Muallif Mavzu: Ahmadjon Maxdum. Sajdai sahv risolasi  ( 35614 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Ahmadjon Maxdum. Sajdai sahv risolasi
« : 18 Oktyabr 2007, 06:45:25 »
Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiy Naqshbandiy

SAJDAI SAHV RISOLASI

Tarjimon:
Abdulloh Roziq

«Movarounnahr»
2004

Namoz mo‘’minning merojidir. Uni mukammal ado etish bilan banda Haqqa yaqinlashadi. Ammo namozda xato qilishdan hech kim xoli emas  Shu bois mazhabimiz ulamolari sahv (xato, adashish)larni isloh qilish (tuzatish) yo‘llarini ko‘rsatib berganlar.
Ushbu risolada mo‘’tabar fatvo kitoblaridagi sajdai sahvga oid barcha masalalar jamlangan. libi ilmlarga  qo‘llanma sifatida tasnif etilgan mazkur risoladan barcha namozxonlar foydalanadilar, degan umiddamiz. Kitob oxirida esa namoz o‘qish tartibi va odoblari ham ilova qilingan.

Mas’ul muharrir:
Sayfiddin Sayfulloh

Muharrir:
Abdulaziz Muborak

MUNDARIJA

Muborak sarchashma
Mutarjimdan
Muqaddima
Ruknni takrorlash
Ruknni o‘rnidan oldin bajarish
Ruknni kechiktirib ado qilish
Vojibni o‘zgartirish
Vojibni tark qilish
Namoz uslubi
Xotima
« So'nggi tahrir: 19 Yanvar 2012, 15:36:48 muallifi AbdulAziz »

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #1 : 18 Oktyabr 2007, 06:46:08 »
MUBORAK SARCHASHMA

Butun maxluqotni yaratgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin! Maxluqotning eng akrami va ashrafi bo‘lgan Hazrat Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salotu salomlar bo‘lsin!

Qo‘lingizdagi ushbu risola muallifi, zamonamizning ulug‘ olimlaridan va murshidi komillaridan bo‘lgan Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy hazratlari 1938 yil Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani Zarxona qishlog‘ida tavallud topganlar. Maxdum Hazrat dastlabki ilmu irfon, adabu ma’rifat darsini olim va murshid zot bo‘lgan padari buzrukvorlaridan olganlar. Keyin esa Hazrati Shayx Muhammad Sharif Hisoriy, Hazrati Qoriy Mahmud, Hazrati Muftiy Bobo Muhammad, Hazrati Qozi Abdurashid Farg‘oniy, Hazrati Muhammadjon Mavlaviy Hindistoniy, Hazrati Shayx Maxdumbobo Andoqiy, Hazrati Eshon Abdurrahmonjon, Hazrati Shayx Asadulloh, Hazrati Shayx Ahmad Zulfiqor Naqshbandiy rahmatullohi alayhim ajma’in kabi Movarounnahrning eng ulug‘ allomalari va tariqat peshvolari huzurida ilm va suluk tahsillaridan saboq olib, kamolga erishganlar.

Hazrat hayotlari davomida shariat va tariqat ilmini egallagan ko‘plab shogirdlar yetishtirganlar. Shariat va tariqat ilmi bilan bog‘liq bir qancha asarlar tasnif qilganlar.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #2 : 18 Oktyabr 2007, 06:46:30 »
Biz kitobxonlarga taqdim etayotgan “Sajdai sahv Risolasi” Maxdum Hazratning ko‘p mehnatlari singan, eng e’tiborli va foydali asarlaridan biridir. Shayx Hazrat ham ilmiy salohiyatlari, ham amaliy faoliyatlari bilan xalqimizning ma’naviyatini boyitadigan ibratli va namunali bir hayot tarzini yashab o‘tdilar. Asarlari oradasida musavvada (qoralama) holda va ma’lum bir tartibga keltirilmaganlari ham mavjud. Galdagi vazifa ularni jamlash, tarjima qilish va xalqimizni undan bahramand etishdir.

Shoir Xarobotiy ta’biri bilan aytganda:

Aytayin hamdingni man, Yazdoni pok,
Ichdilar xuni jigar mardoni pok.


Darhaqiqat, Maxdum Hazrat kabi “xuni jigar ichib” “mardoni poklardan” bo‘lish sharafi, shunday ulug‘ insonlarning fayzidan bahramand bo‘lib qolish baxti hammaga ham nasib bo‘lavermaydi. Biz, bir qator muxlislar ana shunday baxtga musharraf bo‘lganlardanmiz. Allohga beadad shukr.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #3 : 18 Oktyabr 2007, 06:46:49 »
Mavlono Jaloliddin Rumiy aytadilarki:

Soate budan dar nazdi avliyo,
Behtar az sad sola toat beriyo.


Ya’ni bir soat valiylar huzurida bo‘lish, yuz yil riyosiz o‘tkazgan toat va ibodatdan afzalroqdir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yoshligimizda ustozimiz marhum Sayyid Jalolxon hazratlari valiy zotlarning qadriga hayotligida yetish, bundan g‘aflatda qolmaslikni ta’kidlar, quyidagi baytni eslatib turardilar:

Har namoziki, qazo bo‘lsa o‘qursan keynidan,
Mardi Haqni suhbatin topgin qazo bo‘lmay turib.


Maxdum Hazrat ba’zi bir xayrli yumushlar va do‘stlar ziyorati uchun Surxondaryodan Toshkentga tez-tez safar qilardilar. Xoksor, ko‘p dilkash inson edilar. Shariat ilmidan va tariqatning nozik masalalaridan chiroyli suhbat qilardilar. Xatmi xojagon, zikrlar, duolar bu suhbatlarning ziynati edi. Huzurlaridan fayzga to‘lib, ko‘nglimiz nurlanib uyimizga qaytardik. Yonlarida doimo Qur’oni karim, “Daloili xayrot” va sunnatga muvofiq zaruriy ashyolar olib yurardilar. Ular ichida o‘zlari yozib, nashrga tayyorlab yurgan forscha “Risolai sujudi sahv”lari ham bo‘lardi. Bir necha bor uchrashganimizda u kishi risolani menga uzatib, o‘qittirgan, ma’nosi chiqmay qolgan iboralarni o‘zlari sharhlab, davradoshlarni fiqh ilmidan, namozdagi nozik masalalardan bahramand etgan edilar.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #4 : 18 Oktyabr 2007, 06:47:04 »
Allohning taqdiri ekan, Maxdum hazrat 1999 yil 2-avgust, seshanba kuni tong payti zikru ibodat va vazifalardan forig‘ bo‘lgan holda omonatlarini Haqqa topshirdilar. Allohning yo‘lida, musofirchilikda, toat va ibodat ichida oxiratga safar qildilar.

Nasiba ekan, dushanba oqshom hazratning ziyoratlariga borib, so‘ngi bor muborak diydorlarini ko‘rib, g‘animat suhbatlaridan bahramand bo‘lganmiz. O‘sha oqshom juda fayzli, ilmu ma’rifatga boy go‘zal bir suhbat bo‘ldi. Odatdagidek, suhbat oxirrog‘ida nashrga tayyor bo‘lgan “Risolai sujudi sahv” tasniflarini menga uzatib, undan parchalar o‘qib va tarjima qilib berishimni so‘radilar. Asl matnni qanday o‘qiganim va qanday tarjima qilganimga diqqat qilib, ba’zi o‘rinlarni to‘g‘rilab, sharhlab bordilar.

Mutolaa tugagach, Maxdum hazrat chuqur nafas olib: “Bilmadim, yaxshi niyat bilan, Allohning roziligi uchun shu kitobchani yozib tamomladim, zora mardumga foydasi tegsa”, dedilar. U kishidagi bu kamtarlik, bu samimiyatdan ko‘nglimiz to‘lqinlanib ketdi. Men Shayx hazratlariga qarab: “Hazrat, xalqimiz uchun, tolibi ilmlar uchun nihoyatda foydali va ayni paytda zarur risola yozibsiz, biz shunday bir asarga muhtoj edik. Inshoalloh, bu xizmatingiz evaziga ulug‘ ajru savobga ega bo‘lasiz”, dedim. Shunda Hazrat hamon menga qarab: “Unday bo‘lsa, qani, bir duo qiling”, dedilar. Men bu iltifotni g‘animat bilib, darhol duoga qo‘l ochdim: “Shu risola xalqimizga foydali, sizga esa qiyomatga qadar sadaqai joriya bo‘lsin”, deb duo qildim. Shayx hazratning shu tobda yuraklari to‘lib turgan ekan, ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi...

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #5 : 18 Oktyabr 2007, 06:47:16 »
Alloh o‘z Kalomi majidida: “Menga duo qilinglar, duolaringizni ijobat qilaman” deb va’da bergan* . Ilohi, Yaratgan Egam duolarimizni ijobat qilgan bo‘lg‘ay!

Shu suhbatda Maxdum hazrat menga qarab: “Shu risolani siz o‘zbekchaga tarjima qilib, arab yozuvida chop eting”, deya iltifot qildilar. Bilsam, bu vasiyat ekan...

Suhbat asnosida asarning keng ommaga mo‘l kirill imlosida chop etish yanada foydaliroq ekanligi haqida ham gaplashdik va bunga u kishining roziliklarini oldik.

Ammo niyat boshqa, taqdir boshqa ekan.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #6 : 18 Oktyabr 2007, 06:47:29 »
Risolani dastavval hoji Mirzo Kenjabek o‘zbekchaga o‘girdi. Qo‘lingizdagi risolani esa Maxdum hazratning ham kuyovlari, ham peshqadam shogirdlaridan bo‘lgan hoji Abdulloh Roziq tarjima qildi. Tarjimon kaminadan hazratning risolalariga mas’ul muharrir bo‘lishni so‘raganida quvonib ketdim. Zimmamdagi ma’naviy mas’uliyatdan qisman bo‘lsa ham xalos bo‘lish imkoni edi bu. Shuning uchun ham tarjimaning mukammal bo‘lishiga qo‘limdan kelgancha hissa qo‘shdim. Risolaning kirill va arabiy matnlarini, fiqhiy masalalarning qiyosiy-nazariy jihatlarini aqlim yetgancha ko‘rib chiqdim, ba’zi o‘rinlarni tuzatdim.

Tarjima jarayonida mutarjim bilan yelkama-elka ishlagan shoir Abdulaziz Muborak ukamizning zahmatli mehnatlari alohida tahsinga sazovor.

Qo‘lingizdagi risolaning yutuq va kamchiliklari haqida olimlar o‘z munosabatlarini bildiradilar, degan umiddamiz. Lekin uning ba’zi bir xususiyatlarini eslatib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #7 : 18 Oktyabr 2007, 06:47:41 »
1. Risola o‘zbek tilining eski lahjasida ham, sof zamonaviy tilimizda ham emas, turli qatlamlardagi kishilar tushunadigan lisoniy uslubda o‘zbekchaga o‘girilgan.

2. Savodxonlikni oshirish, qiyoslab o‘qish hamda risola muallifining vasiyatiga binoan arabiy imlodagi matnni ham ilova qildik. Ammo kirill alifbosidagi matnda snoskalar (matn ostidagi manba ko‘rsatkichlari va izohlar)ning berilganligi bilan kifoyalanib, arabiy imlodagi matnda snoskalar berishni lozim topmadik.

3. Ayrim o‘rinlarda tarjimonning izohlari qavs ichida berildi.

4. Tarjimada imkon qadar asl matnning shakl va mazmuni saqlab qolindi.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #8 : 18 Oktyabr 2007, 06:47:58 »
Beayb Parvardigor! Tarjima jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun kitobxonlardan oldindan uzr so‘raymiz. Samimiy bildirilgan tanqidiy mulohazalar keyingi nashrlarda inobatga olinadi.

Inshoalloh, xalqimiz ushbu risoladan bahramand bo‘lib, eng ulug‘ ibodat-namozlarini mukammal ado etadilar va duolarida Shayx hazratni ham eslab turadilar, deb umid qilamiz.

Hidoyat va tavfiq Allohdandir! Unga ibodat qilamiz va Undan madad tilab qolamiz!

Sayfiddin Sayfulloh

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #9 : 18 Oktyabr 2007, 06:48:26 »
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan

Butun olamni yaratib, Bani Odamni mukarram qilgan, ilm ahlining darajotini baland etgan Allohga bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.

Ummatlariga ilmni meros qoldirgan payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga mukammal salotu salomlar bo‘lsin.

Muhtaram  birodar!
Ma’lumingiz bo‘lsinkim, ushbu risola Alloh taoloning eng ulug‘ ibodatlaridan biri – namoz va uning sahvlari haqidadir. Ulug‘ ustozimiz hazrati shayxul akbar, murshidi komil, faqihi davr Hoji Ahmadjon Maxdum Hanafiy-Naqshbandiy alayhi rahmatul Hodiy saodatli hayotlarining oxirlarida Alloh taolo rizoligi uchun, mo‘’tabar fatvo kitoblardan dalillar keltirib, namozning barcha sahvlarini ellik besh masala ichida jamlab, uni “Risolai sujudi sahv” deb nomladilar. Hazrati ustozi muazzam alayhi rahmatul atam, serfayz hayotlarini Alloh jalla va alo yo‘liga bag‘ishlab, faqat tahsili ulum, tadrisu ta’lim, riyozatu ibodat, taqvo-yu fatvo va tasnifi kutub ila o‘tkazdilar. Ulamoi izom o‘rtalarida ilmi qol va ilmi holda ma’rufi zamon edilar. Hazrati ustozi muazzam alayhir rahmatul Boriy ta’rif-tavsifga muhtoj bo‘lmasalar-da, bandai haqir va zalil u zoti sharif bilan bo‘lgan bir voqeiy holatni bayon qilay.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #10 : 18 Oktyabr 2007, 06:48:42 »
Bir kuni hazrati ustoz alayhir rahmah yetaklarida, bandaning mashinasida toqqa, Sangardak qishlog‘idagi birodarimiz Ashur hoji boboning uylariga mehmonga bordik. Katta o‘g‘illari hoji Muhammadi aka ham hamroh edilar. Tunda qor yog‘ib, havo nihoyatda sovuq bo‘ldi. Yarim kechadan keyin hazrati ustozning namoz taraddudlari bandani uyg‘otdi. Tahajjud namozini o‘qirkanlar, mening ham uyqum qochdi, lekin ko‘zimni yumib yotaverdim. Tahajjud namozidan so‘ng hazrati ustoz alayhir rahmah hazrati Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhuning munojotlarini, ya’ni:

Jud bilutfik yo ilohiy man lahu zodun qalil,
Muflisun bis-sidqi ya’tiy ‘inda bobik, yo Jalil
, - deb o‘qiy boshladilar. O‘qib-o‘qib, shunday yig‘ladilarki, oxiriga borib nafaslari chiqmay qoldi... Banda bu holatni kuzatib turar ekanman, oxiri chidolmasdan, tahoratga turdim. Kelganimda hazrati ustoz alayhir rahmah “Risolai sujudi sahv”dan bir masalani yozib turgandilar...

Safardan qaytishda mashinaning yoniga kelsam, bir ballonining dami chiqqan ekan, o‘rniga ehtiyotiy g‘ildirakni qo‘yib, yo‘lga tushdik. Tog‘li yo‘lning yarmiga yetmasdan yana bir g‘ildirakning balloni yorilib, o‘sha joyda turib qoldik. Boshqa mashinalardagi hamrohlarimiz bizga yordam berolmay, xijolatda qoldilar. Chunki mashinalarining g‘ildiraklari “Zaparoj”ga tushmasdi...

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #11 : 18 Oktyabr 2007, 06:49:06 »
Bir payt hazrati ustoz alayhir rahmah: “Dam urib, haydang!” dedilar. Banda hoji Muhammadi aka bilan birgalashib yorilgan ballonga dam urib, haydadik. Yo‘llarda eshikni ochib, g‘ildirakka qarayman: dami bor kelyapti. Hazrati ustozni uylariga qo‘yib, o‘z uyimizga keldim. Mashinani hovliga qo‘yib, ichkari kirdim. Bir-ikki daqiqadan so‘ng nimagadir tashqariga chiqib qarasam, o‘sha ballon damsiz, puchayib yotibdi. Bu voqeani hoji Muhammadi akaga aytsam, taajjubda qoldilar.

Hazrati ustoz alayhir rahmahning mana shunga o‘xshash karomatlari odamlar tilida ko‘p naql qilinmoqda. Alloh subhanahu va taolo yotgan joylarini ravhu rayhon-jannotun na’im, maqomlarini a’loi illiyyinda qilib, Qiyomat kuni Alloh jalla va aloning diydorini ko‘rishlikni, muhtaram ustozlar bilan birga bo‘lishlikni nasibu ro‘zi aylasin. Omin.

Kamina ham kuyov, ham shogird, ham ma’naviy farzand sifatida ushbu risolani xolisan lilloh tarjima qildim. Shoyadki, ustoz - qiblagohimizning ruhi poklari shod bo‘lsa va qolgan farzandlari-yu shogirdlari, barcha mo‘’min-musulmonlarga foydasi tegsa, o‘shanda men ham o‘z ojizona burchimni ado etgan bo‘lardim. Tarjima  milodiy 2000 yilda boshlanib, 2002 yilda (hijriy 1423 yil sha’bon oyida) tugatildi. Umid shulkim, risolaning manfaat va fazilatini faqih ustozimizdan bilib, har sahvu xato bo‘lsa, ojiz tarjimondan ko‘rsalar va avf qalami ila isloh aylab, ulug‘lar haqiga duo qilganda bu haqiru zalilni ham yod etsalar...

Mutarjim

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #12 : 18 Oktyabr 2007, 06:49:38 »
MUQADDIMA

Alloh taoloning bandalaridan biri, osiy va rojiy Hoji Ahmadjon Maxdum, ustozlari fozil va oliy, ya’ni Shayxul-akbar hazrati domullo Muhammad Sharif Hisoriy, hazrati Qozi domullo, ya’ni Qozi Abdurashid alayhi rahmatul Boriy va hazrati Muhammadjon hoji, taxalluslari hazrati Mavlaviy, sohibi tafsiri “Bayonul – Qur’on fiy tarjimatil Furqon”, aslida ul janob Qo‘qandiy; munavvar mazorlari Mavlono Ya’qubi Charxiy yonlaridadur, alayhi va alayhim rahmatul – Hodiy.

Andin so‘ng aytar ushbu ahqarul varo, xatibi tumani Sariosiyo: Namoz ma’mur(buyurilgan)dir va Alloh subhonahu va taolo huzurida toat, qurbat va ibodatlarning eng afzalidir. Xususan, sajda bandalarni ul Kibriyo dargohiga yaqin aylagay va kishilarning ma’kus yozuvlari va vojgun taqdirlarini o‘nglagay.

Bayt:
Naqshi ma’kusi nigin az sajda meoyad ba rost.
Sarnavishti vajgunro rost mesozad namoz.

(Bedil)

(Muhrning teskari naqshi - yozuvi sajda bilan o‘nglanadi. Shunga o‘xshash insonlarning teskari taqdiri ham namoz bilan o‘nglanadi). Ya’ni namoz shaqiy (baxtsiz) odamlarni sa’id (baxtli) aylaydi va Qiyomat kuni bandalar birinchi namozdan so‘ralgay.

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #13 : 18 Oktyabr 2007, 06:50:11 »
Bayt:
Ro‘zi mahshar, ki jongudoz buvad,
Avvalin pursish az namoz buvad.

(Fariduddin Attor)

(Jonlarni azobga qoldiruvchi mahshar kunida avvalo namozdan so‘raladi).

Namozda sahv qilmoqlik hazrati Sayyidul mursalin sallallohu alayhi va sallamning sunnatlariga ergashmoqdur. Hech bir namozxon bundan xoli emas. Binobarin, bu risolani Alloh rizoligi uchun, uning bandalariga oson bo‘lsin, deb jam qilindi. Kitoblarning nomi va sahifalari keltirildi.

Bas, zakiy mutolaa qiluvchilardan umid shulkim, risolada har sahv va xato voqe’ bo‘lgan bo‘lsa, afv qalami bilan isloh qilgaylar va bizni duo bilan yod etgaylar.

Yo Alloh, yo Rahmon, yo Rahim! Men iroda qilgan ushbu ishim bilan sening roziligingni istayman, uni mendan qabul et! Ey rahmlilarining rahmlisi, duolarimizni ijobat ayla! Ey bor Xudoyo! Sayyidimiz Muhammad Mustafoga, u zotning xonadon ahllariga, va sahobalariga salotu salomlar yubor (rahmat va mag‘firat ayla). Ey rahmlilarning rahmlisi (bo‘lgan Alloh)! O‘zing va rasuling rozi bo‘ladigan va u tufayli Sen bizdan rozi bo‘ladigan salotu salomni U zoti sharifga yo‘llagin!

Muallif

Laylo

  • Mehmon
Re: SAJDAI SAHV RISOLASI. Hoji Ahmadjon Maxdum
« Javob #14 : 18 Oktyabr 2007, 06:52:19 »
Ya’ni, bilguchi va xabardor Allohga hamdu sanolar, xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi Payg‘ambarimizga salotu salomlar bo‘lsin.

Rasululloh (u zotga salotu salomlar bo‘lsin):

“Albatta, men ham sizlarga o‘xshagan insonman, sizlar unutganingizdek, men ham unutaman. Bas, vaqtiki, unutsam, menga eslatingizlar”, deb marhamat qilganlar. (Muttafaqun alayh).

Alloh hammamizni dunyoda hidoyatidan ayirmay, oxiratda saodatmand aylasin.

Bas, bilki, sajdai sahv vojib bo‘lishining sabablari beshtadur:
1. Takrori rukn  - Ruknni takrorlash.
2. Taqdimi rukn- Ruknni o‘rnidan oldin bajarish.
3. Ta’xiri rukn- Ruknni kechiktirib ado qilish.
4. Tag‘yiri vojib - Vojibni o‘zgartirish.
5. Tarki vojib - Vojibni tark qilish.


Vaqtiki, namozxondan unutgan holda shulardan birortasi sodir bo‘lsa, sajdai sahv qilmoq unga lozim bo‘ladi.

 

Fazluddin Iqroruddin. Nikoh va oila risolasi

Muallif LayloBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 105
Ko'rilgan: 102833
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 02:25:51
muallifi AbdulAziz
Xasup Asutay. Qurbonlik risolasi

Muallif LayloBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 177
Ko'rilgan: 98878
So'nggi javob 02 Dekabr 2007, 01:50:09
muallifi AbdulAziz
Shayx Ismoil Maxdum. Toshkentdagi Usmon mushafining ta'rifi

Muallif Musannif AdhamBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 72
Ko'rilgan: 36931
So'nggi javob 27 Iyul 2008, 06:38:22
muallifi AbdulAziz
XXI asr she'riyati: Feruza Ahmadjon qizi

Muallif shoirBo'lim She'riyat

Javoblar: 1
Ko'rilgan: 2852
So'nggi javob 31 Iyul 2008, 13:05:48
muallifi shoir
Ahmadjon Meliboyev. Qirq beshinchi bekat

Muallif AbdulAzizBo'lim Publitsistika

Javoblar: 0
Ko'rilgan: 4742
So'nggi javob 16 Yanvar 2012, 16:21:51
muallifi AbdulAziz