgo‘yligini yaxshi bilardi. Akasiga ko‘z qiri bilan bir qarab qo‘ydi va Zirg‘omga gap qotdi:
— Ketishingiz menga og‘ir tuyuladi, lekin ketmasangiz bo‘lmaydi, sal fursatda men ham ketingizdan yetib boraman...
    Somon uning gapini bo‘ldi:
— Men ham buni qog‘ozdagi qantdek asrab, sizning yoki onangizning qo‘liga olib borib topshiraman.
    Jahon so‘zini davom etdiradi:
— Dunyo — mol-mulk o‘rtamizdagi sevgiga g‘ov bo‘lib tushadi deb o‘ylamang. Jo‘nashimdan oldin sizga xat yozib ma’lum qilaman.
    U bo‘lajak qiyinchiliklarni sezib turgan bo‘lsa ham, o‘ziga-o‘zi qattiq ishonganligi uchun qat’iy qilib gapirdi. Zirg‘om o‘z istaklarini ro‘yobga chiqarmoq uchun safar qilishi zarur bo‘lsa ham, Jahon to‘sqinlik qilarmikin degan xavfda edi. Jahon uni yo‘lga chiqishga undayotganini ko‘rib, safardan voz kechdi va Farg‘onada qolishni ma’qul topdi. Lekin Jahonga nima deb javob qilishni bilmay sukut saqlab turdi. Uning ikkilanib turganini sezgan Jahon:
— Sizning bu yerda qolishingiz men uchun eng katta baxt, lekin dovyurak qo‘mondonning ishi har qanday chaqiriqqa «labbay» deb javob berishdir. Bu chaqiriq hammaga hukmi o‘tadigan xalifaning chaqirig‘i bo‘lgach, unga «xo‘p»dan bo‘lak qanday javob bo‘lishi mumkin?
Somon gapga suquldi:
— Siz xotirjam bo‘lavering, o‘zim buni olib borib, sizga omon-eson topshiraman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:44:58

    Zirg‘om o‘z maqsadiga erishish uchun qat’iy kirishadigan kishilardan edi, lekin, «Jahonni qoldirib ketsam, unga og‘ir botmasmikin, birga ketamiz desam, hali ta’ziyasi tamom bo‘lgani yo‘q», degan xayolga bordi.
Jahon uni yo‘lga otlanaverishga da’vat qilganidan keyin, qat’iy fikrga keldi:
— Sizning xohishingiz shu bo‘lsa, so‘zingizdan chiqmayman, xudo xohlasa, ertaga yo‘lga chiqaman.
    Ikkalasining orasiga shu paytda suqulib o‘tirishni noqulay sezgan Somon: «Zarur ishlarim bor, shularni bajarib, keyin qaytib kelarman», deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Jahon unga:
— Har safardagidek yo‘q bo‘lib ketmang, hozir ahvol nozik. Sizning saroyda bo‘lishingiz juda ham kerak, — dedi.
    Somon «xo‘p» deb apil-tapil qadam tashlab chiqib ketdi. Jahon bilan yolg‘iz qolgan Zirg‘om butun dunyoni unutdi: safarni ham, urushni ham, qo‘mondonlik, obro‘-martaba — xullas, hamma narsani miyasidan chiqarib yubordi. Shu daqiqalar yillarga cho‘zilishi, abadiy bo‘lishini istab qoldi. Hozir uning xayoliga na ovqat, na sharob, na boylik kelardi. U xayol osmonida parvoz etardi, go‘yo ikkalasining ruhi birlashib, tanaga ehtiyoj qolmagandek, yoki u tana boshqa hech narsani istamayotgandek edi. Muhabbat — ruhlar bir-birini o‘ziga tortishi va yaqinlashuvidan iborat. Jismoniy intilish, shahvat uni buzmasligi yoki kuchini bo‘lmasligi lozim. Ruhiy yaqinlashuv, birlashuv sevgining kuchiga kuch qo‘shadi. Uning boqiyligini istagan kishi — shahvatdan saqlanishi kerak. Dunyoda oshiq bilan ma’shuq bir-biriga o‘z muhabbatini izhor etishidan zo‘rroq saodat yo‘q. Jannatni tasavvur etishga qiynalgan kishilarga jannat jinsiy g‘arazlardan xoli bo‘lgan oshiq-ma’shuqlar ruhining bir-biriga yaqinlashuvidir, deyilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Kishilar buni she’riy xayol deb hisoblaydilar, lekin bu she’riy xayol emas. Bu xayolning haqiqatga aylanganini biz hech qachon bilmadik va eshitmadik ham.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:45:27

    Zirg‘om bilan Jahon singari sof muhabbatli oshiq-ma’shuqning uzoq vaqt ko‘rishmay, birdan uchrashib qolishi chinakam baxt namunasi ekaniga hech shubha yo‘q. Otasining vafoti tufayli ko‘ngliga xafalik cho‘kkan Jahon bu baxtni Zirg‘omdan ko‘ra ko‘proq his etgan bo‘lsa kerak. G‘amboda yurak boshqa yuraklarga qaraganda tasalliga ehtiyoji ko‘proq, shuuri o‘tkirroq bo‘ladi.
Ular ikkalasi shirin suhbatga tushib ketishdi. Gaplari esa o‘z-o‘zlaridan nolishdan nariga o‘tmasdi. Ular borliqni unutib, suhbatlari juda cho‘zilib ketdi. Yonlariga Hayzuron kirib gaplarini bo‘lmaganda, dunyoning ishlari bularning xayoliga ham kelmagan bo‘lardi.
    Motamzadaligi yuragini siqmasin deb Hayzuron Jahonni sira yolg‘iz qoldirmasdi. Hozir ham Somon chiqib ketgandan keyin Jahon yolg‘iz qoldi shekilli, deb o‘ylab, undan xabar olgani kirgandi. Yonida Zirg‘om o‘tirganini ko‘rib, uyalib orqaga tisarildi. Jahon uni «kiravering» deb chaqirgach, kirishga majbur bo‘ldi. Bu ikki yosh guldek ochilib ketgani, ko‘zlari chaqnab turgani, bir-birlaridan ko‘z uzmay, gaplariga quloq berib o‘tirishganini ko‘rib, Hayzuron hang-mang bo‘lib qoldi. Uning kirishi bularni ogoh qildi, ruh olamidan moddiy olamga ko‘chirdi. Hayzuron Zirg‘omga salom berib, keyin Jahondan hol-ahvol so‘radi va unga nima kerakligini bilmoqchi bo‘ldi. Jahon: «Hech narsaning keragi yo‘q, lekin Zirg‘om to‘g‘risida qanday fikrdasiz?» — dedi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:46:36

   Hayzuron bunday savolni kutmagani uchun esankirab qoldi:
— O‘zingga shunchalik yoqqan, munosib yigitning nimasini mendan so‘raysan? Kishilarni mendan ko‘ra o‘zing yaxshi bilasan-ku, men nima ham deyishim mumkin. Mening qo‘limdan keladigan gap «murod-maqsadinglarga yetkazsin» deb yaxshilik xudosidan iltijo qilish xolos, — dedi-da,— Somon qaerga ketdi? — deb so‘radi. Jahon: «Darrov qaytib kelaman deb saroydan chiqib ketdi, kelib qolsa ajab emas», — dedi.
     Jahon o‘rnidan turdi, Zirg‘om ham turib: «Menga qaytmoq uchun ruxsat bersangiz», — dedi. Jahon: «Sizning ketishingiz men uchun juda og‘ir, lekin...» — dedi-da, o‘zini bardam tutib: «Safaringiz xayrli bo‘lsin, xotirjam bo‘ling, sal o‘tmay men orqangizdan albatta yetib boraman. Bu yerda yashashga hech ra’yim yo‘q», — dedi.
     Shundan keyin Zirg‘om Jahon bilan xayrlashib chiqib ketdi. Saroydagi kishilar bilan Vardon uni kutib turgandi. Iroqqa jo‘nash uchun kerakli yo‘l anjomlarini tayyorlashni Zirg‘om unga buyurdi.

_______________
* Z i r g‘ o m — arabcha «sher» demakdir.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:47:58

    AFShIN BILAN JAHON O‘RTASIDAGI MOJARO

    Ezilgan, tinkasi qurigan Jahon katta uyga qaytib keldi. Zirg‘omni jo‘nashga undaganidan pushaymon bo‘lib, xayol daryosiga cho‘mdi. «Endi bu vasiyatnoma mashmashasidan qutulish, biror yo‘l topish uchun men aqlimni bir joyga yig‘ishim, nihoyatda ziyrak bo‘lishim kerak», derdi u.
Kun kech bo‘ldi-yu, Somondan darak bo‘lmadi. Ikkinchi kuni Jahon uyqudan barvaqt turib, sochlarini taradi, qora libosini kiyib, qora ipak chodirni ustiga tashladi. Boshiga ham qora ro‘mol o‘radi. Uning chehrasi shu qora parda ichida oydek nur sochib turardi. Lekin oyda Jahonning yuzidagi ma’no, jodu ko‘zlaridagi mehr o‘ti qayda deysiz.
    Qiz bog‘chaga kirib, o‘zini ovutmoq uchun daraxtlar orasida aylanib yurib, bir o‘rindiqqa borib xayol surib o‘tirgan edi, oqsoch yugurib kelib: «Sayidam, shu yerdamiding?» — deb so‘radi.
— Ha, o‘zi nima gap, nima bo‘ldi?
— Keldi... Afshin keldi, seni ko‘rmoqchi bo‘lyapti.
    Bu xabar Jahonni ajablantirmadi, aksincha, sevindi. Chunki Afshin kelsa, u bilan so‘zlashib, maqsadini bilib olmoqchi, otasining vasiyatidan qutulish chorasini ko‘rmoqchi edi. O‘tirgan yeridan irg‘ib turib: «U qaerda?» — deb so‘radi.
— Ayvonda, seni kutib turibdi, — javob qildi oqsoch.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Oktyabr 2007, 22:48:32

     Atrofini yasovullar o‘ragan podshohlardek hech narsadan tap tortmay mag‘rur odim tashlab Jahon saroyga kirib keldi, chunki u o‘zining dovyurakligiga va olijanobligiga e’timodi zo‘r edi. Oqsoch bilan hozirgi ahvol haqida mayda-chuyda gaplarni gaplashib, shiyponga chiqiladigan zinaga qadam qo‘ydi. Shiypon to‘rida o‘tirgan Afshin uni ko‘rishi bilan o‘rnidan turib, istiqboliga hozirlandi. Afshin oltmish yoshlarga yaqinlashgan bo‘lishiga qaramay, o‘zini yosh ko‘rsatish uchun soqol-mo‘ylovini bo‘yagandi. U baland bo‘yli bo‘lib, ko‘zlari katta, yuzi va bo‘yni barkashdek yassi, chakkasi tirishgan, yuz suyagi o‘ynab chiqqan bir kishi edi. Boshida gardishiga shohi salla o‘ralgan kichkina qalpoq, egnida qahva rang kamzul, uning ostidan oyog‘igacha bekitgan ishtoni ko‘rinib turardi. Kamzul ustidan beliga naqshin kamar bog‘lagan, kamarga dastasiga qimmatbaho toshlar qadalgan qilich osgan. Buning ustidan qora chakmon ham kiyib olgandi. U «men shunday mansabdor bo‘laturib senga bo‘yin egdim yoki mehribonlik qildim», degandek kibr bilan Jahonni oldiga borib qarshi oldi. Unga yaqinlasharkan, salom berib, ahvolini so‘ragan bo‘ldi va ko‘rishmoq uchun qo‘lini ham uzatdi. Jahon ham unga qo‘l berdi. Afshin Jahonning qo‘lini ancha vaqt siqib turdi. Jahonning badani seskanib ketdi-yu, shunday bo‘lishiga qaramay: «Yaxshiman, qani, o‘tiring», deb taklif qildi. Afshin Jahonning oldin o‘tirishini kutib, odob saqlagandek bo‘lib turdi. Jahon o‘tirgach, Afshin unga tikilganicha yonidagi kursiga borib o‘tirdi. Uning bunday tikilishidan niyati buzuqligini tushungan Jahon, pisand qilmagandek boshini yerga egdi. Ammo Afshin uning bu holatini azadorlikdan deb o‘yladi.

Qayd etilgan