Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Odam alayhissalom yer yuziga tushirilgan vaqtlarida «Ey Robbim, shayton bilan mening o‘rtamda dushmanlik paydo qilding. Agar uning zarariga menga yordam bermasang, unga kuchim yetmaydi», dedilar. Shunda Alloh taolo: «Siz uchun biron bir farzand tug‘iladigan bo‘lsa, unga bir farishta vakil qilib qo‘yiladi», dedi. Odam alayhissalom: «Ey Robbim, yana ziyoda qil», dedilar. «Bir gunohni bir gunoh, deb yozib, bir savobni esa o‘ntadan to xohlaganimcha mukofotlayman», dedi. «Ey Robbim, yanada ziyoda qil», dedilar. «Tavba eshigi, modomiki ruh jismda ekan, ochiqdir», dedi. Shunda Iblis ham: «Ey Robbim, bu bandangni mendan ulug‘ qilib qo‘yding, agar menga yordam bermasang, unga kuchim yetmaydi», dedi. Alloh taolo unga: «Agar Odamga bir bola tug‘ilsa, albatta sen uchun ham bir bola tug‘iladi», dedi. «Ey Robbim, yana ziyoda qil», dedi. «Ularning qon yuradigan joylarida yurasan va ularning qalblarini o‘zing uchun uy qilib olasan», dedi. «Ey Robbim, yanada ziyoda qil», dedi. «Ularga otliq va piyoda askarlaring bilan zarar keltir, ularning mollariga va bolalariga sheriklik qil, ularga va’dalar bergin», dedi. Ularga shayton faqat quruq va’dalar qiladi».