Mana shular amalni a’zolar bilan ado qilishdan oldingi qalbning to‘rt holatidir. Ya’ni, avval fikr (o‘y-xayol) - nafsning so‘zlashi, so‘ngra moyillik, keyin e’tiqod va oxiri esa qasd qilishdir. Aytamizki, banda fikr (o‘y-xayol) bilan jazolanmaydi, chunki bu ixtiyoriga kirmaydi. Shuningdek, moyillik va shahvatning qo‘zg‘olishi ham ixtiyoriy narsaga kirmaydi. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning quyidagi aytgan so‘zlaridan muroddir: «Ummatimdan nafslariga so‘zlagan (ya’ni, xayollaridan o‘tkazgan) narsalari avf qilindi».
Nafsning so‘zi nafsda paydo bo‘ladigan fikrlar bo‘lib, uni qilishga qasd etilmaydi. Ammo qasd va azm qilish nafsning so‘zi, deyilmaydi. Hattoki, nafsning so‘zi Usmon ibn Maz’undan rivoyat qilingan hadisga o‘xshashdir, ya’ni u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Rasululloh, nafsim xotinim Havlani taloq qilishni aytyapti», dedi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilmagin, chunki nikoh sunnatimdir», dedilar (Imom Termiziy rivoyati). Yana u kishi: «Nafsim o‘zimni bichib olishimni aytyapti», dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilma, ummatimning bichilishi ro‘zani tirishqoqlik bilan tutishidadir», dedilar. Yana u kishi: «Nafsim rohib bo‘lishimni aytyapti», dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Shoshma, ummatimning rohibligi jihod va hajdir», dedilar. U kishi: «Nafsim go‘shtni tark qilishimni aytyapti», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shoshilmagin, chunki men go‘shtni yaxshi ko‘raman. Agar go‘sht topsam, albatta uni yeyman. Agar Allohdan so‘rasam, menga uni taom qilib beradi», dedilar. Mana shu fikrlarni bajarishga qasd bo‘lmasa, u nafsning so‘zi, deyiladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ishni qilishga qasd qilganlarida azmlari bo‘lmasa, maslahat qilardilar.