Imom Sha'roniy. Ibodat va zikr ahliga tavsiyalar  ( 66283 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 B


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:17:45

Ustozim Ahmad ibn ar-Rufoiy rahmatullohi alayh do‘stlariga aytar edilar: "Kechaning oxirgi uchdan bir qismida turib, namoz o‘qing, Qur’on o‘qing, tasbeh ayting, biroq bu borada haddan oshmang. Yilning har kechasida samodan rizq inadi. Bedorlarga ulashiladi, uxlaganlar undan mahrum qoladilar. Alloh taolo Dovud alayhissalomga bunday vahiy etgan: "Ey Dovud! Tunlari g‘aflat uyqusida qolib, Meni yaxshi ko‘rishini iddao qilayotgan kimsa yolg‘onchidir".

Ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayh do‘stlarini ko‘pincha tungi namozga turishni niyat qilishga tashviq etar va bunday der edi: "Alloh savobni amalga ko‘ra emas, niyatlarga ko‘ra beradi. Kim bir yaxshilikni niyat qilsa va u yaxshilikni bajarish nasib etmasa hamki, Alloh taolo u kishiga niyati savobini beradi. Chunki hadisi sharifda Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): "Har kim uchun niyat qilgani bo‘ladi" (Buxoriy. "Badul vahy", 1, "Ifq", 6, "Taloq" 11; Muslim. "Imora" 155; Abu Dovud "Taloq" 11; Nasoiy. "Tahorat" 59; Ibni Moja. "Zuhd" 26), dedilar, har kim uchun amal qilgani bo‘ladi, demadilar. Shu narsa ham ayon haqiqatki, tungi namozni davomli tark etgan kimsaning solihlar yo‘lida hech bir nasibasi bo‘lmaydi.

Buni ham bil, ey birodar! Tungi namozni tark etma!

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: "Sulaymon alayhissalomning onasi (Sulaymon payg‘ambar bo‘lmaslaridan oldin) shunday degan: "Ey o‘g‘ilginam, tungi namozni tashlab qo‘yma. Chunki tungi namozni tark etib qo‘yish, odamni qiyomat kuni zor etadi".

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:19:05

TAHAJJUD (TUNGI) NAMOZNI UYINGDA O’QI

Shunday naql etiladi: "Uyingizda namoz o‘qib turing, uyingiz dunyo ahliga yulduzlarga o‘xshab nur sochsin".

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati: "Farz namozidan boshqa namozning eng fazilatlisi kishining uyda o‘qigan namozidir". (Buxoriy. "Azon", 81; Muslim. "Siyom", 202, 203).

Salafi solihiynlardan ba’zilari (rahmatullohi alayhim) shunday deyishgan: "Uyda o‘qilgan nafl namozning fazilati masjidda o‘qilgan farz namozining fazilati kabidir".

Abul Jaldning bunday degani naql qilinadi: "Iso alayhissalom Iblisdan: "Hayy va Qayum - Alloh haqqi sendan so‘rayman: "Jismingni erituvchi, belingni sindiruvchi nedir?" deb so‘rabdi. Iblis: "Ey Allohning nabiysi, Hayy va Qayum haqqi uchun so‘ramaganingda senga javob bermasdim. Jismimni eritgan narsa - Alloh yo‘lida mujohada etgan otliqlardir. Belimni sindiruvchi narsa kishining farz namozini masjidda, naflni uyida o‘qishidir".

Buni ham bil, ey birodar!

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:19:46

TAHAJJUDNI KECHANING ILK YARMI TUGAGANDAN SO’NG BOSHLA!

Buning sababi shuki, ilohiy fayz va rahmat shu vaqtda inadi. Ulug‘larimizning tahajjud uchun bedor bo‘lishlarining ilk sababi shudir.

Ustozim Aliyyul Havvos rahmatullohi alayh bomdod namozi uchun masjidga kelib, u yerda hech kimsani ko‘rmagach, eshik oldida mutavoze’ va bo‘yni egik bir vaziyatda turar va bunday der edi: "Mening holatim boshqa birov orqasidan ergashib kelib, xo‘jayini huzuriga kira olgan odam holatiga o‘xshaydi".

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:20:11

TANBEH

Kechasi turishga eringan va o‘zida doimiy tanballik holatini sezgan kishi nafsini nazorat etsin. Bu holat balki riyo, kibr, ujb, maqom sevgisi, hasad, hiyla, maqtanish sevgisi kabi botiniy gunohlarga botib qolgani tufayli bo‘lishi ham mumkin. Bunday kasalliklar muolajasi uchun darhol tavba etish yoki kafforat bo‘luvchi amallar qilish kerak. Chunki gunohlarga kafforat berilsa, banda toza-pokiza bo‘ladi. So‘ng sharafli jamoat bilan Rabbining huzurida turishga - nasib bo‘lishi holatidan boshqa - hech bir to‘siq qolmaydi.

Ustozim Afzaluddin (Alloh uni rahmat aylasin va bizni uning barakoti ila foydalantirsin) qalbida botiniy kasalliklardan birortasini topsa, tunda (tahajjudga - Tarj.) turishni bas qilar va bunday der edi: "Ifloslikka bulg‘angan, belangan holim bilan Allohning asfiyosi (yaqin do‘stlari) orasida turishdan hayo qilaman".

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:20:38

JAMOAT BILAN NAMOZ O’QISHNI TARK ETMA!

Chunki bir jamoat ibodat uchun to‘plansa, ular orasida shafoati qabul qilinadigan Allohning bir valiysi bor bo‘ladi.

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etilgan, Muslim va Sahihaynda zikr qilingan shunday hadis bor: "Ko‘zi ojiz odam Payg‘ambar (s.a.v.) yoniga kelib dedi: "Yo Rasululloh, meni Masjidga olib keladigan kishi yo‘q. Namozimni uyimda o‘qisam bo‘ladimi?" Rasuli Akram (s.a.v.) ruxsat berdilar. Haligi ko‘zi ojiz odam qaytib ketayotganida chaqirdilar va so‘radilar: "Namozga azonni eshitasanmi?". "Ha", dedi ko‘zi ojiz kishi. Payg‘ambar (s.a.v.) marhamat qildilar: "U holda azonga javob ber (jamoatga kel)!" (Muslim. "Masajid" 255, Abu Dovud. "Solat", 46, Nasoiy. "Imomat", 50; Ibni Moja. "Masajid", 17; Ahmad III, 423, IV, 43).

Salafi solihiyn jamoat namozini o‘tkazib yuborishni musibat deb bilishgan. Ulardan birining hayotida shunday voqea sodir bo‘lgan edi: "Bir kuni u xurmo bog‘iga boradi. Ushlanib qoladi. Qaytib kelsa, odamlar asr namozini o‘qib bo‘lishgan ekan. Buni musibat deb bilganidan: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Siz guvoh bo‘lingki, shu bog‘im miskinlarga sadaqadir», dedi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:21:06

Abdulloh ibn Umar (r.a.) xufton namozi jamoatiga ulgurmadi, biroq buning evaziga o‘sha kecha tonggacha namoz o‘qib chiqdi.

Ubaydulloh ibn Umar al-Qovaririy rahmatullohi alayhning bunday degani naql etiladi: «Biror marta jamoat namozidan qolmagan edim. Bir kuni uyimga mehmon keldi va jamoat namoziga ulgurmadim. Boshqa bir jamoat bilan xuftonni o‘qish umidida tashqariga chiqdim. Ittifoqo hamma masjidlarda namoz o‘qilib, masjidlar berkitilgan edi. Uyimga qaytdim. Tabiiyki, jamoat bilan namoz o‘qiyolmaganim uchun xafa edim. O’z-o‘zimga dedim: «Hadisi sharifda marhamat qilinganki: «Jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma yetti daraja ustundir» (Buxoriy. «Azon», 30; Muslim. «Masajid», 249; Nasoiy. «Imomat», 42; Muvatta. «Jamoat», 1.). Men xufton namozini yigirma yetti marta o‘qib, keyin yotdim. Tush ko‘rdim. Tushimda bir to‘da otliq va men ham bir ot ustida ekanman. Ular mendan oldinda ketishyapti. Otimni ular orqasidan haydayapman, ammo ularga yetolmayapman. Bittalari menga qayrilib qaradi va: «Otingni bekorga charchatyapsan, bizga yetolmaysan», dedi. Men esa: «Nega endi, ey birodar?» dedim. «Biz xuftonni jamoat bilan o‘qidik, sen esa yolg‘iz o‘qiding», dedi. Uyg‘ondim, tabiiyki, xafa bo‘ldim».

Salafi solihiynlardan ba’zilari bunday deyishgan: «Odam o‘ziga yopishgan bir gunoh tufayligina jamoat namozidan bebahra qoladi».

Ulardan bittalari jamoat namoziga ulgurmasa, o‘zaro yetti kun ta’ziya izhor etishardi.

«Bir rakatiga yetishmasa ham shunday qilishardi», deganlari ham bor. Ilk takbirni o‘tkazib yuborishsa, uch kun motamsaro yurishardi, degan qavl ham bor. Buni ham bil, ey birodarim!

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:22:10

QULLARGA NOHAQLIK QILISHDAN SAQLAN!

Qul haqi uch qismdan iborat:
a)   kishilarga aloqador qism;
b)   mollarga aloqador qism;
v)   sharaflarga aloqador qism.
a)   kishilar bilan bog‘liq qismning butun boshli hukmlari bor. Bular - qasddan odam o‘ldirish, bilmasdan odam o‘ldirish, qasos, diyat va kafforatining vojibligi kabi fiqh kitoblarida bayon qilingan boshqa xususlar.
b)   mollar bilan bog‘liq qismiga kelsak, (nohaq tortib olingan molni. - Tarj.) mazlumga yoki mazlumning vorisiga qaytarmoq kerak. Qaytarish mumkin bo‘lmasa, haq egasi nomidan sadaqa etib yuborishdan boshqa chora qolmaydi. Banda haqlarini qaytarishdan ojiz qolsa, Mahshargohda qarzdorlarga berilajak hasanalardan ko‘proq qilsin, yo‘qsa, qiyomat kuni mazlumning xatolarini va gunohlarini yelkasiga olishga tayyorlansin. Quyidagi hadisda aytilganidek: «Hasanalari — savoblari borlarning hasanalaridan olinib mazlumga beriladi. Savoblari bo‘lmasa, ustiga mazlumning gunohlaridan ortiladi, (va u kimsaning) jahannamga (ketishiga doir) bir yozuv yoziladi». (Buxoriy. «Mazolim», 10; Termiziy. «Qiyomat», 2; Ahmad, 11, 303, 334, 372).
v)   sharaflarga kelsak, bu borada ba’zi muhaqqiq imomlar eng nozik o‘rinlarni batafsil tushuntirib berishgan.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:22:23

Agar kishini g‘iybat yoki namima (bo‘hton) qilgan bo‘lsa bu ikki holdan biri: g‘iybat va namima mazlumga yetgan yoki yetmagan bo‘ladi. Agar g‘iybati yetgan bo‘lsa, rozichilik olishi lozim. Yetmagan bo‘lsa, yetib borishi yangi bir ozor-aziyatki, bu kin-adovat paydo bo‘lib, mehru muhabbat yo‘qolishiga sababchidir. Bu holat haqqi yanada og‘irdir.

Bu haqsizlikni bartaraf qilishning yo‘li, g‘iybat va namima qilinganga yetib bormasdan va g‘iybati qilingan kimsadan rozi-rizolik so‘ramay istig‘forni ko‘pay-tirishdir. Agar kishi qabih ishni qilib boshqani yo‘ldan chiqargan bo‘lsa va keyin uni takrorlasa, bu ham qulning og‘ir haqlaridandir. Chunki unga aziyat yetkazdi, zo‘ravonlik qildi va uni gunohga tortdi. «Kim yomon bir ish qilsa, u ishning gunohi va bu ish ila amal qilganlarning gunohi o‘sha yomonlikni ilk qilgan kishiga yoziladi» (Ibni Moja. «Muqaddima», 14; Dorimiy. «Muqaddima», 44; Muslim. «Ilm», 15; Nasoiy. «Zakot», 46; Ahmad, IV, 326). Ayni paytda bu chirkin xatti-harakat uning sharafini yo‘qotadi, oilasiga aziyat yetkazadi va ularni beorlikka yo‘llaydi.

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:23:06

SHARAFLAR MOLLARDAN AHAMIYATLIDIR

Ulamolar aytadiki, birov kimningdir molini olsa, mol egasi vafotidan so‘ng pushaymon bo‘lib marhumning vorislariga va butun yer yuzi aholisiga o‘sha molni keltirib rozi-rizolik uchun harakat qilsa, ular rozi bo‘lishsa ham o‘sha kishining sharafiga yetgan xafagarchiligini ketkazolmaydi. Zero, bir mo‘minning sharafi, molidan ahamiyatliroqdir.

Shayx Abul Mavohibish - Shozaliy rahmatullohi alayh aytadi: «Muridning kamolotiga to‘siq bo‘lgan narsalardan biri musulmonning g‘iybatini qilishdir. Kim g‘iybat qilish balosiga yo‘liqqan bo‘lsa, Fotiha, Ixlos va Muovvizatayn (Falaq, Nos) suralarini o‘qisin, savobini g‘iybat qilgan birodarining amal daftariga yozilishini Allohdan so‘rasin..."

Buni ham bilib ol, birodar!

Qayd etilgan


Laylo  19 Oktyabr 2007, 07:23:28

QUR’ONI KARIMGA ERGASHIB ISTIG’FORNI KO’PAYTIR!

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: "Men Allohdan mag‘firat so‘rayman va kunda yetmish marta tavba qilaman". (Buxoriy. "Davot" 3; Termiziy. «Tafsir», 47-sura, 1-oyat; Ibni Moja. "Adab" 57).

"Darhaqiqat ba’zan qalbimga g‘aflat cho‘kadi, ammo men Allohga kunda yuz marta istig‘for aytaman" (Muslim. "Zikr" 41; AbuDovud. "Vitr", 26).

Ibni Umar (r.a.) aytadilarki: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir majlisda: "Rabbig‘fir liy va tub alayya, innaka antat - tavvaburrohiym (yo Rabbiy, meni mag‘firat qil va tavbamni qabul et, muhaqqaq Sen tavbalarni qabul etuvchi va marhamatlisan), deya yuz marta istig‘for aytganini sanadim". (Ibni Hibbon. II, 139; 923-hadis).

Qayd etilgan