Allohni doimiy zikr etish kibr, ujb, riyo, hasad, su’i zon, kin, hiyla, maqtanish sevgisi kabi botiniy xastaliklarni ketkazadi. Allohni har doim zikr qilish bilan botiniy vasvasalar ketadi. Shayton vasvasasi gunohlarga chorlaydi, nafs vasvasalari esa shahvatga yetaklaydi. Bu ikkisining orasidagi farq shunday: Nafs, sendan bir narsa xohlagach, biroz keyin bo‘lsa-da murodiga yetgunga qadar tinmay harakat qiladi, biroq (unga qarshi) mujohadaning davom etishi bilan haligi harakati davom etmay qoladi. Shayton esa, seni bir xatoga chaqirsa-yu, sen unga qarshi chiqsang, bu o‘tib ketadi, biroq u boshqa bir xatoga vasvasa qiladi. Chunki shayton uchun qarshi chiqishlarning hammasi bir. Vasvasaning ma’nosi qalblarga keluvchi xitobdir.
Bilginki, balo-ofatlar Allohni zikr etish orqali daf bo‘ladi. Imom Zinnun al-Misriy rahmatullohi alayh bunday deganlar: "Allohni zikr etuvchini Alloh taolo har balodan asraydi".
"Zikr muridlarning qilichidir. Ular jin va insonlardan bo‘lgan dushmanlarga qarshi zikr bilan jang qiladilar hamda boshqalarga keladigan ofatlarni zikr bilan daf etadilar", deyishgan ba’zilar.
Buyuk so‘fiylardan biri aytgan: "Balo, oralarida zikr ahli bor qavmga kelsa, ahli zikrdan boshqaga qarab ketadi".