Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 121171 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 B


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:27:04

Yana u zot alayhissalom aytdilar: «Mo‘min kishi uchun o‘z birodariga aziyat beradigan nazar bilan ishora qilishi halol bo‘lmaydi» (Ibn Muborak rivoyati). Yana Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishi uchun boshqa musulmonni qo‘rqitishi halol bo‘lmaydi», dedilar (Bazzor zaif sanad bilan rivoyat qilgan). Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Albatta ikki hamroh Alloh azza va jallaning omonati bilan o‘tiradi. Ularning biri birodariga u yomon ko‘radigan narsani fosh qilmog‘i halol bo‘lmaydi» («Suhbat odoblari kitobi»da kelgan).

Ba’zilar husni xulq alomatlarini jamlashgan. Aytishlaricha, husni xulqlilik hayosi ko‘p, aziyati oz, ezguligi ko‘p, tili rostgo‘y, so‘zi oz, amali ko‘p, toyilishi oz va keraksiz gapi yo‘q, yaxshilik qiluvchi, bordi-keldi qiluvchi, viqorli, sabrli, shukr qiluvchi, rozi bo‘luvchi, halim, muloyim, pokiza, shafqatli bo‘lmog‘idir. La’natlovchi, so‘kuvchi, chaqimchi, g‘iybatchi, shoshqaloq, ginachi, baxil va hasadgo‘y bo‘lmaslik, ochiq yuzli, xushmuomala, Alloh yo‘lida yaxshi ko‘radigan va Alloh yo‘lida yomon ko‘radigan bo‘lish husni xulqdir.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:27:19

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mo‘min va munofiqning alomati haqida so‘raldi. U zot alayhissalom: «Albatta mo‘minning tashvishi namozi, ro‘zasi va ibodati to‘g‘risida bo‘ladi. Munofiqning tashvishi esa chorvaga o‘xshab taomi va ichimligi to‘g‘risida bo‘ladi», dedilar (asli yo‘q hadis).

Xotam ul-Asom aytdilar: «Mo‘min fikr qilish va ibratlanish bilan mashg‘uldir, munofiq esa harislik va orzular bilan mashg‘uldir. Mo‘min Allohdan boshqadan umidini uzgan, munofiq esa Allohdan o‘zga har bir insondan umid qiluvchidir. Mo‘min Allohdan boshqadan qo‘rqmaydi, munofiq esa Allohdan boshqa har bir kimsadan qo‘rquvchidir. Mo‘min dini oldida molidan kechadi, munofiq esa moli oldida dinidan kechadi. Mo‘min yaxshilik qiladi va yana yig‘laydi, munofiq esa yomonlik qiladi va kuladi. Mo‘min xilvatni va yolg‘izlikni yaxshi ko‘radi, munofiq esa aralashishni va ko‘pchilikni yaxshi ko‘radi. Mo‘min ekadi va ekinga fasod yetishidan qo‘rqadi, munofiq esa ekinni yulib tashlaydi va keyin hosil yig‘ishni umid qiladi. Mo‘min boshqarish uchun buyurib-qaytaradi. Shuning uchun (xalq ishi) yaxshi bo‘ladi, munofiq esa raislik qilish uchun buyurib-qaytaradi. Shuning uchun (xalq ishi) fasod bo‘ladi».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:27:25

Husni xulq sinab ko‘riladigan eng yaxshi narsa aziyatlarga sabr qilish va zulmlarga chidashdir. Kim sizga birovning xulqi yomonligidan shikoyat qilsa, ana shu o‘zining xulqi yomonligiga dalolat qiladi, chunki husni xulq aziyatlarga chidashdir. Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ketayotgan edilar, Anas roziyallohu anhu ham u kishi bilan birga edilar. Bir a’robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib oldi va Rasulullohni (ya’ni, to‘nlaridan) qattiq tortdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ustilarida chekkasi dag‘al bo‘lgan najroniycha to‘n bor edi. Anas roziyallohu anhu aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bo‘yinlariga qaradim. Qattiq tortganligidan bo‘yinlarida to‘nning chekkasi iz qoldirgan edi. Haligi a’robiy: «Ey Muhammad, huzuringdagi Allohning molidan menga ham ber», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga o‘girilib qaradilar va kuldilar. So‘ngra unga moldan berilishini buyurdilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Quraysh qavmi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aziyat berishni va urishni ko‘paytirib yuborgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohim, qavmimni kechirgin, chunki ular bilmaydilar», deb duo qildilar (Ibn Hibbon va Bayhaqiy rivoyatlari).

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:27:48

Bir rivoyatda bu duolari Uhud jangida bo‘lgan edi, deyilgan. Shuning uchun Alloh taolo mana bu oyatni nozil qildi:
«Albatta siz ulug‘ xulq ustidadirsiz» (Qalam surasi, 4-oyat).

Hikoya qilinishicha, Ibrohim ibn Adham bir kuni sahroga chiqdilar. U kishiga bir askar ro‘para bo‘lib, u kishiga: «Sen qulmisan?» dedi. U kishi: «Ha», dedilar. Shunda askar u kishidan: «Imoratlar qaerda?» deb so‘radi. U kishi qabristonga ishora qildilar. Askar u kishiga yana: «Men imoratlarni so‘rayapman», dedi. U kishi yana: «Qabristonda», dedilar. Bu so‘zlar uning g‘azabini qo‘zg‘adi va boshlariga qamchi bilan urib yordi. So‘ng u kishini shaharga qaytarib keldi. Ularni Ibrohim ibn Adhamning do‘stlari kutib olishdi va: «Nima bo‘ldi?» deyishdi. Ularga askar u kishi aytgan so‘zlarining xabarini berdi. Shunda ular: «Bu kishi Ibrohim ibn Adham bo‘ladilar», deyishdi. Askar otidan tushib u kishining qo‘l-oyoqlarini o‘pdi va uzr so‘ray boshladi. Shu voqeadan keyin so‘rashdi: «Nima uchun unga qulman, dedingiz?» U kishi: «Chunki u mendan «Kimning qulisan?» deb so‘ramadi, balki «Sen qulmisan?» deb so‘radi. Unga «Ha», dedim, chunki men Allohning quliman. U boshimga urgan vaqtda uning uchun Allohdan jannatni so‘radim», dedilar. Shunda u kishiga: «U sizga zulm qilgan bo‘lsa hammi?!» deyildi. U kishi: «Askardan yetgan aziyatdan savob olishimni bildim. Undan menga nasiba yaxshilik bo‘lishini va mendan unga nasiba yomonlik bo‘lishini xohlamadim», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:27:59

Abu Usmon Xiriy bir mehmondorchilikka taklif qilindilar. Mezbon u kishini sinab ko‘rishni xohlagan edi. Uning manziliga kelgan vaqtlarida uy egasi u kishiga «Hozir mulozamat uchun imkoniyatim yo‘q», dedi. Abu Usmon qaytib ketdilar. U kishi uzoqlashmagan ham edilarki, ikkinchi marta chaqirib: «Qayting, ey ustoz», dedi. Abu Usmon qaytib kelgan edilar, yana avvalgidek gap qildi. Abu Usmon yana qaytib ketdilar. So‘ngra u kishini uchinchi marta chaqirib: «Ozgina vaqt o‘tkazib qaytib keling», dedi. U kishi qaytib kelib eshikka yaqinlashgan edilar, uy egasi yana avvalgi so‘zini qaytardi. U kishi yana qaytib ketdilar. So‘ngra to‘rtinchi marta keldilar. Mezbon u kishini yana qaytarib yubordi, hatto bir necha marta shunday muomala qilishdi. Abu Usmon bundan o‘zgarmadilar. Uy egasi u kishining oyoqlariga yiqildi va: «Ey ustoz, men sizni sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan edim, xulqingiz munchayam chiroyli bo‘lmasa», dedi. U kishi: «Sen menda ko‘rgan narsa itning xulqidir, chunki it chaqirilsa, keladi. Agar haydalsa, uzoqlashadi», dedilar.

Yana Abu Usmondan rivoyat qilinishicha, u kishi bir kuni ko‘chadan o‘tib ketayotsalar, ustilariga katta bir idishda kul tashlab yuborishdi. U kishi otlaridan tushdilar va shukr sajdasini qildilar. So‘ng kiyimlaridan kulni qoqa boshladilar va hech nima demadilar. U kishiga «Ularni haqorat qilib qo‘ymadingizmi?» deyishdi. U kishi: «Albatta olovga haqli bo‘lgan kishiga kul bilan sulh tuzilsa, uning g‘azab qilishi joiz bo‘lmaydi», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:28:09

Rivoyat qilinishicha, Ali ibn Muso ar-Rizo rahmatullohi alayhning ranglari qoraga moyilroq ekan. Zero, u kishining onalari qora ekanlar. Naysoburda u kishining uylari oldida bir hammom bo‘lib, agar unga kirmoqchi bo‘lsalar, hammomchi u kishiga hammomni bo‘shatib qo‘yardi. Bir kuni u kishi hammomga kirdilar va hammomchi eshikni berkitib, ba’zi ishlarini bajarish uchun ketdi. Rastoqlik (Habashistondagi bir shahar) bir kishi hammomning eshigi oldiga keldi va uni ochib, ichkariga kirdi. Kiyimlarini yechdi. Ichkarida Ali ibn Muso ar-Rizoni ko‘rib, hammom xizmatchilaridan biri deb o‘yladi. U kishiga «Tur, menga suv keltir», dedi. Ali ibn Muso ar-Rizo turdilar va u buyurgan har bir ishni bo‘ysunib bajardilar. Hammomchi ham qaytib kelib, rastoqlik kishining kiyimlarini ko‘rdi hamda Ali ibn Muso ar-Rizo bilan bo‘lgan voqeani eshitib qo‘rqib qochib ketdi. Ali ibn Muso tashqariga chiqqan vaqtlarida hammomchini so‘radilar. U kishiga «Bo‘lgan ishdan qo‘rqib qochib ketdi», deyishdi. Shunda u kishi: «Qochib ketmasligi kerak edi, chunki u aybdor emas. Gunoh bir qora cho‘ri ayol bolasi, ya’ni menga suvini tashtirgan (hammom ishini bajartirgan) kishi uchundir», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:28:18

Rivoyat qilinadiki, tikuvchi Abu Abdulloh do‘konida o‘tirar edi. Uning majusiy bir mijozi bor edi. U majusiyga biror narsa tikib bersa, u qalbaki dirhamlar berardi. Abu Abdulloh uni olar va unga dirhamlar qalbaki ekan, deb aytmasdi, unga qaytarib ham bermasdi. Bir kuni Abu Abdulloh ba’zi ishlarini bajargani ketgan vaqtida majusiy kelib qoldi va uni topa olmadi. Shogirdiga ish haqi berib, undan tikilgan narsalarni oldi. Dirham qalbaki edi. Shogird esa dirhamlarning qalbaki ekanini bildi va ularni majusiyga qaytarib berdi. Abu Abdulloh qaytib kelganida shogirdi bo‘lgan ishni aytib berdi. U esa shogirdiga: «Yomon ish qilibsan. Bu majusiy menga bir yildan beri shunday muomala qiladi. Men esa sabr qilaman. Boshqa musulmonni mana shu dirhamlar bilan aldab qo‘ymasligi uchun dirhamlarni undan olib, quduqqa tashlab yuborardim», dedi.

Yusuf ibn Asbot aytadilar: «Husni xulqning alomati o‘n xil xislatdir: xilof qilmaslik, chiroyli insof, (birovlarning) toyilishini istamaslik, birovlarning bilinib qolgan kamchiligini yaxshilikka yo‘yish, uzr so‘ray olish, aziyatlarga chidash, o‘z nafsini malomat qilib turish, o‘zgalarning emas, balki o‘z ayblarini bilish, katta-yu kichikka ochiq yuzli bo‘lish, o‘zidan yuqori kishiga ham, past kishiga ham muloyim so‘zlash».

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:28:34

Sahl Tustariydan husni xulq haqida so‘raldi. U kishi: «Uning eng pasti aziyatlarga chidash va tovon to‘latishni tark qilish, zolimga rahm qilish va uning uchun istig‘for aytib, shafqat qilish», dedilar. Ahnaf ibn Qaysga «Halimlikni kimdan o‘rgandingiz?» deyildi. U kishi: «Qays ibn Osimdan», dedilar. «U kishining halimliklaridan nimalar yetib kelgan?» deb so‘raldi. Shunda Ahnaf ibn Qays aytdilar: «Bir kuni u kishi hovlilarida o‘tirgan vaqtlarida oldilariga qo‘lida tovadagi qovurilgan go‘sht bilan cho‘rilari kelib qoldi va tova shu yerda turgan Qaysning kichkina o‘g‘illari boshiga tushib ketdi. O’g‘illari o‘sha zahoti o‘lib qoldi. Cho‘ri ayol qattiq qo‘rqib ketdi. Shunda Qays u ayolga: «Qo‘rqma, sen Alloh taolo roziligi uchun ozodsan», dedilar».

Aytishlaricha, Uvays Qaraniyni yosh bolalar ko‘rib qolishsa, u kishiga tosh otishar ekan. Uvays Qaraniy ularga: «Ey birodarlarim, agar tosh otish zarur bo‘lsa, kichkinaroq toshlarni otinglar, chunki oyog‘imni qonga belab qo‘ysangiz, meni namoz o‘qishdan to‘xtatib qo‘yasiz», der ekanlar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:28:39

Bir kishi bir kuni Ahnaf ibn Qaysni so‘kdi. U kishi esa unga javob bermadilar. U orqalaridan ergashib kelardi. U kishi mahallaga yaqinlashib qolgan vaqtlarida to‘xtadilar va unga: «Ko‘nglingda yana biror narsa qolgan bo‘lsa, aytib ol. Mahallaning beaql kishilari eshitib qolmasin, senga aziyat berib qo‘yishadi», dedilar.

Rivoyat qilinishicha, Ali karramallohu vajhahu o‘z qullarini chaqirdilar. U javob bermadi. Yana ikkinchi, uchinchi bor chaqirdilar. U esa yana javob bermadi. Oldiga bordilar va yonboshlab yotgan holda ko‘rdilar. Unga: «Eshitmadingmi, ey bola?» dedilar. U esa: «Eshitdim», dedi. «Unday bo‘lsa, menga javob bermaslikka nima majbur qildi?» dedilar. «Jazo bermasligingizni bilganim uchun dangasalik qildim», dedi. Shunda Ali roziyallohu anhu: «Bor, ketaver, Alloh taolo roziligi uchun ozodsan», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  22 Oktyabr 2007, 07:28:49

Bir ayol Molik ibn Dinorga «Ey riyokor», dedi. Shunda u kishi: «Ey ayol, Basra ahli yo‘qotib qo‘ygan ismimni topding», dedilar. Yahyo ibn Ziyod Xorisiyning yomon bir qullari bor edi. U kishiga «Nima uchun uni ushlab turibsiz?» deyishdi. Shunda u kishi: «Undan halimlikni o‘rganib olish uchun», dedilar.

Bu nafslar (ya’ni, yuqorida zikr qilingan kishilarning nafslari) riyozat bilan bo‘ysundirilib, xulqlari mo‘‘tadil bo‘lgan. Bu nafslarning botini yolg‘on, nafrat va gina-kuduratdan pok bo‘lib, ularda Alloh taolo taqdir qilgan har bir narsaga rozilik hosil bo‘lgan. Bu esa husni xulqning eng cho‘qqisidir. Chunki Alloh taoloning ishini yomon ko‘rib, Unga rozi bo‘lmaydigan kishi yomon xulqning eng cho‘qqisidadir.

Aytib o‘tganimizdek, husni xulq alomatlari yuqorida zikr qilingan zotlarning zohirlarida ham namoyon bo‘lgan. Kimning nafsiga mana shu alomatlar mos kelmasa, unday kishi o‘zini chiroyli xulqli, deb o‘ylab aldanmasin. Balki husni xulq darajasiga yetguncha riyozat va kurashish bilan mashg‘ul bo‘lishi lozimdir, chunki husni xulq muqarrab bandalar va siddiqlar yetadigan baland darajadir.

Qayd etilgan