Rivoyat qilinishicha, Muso alayhissalomga Iblis yo‘liqib aytdi: «Ey Muso, Alloh taolo sizni elchilikka tanlab olgan va siz bilan gaplashgandir. Men Alloh taoloning gunoh qilib qo‘ygan maxluqlaridan biriman. Tavba qilishni xohlayman. Robbim tavbamni qabul qilishida menga shafoatchi bo‘ling». Muso alayhissalom uning talabiga rozi bo‘ldilar. Toqqa ko‘tarilib Robbilari bilan gaplashdilar. Keyin tog‘dan tushishni xohlaganlarida Robbilari u kishiga «Omonatni ado qiling», dedi. Muso alayhissalom: «Ey Robbim, bandang Iblis tavbasini qabul qilishingni xohlayapti», dedilar. Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy qilib: «Ey Muso, hojatingizni ro‘yobga chiqaraman, Iblisga buyuring, Odamning qabriga sajda qilsin, keyin uning tavbasi qabul qilinadi», dedi. Muso alayhissalom Iblisga: «Hojating ravo qilinadigan bo‘ldi, Odam alayhissalomning qabrlariga sajda qilishga buyurilding, keyin tavbang qabul qilinadi», dedilar. Shunda shayton g‘azablanib kibrlandi va: «Unga tirikligida sajda qilmagan edim, o‘lganidan keyin sajda qilamanmi?!» dedi. So‘ngra Muso alayhissalomga shunday dedi: «Meni Robbingiz huzurida shafoat qilganingiz uchun ustimda haqqingiz bor, bas, uch narsa sodir bo‘lgan paytda meni eslang, o‘sha uch narsada sizni halok qilmayman. Birinchisi - meni g‘azablangan paytingizda eslang, chunki ruhim sizning qalbingizda bo‘ladi va ko‘zim ko‘zingiz ichida bo‘ladi hamda qon yuradigan joylaringizda yuraman. G’azab qilgan paytingizda meni yodingizdan chiqarmang. Chunki inson g‘azablansa, burniga puflab qo‘yaman, u nima qilayotganini bilmay qoladi. Ikkinchisi - meni jangga kirgan paytingizda eslang, chunki Odam farzandi jangga kirgan paytida uning oldiga borib, oilasini va xotin, bola-chaqasini eslataman, hatto u jangni tashlab qochib ketadi. Uchinchisi - nomahram ayol bilan birga o‘tirmoqdan o‘zingizni saqlang, chunki sizni unga, uni sizga yuborguchi elchilaringizman. Oralaringizda doim birga bo‘lib, sizni u bilan, uni siz bilan fitnalantirib qo‘yaman».