Tahajjud o‘qiydigan qiz
Robi’a bolalik vaqtlaridanoq ro‘za tutar, tahajjud namozini o‘qirdilar. Bir kuni kechasi hamma uxlaganidan keyin o‘rindan turib, qo‘lga Qur’on oldilar. Yosh, farishtasifat ovoz bilan o‘qidilar. Subh bo‘lgunicha namoz va Qur’on o‘qishdan tolmadilar. Hech kim ro‘za tutishlarini, tahajjud o‘qishlarini bilmasdi. Bir kuni otalari buni ko‘rib qoldi. Robi’a shunday duo qilardi: «Allohim, yulduzlarni yorug‘ qilding, ko‘zlarni uxlatding, podshohlarning eshigini berkitding, bu turgan maqomim Sening qo‘l ostingdadir. Allohim, biror hayvonning ovozini eshitishni istamadim, daraxtlarning shivirlashini ham eshitmadim, suvlarning shildirashini, qushlarning sayrashini ham tinglamadim. Lekin Sening yakkaligingni ko‘rib, bunga shohid bo‘ldim! Hech narsa Senga o‘xshamaydi, Sayyidim! Xilvatda Senga yaqinlashuvchilar yaqinlashyaptilar, suvdagi nahanglar ham azamatingga tasbeh aytishyapti. To‘lqinlar Sening muqaddas jalolingga mavj uradi. Tun qorong‘usi ham, kunduzning yorug‘ligi ham Senga tasbeh aytyapti, falakdagi sayyoralaring ham Senga tasbeh aytyapti, yaratgan dengizlaring ham, nur taratib turgan oying ham, yulduzlaring ham - hamma, hamma narsa Sening huzuringda o‘lchangan, Sen albatta Qahhor va buyuk Zotsan!»