Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 122691 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:03:12

Imom al-Buxoriy nomli Toshkent islom instituti

IHYOU ULUMID-DIN
(Din ilmlarini jonlantirish)

QALB AJOYIBOTLARINI SHARHLASH, NAFSNI TARBIYALASH, AXLOQNI TUZATISH VA QALB KASALLIKLARINI DAVOLASH HAQIDAGI KITOBLAR

Imom Abu Homid Muhammad ibn Muhammad al-G‘azzoliy

Toshkent
«Movarounnahr»
2006

MUNDARIJA

QALB AJOYIBOTLARINI SHARHLASH KITOBI

Muqaddima
Nafs, ruh (jon), qalb va aqllarning ma’nolari hamda bu lafzlar bilan nima iroda qilinganligini bayon etish to‘g‘risidagi bob
Qalb askarlarining bayoni haqida
Qalbning botiniy askarlariga oid misollar
Inson qalbining xususiyati to‘g‘risida
Qalb sifatlarining majmui va uning misollari bayonida
Qalbning xususan ilmlarga qo‘shilgandagi holati bayoni
Qalbning aqliy, diniy, dunyoviy va uxroviy ilmlarning qismlariga qo‘shilgandagi holati
Ilhomlanish bilan o‘rganish o‘rtasidagi va Haqni topishda so‘fiylik yo‘li bilan ko‘zi (ya’ni, farosati) o‘tkirlik yo‘li o‘rtasidagi farqning bayoni
Ikki maqom o‘rtasini his etib bilinadigan misollar farqi
Tasavvuf ahli ta’lim olmasdan va g‘ayrioddiy yo‘l bilan bilimni qo‘lga kiritishining to‘g‘riligiga shar’iy dalillar bayoni
Shayton vasvasa bilan qalbga hukmronlik qilmog‘i va vasvasa ma’nosi hamda uning g‘olib kelishi sabablari bayoni
Shaytonning qalbga kiradigan o‘rinlari tafsiloti bayoni
Bandaning jazolanishga olib keladigan qalb vasvasalari, xohishlari, o‘y-xayollari, qasdlari va bulardan avf qilinib-kechiriladiganlari
Alloh zikr qilingan paytda vasvasalar butkul yo‘q bo‘lib ketishi tasavvur qilinadimi yoki yo‘qmi?
Qalbning tez o‘zgarishi hamda qalblarning o‘zgaruvchanlik va sobit turishga taqsimlanishi bayoni

IKKINCHI KITOB

Nafsni tarbiyalash, axloqni tuzatish va qalb kasalliklarini davolash haqidagi muhlikot qismidan
Husni xulqning fazilati va yomon xulqning mazammati bayonida
Husni xulq va yomon xulqning haqiqatlari bayoni
Xulqlarning tarbiya yo‘li bilan o‘zgarish qabul qilishi bayoni
Husni xulqqa batamom erishtiradigan sabablar bayoni
Xulqlarni poklash yo‘lining tafsiloti bayonida
Qalblarning kasallik belgilari va uni sog‘liqqa qaytarish alomatlari bayoni
Inson o‘z nafsi ayblarini bilib oladigan yo‘l bayoni
Qalb kasalliklarini davolashdagi yo‘l - shahvatlarga ergashishni tark qilish ekaniga shar’iy dalillar va qalb ko‘zi ochiq kishilardan naql qilingan dalillar bayoni
Husni xulq alomatlarining bayoni
Go‘dak bolalarning ulg‘ayish vaqtlari avvalida tarbiyalash, ularga odob berish va xulqlarini chiroyli qilish yo‘llari bayoni
Irodaning shartlari, kurashishning boshlang‘ich holatlari, muridni riyozat yo‘lini tutishga ko‘niktirish bayoni

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:03:30

QALB AJOYIBOTLARINI SHARHLASH KITOBI

Muqaddima


Bismillahir rohmanir rohim.

Allohga hamd bo‘lsin. U shundayin Zotki, Uning ulug‘ligini idrok qilish oldida qalblar va aql-idroklar hayratda bo‘ladi hamda Uning yorqin nurlarining avvalgi bosqichidanoq butun zamon hodisotlari va nigohlar dahshatga tushadi. U shundayin Zotki, sirlar berkitilgan joylardan xabardor va qalb ichiga yashirilgan narsalarni biluvchi hamda O’zining mulklari doirasida maslahatlashishdan va fikr almashishdan behojatdir. U qalblarni o‘zgartiruvchi, gunohlarni kechuvchi, ayblarni berkituvchi va qayg‘ularni aritib yuboruvchi Zotdir. Rasullar sayyidi, din shomilligining jamlovchisi va mulhidlar ortini kesuvchi Payg‘ambarga hamda u zotning toyyib va tohir oli-ashobiga ko‘plab salovot va salomlar bo‘lsin.

Amma ba’d, insonning ulug‘ligi va fazilati shunday narsaki, u ana shu bilan Alloh tomonidan yaratilgan maxluqlar jumlasidan bo‘lgani holda Alloh subhanahu va taoloning ma’rifati uchun tayyorgarligi bilan yuksaldi. Allohning ma’rifati dunyoda insonning chiroyi, kamoli va faxridir, oxiratda esa tayyorgarligi va zaxirasidir. Albatta inson ma’rifat uchun biron a’zosi bilan emas, qalbi bilan tayyorgarlik ko‘radi. Qalb Allohni biluvchi, Allohga yaqinlashuvchi, Alloh uchun amal qiluvchidir. Allohga sa’y qiluvchi ham, Uning huzuridagi narsalarni va o‘zining oldidagi narsalarni kashf etuvchi ham qalbdir. Albatta boshqa a’zolar ergashuvchi, xizmatkor va xizmat asboblari, xolos. Go‘yo xoja qulini, boshliq qo‘l ostidagilarni va hunarmandlar asboblarini ishlatganlaridek, qalb boshqa a’zolarni ishga soladi. Allohning huzurida qabul qilinadigan narsa qalbdir. Agar u Allohdan boshqaga topshirilgan bo‘lsa, Allohdan boshqa narsalarga g‘arq bo‘lsa, bu holda u Allohdan to‘sib qo‘yilgandir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:03:59

Talab qilinadigan ham, xitob qilinadigan ham, itob qilinadigan ham qalbdir. Agar u pokiza tutilsa, Allohga qurbat hosil qilish baxtiga erishib, natijada najot topiladigan va agar uni gunohlarga belab, iflos qilinsa, umidlar puchga chiqib badbaxt bo‘linadigan narsa ham qalbdir. Haqiqatan qalb Alloh taologa itoat qiluvchidir. Ibodat ta’siridan butun a’zolarga qalbning nurlari tarqaladi. Alloh taologa osiylik, itoatsizlik qiladigan ham qalbdir. Albatta a’zolarga xunuk ishlarning singishi uning ta’siridandir. Qalbning qorong‘ulik bilan ko‘rinishining xunukligi va yorug‘lik bilan ko‘rinishining chiroyi zohir bo‘ladi, zero har bir idish ichidagi borini to‘kadi.

Qalb shunday narsaki, agar inson uni tanisa, batahqiq, o‘zini tanibdi. Agar o‘zini tanisa, batahqiq, Robbini tanibdi. Qalb shunday narsaki, agar inson uni tanimasa, o‘zini ham tanimabdi, agar o‘zini tanimasa, Robbini ham tanimabdi. Kim qalbiga johil bo‘lsa, boshqalarga undan ham johilroqdir. Zero, insonlarning ko‘plari qalblari va nafslarini bilmaydilar hamda o‘zlari bilan nafslari o‘rtasiga parda tortilgan. Albatta Alloh taolo kishi bilan uning qalbi o‘rtasini to‘sib qo‘yadi. To‘sib qo‘yishi O’zini mushohada qilish, O’zi bilan muroqaba etish va sifatlarini tanishdan Rahmon (o‘ziga xos) barmoqlaridan ikki barmoq orasida o‘zgarish kayfiyatidan man qilmog‘i bilandir. Bir bor asfalasofilinga tushib, shaytonlarning yo‘liga egilgan inson qanday qilib ikkinchi bor yuqori Illiyyinga ko‘tarilib, muqarrab farishtalar olamiga yuksaladi?! Kim qalbini muroqaba qilib, unga rioya etmasa, koinot xazinalaridan esayotgan shabadalarni kuzatish uchun qalbini tanimasa, u Alloh taolo mana bu oyatda aytgan kishilardandir:

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:04:15

«Ular Allohni unutdilar, bas, Alloh ularga o‘zlarini unuttirdi. Albatta ular fosiq-itoatsiz kimsalardir» (Hashr surasi, 19-oyat).

Qalbni tanish va uning sifatlari haqiqati dinning negizi hamda solihlar yo‘lining poydevoridir.

Kitobimizning avvalgi qismida ibodat va odatlardan iborat a’zolarga joriy bo‘ladigan narsalar to‘g‘risidagi masalalarga e’tiborni tortgan edik, vaholanki, bu zohiriy ilmdan iborat edi. Kitobning ikkinchi qismida insonni halok qiluvchi va najot toptiruvchi sifatlardan iborat, qalbga joriy bo‘ladigan narsalarga sharh berishni va’da qilgan edik, vaholanki, bu botiniy ilm edi. Bu to‘g‘rida ikkita kitob keltirish lozim. Birinchi kitob qalb sifatlari va qalbiy axloqlarning ajoyibligini sharhlash to‘g‘risida, ikkinchisi esa qalbni qanday qilib riyozat qildirish va qalbiy axloqlarni qanday qilib pokizalash to‘g‘risidadir. Ana shundan keyin halok qiluvchi va najot toptiruvchi narsalarning tafsilotiga kirishamiz. Hozir esa qalb ajoyibotlarini fahmlashga yaqinlashtiradigan zarbulmasallar bilan sharhlashga o‘taylik. Chunki qalb ajoyibotlari va koinot olamining jumlasiga kiruvchi uning sirlarini oydinlashtirish shunday narsaki, uni fahmlashdan ko‘pdan-ko‘p aql-idroklar aziyat chekadi, qiynalib qoladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:05:06

Nafs, ruh (jon), qalb va aqllarning ma’nolari hamda bu lafzlar bilan nima iroda qilinganligini bayon etish to‘g‘risidagi bob

Bilingki, ushbu bobda gap asosan shu to‘rtala lafz - nafs, ruh (jon), qalb va aql xususida ketadi. Bu lafzlarni to‘laligicha - uning ma’nolari har xilligi, chegaralari bilan, uning nomlanish sabablari bilan biladigan kishi katta ulamolar ichida ham oz topiladi. Ko‘p xatolarning kelib chiqishi bu lafzlarning ma’nolarini va uning yana boshqa har xil nomlangan narsalar bilan mushtarakligini bilmaslikdandir. Biz quyida bahsimiz mavzuiga taalluqli bu lafzlarning ma’nolarini sharhlaymiz.

Avvalgisi «qalb» lafzi bo‘lib, u ikki xil ma’no uchun ishlatiladi. Birinchisi - ko‘krak qafasining chap tomoniga joylashtirilgan sanavbar (ignabarg daraxt turi) daraxti shaklidagi bir bo‘lak go‘shtdir, uning ichi bo‘shliq bo‘lib, ana shu bo‘shliqda qora qon bor. U ruhning bulog‘i va ma’danidir. Lekin hozir qalbning shakli va ko‘rinishini sharhlash maqsadida emasmiz. Zero, bu tabiblarga taalluqli masaladir. Diniy-ilmiy maqsadga oid joyi ham yo‘q. Biz shaklini zikr qilgan qalb chorva hayvonlarida ham, o‘liklarda ham mavjuddir. Biz bu kitobda «qalb» lafzini keltirar ekanmiz, unda bu ma’noni nazarda tutmaymiz. Chunki u qadrsiz bir bo‘lak go‘sht, xolos. U mulk va shahodat olamidandir. Zero, odamlardan tashqari chorva hayvonlari ham ko‘rish hissiyoti bilan uni biladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:07:02

Ikkinchi ma’no - Robbimiz bandalariga ato etgan ruhoniy bir narsadirki, uning jismoniy qalbga bog‘liqligi bor. Ana shu ilohiy ne’mat insonning asl mohiyati, haqiqatidir. U insonning idrok qiluvchisi, biluvchisi va tanuvchisidir. Xitob qilinadigan, jazolanadigan, itob qilinadigan va talab qo‘yiladigan ham udir. Uning jismoniy qalb bilan mustahkam aloqasi borki, ko‘p insonlarning ana shu mushtaraklik holatini bilishga aqllari yetmay qoladi. Chunki ruhoniy qalbning jismoniy qalbga bog‘liqligi arazning, ya’ni shakl-ranglarning jismlarga, sifatlarning sifatlanuvchiga, biror asbob ishlatuvchining o‘sha asbobga, bir yerga o‘rnashgan kishining o‘sha o‘ringa bog‘liqligiga o‘xshaydi. Biz bu o‘rinda ikki narsa sababidan mazkur bog‘liqliklarni sharhlashdan tiyilamiz.

Birinchisi - albatta u mukoshafa (kashf etish) ilmlariga tegishlidir. Bizning bu kitobdan ko‘zlaganimiz esa faqat muomala ilmlaridir.

Ikkinchisi esa - qalbning haqiqatini bilishga urinish sir tutilgan ruh ishini oshkor qilishni taqozo etadi. Ruh ishi esa hattoki Rasululloh sollallohu alaihi vasallam u to‘g‘rida gapirmagan mavzulardandir. Shunday ekan, u zotdan boshqa kishilarning bu to‘g‘rida gapirmoqligi joiz emas. Demak, agar bu kitobning qaerida «qalb» lafzi zikr qilinsa, albatta undan yuqoridagi ilohiy ne’mat ma’nosini ko‘zda tutamiz. Maqsadimiz qalbning mohiyat-haqiqatini emas, balki uning sifat-holatlarini bayon etishdir. Zero, muomala ilmi qalbning mohiyat-haqiqatini emas, uning sifat-holatlarini tanishga muhtoj bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:07:54

Ikkinchi lafz - «ruh»dir. U ham ikki xil ma’noda keladi. Birinchisi - u ko‘zga ko‘rinmas bir jism, uning manbai jismoniy qalbning, ya’ni yurakning bo‘shlig‘idir. Bas, u yerdan uruvchi tomirlar orqali badanning boshqa a’zolariga tarqaladi. Badanda ruhning yurishi, undan a’zolarga hayot, sezish, ko‘rish, eshitish va hidlash kabi hayot nurlarining oqib chiqishi go‘yo uyning burchaklarida aylantirilayotgan chiroqdan taralayotgan nurga o‘xshaydi. Chunki chiroq uyning qaysi burchagiga bormasa, faqat o‘sha yer yorishadi. Hayot bir devorda hosil bo‘lgan nurga o‘xshaydi. Ruh esa go‘yo chiroqqa o‘xshaydi. Ruhning ichkarida yurishi uyning atrofida bir harakatlantiruvchining qo‘zg‘ashi bilan harakatlanishiga o‘xshaydi. Tabiblar ham «ruh» lafzini tilga olishganida unda shu ma’noni nazarda tutishadi. U bir ko‘zga ko‘rinmas bug‘ki, uni qalbning harorati pishiradi, deyishadi. Buni sharhlash bizning vazifamiz emas, zero bu badanlarni muolaja qiladigan tabiblarning maqsadlaridir. Ammo bu qalblarni olamlarning Robbi yaqinligiga yetaklashga qadar davolovchi din tabiblarining maqsadlaridir, bas, bu ruhni sharhlashga aslo taalluqli emas.

Ikkinchi ma’no - u insondagi biluvchi va idrok qiluvchi bir ilohiy ne’matdir. Bu haqda qalb ma’nolarining ikkinchisini sharhlaganimizda aytib o‘tdik. U Alloh taoloning quyidagi oyati bilan iroda qilgan narsasidir:

«Ayting: «Ruh yolg‘iz Parvardigorim biladigan ishlardandir» (Al-Isro surasi, 85-oyat).

Va u Robboniy ajoyib bir ishdir, aksar aql va fahmlar uning haqiqatiga yetishda ojiz qoladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:09:45

Uchinchi lafz «nafs» bo‘lib, u ham bir necha ma’nolar o‘rtasida mushtarakdir. Ulardan ikki ma’no bahsimiz mavzuiga taalluqlidir. Birinchisi shuki, nafs, deganda insondagi g‘azab va shahvat quvvatini jamlovchi ma’no iroda qilinadi. Kelgusida buning batafsil sharhi keladi. Bu tasavvuf ahllariga g‘olib bo‘lgan ma’no bo‘lib, ular fikricha, nafs insondagi qoralangan sifatlarni jamlovchi asldir, ya’ni negizdir. Ular aytadilar: «Nafsga qarshi kurashish va mudom uni sindirishdan boshqa chora yo‘q». Payg‘ambar alayhissalomning mana bu so‘zlari ham bunga ishoradir: «Ichingdagi nafsing dushmaningning eng yomonidir» (Bayhaqiy rivoyati, sanadida mavzu’chilardan Muhammad ibn Abdurahmon bor).

Ikkinchi ma’no - nafs yuqorida zikr etilganidek, bir ilohiy ne’matdir. Inson nafsi uning o‘zidir. Lekin u holatining turlanishiga qarab har xil sifatlanadi. Agar nafs Haq amriga bo‘ysungan holda shahvoniy hurujlarni yengishga qodir bo‘lsa, u nafsi mutmainna, ya’ni xotirjam-sokin nafs, deb nomlanadi. Alloh taolo aytadi:

«Ey xotirjam-sokin jon, sen rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan holda Parvardigoring (huzuriga)ga qayt!» (Val-fajr surasi, 27-28-oyatlar.)

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:11:41

Endi nafsni avvalgi ma’nosi bilan oladigan bo‘lsak, uning Allohga qaytishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki u Allohdan uzoq va shaytonning jamoasidandir. Agar nafsning sokinligi tom bo‘lmay, shahvoniy nafsga bir qarshi chiqib va bir yoqlab ikkilanuvchi bo‘lsa, u malomatgo‘y nafs, deb nomlanadi. Chunki banda Mavlosiga ibodat qilishda qosirlikka yo‘l qo‘yganida nafsi uni malomat etadi. Alloh taolo aytadi:

«Va Men malomatgo‘y nafsga qasam ichurmanki...» (Qiyomat surasi, 2-oyat).

Agar nafs e’tiroz bildirmasa va shahvoniy narsalarga bo‘ysunib, shaytonning vasvasalariga itoat qilsa, u nafsi ammora, ya’ni yomonlikka buyuruvchi nafs, deb nomlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda Yusuf alayhissalom tillaridan yoki Azizning ayoli tilidan xabar berib aytadi:

«Men nafsimni oqlamayman. Chunki nafs - agar Parvardigorimning O’zi rahm qilmasa, albatta yomonlikka buyurguvchidir» (Yusuf surasi, 53-oyat).

Yomonlikka buyuruvchi nafs, deganda avvalgi ma’nodagi nafs, deb tushunilishi joiz bo‘ladi. Demak, birinchi ma’nodagi nafs qattiq yomonlangan va ikkinchi ma’nodagi nafs esa maqtalgandir. Chunki ikkinchisi insonning nafsi, ya’ni insonning o‘zidir va Alloh taoloni hamda U yaratgan narsalarni tanib-biluvchi insonning haqiqatidir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:12:59

To‘rtinchi lafz «aql»dir. U ham «Ilm kitobi»da zikr qilganimizdek, har xil ma’nolarda keladi. Ulardan bizning mavzuimizga taalluqlisi ikkitadir. Birinchisi - aql, deganda ishlarning haqiqatini-mohiyatini bilish ma’nosi anglashiladi. U o‘rni qalb bo‘lgan ilm sifatidan iboratdir.

Ikkinchisi - bunda aqldan ilmlarni idrok etuvchi, deb murod qilinadi va shu ma’noda yuritiladi. Demak, u ilohiy ne’mat bo‘lgan qalbning o‘zidir. Shu narsa ayonki, har bir biluvchining nafsida bir mustaqil vujud bor. U nafsiga tushgan asl narsadir. Ilm esa - u yerda turuvchi bir sifat. Shunday sifatki, u sifatlanuvchining o‘zi emas, undan bo‘lak narsa. Aqldan, deganda goho olim (biluvchi) sifati iroda qilinsa, goho undan idrok etish o‘rnini iroda qilib, ya’ni idrok qiluvchi, deb yuritiladi. U Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlaridan iroda qilingan narsadir. U zot aytadilar: «Alloh taolo eng avval yaratgan narsa aqldir» («Ilm kitobi»da kelgan).

Qayd etilgan