Obida soliha ayollar
Yuz tuman nopok erdin yaxshiroq
Pok ayol-xotunlarning oyoq izi.
Alisher Navoiy
Er kishilarning zuhdu taqvosi va tasavvufiy hayotiga doir batafsil ma’lumot beruvchi manbalarda, afsuski, zohidona, obidona va so‘fiyona hayot kechirgan ayollar hayoti haqida juda kam ma’lumot berilgan. Masalan, ilk avliyo tazkiranomasi hisoblangan "œTabaqotus sufiyya" nomli asarda 103 er so‘fiy haqida so‘z yuritiladi, ammo bitta ham ayol so‘fiy haqida gapirilmaydi. Imom Qushayriy, Qujviriy, Gulobodiy va hatto bir ayol so‘fiy zikrini mustasno qilganimizda, Fariduddin Attor ham "œTabaqotus sufiyya" asari muallifi Abu Abdurahmon As-Sulamiy kabi ayol avliyolar haqida so‘z yuritmaydi. Tasavvufiy mavzular tadqiq qilingan asarlarni o‘rganar ekanmiz, deyarli faqat mutasavvif so‘fiy (er kishi)larning so‘zlari, hollari, fikr-mulohazalari naql qilinadi. Bundan go‘yo ayol kishini zuhd va tasavvuf hayotiga kiritmaslik zuhd va tasavvufning taqozosidir, degan o‘y-xayolga borish ham mumkin. Ma’lum va mashhur Robiya Adaviyyadan bir majburiyat va zarurat holidagina so‘z ochiladi va u haqda ham ko‘p so‘z yuritilmaydi. Aslida bu holat Sharqdagi hayot taqozosi, andisha his-tuyg‘ularining natijasidir. Boshqa ilm sohalarida ham ahvol xuddi shunday. Zohidona va so‘fiyona juda ham ko‘p ayollar yashab o‘tganiga qaramay, tasavvufiy manbalarda ular haqida juda ham kam ma’lumot berilgan. Tarixda "œBojiyoni Rum" deb nomlangan dindor, zohida va mutasavvifa ayollar tashkiloti haqida haligacha batafsil ma’lumotga ega emasmiz. Holbuki, axiylar (birodarlar) jamoasi, Rum abdollari, O‘rta Osiyo, sharqu g‘arb mashoyixlari, mutasavviflariga doir batafsil ma’lumotlar bor. Tadqiqotlarimiz asnosida shunga amin bo‘ldikki, Majzub valiylar haqidagi kitoblarda ham Tabaqot kitoblaridagi uslubni ko‘ramiz. Xalq og‘zaki ijodiga tegishli "œqissa kitoblar"da faqatgina ahli bayt ayollari — hazrati Oisha, hazrati Xadicha va hazrati Fotima haqlarida hikoya qilingan, xolos.