Hojar sahrodalar
Hojar onamiz tuqqanlaridan keyin Ibrohim alayhissalom yanada muhabbatli bo‘ldilar, o‘g‘illarini juda ko‘p suyardilar. Buni ko‘rib Sora onamizning rashklari kuchayardi. Bunga chiday olmasdan bir kuni o‘g‘li va onasini uzoqroqqa tashlab kelishni buyurdilar. Ibrohim alayhissalom o‘ylanib qoldilar. Alloh ularni Makkaning sahrosiga olib borishni Ibrohim alayhissalomga amr qildi. Bularning hammasi Uning xohishi va hikmati edi. Ibrohim alayhissalom Allohning amriga labbay, deb xotinlari va o‘g‘illari bilan uzoq yo‘lga tushdilar. Ular ko‘p yo‘l yurib, tog‘lar orasidagi bir vodiyga yetib kelishdi. Bu yerda hech kim ko‘rinmas, suv, ekin, hayot alomatlaridan asar yo‘q edi. Go‘dak Ismoil esa faqat onasini emar edi. Ibrohim alayhissalom ularning oldiga suv va xurmo qo‘yib, Falastinga qaytayotganlarida, Hojar onamiz hayron bo‘lib va qo‘rqib: «Ey Ibrohim, qaerga ketyapsiz, bu vodiyda hech narsa yo‘q-ku, bizni kimga tashlab ketyapsiz?» dedilar. Ibrohim alayhissalom javob bermadilar. Hojar bu so‘zlarni ko‘p marta takrorladilar, ul zot esa jim edilar! Hojar onamiz bu Allohning amri ekanligini his qildilar. Axir u zot Allohning rasuli!
Hojar Ibrohim alayhissalomga: «Bu Allohning amrimi?» dedilar. Ibrohim alayhissalom: «Ha», dedilar. Kuchli iymon sohibasi Hojar: «Agar Allohning amri bo‘lsa, men Unga tavakkal qilaman. U meni zoe qilmaydi, tashlab qo‘ymaydi», dedilar.