Bir payt hazrati ustoz alayhir rahmah: "œDam urib, haydang!" dedilar. Banda hoji Muhammadi aka bilan birgalashib yorilgan ballonga dam urib, haydadik. Yo‘llarda eshikni ochib, g‘ildirakka qarayman: dami bor kelyapti. Hazrati ustozni uylariga qo‘yib, o‘z uyimizga keldim. Mashinani hovliga qo‘yib, ichkari kirdim. Bir-ikki daqiqadan so‘ng nimagadir tashqariga chiqib qarasam, o‘sha ballon damsiz, puchayib yotibdi. Bu voqeani hoji Muhammadi akaga aytsam, taajjubda qoldilar.
Hazrati ustoz alayhir rahmahning mana shunga o‘xshash karomatlari odamlar tilida ko‘p naql qilinmoqda. Alloh subhanahu va taolo yotgan joylarini ravhu rayhon-jannotun na’im, maqomlarini a’loi illiyyinda qilib, Qiyomat kuni Alloh jalla va aloning diydorini ko‘rishlikni, muhtaram ustozlar bilan birga bo‘lishlikni nasibu ro‘zi aylasin. Omin.
Kamina ham kuyov, ham shogird, ham ma’naviy farzand sifatida ushbu risolani xolisan lilloh tarjima qildim. Shoyadki, ustoz - qiblagohimizning ruhi poklari shod bo‘lsa va qolgan farzandlari-yu shogirdlari, barcha mo‘’min-musulmonlarga foydasi tegsa, o‘shanda men ham o‘z ojizona burchimni ado etgan bo‘lardim. Tarjima milodiy 2000 yilda boshlanib, 2002 yilda (hijriy 1423 yil sha’bon oyida) tugatildi. Umid shulkim, risolaning manfaat va fazilatini faqih ustozimizdan bilib, har sahvu xato bo‘lsa, ojiz tarjimondan ko‘rsalar va avf qalami ila isloh aylab, ulug‘lar haqiga duo qilganda bu haqiru zalilni ham yod etsalar...
Mutarjim