Fotimaxon Sulaymonqori qizi. Mo'minalar silsilasi  ( 72788 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 B


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:08:44

Katta mulk

Bilqisning hadyalari Shomga yetib kelmasidan Sulaymon alayhissalom bu xabardan ogoh bo‘ldi. Yana bu hadyalarni olib kelguvchi Sulaymonning qancha askari borligini bilish uchun kelayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Sulaymon alayhissalom mamlakatdagi hamma askarlarini chaqirdilar. Insonlar, jinlar, qushlar, hayvonlardan iborat bo‘lgan qo‘shin Sulaymon alayhissalom oldilariga yig‘ildi. Bir necha kunlardan so‘ng malikaning elchisi Shomga kirib keldi. Malikaning yuborgan odamlari, ashyolari Sulaymon alayhissalomning mulki oldida mo‘‘jazgina hadya bo‘lib ko‘rindi. Mehmonlar ko‘z oldida juda katta boylik turardi. Ular bunday boylikni ilgari ko‘rishmagandi. Qo‘rquv ichida podshohning qasri tomon yurishdi. Sandal yog‘ochidan, tilla bilan bezangan ustunli qasrni ko‘rishdi. Bilqisning elchisi Sulaymon alayhissalom oldilarida turib qoldi. U askarlarning adadi, navlarini bilib, ular jinlardan, qushlardan, hayvonlardan tarkib topganini ko‘rib aqli lol qoldi. Bular yengilmaydigan kuch ekanligini sezdi. Sulaymon alayhissalom Malikaning elchisi va birga kelgan odamlarini mehmonga chaqirdilar.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:09:11

Dasturxonda dunyoning har chekkasidan keltirilgan taomlarni ko‘rishdi. Unda albatta Yamanda tayyorlangan ovqatlar ham bor edi. Idish-tovoqlar tilladan edi. Kumush qadahlarga har xil turdagi musaffo sharoblar quyilgandi. Bu yerda xizmatlarni tilla kiyimlar kiygan hurlar bajarishardi. Hatto Yamanning malikalari ham bunday kiyimlarni kiyishmagandi. Malikaning elchisi Sulaymon alayhissalomning ulug‘ va qudratli ekanligini yana bir bor bildi. Unga olib kelgan hadyalarni berishga ham uyaldi. Darhaqiqat Sulaymon alayhissalom bu hadyalarni qabul etmadilar.

Malikaning elchisi ularning ishlaridan hayratga tushdi va o‘yladi: «Sulaymon molni xohlamasa, har qanday podshohdan boy bo‘lsa, maqsadi nima ekan?» Sulaymon alayhissalom elchining ko‘zidan fikrini angladilar va dedilar: «Yagona Allohga ibodat qiling, quyoshga sig‘inmang. Alloh meni hikmat bilan, podshohlik bilan, payg‘ambarlik bilan ulug‘ladi! Hadyalarni qaytarib olib keting! Mening oldimga musulmon bo‘lib kelinglar» dedi.

Elchi Sulaymon alayhissalom huzurlaridan malikaning musulmon bo‘lib tez kunlarda kelishi kerakligi, Sulaymon alayhissalom intizor bo‘lib kutayotganlari xabarini olib Yamanga qaytdi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:09:42

Malikaning muslima bo‘lishi

Malikaning odamlari Yamanga qaytib kelishdi. Malika ularni orziqib, hayajonlanib kutayotgan edi. Hamma tez to‘plandi va nima bo‘lganini elchidan so‘rashdi. U Sulaymonning katta mulk sohibi ekanligi xabarini berdi va: «U quvvatli, bizning unga kuchimiz  etmaydi. Sulaymonning huzuriga bir necha kun ichida musulmon holatda borishingizni xohlaydi», dedi.

Malika bir oz o‘ylanib qoldi va Shomga borishga qaror qildi. Sulaymon alayhissalomga qavmining ulug‘lari bilan borishi xabarini berdi. Taxtini salomat qo‘riqlashni esa xizmatchilariga qattiq tayinladi.

Bilqis Shom tomon yo‘lga chiqdi. Sulaymon alayhissalom Allohning qudratini, azamatini, olamda hech kimga bermagan narsasini berganini malika kelmasidan oldin unga ko‘rsatmoqchi bo‘ldilar. Askarlariga: «Ey odamlar, ular mening huzurimga bo‘yinsungan hollarida kelishlaridan ilgari qaysi birlaringiz menga uning (ya’ni, Bilqisning o‘z shahrida qolgan) taxtini keltira olursiz?» dedi» (Naml surasi, 38-oyat). Ifrit ismli jin - «(Shunda) jinlardan bir pahlavoni aytdi: «Men uni sen o‘rningdan turishingdan ilgari senga keltirurman. Albatta men bunga qodir va ishonchlidirman» (Naml surasi, 39-oyat). Sulaymon alayhissalom jim bo‘lib qoldilar.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:10:27

SIDDIQA MARYAM IMRON QIZI

Iso alayhissalomning onalari Maryam Imron qizini yoshliklarida Alloh taoloning O’zi pokladi, tarbiyaladi, bo‘yga yetganlarida Jabroil alayhissalom: «Albatta Alloh taolo senga otasiz bir o‘g‘ilni rizq qilib bermoqchi», dedilar. Maryam Allohning qazo va qadariga taslim bo‘ldilar. Allohning mo‘‘jizasi bilan muborak o‘g‘il tug‘ildi! Rumon -zolim podshoh bolani o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Maryam onamiz yahudlar bilan birga bolani olib bu yerdan ketdilar. Iso alayhissalom yigit bo‘lib bo‘yga yetganlarida Falastinga onalari bilan qaytib keldilar. Bu davlatga, ya’ni Bani Isroilga nabiy, payg‘ambar bo‘lgandilar. Yahudlar u zotni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Alloh taolo O’z payg‘ambarini samoga ko‘tardi. Maryam onamiz bir oz muddat yashab vafot etdilar va Damashqqa dafn etildilar. Rasululloh (s.a.v.) dedilar: «Albatta Maryam dunyo xotinlaridan yaxshiroqdir», «Dunyodagi yaxshi xotinlar Maryam, Osiyo, Xadicha, Fotimadir», «Erkaklarning komillari ko‘p, lekin ayollarning komillari Maryam, Osiyolardir!»

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:10:52

Maryamning tug‘ilishlari

Shom shahrida, muborak Falastin yerida Bani Isroil nihoyatda iztirob va fasodga to‘la hayot kechirardi.

Bani Isroilda ham solih insonlar bor edi. Ular haq dinning amrlarini targ‘ib etishardi, Masjidul Aqsoda ibodat qilishardi, Tavrot o‘qishardi. Qavmning solih Imron ibn Moton ibnul Maozir degan imomlari bor edi. Ularning nasablari Sulaymon ibn Dovud alayhissalomga borib taqaladi.

Imron Bani Isroilning soliha ayoli Xanna binti Foquzga uylandi. Ular bir necha yil farzand ko‘rmadilar. Bir kuni Xanna daraxt tagida o‘tirgandi, daraxt ustidagi bir qush uchib kelib, inidagi bolasiga tumshug‘idagi taomni yedirdi. Buni ko‘rib Xannaning qalbi bolani qo‘msadi. Alloh taologa munojot etib, bir bola berishini so‘radi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:11:15

Agar Alloh taolo farzand bersa, Baytul-Muqaddasga xizmat qilish uchun berishini niyat qildi. «(Ey Muhammad), Imronning xotini: «Parvardigorim, men qornimdagi narsani (homilani dunyo ishlaridan) ozod etib, Senga nazr qildim. Bas, (bu nazrimni O’z dargohingda) qabul ayla! Albatta Sen eshitguvchi, bilguvchisan», deganini eslang!» (Oli Imron surasi, 35-oyat). Xanna bir oz vaqtdan keyin homilador bo‘ldi, lekin Imron bola tug‘ilmasidan oldin vafot etdi. Xanna shiringina bir qiz tug‘di. Qizini nazrga atagani esiga tushdi, va’dasiga vafo qilishni niyat qildi. «Ko‘zi yorigach esa, bunday dedi: «Parvardigoro, men qiz tug‘dim, - holbuki, Alloh uning nima tuqqanini bilguvchiroqdir va (har qanday) o‘g‘il bu qiz kabi (bu qizning o‘rnini bosguvchi) emasdir, - «Va men unga Maryam deb ism qo‘ydim. Men bu qizga va uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni Sendan iltijo qilaman» (Oli Imron surasi, Zb-oyat). Alloh taolo Xannaning duosini ijobat qildi. Maryam va o‘g‘lini shaytonning yomonligidan saqladi.

Rasululloh (s.a.v.) dedilar: «Har bir odamni tug‘ilayotganida shayton ushlaydi, lekin Maryam va o‘g‘li bundan mustasno» (Muslim rivoyatlari).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:11:28

Solihaning parvarishi

Xanna nazr haqidagi va’dasiga vafo qilishni qasd etildi. U qizini bir matoga o‘rab, masjidga olib bordi. Alloh taolo u qizni qabul qilishini va muhofaza etishini so‘rab, duo qildi. Bani Isroil olimlari Maryamning o‘z imomlari qizi ekanligini bilib, uni yaxshi ko‘rib, qo‘lga olishdi. Bu qizni kim tarbiyasiga olishi to‘g‘risida bahs qilishdi. Ularning ichlarida yoshlari ulug‘rog‘i Zakariyo alayhissalom edilar. U zot Xannaning opasini xotinlikka olgan edilar. «Men olaman bu qizni, men haqliroqman», dedilar. Lekin hech kim bir qarorga kelmadi. Oxiri qur’a tashlash ixtiyor qilindi. Tavrot yozadigan qalamlarini suvga tashlashdi. Zakariyoning qalamlari suv yuziga chiqib qoldi, boshqalarniki cho‘kib ketdi. Shunday qilib, Zakariyo Maryamni kafillikka oldilar. «Bas, Parvardigori uni (Maryamni) xush qabul aylab, chiroyli parvarish etdi va unga Zakariyoni kafil qildi. Har qachon Zakariyo (Maryamning) oldiga - hujraga kirganida uning huzurida bir rizq-nasiba ko‘rdi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» deb so‘raganida (Maryam) javob qildi: «Bular Alloh huzuridandir. Albatta Alloh O’zi istagan kishilarga behisob rizq berur» (Oli Imron surasi, 37-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:11:58

Maryam mehrobdalar

Maryamning yoshlari oltiga yetganida xos mehrob oldida o‘tirdilar, u yerga hech kim kirmasdi. Taom-ichimliklarini olib kirib berishardi. Hatto ruxsatlarisiz oldilariga kirishmasdi. Zakariyo har kuni Maryam huzurlariga kirganida oldilarida qishda yozning mevasini, yozda qishning mevasini ko‘rardi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» deb so‘raganida (Maryam) javob qildi: «Bular Alloh huzuridandir. Albatta Alloh O’zi istagan kishilarga behisob rizq berur» (Oli Imron surasi, 37-oyat). Buni ko‘rgan Zakariyo alayhissalomning havasi kelar, Allohning qudratiga tan berib, bir solih farzand ato etishini so‘rab duo qilar edilar. Lekin yoshlari ulug‘, ayollari qari edi. Alloh taolo duolarini ijobat qildi. Yahyo ismli o‘g‘il xabarini va uning Bani Isroilga nabiy, rasul bo‘lishi bashoratini berdi.

Yillar o‘tdi, Zakariyoning yoshlari bir joyga borib, Maryamni tarbiyalashga qudratlari, quvvatlari yetmay qoldi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:12:10

Ajoyib bashorat

Kun o‘tgani sari Maryam mehrobda tasbeh aytib, Allohga ibodat qilardilar. Balog‘at yoshiga yetgunlaricha insonlardan uzoqda bo‘lib, o‘zlarini ehtiyot qildilar. Shahvatli narsalardan tiyilib, ibodatga berildilar. Allohga iymon keltirib yashadilar. «(Ey Muhammad), ushbu Kitobda (ya’ni, Qur’onda) Maryamni zikr qiling: u o‘z ahli oilasidan chetga - kunchiqar tomonga borib, ulardan parda ortiga berkinib olgan paytida Biz unga O’z ruhimiz (ya’ni, Jabroil)ni yubordik. Bas, u (Maryamga) bus-butun (ro‘y-rost) odam bo‘lib ko‘rindi» (Maryam surasi, 16-17-oyatlar). «Yana (iymon keltirgan zotlar haqida) o‘z nomusini saqlagan ayolni - Maryam binti Imronni (misol keltirdi). Bas, Biz O’z tarafimizdan bo‘lgan ruhni unga pufladik (va u Isoga homilador bo‘ldi). U Parvardigorining so‘zlarini va kitoblarini tasdiq etdi hamda (Allohning amriga) itoat etguvchilardan bo‘ldi» (Tahrim surasi, 12-oyat). Maloikalar Maryamni ziyorat qilishardi. Alloh taolo uni tanlaganini, ayollar olamida eng afzal ayol bo‘lishlarining bashoratini berishardi. «Farishtalar Maryamga aytishdi: «Yo Maryam, albatta Alloh seni (ayollar orasidan) tanlab oldi va (barcha gunohlardan) pokladi hamda seni butun olamlarning ayollaridan afzal qildi. Yo Maryam, Parvardigoringga itoat qil va ruku’ (Allohga ibodat) qilguvchilar bilan birga sajda va ruku’ (ya’ni, ibodat qil!») deganlarini eslang!» (Oli Imron surasi, 42-43-oyatlar).

Bir kuni farishtalar Maryamning oldilariga kelishdi va chiroyli xushxabar berishdi, ya’ni hech bir erkak yaqinlashmasdan, erga tegmasdan o‘g‘il tug‘ishini aytishdi. Bu bola Allohning mo‘‘jizasidir! Bu bolani Bani Isroilga nabiy, rasul qiladi! «Eslang (ey Muhammad), farishtalar dedilar: «Yo Maryam, albatta Alloh senga O’z tomonidan bir So‘z haqida xushxabar beradiki, uning ismi Al-Masih Iso binni Maryam bo‘lib, dunyo-yu oxiratda obro‘li va (Allohning) yaqinlaridandir, odamlarga go‘daklik paytida ham voyaga yetgan chog‘idagidek gapirur. U solih bandalardandir», deganlarida, Maryam: «Parvardigorim, menga odamzod tegmagan bo‘lsa, qayoqdan menda farzand bo‘lsin?» dedi. Alloh aytdi: «Shunday, Alloh O’zi xohlagan narsasini (O’zi xohlagan suratda) yaratadi. Qachon biron ishni iroda qilsa, unga: «Bo‘l!» deydi. Bas, u ish bo‘ladi» (Oli Imron surasi, 45-47-oyatlar).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 06:12:34

Muborak homila

Kunlar o‘tdi. Maryam Allohning zikri va ibodatiga hamon mashg‘ul edilar. Bir kuni hech kimning iznisiz bir kishi kirib keldi. Bu kishi odam suratli Jabroil alayhissalom edilar. U kishini ko‘rganda Maryam qo‘rqib seskandilar, Allohdan panoh so‘radilar. «(Maryam unga): «Men Rahmonga (ya’ni, Allohga) sig‘inib sendan panoh berishni iltijo qilurman. Agar (Allohdan) qo‘rquvchi bo‘lsang, (menga ziyon yetkazmagin)», dedi. Jabroil aytdi: «(Qo‘rqmagin), men faqat senga bir pokiza o‘g‘il hadya qilish uchun (kelgan) Parvardigoringning elchisidirman, xolos». (Maryam) dedi: «Menga odamzot tegmagan bo‘lsa, buzuq ayol bo‘lmasam, menda qayoqdan farzand bo‘lsin?!» (Jabroil) aytdi: «Shunday. Parvardigoring ayturki: «Bu (ish) Menga osondir. Biz u (bolani) odamlar uchun oyat-mo‘‘jiza va O’z tomonimizdan bo‘lgan rahmat-marhamat qilurmiz. Bu bitgan ishdir» (Maryam surasi, 18-21-oyatlar). Maryam jilbobi bilan chiqdilar. Jabroil alayhissalom yenglarini ushladilar va pufladilar. Allohning mo‘‘jizasi bo‘ldi. Maryam qalblarida bu sirni berkitdilar. Kunlar o‘tib, homilalari bilindi. Taqvodor Yusuf un-Najjor Maryamni ko‘rib: «Maryam iffatli, pokiza, bokira qiz edi-ku!» deb hayron bo‘ldi. «Ey Maryam, urug‘siz ekin, yomg‘irsiz daraxt o‘sadimi? Erkaksiz bola tug‘iladimi?» Maryam gap nima haqdaligini bilib dedilar: «Albatta Alloh taolo ekinlarni avvaldan urug‘siz yaratgan! Albatta Alloh taolo jannatdagi daraxtlarni yomg‘irsiz yaratgan! Albatta Odam alayhissalomni erkak-ayolsiz yaratgan!» Yusuf dedi: «To‘g‘ri aytding!» Bildiki, Maryamning homilalari Allohning mo‘‘jizalaridan biridir!

Qayd etilgan