Abdulloh ibn Umar (r.a.) xufton namozi jamoatiga ulgurmadi, biroq buning evaziga o‘sha kecha tonggacha namoz o‘qib chiqdi.
Ubaydulloh ibn Umar al-Qovaririy rahmatullohi alayhning bunday degani naql etiladi: «Biror marta jamoat namozidan qolmagan edim. Bir kuni uyimga mehmon keldi va jamoat namoziga ulgurmadim. Boshqa bir jamoat bilan xuftonni o‘qish umidida tashqariga chiqdim. Ittifoqo hamma masjidlarda namoz o‘qilib, masjidlar berkitilgan edi. Uyimga qaytdim. Tabiiyki, jamoat bilan namoz o‘qiyolmaganim uchun xafa edim. O’z-o‘zimga dedim: «Hadisi sharifda marhamat qilinganki: «Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja ustundir» (Buxoriy. «Azon», 30; Muslim. «Masajid», 249; Nasoiy. «Imomat», 42; Muvatta. «Jamoat», 1.). Men xufton namozini yigirma yetti marta o‘qib, keyin yotdim. Tush ko‘rdim. Tushimda bir to‘da otliq va men ham bir ot ustida ekanman. Ular mendan oldinda ketishyapti. Otimni ular orqasidan haydayapman, ammo ularga yetolmayapman. Bittalari menga qayrilib qaradi va: «Otingni bekorga charchatyapsan, bizga yetolmaysan», dedi. Men esa: «Nega endi, ey birodar?» dedim. «Biz xuftonni jamoat bilan o‘qidik, sen esa yolg‘iz o‘qiding», dedi. Uyg‘ondim, tabiiyki, xafa bo‘ldim».
Salafi solihiynlardan ba’zilari bunday deyishgan: «Odam o‘ziga yopishgan bir gunoh tufayligina jamoat namozidan bebahra qoladi».
Ulardan bittalari jamoat namoziga ulgurmasa, o‘zaro yetti kun ta’ziya izhor etishardi.
«Bir rakatiga yetishmasa ham shunday qilishardi», deganlari ham bor. Ilk takbirni o‘tkazib yuborishsa, uch kun motamsaro yurishardi, degan qavl ham bor. Buni ham bil, ey birodarim!