Imom Sha'roniy. Ibodat va zikr ahliga tavsiyalar  ( 66285 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:23:57

Ustozim Abul Hasan ash-Shozaliy bunday tavsiya qilganlar: "Biror gunohing bo‘lmasa hamki, istig‘for etmog‘ing kerak. Eng ma’sum zot -Payg‘ambarning (s.a.v.) istig‘for aytganidan ibrat ol".

Kechaning avvali va oxirida, kunduzning avvali va oxirida istig‘forni ko‘paytirish kerak. Mana, Ibni Moja rivoyat qilgan hadisi sharif: "Bir kunda ikki hafaza (muhofiz. - Tarj.) farishtaning Allohga yetkazadigan (kunlik amal) daftarning boshi va oxiri istig‘fordan xoli bo‘lmasa, Alloh taolo daftarning ikki tomonidagi istig‘for tufayli bandasini mag‘firat qildim, deydi. Amal daftariga ko‘p istig‘for yozilgan kishi naqadar baxtli!" (Ibni Moja. "Adab", 57).

Rizq tang bo‘lganda ham istig‘for lozim. Ibni Hibbon rivoyat qilgan hadisda marhamat etiladi: "Kim istig‘forni ko‘p qilsa, Alloh u kimsaga tanglik holatidan chiqish yo‘lini, har mashaqqatdan qutulish chorasini ko‘rsatadi va kutmagan joydan unga rizq ato etadi". (Ibni Hibbonda bu hadis topilmadi. Ayni hadis Ibni Mojaning "Adab"ida 3819 - hadis va AbuDovudda (Vitr, 26) mavjud).

Barcha amallar yakunida ham istig‘for lozim. Oriflar barcha ishlarni istig‘for bilan yakunlash mustahab ekanligiga ijmo qilishgan Hadisi sharifda: "Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) har bir namozdan so‘ng uch marta istig‘for aytardi", deya marhamat qilinadi (Muslim. "Masajid" 135; AbuDovud "Vitr" 25; Termiziy. "Solat" 108; Nasoiy. "Sahv" 81-82).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:24:13

MUHIM ESLATMA

Aytadilarki, odamlarning eng yomoni - botinida yaxshilik bo‘lmasa-da, odamlar ko‘ziga yaxshi ko‘ringan kishidir. Agar bu kimsa odamlar gumonidagi yaxshi sifatlar bilan xulqini tuzatsa, unda hukm boshqacha bo‘ladi.

O’zining kamolini hamda nuqson-kamchiligini ko‘ra olish komillik shartlaridan biri hisoblanadi. Kamolning haqqi shukr, nuqsonning haqqi istig‘fordir. Boshqacha aytganda, noqislikda davom etayotgan bo‘lsa, istig‘for aytishi, kamolotini ko‘rayotgan bo‘lsa, shukr etishi lozim. Komil - ikki ko‘z sohibidir... Bu borada o‘z nafsini nazorat ostida tutadiganlar ko‘p emas. Aksariyat insonlar: "Boshqalar meni yaxshi deb bilishadi-ku..", deya yanglish xayollarga borib o‘zlariga bino qo‘yadilar, o‘zlarini yaxshi ko‘radilar. Bu noto‘g‘ri ahvolni o‘nglash uchun istig‘for lozim. Alloh shunga muvaffaq aylasin. Buni ham bilib olgin, birodarim!

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:24:42

HAYOLI BO’L!

Shubhasiz, hayo imondandir. Bunday deyishgan: «Ibodat (bandalik) yetmish ikki bobdir. Yetmish biri Allohdan hayo qilishdan iborat. Bittasi esa ezgulikning barcha turlariga daxldor».
«Allohdan haqqoniy hayo qilingiz», dedilar Rasululloh (s.a.v.).
«Alhamdulillah, biz hayo qilamiz», dedik.

Rasululloh (s.a.v.): «Bu (siz o‘ylagan tarzdagi) hayo emas. Allohdan haq-rost hayo qilgan boshini va boshidagi a’zolarini, qorni va qornini tashkil etgan a’zolarni muhofaza etsin, o‘limni (va tuproq ostida) chirishni o‘ylasin! Oxiratini o‘ylagan kishi dunyo hayotining zeb-ziynatlarini tark etadi. Kim ana shunday qilsa, Allohdan haqqoniy hayo etgan bo‘ladi» , deya marhamat qildilar. (Imom Ahmad. I, 378-bet; Termiziy. «Qiyomat», 24-bet).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:25:02

Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh bunday der ekanlar: «Besh narsa ilohiy rahmatdan marhumlik alomati sanaladi: qalb qattiqligi, ko‘z xiraligi (yig‘lamasligi), hayo ozligi, dunyoga rag‘bat ko‘rsatish va uzun orzular».

As-Sariyyus-Saqotiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Hayo va uns (muhabbat) qalb eshigini taqillatishadi, u yerda zuhd va varo’ (taqvodorlik)ni topishsa, joylashib olishadi, bo‘lmasa qaytib ketishadi. Hayoning alomati - gunohga yo‘l qo‘ymaslikdir».

Men deymanki, gunohga yo‘l qo‘ymaslikdan maqsad gunohda davom etmaslikdir.

Ustozim Aliyyul - Mursiy rahmatullohi alayh aytadiki: «Murid tavbada shunday sobit bo‘lsinki, chap tomondagi farishta yigirma yil bu kimsaga biror gunoh yozolmasin» so‘zidan maqsad aslo gunoh qilmaslik yoki gunohda davom qilmaslik, darhol tavba va istig‘for etish ma’nosidami, deya savol so‘raldi.

Bunday javob berdilar: «Maqsad ikkinchisidir. Chunki sodiq murid gunoh qilgach, darhol tavba va istig‘for qiladiki, gunohi tavbadan so‘ng o‘chiriladi. Natijada farishta yozadigan hech bir narsa topolmaydi. Chunki u, qul tavba va istig‘for aytar, deya kutadi. Agar banda pushaymon bo‘lib istig‘for aytsa, farishta ham o‘sha gunohni yozmaydi».

Yana shu narsa haqiqatki, ikki farishta qavliy va fe’liy gunohlarni yozadi. Gunoh qilgan kishi gunohini oshkor etib «men shu-shu gunohlarni qildim», desa farishta o‘shani yozadi. Bunga dalil ushbu oyati karimadir: «Holbuki, shak-shubhasiz, sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir. Ular sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi, 10-12-oyatlar). Biroq bilish yozish emas, buni ham bil.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:26:27

EY BIRODAR, ODOBNI MAHKAM USHLA!

Aytadilarki, odob bilan amal qilish fikri bo‘lmasa, kishining ilm talab etmog‘i durust emas. Odob dinning uchdan ikki bo‘lagidir.

Odob borasida ruxsatga amal qilgan kishi yetishgan joyidan orqaga qaytgan bo‘ladi.

*   Deydilarki, odobi yo‘qning shariati ham, imoni va tavhidi ham bo‘lmaydi.

*   Kim toat - itoatida odobga rioya etmasa, Rabbining rahmatidan mahrum qoladi.

*   Tarki adab dargohdan quvilishga bois bo‘ladi. O’tirgan o‘rnida odobsizlik qilgan tashqariga chiqarib tashlanadi, yana odobsizlik qilsa, hayvonlarni boqishga yuboriladi.

*   Allohning valiylari ulug‘ maqomga ko‘p amal bilan emas, balki odob va go‘zal axloq bilan yetishganlar. Bundan ham boxabar bo‘l, do‘stim!

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:27:06

ALLOHNI ZIKR QILISHDAN G’OFIL BO’LMA!

Deydilarki, Allohni eslashni unutgan kimsa kufroni ne’mat qilgan bo‘ladi. Zikrdan g‘aflatda qolgan kimsa tariqatdan benasib yolg‘onchidir.

Aytishlaricha, orif bir-ikki nafasga zikrni tark etsa, Alloh bu kimsaga shaytonni hamroh qiladi. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat etadi: «Alloh taolo marhamat qiladi: «Men bandamning o‘yidaman. Meni zikr qilsa, men ham u bilan birgaman. Agar meni yolg‘iz holda zikr etsa, Men ham uni O’zim zikr qilaman. Meni jamoat ichida eslasa, Men uni yanada xayrli jamoatda eslayman». (Buxoriy. «Tavhid», 15-35. Muslim. «Zikr», 2,19,21).

Ibni Hibbonning rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: «Allohni shunchalar ko‘p zikr qilingizki, sizni telba desinlar» («Al ihsan bitartibi Sahih IbniHibbon», II, 93-bet).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:27:20

Abu Dardo (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Qilinajak amallaringizning eng xayrlisini, darajalaringizning eng ulug‘ini, eng toza (eng sof, eng to‘g‘ri, eng munosib), oltin va kumush sadaqa qilishdan-da molikingiz Alloh nazdida yaxshiroq va dushmaningiz bilan g‘oziy yoki shahid bo‘lishdan ham xayrli amal nima ekanini sizga xabar beraymi?" dedilar. "Ha, ayting", deyishdi, sahobalar.

"Alloh taoloni zikr etmoqdir", dedilar Ul zot (s.a.v.) (Termiziy "Daovot", 6; Muvatta. "Qur’on", 7; Ahmad V, 195, 239, VI. 447).

Tabaroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda marhamat etiladi: "Jannat ahli, (bu dunyoda) Allohni zikr qilmasdan o‘tkazgan bir soat (vaqt) uchun xafa bo‘ladilar" (Munoviy. "Fayzul - Qodir" V, 390, 7701-hadis).

Yana Tabaroniy rivoyat qiladi: "Kim Allohni zikr etmasa, u (komil) imondan uzoqdir".

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:27:37

"Allohni zikr qiluvchi bilan zikr qilmaydigan kishi tirik va o‘lik kabidir" (Buxoriy. "Daovot", 66; Muslim. "Musofirun" 211).

Alloh taolo marhamat qiladi: "Ey odam bolasi! Meni zikr etsang, shukr qilgan, Meni unutsang kufroni ne’mat qilgan bo‘lasan".

Aytadilarki, Allohni unutishning ikki boisi bor:
a)   Allohni tanimaslik yo Allohga shirk keltirish.
b)   Allohdan va Allohning yo‘lidan yuz o‘girish. Bu ikkisi ham nuqson sanaladi.

Termiziy rivoyatiga ko‘ra, Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: "Jannat bog‘lariga duch kelganingizda foydalanib qoling". Ashob so‘radi: "Yo Rasulalloh, jannat bog‘lari nima?". Marhamat qildilarki: "Zikr halqalaridir"
(Termiziy. "Daovot" 82; Ahmad, III, 150).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:28:05

Boshqa bir hadisda bunday marhamat qilinadi: "Kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qib, so‘ng quyosh chiqqunga qadar Allohni zikr qilsa, undan keyin ikki rakat namoz o‘qisa, haj va umra savobini oladi". (Munziriy. "At-targ‘ibi vat-tarhib", I -jild, 258-259-betlar).

Bazzor bunday rivoyat qilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytadilar: "G’ofillar orasida Allohni zikr qilgan - jangdan qochganlar orasidan chiqib, jangda (qolib. - Tarj.) sabr etganlar maqomidadir". (Munoviy. Ko‘rsatilgan asar. III. 558, 4310-hadis).

Bir majlisda o‘tirib Allohni zikr qilmay tarqalganlar eshak loshi (atrofi)dan turib tarqalgan kishilarga o‘xshaydi, (bu holat) qiyomat kuni ularning mahzunliklariga sabab bo‘ladi". (Munoviy. O’sha asar. V, 493, 8086-hadis).

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:28:41

Ibni Shayba rivoyat qiladi. Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday deganlar: "Qalbining ikki xonasi bo‘lmagan hech bir odam yo‘q. Birisida farishta, ikkinchisida shayton (qo‘nim topgan. - Tarj.). Agar kishi Allohni zikr etsa, (shayton) yashirinadi (chiqib vasvasa berolmaydi), Allohni zikr etmasa, shayton tumshug‘ini uning qalbiga qo‘yadi va vasvasa beradi".

Ibni Hibbon rivoyat etadi. "Rasuli Akram (s.a.v.) bunday marhamat qilganlar: "Karam ahlidan bo‘lgan jamoat (kelajakda ularga ko‘rsatilajak lutfni) bilib oladilar". So‘raldiki: "Karam ahli kim?". Marhamat qilindi: "Zikr majlisidagi odam".

Rasululloh (s.a.v.) bunday marhamat etadilar: "Allohni zikr etuvchi bir jamoat bilan bomdod namozidan so‘ng quyosh chiqqunga qadar o‘tirmog‘im, menga Ismoil (a.s.) naslidan to‘rt asirni ozodlikka chiqarish savobidan sevimliroqdir" (AbuDovud. Ilm, 13).

Qayd etilgan