Nafs
«Nafs» lafzi ham bir necha ma’nolar o‘rtasida mushtarakdir. Ulardan ikki ma’no bahsimiz mavzuiga taalluqlidir. Birinchisi shuki, nafs, deganda insondagi g‘azab va shahvat quvvatini jamlovchi ma’no iroda qilinadi. Kelgusida buning batafsil sharhi keladi. Bu tasavvuf ahllariga g‘olib bo‘lgan ma’no bo‘lib, ular fikricha, nafs insondagi qoralangan sifatlarni jamlovchi asldir, ya’ni negizdir. Ular aytadilar: «Nafsga qarshi kurashish va mudom uni sindirishdan boshqa chora yo‘q». Payg‘ambar alayhissalomning mana bu so‘zlari ham bunga ishoradir: «Ichingdagi nafsing dushmaningning eng yomonidir» (Bayhaqiy rivoyati, sanadida mavzu’chilardan Muhammad ibn Abdurahmon bor).
Ikkinchi ma’no - nafs yuqorida zikr etilganidek, bir ilohiy ne’matdir. Inson nafsi uning o‘zidir. Lekin u holatining turlanishiga qarab har xil sifatlanadi. Agar nafs Haq amriga bo‘ysungan holda shahvoniy hurujlarni yengishga qodir bo‘lsa, u nafsi mutmainna, ya’ni xotirjam-sokin nafs, deb nomlanadi. Alloh taolo aytadi:
«Ey xotirjam-sokin jon, sen rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan holda Parvardigoring (huzuriga)ga qayt!» (Val-fajr surasi, 27-28-oyatlar.)
Endi nafsni avvalgi ma’nosi bilan oladigan bo‘lsak, uning Allohga qaytishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki u Allohdan uzoq va shaytonning jamoasidandir. Agar nafsning sokinligi tom bo‘lmay, shahvoniy nafsga bir qarshi chiqib va bir yoqlab ikkilanuvchi bo‘lsa, u malomatgo‘y nafs, deb nomlanadi. Chunki banda Mavlosiga ibodat qilishda qosirlikka yo‘l qo‘yganida nafsi uni malomat etadi. Alloh taolo aytadi:
«Va Men malomatgo‘y nafsga qasam ichurmanki...» (Qiyomat surasi, 2-oyat).
Agar nafs e’tiroz bildirmasa va shahvoniy narsalarga bo‘ysunib, shaytonning vasvasalariga itoat qilsa, u nafsi ammora, ya’ni yomonlikka buyuruvchi nafs, deb nomlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda Yusuf alayhissalom tillaridan yoki Azizning ayoli tilidan xabar berib aytadi:
«Men nafsimni oqlamayman. Chunki nafs - agar Parvardigorimning O’zi rahm qilmasa, albatta yomonlikka buyurguvchidir» (Yusuf surasi, 53-oyat).
Yomonlikka buyuruvchi nafs, deganda avvalgi ma’nodagi nafs, deb tushunilishi joiz bo‘ladi. Demak, birinchi ma’nodagi nafs qattiq yomonlangan va ikkinchi ma’nodagi nafs esa maqtalgandir. Chunki ikkinchisi insonning nafsi, ya’ni insonning o‘zidir va Alloh taoloni hamda U yaratgan narsalarni tanib-biluvchi insonning haqiqatidir.
Imom G'azzoliy