Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 125141 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:59:00

Imom Muslimning «Sahih»larida rivoyat qilingan hadisning lafzida bu tafsilotga dalil bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Farishtalar: «Ey Robbim, mana bu bandang bir gunoh ish qilishni xohlayapti, vaholanki u gunohligini ko‘rib turibdi», deyishdi. Alloh taolo: «Uni kutib turinglar, agar u o‘sha xohlagan gunohini qilsa, unga o‘sha gunohni xuddi o‘zidek yozinglar. Agar gunohni tark qilsa, uning uchun bir savob yozinglar. Chunki gunohini albatta Men tufayli tark qildi», dedi». «Agar uni qilmasa», deyilganida uni Alloh uchun tark qilsa, deb iroda qilingan. Agar bir yomon ishni azm qilsa-yu, lekin bir sabab yoki beparvoligi tufayli uni qilmasa, unga qanday savob yozilsin? Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlar niyatlariga ko‘ra tiriltiriladilar», degan bo‘lsalar (sanadi hasan). Bir kishi kechasi yoki tong otganda bir musulmonni o‘ldirishga yoxud bir ayol bilan zino qilishga azm etsa-yu, lekin o‘sha kechasi o‘lib qolsa, shu fikrida qat’iy turgan holda o‘lib, shu niyatda tiriladi, deb hisoblanadi. Chunki u bir gunohni qasd etib, uni qila olmagandi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadis bunga qat’iy dalildir: «Ikki musulmon qilichlari bilan (bir-biriga) yo‘liqsa, o‘ldiruvchi ham, o‘ldirilgan ham do‘zaxdadir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:59:15

«Ey Rasululloh, bu-ku o‘ldiruvchi, o‘ldirilganning holi nega (bunday)?» deyildi. «Chunki u ham sherigini o‘ldirishni xohlagandi», dedilar. Bu hadis ikkinchisi mazlum holda o‘ldirilgan bo‘lsa-da, u ham o‘ldirishni xohlagani sherigi bilan do‘zax ahlidan bo‘lmog‘iga hujjatdir. Endi qanday qilib Alloh taolo niyat va qasd sababli jazolamaydi, deb gumon qilinadi? Balki banda ixtiyoriga kiradigan har bir qasd tufayli jazolanadi. Lekin uni yaxshi ishlar bilan o‘chirib yubormog‘i va pushaymon bo‘lib, qasdini buzib yubormog‘i savobdir, shu tufayli unga savob yoziladi, ammo qasdi bir to‘siq tufayli amalga oshmasa, unga savob bo‘lmaydi. Ammo fikrlar (xayollar), nafsning gapirishi va rag‘bat qo‘zg‘alishlari -bularninghar biri ixtiyor ostiga kirmaydi. Bular sababli jazolash toqat yetmaydigan narsaga buyurishdir. Shuning uchun Alloh taoloning:

«Ichingizdagi narsani xoh oshkor qiling, xoh yashiring, Alloh sizlarni o‘sha narsa bilan hisob-kitob qiladi» (Baqara surasi, 284-oyat) oyati tushgan paytda sahobalardan bir necha kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib aytdilarki: «Toqatimiz yetmaydigan narsaga buyurildik. Albatta birimiz qalbida sobit bo‘lishini xohlamaydigan narsani gapiradi. So‘ngra shunga hisob-kitob qilinadi» (Imom Muslim rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Aftidan sizlar yahudiylar «Eshitdik, unga osiy bo‘ldik», deganlaridek gapiryapsizlar, «Eshitdik va itoat qildik», denglar», dedilar. Sahobalar: «Eshitdik va itoat qildik», deyishgan edi, Alloh taolo bir yildan keyin yengillikni nozil qildi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:59:37

Alloh taolo aytadi:
«Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi» (Baqara surasi, 286-oyat).

Bundan aniq bo‘ladiki, inson qalb amallaridan toqati yetmaydigan narsalarga jazolanmaydi, bu chigallikdagi pardani ochishdir.

Qalbga joriy bo‘lgan har bir narsa nafsning so‘zi, deyiladi, deb o‘ylaydigan va (qalbga joriy bo‘ladigan narsalarni) uch qismga bo‘linishini farqlay olmaydigan har bir kishi xato qilishi aniq. Chunki kibr, o‘ziga baho berish, riyo, munofiqlik, hasad va boshqa iflos xulqlardan iborat bo‘lgan qalb amallari qanday qilib jazolanmaydi? Balki quloq, ko‘z va qalb - hammasidan, ya’ni bulardan ixtiyor ostiga kiradiganlaridan so‘raladi, agar beixtiyor nomahramga ko‘zi tushib qoladigan bo‘lsa, unda jazolanmaydi. Ammo ko‘zi tushgan vaqtda unga ikkinchi bor qarasa, buning uchun jazolanadi, chunki keyingisi o‘zining ixtiyoridadir.

Qalbdagi xayollar uchun ham shu tarzda jazolanadi, balki bandaning qalbdagi xayollar uchun jazolanishi a’loroqdir. Chunki qalb asl negizdir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:59:55

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Taqvo bu yerdadir», deb qalbga ishora qilganlar (Imom Muslim rivoyati). Alloh taolo aytadi:

«Allohga (qilgan qurbonliklaringizning) go‘shtlari ham, qonlari ham yetmas. Lekin U Zotga sizlarning taqvo-ixlosingiz yetar» (Haj surasi, 37-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Gunoh qalblarni egallab oluvchidir», dedilar («Ilm kitobi»da kelgan). Yana: «Yaxshilik qalb taskin topadigan narsadir, garchi senga fatvo berishsa ham, senga fatvo berishsa ham», dedilar (Tabaroniy rivoyati). Aytamizki, fatvo beruvchi qalb bir narsaning ijobiyligiga hukm qilsa, unda xato qilgan bo‘lsa ham, savob oladi. Hattoki, agar bir inson tahorat qildim, deb o‘ylaydigan bo‘lsa, unga namoz lozim bo‘ladi. Agar namoz o‘qib bo‘lganidan keyin tahorat qilmagani esiga tushib qolsa, o‘qigan namoziga savob oladi. Agar esiga tushganidan keyin uni tark qilsa (ya’ni, qaytadan o‘qimasa), bu ishi tufayli jazolanadi. Yana kim to‘shagida bir ayolni o‘zining xotini deb o‘ylab, u bilan birga bo‘lsa, osiy bo‘lmaydi, garchi u yot ayol bo‘lsa ham. Agar uni yot xotin deb o‘ylab turib, u bilan birga bo‘lsa, garchi xotini bo‘lsa ham, osiy bo‘ladi. Bularning hammasi a’zolar e’tibori bilan emas, balki qalbga e’tiboran bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:40:24

Alloh zikr qilingan paytda vasvasalar butkul yo‘q bo‘lib ketishi tasavvur qilinadimi yoki yo‘qmi?

Bilingki, qalbning sifatlari va ajoyibotlariga qarab uni farqlovchi ulamolar bu masalada beshga bo‘linadilar. Birinchi firqa aytadi: «Alloh azza va jallani eslash bilan vasvasa yo‘qoladi, chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Agar Alloh eslansa, uzoqlashadi», deganlar, bu uzoqlashish sukut saqlab turishidir. Demak, go‘yo sukut qilib turgandek bo‘ladi» (Ibn Abud-Dunyo rivoyati).

Ikkinchi firqa aytadi: «Vasvasaning asli yo‘q bo‘lib ketmaydi, qalbda yuraveradi-yu, lekin ta’siri bo‘lmaydi. Chunki qalbni zikr qamrab olsa, vasvasaning ta’siri to‘sib qo‘yiladi. Bu o‘z g‘ami bilan mashg‘ul kishiga o‘xshash, chunki gohida unga gapiriladi, garchi ovoz qulog‘i oldidan o‘tib ketsa ham, u tushunmaydi».

Uchinchi firqa aytadi: «Vasvasa va uning ta’siri ham soqit bo‘lmaydi, lekin uning qalbga g‘olib kelishi soqit bo‘ladi. Go‘yo u uzoqdan zaiflik bilan vasvasa qiladi».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:40:55

To‘rtinchi firqa aytadi: «Alloh eslangan paytda vasvasa bir lahza yo‘q bo‘lib turadi. Eslash ham bir lahza yo‘q bo‘lsa, vasvasa yana paydo bo‘ladi, ular tez-tez o‘rinlarini almashtirib turishadi. Ikkalasi (zikr va vasvasa)ning vaqti bir-biriga yaqinligidan ular bir-biriga yaqin yuradilar, deb gumon qilinadi. Vaqt har xil nuqtalari bor koptokka o‘xshaydi, chunki koptokni tezlik bilan aylantirsangiz, nuqtalarning muttasil harakatlanayotganini ko‘rasiz». Bu guruh ulamolari: «Albatta uzoqlashish vorid bo‘lgan. Biz vasvasani zikr bilan birgalikda ko‘ryapmiz, biri yo‘q bo‘lsa, ikkinchisi paydo bo‘ladi, deyishdan boshqa chora yo‘q», deb dalil qilishadi.

Beshinchi firqa aytadi: «Vasvasa va zikr doim qalbda uzluksiz holda yonma-yon turib birgalikda harakat qiladi, inson ikki ko‘zi bilan bir vaqtda ikki narsani ko‘radi. Xuddi shuningdek, qalb ham ikki narsa joriy bo‘ladigan joydir».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:41:39

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir banda bo‘lmasin, albatta uning uchun to‘rtta ko‘z bordir. Ikkita ko‘z boshidadir, bu ikkisi bilan dunyo ishlarini ko‘radi. Yana ikkita ko‘z uning qalbidadir, bu ikkisi bilan din ishlarini ko‘radi», dedilar (Daylamiy «din» lafzi o‘rniga «oxirat» lafzi bilan rivoyat qilgan). Muhosabiy ham shu fikrga borganlar. Nazdimizda bu yo‘llarning hammasi ham to‘g‘ri, lekin ularning har biri vasvasa turlarini anglashdan qosirdir. Albatta ulardan har biri vasvasaning bir xil turiga qarab bu haqda xabar bergan.

Vasvasalar bir necha xil bo‘ladi. Birinchisi - haq bilan chalkashtirish jihatidan, chunki shayton albatta haq bilan chalkashtiradi. Insonga: «Lazzatlardan baxra olishni tark qilasanmi? Umr uzun. Umr bo‘yi shahvatlardan o‘zini tiyib yurish azobi juda kattadir», deydi. Mana shu paytda banda Alloh taolo haqqining kattaligini, savob va iqoblarning ham ulkanligini eslab, o‘z nafsiga sabr qilib shahvatlardan tiyilish qiyin, lekin do‘zaxda sabr qilib turish undan ham qiyinroqdir, ikkisidan birini tanlash lozim, deb Alloh taolo va’dalari va va’idlarini eslasa, iymon va ishonchini yangilaydigan bo‘lsa, shayton uzoqlashadi va qochib ketadi. Zero, shayton insonga «Do‘zax gunoh qilmay sabr qilishdan ko‘ra yengilroq», deb aytishga qodir bo‘lmaydi va «Ma’siyat do‘zaxga olib bormaydi», deb ayta olmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:42:21

Albatta bandani Alloh azza va jallaning kitobiga bo‘lgan iymoni bundan qaytaradi. Natijada uning vasvasasi yo‘qoladi. Xuddi shuningdek, shayton insonga amaliga baho berib, o‘zini boshqalardan yuksak ko‘rishni (ya’ni, xudbinlikni) vasvasa qiladi. Aytadiki: «Qaysi banda Allohni sen tanigandek taniydi va Unga sen ibodat qilgandek ibodat qiladi? Alloh taolo huzurida sening martabang munchayam ulug‘ bo‘lmasa!» Ana shu paytda banda albatta o‘zining ma’rifati, qalbi, amal qilayotgan a’zolari va ilmi Alloh taolo yaratgan narsalardan ekanligini eslasa, qanday qilib o‘ziga katta baho beradi? Shayton ham uzoqlashadi, chunki bu Allohdan emas, deb aytolmaydi, insonning ma’rifati va iymoni uni daf qiladi. Bu vasvasaning bir turi bo‘lib, iymon va ma’rifat nuri bilan ko‘ruvchi oriflarda batamom yo‘q bo‘ladi.

Ikkinchisi - uning vasvasasi shahvatni harakatlantirish va qo‘zg‘ash bilan bo‘lmog‘i. Bu holat ham ikkiga - banda uni albatta ma’siyat ekanini aniq bilishiga va uning ma’siyat ekanini gumon qilishiga bo‘linadi. Agar uning gunohligini aniq bilsa, shayton shahvatni harakatlantirishga ta’sir qiladigan qo‘zg‘otishdan uzoqlashadi. Agar gumonda bo‘lsa, uni qo‘zg‘ashdan uzoqlashmaydi. Ba’zan vasvasa ta’sir qiluvchi holda qoladi. Endi uni daf qilishda qattiq harakat kerak. Xullas, vasvasa mavjud, lekin mag‘lub bo‘lmagan holda yo‘qotib turiladi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:42:35

Uchinchisi - xayollarni tez-tez bo‘lib turadigan holatlarni eslash va namozdan boshqa narsalar to‘g‘risida fikr qilish bilan bo‘ladigan vasvasalardir. Agar banda zikr qilishga yuzlansa, bir vasvasa bir muddat ketib, yana qaytishi, so‘ngra yana ketib, yana qaytishi mumkin. Demak, zikr bilan vasvasa bir-birining orqasidan kelaveradi va ikkisi yonma-yon yurishi tasavvur qilinadi, hatto inson (namoz o‘qiyotganda) ham qiroatining ma’nosini, ham o‘sha xayollarni tushunib turadi. Go‘yo ikkisi qalbdagi ikki o‘rinni egallab turgandek bo‘ladi. Vasvasa batamom xayolga kelmaydigan darajada yo‘q bo‘lishi qiyin, lekin mahol ham emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ikki rakat namozni nafsiga dunyo ishlaridan biror narsani keltirmagan holda o‘qisa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi», deganlar («Namoz kitobi»da kelgan).

Agar inson vasvasadan butunlay qutula olmasligi tasavvur qilinmaganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni zikr qilmas edilar. Ammo bu narsa qalbida muhabbat egalik qilib, hatto xayoli parishonga o‘xshab qolgan kishidagina tasavvur qilinadi. Biz qalbi aziyat bergan dushmanni qamrab olgan kishini ikki rakat yoki ko‘p rakatli namozda ko‘ngliga dushmanining gapidan boshqasi kelmasdan u bilan tortishish to‘g‘risida o‘ylayotganini ko‘ramiz. Shuningdek, muhabbatga g‘arq bo‘lib ketgan kishi ham gohida qalbida mahbubi bilan gaplashish to‘g‘risida o‘ylaydi. U to‘g‘rida shu darajada fikrga cho‘mib ketadiki, hatto ko‘nglida mahbubining so‘zidan boshqa narsa qolmaydi. Agar unga boshqa kishi gapirsa ham, uni eshitmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:44:04

Agar oldidan biron kishi o‘tsa ham, uni ko‘rmayotgandek holatda bo‘ladi. Agar bu insondagi holat mol va martabaga harislik paytida dushmandan keladigan xavf to‘g‘risida tasavvur qilinadigan bo‘lsa, qanday qilib bu holat do‘zaxdan qo‘rqishdan va jannatga harislikdan deb tasavvur qilinmaydi? Lekin bu Alloh taologa va oxirat kuniga bo‘lgan iymonning zaif bo‘lgani uchun juda ozdir. Agar bularning hammasi to‘g‘risida, ya’ni vasvasalarning turlari to‘g‘risida fikr qiladigan bo‘lsangiz, yuqoridagi firqalardan har biri maxsus o‘rinlarda bir navni ushlaganini bilasiz.

Qisqa qilib aytganda, bir lahza yoki bir soat shaytondan xalos bo‘lib turish qiyin ish emas. Lekin umr bo‘yi undan xalos bo‘lib yurish juda qiyin va mumkin bo‘lmagan ishdir. Agar xayollar va rag‘batni qo‘zg‘atish bilan bo‘ladigan shaytonning vasvasasidan biron kishi qutula olganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan qutulgan bo‘lardilar. Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozda kiyimlarining belgisiga qaradilar, salom bergan vaqtlarida ana shu kiyimni otib yubordilar va: «Menga namozda xalaqit berdi. Uni Abu Jahmga eltib beringlar va menga uning anbijoniyyasini (tikilgan libosini) keltiringlar», dedilar («Namoz kitobi»da kelgan).

Qayd etilgan