Kiyinish har bir xalqning qadim zamonlardan buyon yashab kelayotgan mintaqasi, shart-sharoiti, turmush tarzi, udum, urf-odatlari, tabiati bilan ham chambarchas bog’liq bo’lgan. Masalan, serquyosh o’lkalarda yashovchi xalqlarda qadim zamonlardan beri oq matodan kiyim kiyinishni odat qilishgan. Chunki oq mato quyosh nurlarini bir qadar qaytarib, kishilarni issiq ta’siridan saqlagan.
Aksincha, iqlimi sovuq o’lka va yurtlar xalqlari esa odatda qora matodan kiyim kiyishga odatlanishgan. Chunki bu kiyim sal bo’lsa-da chiroy ko’rsagan quyosh nurlarini o’ziga singdirib, kiyim egasining tanini yayratgan.
Dunyodagi barcha xalqlar bir-biriga hududiy, madaniy-maishiy, iqtisodiy jihatdan qanchalik yaqinlashganlariga qarab, ularning kiyinish madaniyatidagi jihatlar ham bir-biriga ko’chgan. Bu bir mamlakatning ikkinchi davlat tomonidan bosib olinishi, katta xalqqa kichik xalqlarning ixtiyoriy ravishda qo’shilishi kabi omillar bilan bog’lanib ketadi. O’rta Osiyodagi ko’pgina xalqlar singari o’zbek xalqining kiyinish madaniyatida ham asosiy, o’zbek odat va rasmlaridan tashqari, Eron, grek-makedon, arab, mo’g’ul xalqlari kiyinish alomatlari uchraydi. Chunki tarixdan Siz bu xalqlar lashkarlari O’rta Osiyo yerlariga bostirib kirib, bir necha muddat bu yerlarda yashab qolishganini yaxshi bilasiz.
Aksincha, Yaqin Sharq, Sibir, Kavkazorti, Hindiston, Afg’oniston va Yevropaning bir qism xalqlarida O’rta Osiyo, xususan, bizning qadimiy xalqimiz kiyinish madaniyati belgilarini uchratishingiz mumkin. Bu Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur va Bobur Mirzo, Shayboniyxon kabi ajdodlarimizning bu mamlakatlarga lashkar tortib yurishlaridan qolgan meroslardir.
Hozirgi davrda umuman katta kishilar ham rangi-tusi, katta-kichikligi demasa, odatda, bir xil kiyim-bosh: ko’ylak, kostyum-shim, tufli-botinka, plashch-palto, shlyapa yoki shapka kiyishadi. Bu kiyimlar dastasi umuman Yevropa madaniyatiga doir, xususan qadimiy ingliz xalqi milliy kiyim-bosh hosilasidir. Taraqqiyotning so’nggi asriga kelib, dunyoda eng faol ishlatiladigan til bu — ingliz tili bo’lganidek, kiyinish borasidagi eng qulay va ko’pchilikbop kiyinish udumi ham ingliz kiyimi: kostyum-shim, plashch-palto va hokazo kiyimlar bo’lib qoladi.
Umuman, bugungi kunda roman-german xalqlari kiyinish madaniyati deyarli butun jahon xalqlari tanasi va ruhiga egalik qilmoqda. Biroq har bir xalq, jumladan, ko’p millatli xalqlarimiz tarkibiga kiruvchi har bir millat o’z kiyinish an;analari, madaniyati, insonning tashqi ko’rinishi bilan bog’liq urf-odatlarini u yoki bu darajada saqlab qoldi va bundan buyon ham asrab-avaylab saqlashi tabiiy.
Obrazli qilib aytganda, umumiy gulzorda gul ko’p, chaman ko’p, lemin har bir gulning o’z rangi, hidi, hayot tarzi va ifori bor. Millatlar va kiyimlar ham xuddi shunday. Ular rang-barangligi bilan kamalakdek tovlanib, ko’ngillarni quvontirishi lozim.
Siz kavkazlikni papax va kamzulisiz, ukraini guldor ko’ylagisiz, tojikni gilam do’ppi va belbog’da osilgan pichoqsiz tasavvur qilolmaganingizdek, o’zbekning ola do’ppi va choponisiz ko’z o’ngingizga keltira olmaysiz. Bular xalqlarimizning tashqi ko’rinishi — kiyinish borasidagi o’ziga xos milliy xususiyatlaridir.
Kiyim kishining nafaqat tashqi qiyofasini, balki ichki ma’naviy dunyosi, qaysi millatning farzandi, qaysi zamonning qanday saviyali odami ekanligini ham ko’rsatib turadi.