Muallif Mavzu: Fazluddin Iqroruddin. Nikoh va oila risolasi  ( 103026 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 3 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Fazluddin Iqroruddin. Nikoh va oila risolasi
« : 15 Oktyabr 2007, 05:59:34 »
NIKOH VA OILA RISOLASI

Toshkent
«Movarounnahr» - 2004

Ushbu risolada zamonamiz yoshlari uchun juda ham zarur bo‘lgan nikoh, oila qurish, farzand tarbiyasi, aqiqa, ism qo‘yish, eru xotin haqlari va taloq kabi masalalar, urfu odat va milliy qadriyatlarimiz haqida atroflicha bahs yuritilgan. Barcha masalalar, hukm va fatvolar Imomi A’zam mazhablariga oid mo‘’tabar manbalardan olingan. Kitob keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Mualliflar:
Muhammadi Maxdum Shohmurodzoda, Sariosiyo tumanidagi “Hazrati Mavlaviy” jome’-masjidi imom-xatibi.
Fazluddin Iqroruddin, Sariosiyo tumanidagi “Xoja Alouddin Attor” jome’-masjidi imom-xatibi.

Nashrga tayyorlovchi  va mas’ul muharrir:
Sayfiddin Sayfulloh, O’zFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi.

Muharrir:   
Abdulaziz Muborak

Musahhih:   
Abdusalom Abdunazar


Risola O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo'mita ruxsati bilan chop etildi.

MUNDARIJA

Juda zarur risola
Nikoh
Kelin tanlash
Kuyov tanlash
Mahr
Nikoh vaqti
Nikohning sunnatlari
To‘y
Mujomaat sunnatlari
G‘uslning farzlari
G‘uslning sunnatlari
G‘usl niyati
Suv miqdori
G‘uslning vojib bo‘lishi
Hayz
Tuhr
Mamnuoti hayz
Nifos
Istihoza
Farzand tavalludi
Ism qo‘yish
Farzand tarbiyasi
Aqiqa
Ona sutining xosiyati
Razo’
Erning haqlari
Xotinning haqlari
Taloq
Idda
Nikohi noravo ayollar
« So'nggi tahrir: 19 Yanvar 2012, 15:30:12 muallifi AbdulAziz »

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #1 : 15 Oktyabr 2007, 06:00:33 »
JUDA ZARUR RISOLA

Qo‘lingizdagi mo‘’jaz risola nikoh, er-xotinlik, taloq, hayzu nifos, idda aqiqa va boshqa muhim shar’iy masalalar haqida. Islom dinida balog‘atga yetgan har bir yigit va qiz imon va islom shartlarini, halol va harom haqidagi ko‘rsatmalarni yaxshi bilib, ularga amal qilishi kerak. Islom dini insonni hidoyatga boshlab, dunyo va oxirat saodatiga eltuvchi nurli yo‘lni ko‘rsatib beradi. Dinimiz har bir shaxsning e’tiqodini, aqlini, molini, jonini muhofaza qilish barobarida, uning naslu nasabini qo‘rish, himoya qilishga ham jiddiy e’tibor qaratadi. Xususan, zinoni, unga olib boruvchi har qanday yo‘llar va vositalarni qattiq qoralaydi. Bu boradagi ilohiy hukm va shar’iy tavsiyalarga amal qilinmasa, ayanchli oqibatlar keltirib chiqarishidan ogohlantiradi.

Darhaqiqat, bugungi kunda mahram-nomahramni ajratmaydigan, shahvatiga asir bo‘lgan ba’zi hayvontabiat insonlarning zinokorligi tufayli qanchadan-qancha oilalar barbod bo‘lmoqda, otasiz, nasabsiz bolalar tug‘ilib, jamiyatimizda o‘g‘rilik, qaroqchilik, buzg‘unchiliklar sodir bo‘lmoqda. Haqiqatan, inson nikoh odoblariga, er-xotinlik haqlariga rioya qilmasa, nomahramdan saqlanmasa, o‘zini ham, ahlu ayolini ham halokat girdobiga tashlashi muqarrar.

Fiqhiy kitoblarida uylanish odoblari va uning mas’uliyati haqida batafsil ma’lumotlar berilgan. Ular arab va fors tillarida bo‘lganligi uchun hamma ham o‘qib, tushunish imkoniyatiga ega emas. Shu bois mualliflar Imom A’zam mazhabiga oid bo‘lgan “Muxtasar ul-viqoya” sharhlari, “Raddul-muhtor”, “Jome’ ur-ramuz”, “Shir’at ul-Islom” singari kitoblardan nikoh va boshqa jihatlar bilan bog‘liq masalalarni tarjima qilib, ularni izohlab, risola holida jamlashgan. Mavzuga aloqador oyat va hadislardan istifoda etgan holda, shariatimizga, his-tuyg‘ularimizga muvofiq kelmaydigan ba’zi urf-odatlarni tanqid qilishgan. Nikohga oid ba’zi ahkomlarni yoritish uchun o‘rni-o‘rni bilan tabobat ilmiga ham murojaat qilishgan. Har bir mavzu haqida fikr yuritilganda ularning shar’iy asoslari, hukmlari Hanafiy mazhab doirasida tekshirilib, bugungi kun ehtiyoji yuzasidan foydali o‘git va tavsiyalar berilgan.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #2 : 15 Oktyabr 2007, 06:01:15 »
Sir emas, bugungi kunda diniy qadriyatlarimizga keng yo‘l ochilgan va islomiy adabiyotlar ko‘plab nashr etilayotgan bo‘lsa-da, nikoh uylanish odoblari, er va xotinlik haq-huquqlari, taloq va idda kabi masalalardan har bir kishi ham to‘la xabardor emas. Bu risola katta va kichik yoshdagi barcha kishilar uchun zarur. Ayniqsa, xolis niyat-la oila qurish, pokiza va totuv hayot kechirish ilinjida yurgan har bir yigit-qiz uchun dastlabki muhim ma’lumotlarni berish bilan e’tiborga molik dasturul amaldir.

Risolada keltirilgan ma’lumotlar g‘oyat muhim, hayotiy bo‘lgani uchun imkon qadar undagi har bir masala va o‘gitning mohiyatini to‘g‘ri tushunishga harakat qilish kerak. Zero, yoshlarimiz poklikka, uylanish odobiga, er-xotinlik haqlariga jiddiy amal qilsalar, ulardan tug‘ilajak farzandlar ham, inshaalloh, solih, taqvodor va salomat bo‘lib tug‘iladilar. Bunday yoshlar esa ota-onasiga, elu yurtiga hamisha rahmat keltiradilar.

Kelinglar, biz ota-onalar ham yelkamizdagi ulkan mas’uliyatni his etib, avvalo, o‘zimiz Allohdan qo‘rqaylik, taqvo qilaylik, halol va haromning farqiga boraylik-da, so‘ngra farzandlarimizdan ham shularni talab qilaylik. Hadisi shariflarning birida hazrat Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam oila boshliqlarini cho‘ponga o‘xshatib, ularning mas’ul va javobgar ekanliklarini alohida ta’kidlaganlar. Shunday ekan, farzandlarimizni haq va to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalashning har qanday moddiy va ma’naviy vositalari bo‘lsa, ulardan foydalanishimiz kerak. Axir dono xalqimiz: “Yaxshilik ham, yomonlik ham ostonadan boshlanadi”, deb bejizga aytishmagan...

Muhtaram kitobxon! Savob umidida yozilgan ushbu risolani o‘qib, undan bahramand bo‘lib, uning chop etilishiga hissa qo‘shganlarni ham duolar qilib turishingizni umid qilib qolamiz.

Sayfiddin Sayfulloh

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #3 : 15 Oktyabr 2007, 06:01:53 »
NIKOH

Jumla maxluqotni juft qilib yaratgan va insonni nikoh bilan sharaflantirgan Allohga behad hamdu sano va shukronalar bo‘lsinki, bu nikoh bizlarni fahshdan, zinodan saqlovchi, halol bilan haromni ajratib turuvchi chegara-to‘siqdir. “Nikohlanish mening sunnatimdir va kimki sunnatimdan yuz o‘girsa, bizdan emas”, deb shar’iy oila qurishga da’vat qilgan haq payg‘ambar hazrati Muhammad Mustafoga, u zotning ahli xonadon va ashoblariga Allohning behisob salotu salomi bo‘lsin.

“Nikoh” so‘zining lug‘aviy ma’nosi mujomaat (jinsiy aloqa) qilish, majozan esa oila qurish deganidir. Shariatda ijob va qabul (ikki tomonning roziligi) bilan hosil bo‘ladigan nikoh tufayli er-xotinga bir-biridan barcha ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanmoq halol bo‘ladi.

Nikohda muhim sunnatlar va haqlar bor. Ularni bajarish majburiyati, mas’uliyati eru xotin zimmasiga yuklatiladi. Agar er-xotin bularni ado etmasa, balo va ofatlarga duchor bo‘lishi mumkinki, hamma ham bu jihatini his qilib, tushunavermaydi. Masalan, oila nafaqasi uchun halol rizq topish, ahli ayol va farzandlarga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berish kabi.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #4 : 15 Oktyabr 2007, 06:02:49 »
Shuningdek, nikoh mazmun-mohiyati bilan dinni ustuvor qilish, axloqni yaxshilash va sayyidi koinot hazrati Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning faxru iftixorlari bo‘lgan xayrli va muborak bir ishdir. Bu xususda hadisi shariflarning birida bunday marhamat qilinadi: “Nikohlaninglar, ko‘payasizlar. Albatta, men qiyomat kunida o‘tgan ummatlarga nisbatan sizlar (ya’ni ummatimning ko‘pligi) bilan faxrlanaman. Hatto qorindan tushgan noraso va chala tug‘ilgan bola bilan ham”.

Nikohni ayrimlar moddiy qiyinchilik, yetishmovchilikka sabab bo‘ladi, deb gumon qiladilar. Aksincha, nikoh tufayli insonning rizqi va davlati ziyoda bo‘ladi. Chunki yaratgan Parvardigor Qur’oni karimning “Nur” surasi 32-oyatida: “...Agar ular (nikohlanuvchilar) kambag‘al bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlu karami bilan boy-behojat qilur”, deya mujda beradi1.

Hadisi sharifda: “Bir musulmonning nikohida hozir bo‘lgan kishi bir kun Alloh yo‘lida ro‘za tutgandek bo‘ladi va bu bir kun (savob yuzasidan) yetti yuz kunga barobar”, degan ulug‘ xushxabar berilsa, boshqa bir hadisi sharifda esa: “Ikki kishining nikohiga shafe’ bo‘lsang, ya’ni ularni juftlashtirmoqqa sabab bo‘lib, sa’y qilsang, shafoatning afzali shudir”, deya marhamat qilinadi. Hatto, yuqorida eslatganimizdek, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta nikoh - mening sunnatim, kimki sunnatimdan yuz o‘girsa, u bizdan emas”, deganlar. Bu xitob Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarini xush ko‘rmagan va nikohga qodir bo‘la turib uylanmaganlarga tegishli. Ba’zi uzrli sabablarga ko‘ra turmush qurmadiganlar bundan mustasno.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #5 : 15 Oktyabr 2007, 06:03:55 »
Nikohning fazilatlaridan yana biri shuki, uylanayotgan kishi zarurat bo‘lganda nikoh uchun qarz olsa, “Qanday to‘lar ekanman?” deya boshi qotmasin. Zero, bu qarzning adosini mehribon Parvardigor o‘z zimmasiga olgan. Agar uylanuvchi kishining niyati poklik, taqvodorlik bo‘lsa, hech qanday qiyinchilik, faqirlik va muhtojlikdan qo‘rqmasin. Bu borada hazrat Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Faqirlik va muhtojlikdan qo‘rqib oila qurmaganlar bizdan emas”, deb qattiq ogohlantirganlar.

Hanafiy mazhabimizda nikoh olti qismga bo‘linadi:
1. Ayolning mahrini berishga, nafaqasini ta’minlashga qodir, aqliy va jinsiy sog‘lom, uylanmagan taqdirda zino qilishi aniq bo‘lgan kishiga nikohlanish farz.
2. Jinsiy ojiz bo‘lmagan, mahr berishga va nafaqasini ta’minlashga qodir, uylanmasa, zino qilish ehtimoli bo‘lgan kishi uchun uylanish vojib.
3. Jinsiy tomondan o‘rtacha, zino qilish ehtimoli bo‘lmagan kishi uchun oila qurish sunnat.
4. Oila tebratish majburiyatiga bo‘ysunmay, xotiniga zulm o‘tkazishi shubhasiz bo‘lgan kimsaning uylanishi haromdir. Zero, bunday turmush har ikki taraf uchun saodat emas, baxtsizlik keltiradi.
5. Oilani boshqarish haqlariga rioya qilmasdan, xotiniga zulm qilishidan qo‘rqilgan kimsaning uylanishi makruh.
6. Zino qilish qo‘rquvi bo‘lmasa ham, jinsiy lazzat olish uchun uylanish muboh.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #6 : 15 Oktyabr 2007, 06:04:15 »
KELIN TANLASH

“Durrul Muxtor” nomli fiqh kitobining “Nikoh fasli” shu satrlar bilan boshlanadi: “Odamzot uchun nikoh va iymondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatmand bir bog‘ki, hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ham ma’lum muddatdan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan mamnun bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning hayoti esa o‘lim bilan ham tugamaydi”.

O‘zimizga umr yo‘ldoshi tanlar ekanmiz, bir yostiqda keksayish niyatidagina emas, balki jannatda ham birga bo‘lish orzusida yo‘lga chiqishimiz kerak. Shuning uchun munosib umr yo‘ldoshi tanlash inson hayotidagi eng muhim, balki hayot-mamot masalalardan biri hisoblanadi.

Nasl-nasabning qanday davom etishi, farzandlarning ta’lim-tarbiyasi, axloq-odobi, sog‘lik-salomatligi, hatto qarindosh-urug‘, aka-singil va do‘st-birodarlar bilan bo‘ladigan aloqa, yaqinlik, bordi-keldining risoladagiday saqlanib qolishi ham bevosita bo‘lajak umr yo‘ldoshiga bog‘liq. Qolaversa, uylanayotgan kishi turmush o‘rtog‘i bilan hayotining asosiy qismini o‘tkazadi, shubhasiz, ma’naviy kamolot va moddiy farovonlikka erishishda ahli ayolning o‘rni va ahamiyati o‘ta muhimdir.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #7 : 15 Oktyabr 2007, 06:04:45 »
Bu ishga shu darajada diqqat qilish kerakki, kelinning aslu naslida, hatto qarindosh-urug‘larida mavjud bo‘lgan iqtidor, qiziqish, xulq, qiyofa, fe’l-atvor va boshqa o‘ziga xos ijobiy va salbiy xususiyatlar bo‘lajak farzandlarga irsiyat orqali o‘tishi, ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ota-bobolarimiz yetti ajdodini, qarindosh-urug‘ini so‘rab-surishtirib, ma’qul topsalar, keyin sovchi qo‘yganlar.

Biroq bugungi kunda bunday qadriyatlar o‘rnini diniy va milliy g‘ururimizga yot bo‘lgan ayrim bema’ni odatlar egallamoqdaki, bu hol o‘zligini bilgan har bir kishini tashvishlantirishi, iztirobga solishi shubhasiz. Masalan, birovning boyligi, obro‘si, amali uchun quda bo‘lish, boshlig‘ining beodob va nomunosib qizini kelin qilish, qizning chiroyiga uchib uylanish yoki kasbiga, hunariga qarab kelin tanlash va boshqalarni aytish mumkin. Shubhasiz, bu borada eng to‘g‘ri yechim sunnatga, fozilu dono kishilar maslahatiga amal qilmoqdir.

Avvalo Alloh taolo Qur’oni karimda uylanish haqida bergan ko‘rsatmasini keltirib o‘taylik. “To iymonga kelmagunlaricha mushrika ayollarga uylanmangiz! Shubhasiz, ozod mushrika ayoldan – garchi u sizga yoqsa-da, – iymonli cho‘ri yaxshidir. To iymonga kelmagunlaricha mushrik erlarni (qizlaringizga) uylamangiz! Shubhasiz, ozod mushrikdan – garchi u sizga yoqsa-da – mo‘’min qul yaxshiroqdir. Ular (mushriklar) do‘zaxga chaqiradilar. Alloh O‘z izni-irodasi bilan jannatga da’vat qiladi. Va odamlar eslatma olishlari uchun o‘z oyatlarini bayon qiladi”. (“Baqara” surasi, 221-oyat). “Zinokor erkak faqat zinokor ayolga yoki mushrikaga uylanur. Zinokor ayolga faqat zinokor erkak yoki mushrik uylanur. Va bu (ya’ni zinokor ayollarga uylanish) mo‘’minlarga harom qilingandir”. (“Nur” surasi, 3-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #8 : 15 Oktyabr 2007, 06:05:15 »
Demak, Parvardigori olam bizlarni avvalo mo‘’minalarga uylanishga buyursa, keyingi oyatda iymon keltirmagan mushrikalarga va zinokorlarga uylanishdan qaytaradi. Bu biz uchun juda muhim tavsiyadir. Ayniqsa, zinokor er yoki ayol bilan turmush qurish haqidagi ogohlantirishga qattiq e’tibor qaratishimiz zarur.

Uylanmoqchi bo‘lgan kishilar eng avval aqlli, pokdomon va dindor ayolni tanlashlari lozim. Chunki soliha va yaxshi amallar qiluvchi ayol dunyoning eng afzal boyliklaridan biri hisoblanadi. Darhaqiqat, er kishi shunday ayol tufayli supir-sidir, pishir-kuydir, bichish-tikish kabi ro‘zg‘or tashvishlaridan ozod bo‘lib, ilmu ma’rifat hosil qilishga, toatu ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishga vaqt topadi. Shu jihatdan soliha va go‘zal axloqli ayol diniy va dunyoviy ishlarda yordamchi bo‘ladi.

Uylanayotgan kishi aslu nasabi oliy (baland) ayolni ixtiyor qilsin. Chunki asl (ona) farzandni o‘z tomoniga tortadi. Molu mulkda, izzatu hurmatda o‘zidan pastroq ayolni talab qilsin, chunki bu jihatlarda erkakning ayoldan ustun bo‘lishi, uni fitna va malomatlardan saqlaydi. Shuningdek, xarajati va ehtiyoji kam ayolga uylanish kerak. Hadisi sharifda: “Ehtiyoji kam, mahri oz va farzand ko‘rishi oson bo‘lgan ayol barakotli ayoldir”, deyilgan.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #9 : 15 Oktyabr 2007, 06:05:41 »
“Hazor savol” kitobida shunday hikoyat keltirilgan. Malika so‘radi: “Bir oilada uch aka-uka bor. Kattasining sochi qora, o‘rtanchisining sochi oq-qora, kichkinasining sochi oppoq, sababi nimada?” Donishmand javob berdi: “Kattasining sochi qoraligiga sabab, uning xotini odobli, axloqli va eriga itoatli. O‘rtanchasining zavjasi o‘rta hol va kenjasining ayoli odobsiz va axloqsizligidan dalolat beradi”.

Aslu nasabi past, dinu diyonatda sust bo‘lgan sohibjamol ayolga uylanish ham xayrli emas.

Kelinni faqat boyligi, obro‘si va husnu jamoliga qarab tanlamaslik kerak. Erkak xotinni obro‘siga uchib uylansa, xoru zor bo‘lishi mumkin. Boyligi va chiroyi uchun turmush qursa, faqiru muhtoj bo‘ladi. Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kimki xotinning molu jamoli uchun uylansa, uning molu jamolidan mahrum bo‘ladi va kimki ayolning dini uchun uylansa, Alloh taolo u kishiga uning molu jamolini ham nasib qiladi”, deb marhamat qilganlar.

Yana qaddu qomati, ko‘rinishi noxushlik uyg‘otadigan, yoshi juda qari va yomon so‘zlaguvchi, badxulq va badkirdor, zinokor hamda mutakabbir ayollarga uylanish ham ma’qul emas.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #10 : 15 Oktyabr 2007, 06:05:59 »
Rivoyat qilishlaricha, hazrati Muso alayhissalom qavmlari - bani Isroildan bir kishi: “To yuz kishi bilan maslahat qilmagunimcha uylanmayman”, deb ahd qildi. To‘qson to‘qqiz kishi bilan maslahatlashdi va: “Erta tongda yo‘limda uchragan birinchi kishining maslahatiga amal qilaman”, deb o‘yladi. Ertalab unga birinchi ro‘baro‘ bo‘lgan odam – qamishni ot qilib minib olgan bir devona edi. Bu holatdan u kishi juda xafa bo‘ldi. Ammo tunda qilgan ahdiga muvofiq shu devonadan maslahat so‘ramoqchi bo‘lib, unga yaqinlashdi.

Devona esa minib olgan “ot”iga ishora qilib: “Yonimga kelma, otim tepadi”, dedi va ketishga chog‘landi. U kishi: “Otingni to‘xtat, menga sening maslahating zarur, men uylanmoqchiman”, dedi. Devona biroz o‘ylanib turib dedi: “Bilki, ayollar uch toifa bo‘ladi: birinchisi sening foydangga, ikkinchisi sening zararingga, uchinchisi esa yo sening foydangga yo zararinggadir”, deya “ot”ining boshini burib, keta boshladi.

U kishi devonani yana to‘xtatib: “Aytganlaringni ma’no va hikmatlarini menga sharhlab ber” dedi. Devona unga shunday javob qaytardi: “Birinchi toifa deganim, bu bokira qizdir. Chunki nikohdan so‘ng uning qalbi va mehru muhabbati faqat senga bog‘lanadi. Zero, u sendan boshqa bilan ulfat va uns olmagandir. Ikkinchi toifa deganim, bolali beva ayoldir. U sening molingni yeydi, ammo avvalgi erini deb ko‘z yosh to‘kadi. Uchinchisi, yo foydang yo zararingga deganim, bu avvalgi eridan farzandi bo‘lmagan juvondir. Agar sen avvalgi eridan yaxshiroq bo‘lsang, seni do‘st tutadi, mabodo yomonroq bo‘lsang, u holda senga dushman bo‘lishi mumkin”.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #11 : 15 Oktyabr 2007, 06:06:08 »
Devonaning javobidan hayratda qolgan u kishi so‘rabdi: “So‘zlaring hakimona, ammo ne uchun qilmishlaring devonavor?”. Devona javob berdiki: “Ey birodar! Meni mas’uliyatli, oxiratda esa javobi qattiq va og‘ir bo‘lgan qozilik mansabiga tayin qilmoqchi edilar. Men bu xatarli lavozimni qabul qilmaslik uchun o‘zimni devonalikka urdim va undan qutilib qoldim”.

Hukamolar aytadilar: uylanuvchining bo‘lajak qallig‘i o‘zidan to‘rt jihatda: yoshda, qomatda, boylikda, hasabda (obro‘ va e’tiborda) past bo‘lishi hamda to‘rt jihatda: husnu jamolda, odobda, axloqda va taqvodorlikda ustun bo‘lmog‘i darkor.

Kuyov kelin uchun to‘y oldidan turli xushbo‘yliklar, mushk va surmalar kabi pardoz ashyolaridan hadyalar yuborsin, o‘zi ham uning oldiga kirayotganda xushbo‘yliklar sepsin. Shuningdek, nikohdan oldin kelin-kuyovning bir bora uchrashishlari sunnatdandir. Zero, nikohdan oldin vakillar huzurida bir-birlarini ko‘rmoqlari to‘ydan so‘ng o‘zaro uns va ulfat bo‘lishlariga sabab bo‘ladi. Uylanayotgan yigit o‘zining mahramlari - onasi, singlisi, amma yoki xolasi orqali kelin bo‘lmishning lab-tishlarini, qosh-qovog‘ini, ko‘z-kipriklarini, sochini, bo‘yni-yu tomog‘ini, bag‘baqalari, yuzi, poshna va boldirlarini ko‘rdirib, hatto hidlatib olsa ham ravo. Toki nikohdan so‘ng undan nafrat qilmasin.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #12 : 15 Oktyabr 2007, 06:06:59 »
KUYOV TANLASH

Ayollar ham o‘zlariga munosib dindor, taqvodor, xushaxloq, juvonmard, shijoatli va saxiy kuyovni ixtiyor etsinlar, zinhor fosiq va badkirdor kishiga turmushga chiqmasinlar. Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir ayol fosiq odamga turmushga chiqishga rozi bo‘lsa, qiyomat kuni qabridan peshonasiga “Allohning rahmatidan noumid” deb yozilgan holda turgiziladi. Ogoh bo‘linglarki, mening shafoatimni xohlagan ayol fosiq kishini er qilmasin”, deb marhamat qilganlar.

Binobarin, erkaklar o‘z mukarrama va muaddaba (odobli) qizlarini fosiq va badnamo (turqi sovuq), e’tiqodi zaif, kelinning haq-huquqlarini ado etolmaydigan va nasab jihatidan o‘zlariga barobar bo‘lmagan yigitlarga uzatmasinlar. Qizlarning haqqini saqlab, ularni muvofiq joylarga uzatmoq o‘ta muhim ishdir.

Hadisi sharifda bunday deyiladi: “O‘z izzatli va odobli qizini fosiq kishiga uzatgan kimsaning ustiga har kuni ming la’nat tushadi, qilgan amali osmonga chiqmaydi, duosi mustajob bo‘lmaydi va uning uchun sarf va adl qabul bo‘lmaydi”.

Shuningdek, kishi o‘zining yosh qizini katta yoshli, qabih va xunuk kishiga bermasin, chunki bundan fitna sodir bo‘lishi mumkin.

Qizning o‘ziga mos kuyovdan sovchi kelsa, valiy (qiz egasi) paysalga solmasin. Zero, badavlat yo mansabdor kuyov kutish yoki boshqa ta’xir sababidan fitna va fasodga duchor bo‘lishi mumkin. Hadisi sharifda: “Uch narsa: namoz vaqti kirganda, janoza hozir bo‘lganda va qiz bolani o‘ziga munosib kuyov talab qilganda kechiktirilmaydi”, deb marhamat qilingan.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #13 : 15 Oktyabr 2007, 06:07:22 »
MAHR

Nikoh vaqtida kuyov tomonidan kelinga beriladigan doimiy va shaxsiy mulkni mahr deyiladi.

Mahr nikohning vojiblaridan biri bo‘lib, uning miqdori nikoh vaqtida tayin qilinadi. Nikoh payti mahr tayin qilinmasa ham, nikoh sahih hisoblanadi, ammo mahri misl berish vojib bo‘ladi. Mahri misl shuki, kelinga ota tomonidan qarindosh, aqli, dini, xusni, yoshi, mol-mulk va obro‘si barobar, hatto qiz yo juvonligi muvofiq bo‘lgan tengining mahri miqdoridir. Agar ota qavmidan tengi topilmasa, u holda begonalarga qiyoslanadi.

Mahr kuyov tomonning imkoniyatiga qarab belgilanadi. Mahrni quyidagi rivoyatga muvofiq berish sunnatdir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qizlari Fotima roziyallohu anhoni hazrati Ali karramallohu vajhahuga to‘rt yuz misqol nuqra mahr bilan uzatdilar.

Mahrning eng kam miqdori ham bor va bu qiymat “Majma’ ul-maqsud”da o‘n tanga deyilgan. Agar mahr bu miqdordan kam belgilansa ham, o‘n tanga berish vojib bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Re: NIKOH va OILA RISOLASI. Fazluddin Iqroruddin
« Javob #14 : 15 Oktyabr 2007, 06:07:40 »
Ko‘pincha, nikoh paytida qizning mahrini belgilamay, “mahriga bitta uy, oldi ayvon, sigiri bilan” deb qo‘yishadi. Buni kelin-kuyov tushunmaydi ham. Oqibatda kelinlarimizning haqlari paymol bo‘ladi. Uy ham, mol ham bo‘lajak oilaning umumiy mulkidir. Nikoh paytida guvohlar ishtirokida mahrni aniq belgilash, bu narsa kelinning shaxsiy va daxlsiz narsasi ekanligini tushuntirish, kuyovga esa va’da qilingan mahrni aslo esdan chiqarmay, taqdim etishni yuklash, ayniqsa, muhimdir.

Mahrni chin dildan rozi bo‘lib, xursandchilik bilan berish kerak. “Niso’” surasining 4-oyatida Alloh taolo: “Va beringlar xotunlarg‘a alarning mahrlarini xursandlik ila!..” deb buyurgan.

Ma’lumki, bugungi kunda kuyov tomonidan kelin tarafga to‘y xarajatlari uchun u-bu narsalar yuborish odati bor. Kelin tomondagilar bu narsalarni to‘yga ishlatadilar va qolgan ashyolar esa to‘ydan keyin kelin-kuyovlarga beriladi. Bu narsalar mahr bo‘ladimi, yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Agar faqat to‘y xarajati niyatida yuborilgan bo‘lsa, mahr hisoblanmaydi, lekin kelinning mahri deb bersalar, mahr hisobiga o‘tadi. Valiylar qabul qilgan taqdirda ham, yuqorida ta’kidlaganimizdek, mahr kelinning shaxsiy va daxlsiz mulki bo‘lgani uchun, uni xarj qilish ham kelinning ixtiyoridadir. Bu narsalarni so‘ramasdan ishlatishga hech kimning, hatto ota-onasining ham haqi yo‘q.

 

Bizning oila, bizning mukammal oila.

Muallif MaxCmdBo'lim Oila va jamiyat

Javoblar: 4
Ko'rilgan: 8838
So'nggi javob 15 Oktyabr 2006, 05:13:34
muallifi Robiya
Ahmadjon Maxdum. Sajdai sahv risolasi

Muallif LayloBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 74
Ko'rilgan: 35652
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 01:47:57
muallifi AbdulAziz
Xasup Asutay. Qurbonlik risolasi

Muallif LayloBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 177
Ko'rilgan: 99096
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 01:50:09
muallifi AbdulAziz
Oila uchun nima muxim, jamiyat uchunchi?

Muallif Muhammad AminBo'lim Oila va jamiyat

Javoblar: 13
Ko'rilgan: 12183
So'nggi javob 05 Avgust 2012, 05:18:28
muallifi Abdulhafizaka
Nikoh to'yimiz munosabati bilan taklifnoma

Muallif AbdulAzizBo'lim Tabriklar. Uchrashuvlar. E'lonlar

Javoblar: 96
Ko'rilgan: 47053
So'nggi javob 05 Avgust 2010, 13:54:05
muallifi Zamiraxon