Muallif Mavzu: Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 118362 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Ikkinchisi - bu xulqlarni harakat va tarbiya bilan qo‘lga kiritishdir. Ya’ni, nafsni matlub xulqlar taqozo qiladigan amallarga majburlashdir. Masalan, qaysi bir inson nafsida saxiylik xulqini hosil qilmoqchi bo‘lsa, uning saxiylik fe’li molni infoq-ehson qilish bilan shug‘ullanishga o‘zini majburlaydi. Doim nafsidan shuni talab qiladi va shunga o‘zini majburlab, nafsi bilan kurashishda barqaror bo‘ladi. Hatto ana shu xulq uning tabiatiga aylanadi hamda infoq-ehson qilish unga osonlashib, saxiyga aylanadi. Shuningdek, kibri g‘olib kishi agar o‘zida kamtarlik xulqini hosil qilishni xohlasa, uning kamtar kishilarning fe’llari bilan uzoq muddat shug‘ullanmog‘i va bu to‘g‘rida nafsiga kurashmog‘i, kamtarlik uning bir xulqiga aylangunicha shunga o‘zini undamog‘i lozim bo‘ladi. So‘ngra unga kamtar bo‘lish unga osonlashadi. Boshqa shar’iy maqtalgan xulqlar ham mana shu yo‘l bilan hosil bo‘ladi.

Keyinchalik unda sodir bo‘layotgan shu fe’l unga rohat bag‘ishlaydi. Saxiy kishi sarflayotgan molini sarflash bilan lazzat oladi, majburan sarflayotgan kishi bunday bo‘lmaydi. Kamtar kishi esa kamtarlikdan lazzat oladi. Modomiki, nafs o‘ziga chiroyli odatlarning hammasini odat qilib, yomon ishlarning hammasini tark qilmasa, chiroyli ishlarga ishtiyoqli kishining tirishqoqligidek g‘ayrat ko‘rsatmasa, undan baxramand bo‘lmasa, xunuk ishlarni yomon ko‘rib, undan nafratlanmasa, unda diniy xulqlar o‘rnashmaydi.

Laylo

  • Mehmon
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zim quvonchi namozda qilindi», deganlar (Nasaiy rivoyati). Ibodatlar va ta’qiqlangan narsalarni tark qilish, agar u majburan va qiynalib sodir bo‘lsa, nuqsondir. U bilan mukammal saodatga erisha olmaydi. Ha, chiroyli xulqlarga nafs bilan kurashgan holda intilish yaxshi. Lekin bu kurash nafsning yomon xulqlarni tark qilishi ustida bo‘ladi, yaxshi xulqlarni ixtiyoriy qilish ustida bo‘lmaydi. Shuning uchun Alloh taolo aytadi:

«Albatta u (namoz o‘qish) og‘ir ishdir. Magar o‘zlarining Parvardigorlariga ro‘baro‘ bo‘lishlarini va shubhasiz Uning huzuriga qaytuvchi ekanliklarini biladigan shikastanafs zotlarga (og‘ir emasdir)» (Baqara surasi, 45-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Allohga rozi bo‘lish darajasida ibodat qilgin (ya’ni, rozi bo‘lib ibodat qil). Agar qodir bo‘lmasang, karih ko‘radigan narsangga sabr qilishda (ya’ni, ibodat karih ko‘rinsa, unga sabr qilsang) ko‘p yaxshilik bordir» (Tabaroniy rivoyati). Husni xulq uchun belgilangan saodatga yetishda toatdan lazzatlanish va ma’siyatni yomon ko‘rish bir vaqtda sodir bo‘lib, boshqa vaqtda sodir bo‘lmasligi kifoya qilmaydi. Balki doim va umr bo‘yi bo‘lmog‘i lozim. Umr qancha uzun bo‘lsa, fazilat ham shuncha mahkamroq va mukammalroq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan saodat haqida so‘ralganida u zot sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taoloning toatida uzoq yashash», dedilar (Qattoiy rivoyati).

Laylo

  • Mehmon
Shuning uchun payg‘ambarlar va avliyolar o‘limni yomon ko‘rganlar. Chunki dunyo oxirat ekinzoridir. Umrning uzun bo‘lishi bilan birga ibodatlar ko‘p bo‘lsa, savob ko‘proq, nafs pokizaroq, tozaroq va xulqlar esa kuchliroq va mustahkamroq bo‘ladi. Ibodatlardan ko‘zlangan maqsad uning qalbga ta’sir qilishidir. Albatta uning ta’siri ibodatlarda bardavom bo‘lish bilan kuchayadi. Bu xulqlarning g‘oyasi nafsdan dunyo muhabbati uzilib, Alloh taoloning muhabbati mustahkam o‘rnashmog‘idir. Shunda biror narsa unga Alloh taologa yo‘liqishdan ko‘ra suyukliroq bo‘lmaydi. Molining hammasini faqat Allohga yo‘liqtiradigan yo‘llarga ishlatadi. Uning g‘azab va shahvati ham o‘ziga bo‘ysundirilgan bo‘lib, ularni ham faqat Alloh taologa yaqinlashtiradigan o‘rinlarda ishlatadi. Mana shularning hammasi shariat va aql tarozisida o‘lchash bilan hosil bo‘ladi. Shundan so‘ng u qilayotgan ishlariga xursand bo‘luvchi va undan lazzat oluvchi bo‘ladi.

Endi namoz ko‘z quvonchi darajasiga yetishi va ibodatlar rohat berishi mumkin emas, deb bo‘lmaydi. Chunki odat bundan ham g‘aroyib ajoyibotlarni taqozo qiladi. Negaki, goho podshohlarni va ne’matga burkangan kishilarni doimiy qayg‘uda, pulsiz qolgan qimorbozning esa qimor va undagi narsalar bilan lazzatlanishi va xursandligi kuchayganini hamda qimorsiz insonlarning xursandligi unga juda og‘ir tuyulishini ko‘ramiz.

Laylo

  • Mehmon
Vaholanki, qimor ba’zan uning molini tortib oladi va uyini harob qilib, o‘zini nochor holda qoldiradi. Shunday bo‘lsa ham, u qimorni yaxshi ko‘radi. U bilan lazzatlanadi. Buning sababi uning qimorga uzoq vaqt ulfat bo‘lib va o‘zini unga burib qo‘ygani uchundir.

Kaptar o‘ynatuvchi ham shunga o‘xshashdir. Goho oyog‘ida tik turib kun bo‘yi quyosh issig‘ida qolib ketadi. U qushlar va ularning harakatiga, osmonda parvoz qilishiga qarab xursand bo‘lgani uchun zahmatni ham sezmaydi.

Yana bir ayyor, fojir kishining kaltaklanishga va yaradorlikka yo‘liqqaniga, qamchilarga va dorga osilishga ketayotganiga sabr qilish bilan faxrlanayotganini ko‘ramiz. U mana shunday azoblar bilan ham o‘zidan va azoblarga sabr qilishdagi matonatidan faxrlanib xursand bo‘ladi. Hatto shuni o‘z nafsi uchun obro‘ deb biladi. Qo‘lga olganlar uni boshqalardan olgan narsasiga iqror qilish uchun a’zolarini mayda-mayda qilib kesib chiqishadi. U esa tan olmaslikni yetuklik, shijoat va mardlik deb e’tiqod qilgani uchun qilmishlarini inkor qilib turaveradi. Shunchalik azoblarga yo‘liqsa-da, uning holati ko‘zining quvonchi va faxr sababiga aylanadi.

Laylo

  • Mehmon
Xunasa kishining qoshini terib, yuzini bo‘yab, ayollar bilan birga yurib, o‘zini xotinlarga o‘xshatishdagi holatidan ko‘ra pastkashroq va xunukroq holat yo‘q. Bunday holatidan, xunasalikda mukammalligidan quvonib, hatto boshqa xunasalar ichida ana shu ishlari bilan faxrlanayotganini ko‘rasiz. Bunday faxrlanish, bir-biriga maqtanishlar podshoh va ulamolar o‘rtasida bo‘lganidek, sartarosh va farroshlar o‘rtasida ham bo‘ladi. Bularning barchasi odatlanish, shu ishlarda uzoq vaqt bir xil tarzda ishtirok etish natijasidir. Demak, agar nafs odatlanish bilan botil narsadan lazzatlanib, unga va boshqa yomonliklarga moyil bo‘lar ekan, u uzoq vaqt Haqqa qaytib, Uni qattiq lozim tutsa, qanday qilib Haqdan lazzatlanmasin. Nafsning qabih ishlarga moyil bo‘lishi inson tabiatidan tashqaridagi narsadir, u go‘yo insonning loy yeyishiga o‘xshaydi. Goho mana shu narsa ham ba’zi insonlarga odat bo‘lib qoladi. Ammo insonning hikmatga, Alloh taoloning muhabbatiga, ma’rifatiga va ibodatiga moyil bo‘lishi esa go‘yo uning taom va ichimlikka moyil bo‘lishiga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ibodat va ma’rifatlar qalb tabiatining taqozo qilgan narsasidir. Chunki u robboniy buyruqdir.

Laylo

  • Mehmon
Uning shahvat taqozo qilgan narsalarga moyilligi qalb tabiatidan o‘zga bir narsa sifatida tabiatiga ziddir. Albatta qalbning ozuqasi hikmat, ma’rifat hamda Alloh azza va jallaning muhabbatidir. Lekin u o‘ziga tushgan bir kasallik tufayli tabiati taqozo qilgan narsalardan burilib ketadi, go‘yo bu ba’zida oshqozonga bir kasallik tushgani tufayli u yeyish-ichishni xohlamay qolganiga o‘xshaydi, vaholanki yeyish-ichish uning hayoti uchun sabab edi. Alloh taolodan boshqa biror narsaning muhabbatiga moyil har bir qalb ana shu moyilligi miqdoricha kasal bo‘lishdan xoli emas. Faqatgina o‘sha narsa unga Alloh va Uning dinini yaxshi ko‘rishga yordam beruvchi bo‘lgani uchun uni yaxshi ko‘rsa, bu qalbning kasalligiga dalolat qilmaydi.

Shunday qilib, chiroyli xulqlarni riyozat bilan egallash mumkin ekanligini qat’iy bildingiz. Riyozat - bu husni xulqdan dastlabki sodir ishlar keyinchalik o‘z tabiatiga aylanib qolishi uchun uning mashaqqatini o‘z ustiga olmoqdir. Bu qalb bilan a’zolar, ya’ni nafs va badan o‘rtasidagi aloqaning g‘aroyibidir. Chunki qalbda zohir bo‘lgan har bir sifatning asari a’zolarda ko‘rinadi va a’zolar hech bir ilojsiz shu sifatlarga ko‘ra harakatlanadi.

Laylo

  • Mehmon
A’zolarda joriy bo‘ladigan har bir ishning ta’siri qalbga yetib boradi. Ish ikkalasi o‘rtasida aylanadi. Buni bir misol bilan bilsa bo‘ladi. Ya’ni, qaysi bir kishi yozishda mohir bo‘lishni xohlasa, tabiatan kotibga aylanguncha unda ruhiy holat bo‘ladi. Uning uchun mohir kotib shug‘ullangan narsa bilan mashg‘ul bo‘lish va uzoq vaqt chiroyli yozuvga o‘xshatish uchun harakat qilishdan boshqa yo‘l yo‘q, chunki kotibning ishi chiroyli yozishdir. Majburan o‘zini kotibga o‘xshatadi, so‘ng shu kotiblik sifati uning nafsida mustahkam bir sifatga aylanguncha harakatda davom etadi. Natijada chiroyli yozish avvalda majburan sodir bo‘lsa, keyinchalik esa unda qiyinchiliksiz, tabiatan sodir bo‘ladi. Uning xatini chiroyli qilgan narsa ham chiroyli yozishning o‘zi bo‘ladi. Lekin avvalda o‘zini majburlash bo‘lsa ham, undan qalbga bir ta’sir ko‘tariladi. Keyin esa qalbdan a’zolarga tushadi. Natijada husnixatni tabiatan yozadigan bo‘ladi.

Shuningdek, qaysi bir odam tasavvuf ahliga aylanishni xohlasa, unga faqihlarning, ya’ni tasavvuf ahllarining fiqh ilmini takror qilish bilan tasavvuf ilmining sifati qalbiga o‘tgunicha shug‘ullanishdan boshqa yo‘l yo‘q. Shunda ahli tasavvufga aylanadi.

Laylo

  • Mehmon
Shuningdek, saxiy, nafsi pok, halim, kamtar insonga aylanishni xohlagan kishiga ham mashaqqatni bo‘yniga olib, shunday sifati insonlarning ishlari bilan to o‘sha sifatlar o‘zining tabiatiga aylangunicha shug‘ullanishi lozim bo‘ladi. Unga bundan boshqa muolaja yo‘q. Mutasavviflikni talab qiluvchi kishi bir kecha sustkashligi bilan bu martabaga yetishdan umidini uzmaydi va bir kecha takror qilishi bilan ham erishib bo‘lmaydi. Shuningdek, nafsini tarbiyalashni, uni mukammal qilishni va chiroyli amallar bilan ziynatlashni talab qilayotgan kishi ham bir kungi ibodati bilan unga yetolmaydi yoki bir kun qilmaslik bilan undan mahrum ham bo‘lib qolmaydi. Bu esa «Albatta bitta katta gunoh abadiy badbaxtlikni vojib qilmaydi, lekin bir kungi sustkashlik esa yana boshqa sustkashliklarni chaqiradi. So‘ngra sekin-sekin bir-birini taklif qilib, nafs dangasalikka o‘rganadi, ustiga-ustak ilm tahsilini tark qiladi va undan tasavvuflik fazilati yo‘qoladi», degan gapimizning ma’nosidir.

Kichkina osiyliklar ham xuddi shu kabi ba’zisi ba’zisini o‘ziga tortadi. Hatto umr tugayotgan vaqtda iymon negizi buzilishi bilan abadiy saodatning ham negizi yo‘q bo‘ladi. Mutasavvif bo‘lishda bir kecha takror qilishning ta’siri sezilmaydi. Balki badanning o‘sishiga va qomatning ko‘tarilishiga o‘xshab ozgina-ozgina, darajama-daraja zohir bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Shuningdek, nafsni tabiyalash va poklash to‘g‘risida bir marta qilingan toatning ta’siri o‘sha zahoti sezilmaydi. Lekin toatning ozini ham yengil sanamaslik kerak. Chunki ana shu ozginalardan jamlanib ko‘paygan toat ta’sirchan bo‘ladi. Ko‘paygan toatlar ham bitta-bittadan bo‘lib jamlangan. Bulardan har birining ta’siri bor. Qanday toat bo‘lmasin, maxfiy bo‘lmasa ham, uning ta’siri, shubhasiz, savobi ham bor, chunki beriladigan savob ta’sirning barobariga bo‘ladi.

Gunoh ham xuddi shundaydir. Qanchadan-qancha mutasavvif kishilar bir kecha-kunduz va bir necha kunni paydar-pay sustkashlik qilib, yengil sanab qo‘yib, nafsini kunba-kun to tabiati tasavvuflikni qabul qilishdan chiqquncha susaytiradi. Shuningdek, kichik gunohlarni yengil sanab, nafslariga tavba qilishni o‘lim chang solishigacha yoki qalblarida gunoh ko‘payib zichlashib qolgunicha orqaga suradilar. Keyin ularga tavba qilish imkonsiz bo‘lib qoladi. Zero, ozgina gunoh ko‘p gunohlarni chaqiradi. Natijada qalb shahvat zanjirlari bilan kishanlanib qoladi. Uning changalidan qutilish mumkin bo‘lmaydi. Tavba eshigining berkilib qolish ma’nosi ham shudir. Bu Alloh taoloning mana bu kalomidan muroddir:

«Va Biz ularning oldilaridan bir to‘siq-parda qilib, ularni o‘rab qo‘ydik» (Yosin surasi, 9-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Ali roziyallohu anhu aytdilar: «Iymon qalbda bir oq nuqta ko‘rinishida zohir bo‘ladi. Agar ziyodalashsa, o‘sha oqlik ham ziyodalashadi. Agar banda iymonda mukammal bo‘lsa, qalbning hammasi oppoq bo‘ladi. Nifoq qalbda bir qora nuqta ko‘rinishida zohir bo‘ladi. Agar nifoq ziyodalashsa, o‘sha qoralik ham ziyoda bo‘ladi. Agar munofiqlik mukammal bo‘lsa, qalbning hammasi qorayib ketadi».

Albatta chiroyli xulqlar goho tabiiy holda, o‘zi chiroyli qilib yaratilgani, goho chiroyli ishlarni odat qilish bilan bo‘lishini, goho esa yaxshi do‘stlardan va taqvodor birodarlardan iborat chiroyli fe’l egalariga qo‘shilish hamda ular bilan do‘stlashish tufayli bo‘lishini bildingiz. Zero, tabiat boshqa tabiatdan yaxshilikni ham, yomonlikni ham ko‘chiradi. Kimda shu uch jihat namoyon bo‘lib, tabiiylik tomonidan ham, odatlanish tomonidan ham, o‘rganish tomonidan ham ulug‘ bir fazl egasiga aylansa, u fazilatning eng cho‘qqisida bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Kim asli tabiatan razil bo‘lsa, yana unga do‘stlarning yomoni to‘g‘ri kelib qolsa, ulardan o‘rganib, unga yomon ish qilish sabablari osonlashadi. Hatto yomonlikni o‘ziga odat qilib olsa, unday inson Alloh azza va jalladan juda uzoq bo‘ladi. Mana shu ikki martabaning (fazilatning cho‘qqisi va Allohdan uzoq bo‘lish) o‘rtasida, ya’ni bu jihatlarning har xil o‘rinlarida bo‘ladiganlar ham bor. Har bir kishi uchun yaqinlikda ham, uzoqlikda ham sifati va holati taqozo qilganidek daraja bor.

«Bas, kim (hayoti dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa, (qiyomat kunida) o‘shani ko‘rur va kim zarra misqolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur» (Zalzala surasi, 7-8-oyatlar).

«Ularga Alloh jabr qilgani yo‘q, balki ular (o‘zlari) o‘z jonlariga jabr qilguvchi bo‘ldilar» (Nahl surasi, 33-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Xulqlarni poklash yo‘lining tafsiloti bayonida

Xulqlardagi mo‘‘tadillik nafsning sog‘lom ekanini, mo‘‘tadillikdan (boshqaga) moyil bo‘lish nafsdagi kasallik va xastalik ekanini oldingi boblardan bildingiz. Bu - badan tuzilishidagi mo‘‘tadillik badanning sog‘ligi va mo‘‘tadillikdan boshqaga moyilligi undagi kasallik ekaniga o‘xshash. Badanni misol qilib aytamizki, nafsni undan razilliklarni va yomon xulqlarni o‘chirib tashlash bilan, unga fazilatlarni va chiroyli xulqlarni jalb qilish bilan sog‘lom qilsa bo‘ladi. Davolash esa badanni undan kasalliklarni yo‘q qilib, unga sog‘liq yo‘llarini axtarish, salomatlikni jalb qilish bilan davolashga o‘xshaydi.

Mizoj aslida mo‘‘tadil bo‘ladi. Oshqozonga zarar ovqatlar, iqlimlar va boshqa holatlar tufayli zarar yetadi. Shuningdek, har bir go‘dak ham to‘g‘ri, sog‘lom fitrat bilan tug‘iladi. Faqat ota-onasi uni yahudiy yoki nasoro yo majusiy qiladi. Ya’ni, odatlanish va ta’lim bilan u o‘ziga razilliklarni kasb qilib oladi. Badan boshida komil qilib yaratilmay, balki o‘sish bilan, ozuqlantirib tarbiya qilish bilan komil va kuchli bo‘ladi. Shuningdek, nafs ham yetuklikni qabul qiluvchi, noqis holda yaratiladi. U ham tarbiya bilan, xulqlarni poklash bilan, ilm bilan oziqlanish orqali mukammal bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Badan agar sog‘lom bo‘lsa, tabibning ishi sog‘liqni saqlovchi qonunni tayyorlashdir. Agar kasal bo‘lsa, uning ishi sog‘liqni jalb qilishdir. Shuningdek, nafsingiz ham agar tarbiyali, toza va sof bo‘lsa, siz shu poklikni saqlash uchun unga yana qo‘shimcha quvvat jalb qilib, sofligi ziyodaligiga erishish uchun harakat qilmog‘ingiz lozim. Agar sof va komil bo‘lmasa, u holda nafsingiz uchun o‘sha komillik va soflikni jalb etishga harakat qilmog‘ingiz lozim.

Badanning mo‘‘tadilligini buzuvchi kasallik keltirib chiqaruvchi illatlar faqat uning ziddini qilish bilangina davolanadi. Ya’ni, agar issiqlikdan (ya’ni, isitma) bo‘lsa, u sovuqlik bilan, agar sovuqlikdan bo‘lsa, issiqlik bilan davolanadi. Shuningdek, qalb kasalligi hisoblangan nuqson ham ziddi bilan davolanadi. Johillik kasalligi ta’lim olish bilan, baxillik dardi saxiylik bilan, kibr dardi kamtarlik bilan, ochko‘zlik dardi ishtaha qilinadigan narsalardan majburan bo‘lsa ham, o‘zni tiyish orqali davolanadi. Kasal badanni davolash uchun dorining achchiqligiga chidash va (badan uchun) shubhali narsalarda o‘zni qattiq tiyish lozim. Xuddi shuningdek, qalb kasalligini davolash uchun (yaxshilikka) harakat qilish va sabr achchiqligini ko‘tarish lozim. Balki (bunday sabr) eng to‘g‘risidir. Chunki badanning kasalligidan o‘lish bilan qutulinadi.

Laylo

  • Mehmon
Ammo qalb kasalligi, bundan Alloh asrasin, shunday kasallikki, o‘lgandan keyin ham abadul-abad davom etadi. Har bir sovuqlik issiq sababli paydo bo‘lgan kasallikni davolayvermaydi. Balki faqat maxsus darajadagi sovuqlikkina davolashi mumkin. Chunki bu kasallik qattiq va yengil bo‘lishi, davomli va davomli bo‘lmasligi hamda oz-ko‘pligi bilan bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun foydali miqdor bilinadigan bir (sovuqlikda) me’yor kerak, chunki shu me’yorga e’tibor qilinmasa, kasallik zarari kuchayadi.

Shuningdek, xulqlarni tuzatishga sabab bo‘ladigan kamchiliklar uchun ham bir me’yor kerak. Dorining me’yori ham kasallik me’yoriga qarab olingan. Hatto tabib kasallik issiqlik yoki sovuqlikdan ekanini bilmagunicha uni davolamaydi. Agar issiqlikdan bo‘lsa, uning qay darajadaligi, ya’ni kuchli yoki zaifligini bilsa, keyin badanning ahvoliga, kasalning hayot tarzi va kasbiga, uning yoshiga va boshqa holatlariga qarab davolaydi.

Laylo

  • Mehmon
Shuningdek, muridlarning nafslariga tabiblik qiladigan, to‘g‘ri yo‘l istaganlarning qalblarini davolaydigan shayx ham hali ularning xulqlarini va kasalliklarini bilmasdan turib, ularni riyozat qildirish, maxsus fandagi va maxsus yo‘ldagi majburiyatlar bilan qiynab qo‘ymasligi lozim. Tabib agar kasallarning hammasini bir xil dori bilan davolasa, ularning ko‘pini o‘ldirib qo‘yadi. Shuningdek, shayx ham agar muridlarga bir xil riyozatni ko‘rsatsa, ularni halok qiladi va qalblarini o‘ldiradi. Aksincha, shayx muridining kasaliga, uning holiga, yoshiga, tabiatiga va niyati bilan ko‘tara oladigan riyozatga va shunga ko‘ra riyozatini qo‘rishiga qarashi lozim.

Agar murid shariat hududlarini bilmaydigan yangi bo‘lsa, unga avval tahorat, namoz va zohiriy ibodatlar o‘rgatiladi. Agar harom mol bilan mashg‘ul yoki bir ma’siyat bilan shug‘ullanuvchi bo‘lsa, unga avval ana shularni tark qilishga buyruq beriladi. Agar murid zohirini ibodatlar bilan ziynatlasa, zohiriy gunohlardan a’zolarini poklasa, uning xulqlarini va qalb kasalliklarini bilish uchun yuzaga kelgan vaziyat bilan botiniga qaraladi. Agar unda hojatiga zarur miqdordan ortiqcha mol ko‘rilsa, undan olib yaxshiliklarga sarflab, hatto unga iltifot ham qilmaydigan darajada qalbini undan bo‘shatib qo‘yiladi.

 

Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (O'limni eslash kitobi)

Muallif Muslima_subhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 96
Ko'rilgan: 52253
So'nggi javob 22 Iyul 2008, 09:39:38
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)

Muallif Musannif AdhamBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 222
Ko'rilgan: 80988
So'nggi javob 20 Sentyabr 2008, 00:41:06
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ro‘za sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 27
Ko'rilgan: 17364
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 01:35:42
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 65
Ko'rilgan: 27041
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 02:15:22
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)

Muallif AbdullоhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 85
Ko'rilgan: 33902
So'nggi javob 31 Yanvar 2009, 02:23:23
muallifi AbdulAziz