Qullikdagi xo‘rliklar
Robi’a bir qancha vaqt cho‘ri bo‘lib yashadi. Azobli kunlarni boshidan kechirdi. Sayyidlarning nihoyatda xulqi buzuq, tili achchiq edi. Shunday bo‘lsa ham, Robi’a kechasidagi namozlarini tark etmasdi. Bir kuni xo‘jayin urdi, bilaklari sindi. Tungi namoziga turganida duo qildi: «Allohim, bilagimning alamiga, yetimligimga sabr qilaman, faqat Sen mendan rozi bo‘lsang bo‘ldi!» Kunlarning birida Robi’a yana kechasi ibodat qilib, duo aytib o‘tirgandi, xo‘jayin turib qoldi. Robi’a sajdaga boshini qo‘yib: «Allohim, qalbim Senga qanday intilayotganini bilasan! Senga ibodat qilishni sevaman! Sening xizmatingda bo‘lishgina ko‘zimning nuridir! Bu ish mening qo‘limda bo‘lganida edi, bir lahza ham Senga munojot qilishdan to‘xtamasdim. Lekin qalbi qattiq bandangning qo‘liga tashlab qo‘yding!» deb nola qildi. Bu so‘zlarni eshitgan xo‘jasi qalbiga qo‘rquv kirdi va: «Ey Robi’a, senga hurlikni hadya qildim! Xohlasang, shu yerda qol, biz sening xizmatingni qilaylik! Xohlamasang, istagan yeringga ketishing mumkin», dedi. Shunday qilib, Robi’a Allohga nola qilib cho‘rilikning og‘ir mashaqqatlaridan qutildilar.