Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 126136 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:53:42

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan kelib: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Husni xulq», dedilar. U kishi o‘ng tomonlaridan kelib yana: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. U kishi yana: «Husni xulq», dedilar. So‘ngra chap tomonlaridan kelib: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. U zot yana: «Husni xulqdir», dedilar. So‘ngra orqalaridan kelib: «Din nima, ey Rasululloh?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga o‘girilib: «Tushunmayapsanmi, din-g‘azab qilmasliging», dedilar (Muhammad ibn Nasr Marvaziy rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Baxtsizlik nima, ey Rasululloh?» deyildi. «Yomon xulq», dedilar (Imom Ahmad rivoyati, sahih emas).

Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Menga nasihat qiling», dedi. «Qaerda bo‘lsang ham, Allohdan qo‘rq», dedilar. U kishi: «Yana ziyoda qiling», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yomonlik orqasidan yaxshilik qil, u yomonlikni o‘chiradi», dedilar. U kishi: «Yana ziyoda qiling», dedi. «Insonlarga chiroyli xulq bilan muomalada bo‘l», dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan va hasan, sahih, degan).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:53:55

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan «Amallarning qaysi biri afzalroq?» deb so‘raldi. U zot: «Chiroyli xulq», dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo bir bandaning yaratilishi va xulqini chiroyli qilib, uni do‘zaxga yemish qilib bermaydi» («Suhbat odobi kitobi»da kelgan).

Fuzayl aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Falon ayol kunduzi ro‘za tutib, kechalari qoyim bo‘ladi-yu, lekin uning xulqi yomon, qo‘shnilariga tili bilan ozor beradi», deyildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zax ahlidandir», dedilar».

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Taroziga eng avval qo‘yiladigan narsa chiroyli xulq va saxiylikdir», deganlarini eshitdim» (Abu Dovud va Termiziy boshqa lafz bilan rivoyat qilishgan. Imom Termiziy buni g‘arib, degan). Alloh taolo iymonni yaratgan vaqtida iymon Unga «Meni quvvatlagin», dedi, Alloh uni chiroyli xulq va saxiylik bilan quvvatlab qo‘ydi. Alloh taolo kufrni yaratgan vaqtida kufr Unga «Meni quvvatlab qo‘ygin», dedi, Alloh uni baxillik va yomon xulq bilan quvvatlab qo‘ydi.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:54:12

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta Alloh taolo bu dinni O’ziga tanlab oldi. Diningiz uchun saxiylik va chiroyli xulqqina munosib bo‘ladi, ogoh bo‘ling, bu ikki narsa bilan diningizni ziynatlang» (Doraqutniy rivoyati). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deydilar: «Husni xulq Alloh taoloning eng buyuk maxluqidir» (Tabaroniy zaif sanad bilan rivoyat qilgan). «Qaysi mo‘minning iymoni afzalroq, ey Rasululloh?» deyildi. U zot: «Ularning xulqi chiroylirog‘i», dedilar (Imom Termiziy va Nasaiy rivoyatlari). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Albatta sizlar insonlarni mollaringiz bilan zabt eta olmaysizlar. Bas, ularni ochiq yuz va chiroyli xulq bilan egallanglar» (Bazzor va Abu Ya’lo rivoyatlari). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sirka asalni buzganidek, yomon xulq amalni buzadi», dedilar (Ibn Hibbon rivoyati, Ibn Jarir zaif, degan).

Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Albatta Alloh taolo yaratilishingizni chiroyli qilib qo‘ygan kishilarsiz, endi xulqingizni ham chiroyli qiling» (Xaroitiy rivoyati). Baro ibn Ozibdan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng yuzi chiroylisi va eng xulqi go‘zali edilar» (Xaroitiy hasan sanad bilan rivoyat qilgan).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:54:22

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohim, Sendan salomatlik, ofiyat va husni xulqni so‘rayman», deb ko‘p duo qilar edilar» (Xaroitiy rivoyati). Abu Mas’ud Badriydan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolarida «Ey Allohim, yaratilishimni chiroyli qilding, endi xulqimni ham chiroyli qilgin», der edilar» (Xaroitiy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib aytadilar: «Mo‘minning ulug‘ligi uning dinidir, obro‘si chiroyli xulqidir, sha’n-shavkati aqlidir» (Ibn Hibbon rivoyati). Usoma ibn Sharikdan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: «A’robiylarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bandaga berilgan narsaning eng yaxshisi haqida so‘rayotganlariga guvoh bo‘ldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Chiroyli xulq», dedilar» («Suhbat odoblari kitobi»da kelgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida menga eng suyukli va makoni yaqiningiz xulqi chiroylirog‘ingizdir» («Suhbat odoblari kitobi»da kelgan).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:54:33

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uchta xislat borki, kimda shu xislatlarning hammasi yoki birontasi bo‘lmasa, uning amalidan biror narsani hisobga olmanglar. (Birinchisi) Allohga osiy bo‘lishdan to‘sib turadigan taqvo, (ikkinchisi) aqlsiz kishilarni to‘xtatib qoladigan halimlik, (uchinchisi) xulq - insonlar orasida u bilan muomala qilinadi» (Xaroitiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning namozni boshlashdagi duolaridan: «Ey Allohim, meni chiroyli xulqlarga hidoyat qilgin, uning eng chiroylisiga Sengina hidoyat qila olasan va mendan uning yomonlarini burib yuborgin, uning yomonlarini Sengina burib yubora olasan» (Imom Muslim rivoyati). Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kuni biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lgan paytimizda «Albatta husni xulq go‘yo quyosh muzni eritganidek, xatolarni eritib yuboradi», dedilar (Xaroitiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Chiroyli xulq kishining baxtidandir», deb aytdilar (Bayhaqiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Baraka chiroyli xulqdadir», dedilar» (Xaroitiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:55:05

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Abu Zarr roziyallohu anhuga: «Ey Abu Zarr, tadbirga o‘xshash aql yo‘qdir va chiroyli xulqqa o‘xshash obro‘-martaba ham yo‘qdir», dedilar (Ibn Hibbon rivoyati). Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Ummu Habiba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdi: «Menga xabar bering-chi, agar ayol kishi dunyoda ikki er qilgan bo‘lsa, u olamdan o‘tsa, ikki eri ham olamdan o‘tishgan bo‘lsa, hammalari jannatga kirishsa, ayol qaysi biriga bo‘ladi?» Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dunyoda ayol bilan yashaganida chiroyli xulqli bo‘lganiga bo‘ladi. Ey Ummu Habiba, chiroyli xulq dunyo va oxirat yaxshiliklarini olib ketdi (ya’ni, hamma yaxshilik chiroyli xulqdadir)», dedilar» (Bazzor, Tabaroniy va Xaroitiy zaif sanad bilan rivoyat qilishgan).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana aytdilar: «Albatta to‘g‘ri yo‘lga solingan musulmon kishi chiroyli xulqi va martabasining ulug‘ligi bilan qoim ro‘zadorning darajasiga yetadi» (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa bir rivoyatda «...issiq kunlardagi chanqoq (ro‘zador) darajasini topadi», deyilgan.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:56:40

Abdurahmon ibn Samura aytadilar: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida edik. U kishi: «Men o‘tgan kechada ummatimdan bir kishini tiz cho‘kib o‘tirgan holatda ko‘rdim, u bilan Alloh o‘rtasida bir parda bor edi. U kishining chiroyli xulqi keldi va uni Alloh taolo huzuriga kirgizdi», dedilar» (Xaroitiy zaif sanad bilan rivoyat qilgan).

Anas roziyallohu anhuning aytishlaricha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Albatta banda chiroyli xulqi bilan oxirat darajalarining yuqorisiga va manzillarning sharaflisiga yetadi, (garchi) u ibodatda zaif bo‘lsa ham», dedilar (Tabaroniy rivoyati).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:56:48

Rivoyat qilinishicha, Umar roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kirishga izn so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida Quraysh ayollaridan bir nechasi u zotga ovozlarini baland qilib gapirishardi, hatto u zotning ovozlaridan ko‘tarib yuborishdi. Umar roziyallohu anhu izn so‘ragan vaqtlarida ayollar hijoblarini axtarib shoshib qolishdi. Umar roziyallohu anhu kirdilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib turar edilar. Umar roziyallohu anhu: «Ota-onam sizga fido bo‘lsin, nimadan kulyapsiz, ey Rasululloh?» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana bu ayollarga ajablandim, ular mening huzurimda edilar, ovozingizni eshitgan vaqtlarida hijoblariga shoshib qolishdi», dedilar. Umar roziyallohu anhu: «Qo‘rqishlariga siz haqliroqsiz, ey Rasululloh», dedilar. So‘ngra u kishi ayollarga yuzlanib: «Ey nafslarining dushmanlari, mendan qo‘rqasizlar-u, Rasulullohdan qo‘rqmaysizlarmi?» dedilar. Ular: «Ha, siz Rasulullohdan qo‘polroq va dag‘alroqsiz», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga: «Shunday holatda bo‘ling, ey Xattobning o‘g‘li, Allohga qasamki, sizni shayton yo‘lda uchratib qolsa, albatta siz yurgan yo‘ldan boshqa yo‘lga o‘tib oladi», dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 06:58:53

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Yomon xulq kechirilmaydigan gunohdir va yomon gumon esa hid taratib turadigan xatodir», dedilar (sanadi zaif). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta banda xulqining yomonligidan jahannamning tubigacha yetib boradi», dedilar (Xaroitiy rivoyati).

Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: «Ey ota, insonning qaysi xislati yaxshiroq?» dedi. Otasi: «Din», deb javob berdi. «Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?» dedi. Otasi: «Din va mol», dedi. «Agar uchta bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Otasi: «Din, mol va hayo», dedi. «Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?» dedi. Otasi: «Din, mol, hayo va husni xulq», dedi. «Agar beshta bo‘lsa-chi?» dedi. Otasi: «Din, mol, hayo, husni xulq va saxiylik», dedi. Yana: «Oltita bo‘lsa-chi?» deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: «Ey o‘g‘ilcham, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi», dedi.

Hasan Basriy: «Kimning xulqi yomon bo‘lsa, o‘z nafsini azoblaydi», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:02:43

Anas ibn Molik aytdilar: «Albatta banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy darajaga yetadi, (garchi) ibodatgo‘y bo‘lmasa ham, yomon xulqi bilan esa jahannamning eng tubiga yetib qoladi, (garchi) ibodatgo‘y bo‘lsa ham».

Yahyo ibn Muoz aytdilar: «Rizqning xazinalari keng xulqlilikdadir». Vahb ibn Munabbah aytadilar: «Yomon xulqning misoli singan sopol idishga o‘xshaydi, uni yamab ham, loyga ham qaytarib bo‘lmaydi».

Fuzayl aytdilar: «Chiroyli xulqli fojir kishining menga hamsuhbat bo‘lmog‘i yomon xulqli obid kishiga hamsuhbat bo‘lmoqlikdan ko‘ra yaxshiroqdir».

Qayd etilgan