Allohning taqdiri ekan, Maxdum hazrat 1999 yil 2-avgust, seshanba kuni tong payti zikru ibodat va vazifalardan forig‘ bo‘lgan holda omonatlarini Haqqa topshirdilar. Allohning yo‘lida, musofirchilikda, toat va ibodat ichida oxiratga safar qildilar.
Nasiba ekan, dushanba oqshom hazratning ziyoratlariga borib, so‘ngi bor muborak diydorlarini ko‘rib, g‘animat suhbatlaridan bahramand bo‘lganmiz. O‘sha oqshom juda fayzli, ilmu ma’rifatga boy go‘zal bir suhbat bo‘ldi. Odatdagidek, suhbat oxirrog‘ida nashrga tayyor bo‘lgan "œRisolai sujudi sahv" tasniflarini menga uzatib, undan parchalar o‘qib va tarjima qilib berishimni so‘radilar. Asl matnni qanday o‘qiganim va qanday tarjima qilganimga diqqat qilib, ba’zi o‘rinlarni to‘g‘rilab, sharhlab bordilar.
Mutolaa tugagach, Maxdum hazrat chuqur nafas olib: "œBilmadim, yaxshi niyat bilan, Allohning roziligi uchun shu kitobchani yozib tamomladim, zora mardumga foydasi tegsa", dedilar. U kishidagi bu kamtarlik, bu samimiyatdan ko‘nglimiz to‘lqinlanib ketdi. Men Shayx hazratlariga qarab: "œHazrat, xalqimiz uchun, tolibi ilmlar uchun nihoyatda foydali va ayni paytda zarur risola yozibsiz, biz shunday bir asarga muhtoj edik. Inshoalloh, bu xizmatingiz evaziga ulug‘ ajru savobga ega bo‘lasiz", dedim. Shunda Hazrat hamon menga qarab: "œUnday bo‘lsa, qani, bir duo qiling", dedilar. Men bu iltifotni g‘animat bilib, darhol duoga qo‘l ochdim: "œShu risola xalqimizga foydali, sizga esa qiyomatga qadar sadaqai joriya bo‘lsin", deb duo qildim. Shayx hazratning shu tobda yuraklari to‘lib turgan ekan, ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi...