Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 122562 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:24:39

Allohning zikri qaror topgan qalb haqida mana bu oyatda ham ochiq ishora bor:

«Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur» (Ra’d surasi, 28-oyat).

Ammo yomon sifatlar qalb oynasiga ko‘tarilayotgan qora bir tutunga o‘xshaydi. Qalb qorayib, zulmat qoplab butkul Alloh taolodan to‘silib qolguncha bu tutun qalbni butunlay chulg‘ab, doim to‘lib turadi. Bu muhrlangan, kirlangan qalbdir. Alloh taolo aytadi:

«Yo‘q, (undoq emas)! Balki ularning dillarini o‘zlari kasb qilguvchi bo‘lgan gunohlari qoplab olgandir!» (Mutaffifun surasi, 14-oyat.)

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:25:08

«Bu yerga (ilgarigi) egalaridan keyin merosxo‘r bo‘layotgan kimsalarga, agar Biz xohlasak, ularning gunohlari sababli musibat yetkazib qo‘yishimiz ma’lum emasmi? Biz ularning dillarini (ana shunday) muhrlab qo‘yurmiz. So‘ng ular (hech qanday pand-nasihatga) quloq solmay qo‘yadilar» (A’rof surasi, 100-oyat).

Alloh taolo eshitmaslikni gunohlar tufayli muhrlab qo‘yilganligiga bog‘ladi, mana bu oyatda esa eshitishni taqvoga bog‘lab keltirdi:

«(Ey mo‘minlar), Allohdan qo‘rqingiz va Unga quloq tutingiz» (Moida surasi, 108-oyat).

«Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga (haq-hidoyat yo‘lini) bildiradi» (Baqara surasi, 282-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:25:24

Gunohlar ko‘payib ketsa, qalbga muhr bosib qo‘yiladi. Keyin u haqni idrok etishdan va dinni tuzatishdan ojiz bo‘lib qoladi. Oxirat ishini yengil sanab, dunyo ishini ulug‘laydigan bo‘lib qoladi. Oxiratga bo‘lgan g‘ami ham ozayib ketadi. So‘ngra oxiratdan, undagi buyuk ishlardan biror narsa qulog‘iga chalinsa ham, biridan kirib, ikkinchisidan chiqib, qalbga o‘rnashmaydi. Shu bilan birga qalbni tavba qilishga va o‘zini o‘nglab olishga harakatlantira olmaydi ham.

O’sha insonlar qabrlarda yotgan kofirlar noumid bo‘lganidek noumid kimsalardir.

Bu Qur’on va sunnat xabar berganidek, qalbning gunohlar tufayli qorayganligi demakdir.

Maymun ibn Mihron aytishlaricha, agar banda bir gunoh qilsa, qalbiga bir kichkina qora dog‘ qo‘yiladi. Agar (o‘zini gunohdan) uzoqlashtirib, tavba qilsa, dog‘i ketib sayqallanadi. Agar (gunohga yana) qaytadigan bo‘lsa, qalbidagi kichkina qora dog‘ kattalashadi, hatto uni butunlay bosib oladi. Mana shu qalbni egallab olishdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytishlaricha, «Mo‘minning qalbi top-toza, unda yoritib turadigan chiroq bo‘ladi. Kofirning qalbi esa qorayib ketgandir» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyatlari).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:25:44

Shahvatlarga qarshi chiqish bilan Allohning toatida bo‘lish qalbni sayqallaydigan narsalar. Allohga osiy bo‘lish esa qalbni qoraytiradigan narsa. Qaysi bir inson gunohlarga yuzlansa, qalbi qorayadi. Qaysi bir inson gunohi orqasidan yaxshi amal qilib, uning asarini o‘chirsa, qalbini zulmat qoplamaydi-yu, lekin uning nuri kamayadi. Go‘yo oyna yaqinida nafas olib, so‘ng uni artib, keyin yana nafas olib, so‘ng yana artganga o‘xshaydi. Chunki u xiralikdan xoli bo‘lmaydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qalblar to‘rt xil bo‘ladi, bir qalb borki, ichida yoritib turadigan chirog‘i bor, top-toza, bu mo‘minning qalbi. Yana bir qalb borki, qora, to‘ntarilgan, bu esa kofirning qalbi. Yana bir qalb borki, g‘iloflanib g‘ilofiga bog‘lab qo‘yilgan, bu esa munofiqning qalbi va oxirgisi moyil (egilgan) qalb, unda iymon ham, munofiqlik ham bor. Bu qalbdagi iymonning misoli baqlajonga o‘xshaydi. Yaxshi suv unga quvvat beradi. Undagi munofiqlikning misoli bir jarohatga o‘xshaydi, uni esa yiring bilan zardob rivojlantiradi. Shu ikki xil moddaning qaysinisi unga g‘olib kelsa, qalb o‘shanga hukm qilinadi» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyatlari). Boshqa rivoyatda «Qaysinisi u bilan ketsa» bo‘lib kelgan. Alloh taolo aytadi:

«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar-da, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).

Alloh taolo qalbning jilosi va ochiqligi zikr bilan hosil bo‘lishini va yana bunga faqat taqvodorlargina erishishini aytdi. Taqvo zikr eshigidir, zikr kashf eshigidir, kashf esa katta zafar eshigidir va u Alloh taologa yo‘liqish bilan bo‘ladigan zafardir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:26:14

Qalbning xususan ilmlarga qo‘shilgandagi holati bayoni

Bilingki, albatta ilmning o‘rni qalb, ya’ni hamma a’zolarning tadbirini qilib turuvchi ilohiy ne’matdir. Butun a’zolar qalbga itoatda bo‘lib, uning xizmatini qiladilar. Qalb ma’lumotlarga bog‘liqlikda    turli-tuman    narsalarning   suratlariga    bog‘liq   oynaga o‘xshaydi. Albatta turli-tuman narsalar bir suratdir va o‘sha suratning misli oynaga muhrlanib, unda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, har bir narsaning haqiqati mavjud bo‘lib, o‘sha haqiqatning ham surati bor. Bu surat qalb oynasida aks etib, unda ravshanlashadi. Albatta oyna boshqa, shaxslarning surati boshqa, uning o‘xshashi oynada hosil bo‘lmog‘i boshqa, bu uch xil ishdir. Shu singari u yerda (qalbning bog‘liqligida) uchta ish bor. Ya’ni, narsalarning haqiqati va haqiqatlarning o‘zi qalbda hosil bo‘lib, unda nomayon bo‘lmoqligi. Olim - narsalar haqiqatining misollari tushadigan qalbdan iborat, ma’lumot narsalarning haqiqatidan iborat, ilm esa oynada misollarning hosil bo‘lishidan iboratdir. Albatta ushlashlik qo‘lga o‘xshash ushlovchini va qilichga o‘xshash ushlanadigan narsani hamda qilich bilan qo‘lning o‘rtasida qilich qo‘lda tutilishi bilan bo‘lgan bog‘liqlikni talab qiladi va «ushlash», deb nomlanadi. Shuningdek, ma’lumotning misoli qalbga yetganda «ilm», deb ataladi. Haqiqat ham, qalb ham batahqiq mavjud edi, lekin ilm hosil bo‘lmagan edi. Chunki ilm haqiqat qalbga yetganidan keyin hosil bo‘ladi. Shuningdek, qilich ham, qo‘l ham mavjud, lekin qilich qo‘lda bo‘lmaganligi uchun «olish, ushlash» ismi bo‘lmadi. Ha, ushlash qilichning ayni o‘zi qo‘lga yetishidan iboratdir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:26:29

Ma’lumotning ayni o‘zi hosil bo‘lmaydi. Bas, bir kishi olovni bilsa, olovning ayni o‘zi qalbda hosil bo‘lmaydi, balki uning haddi va suratiga muvofiq keladigan haqiqati hosil bo‘ladi, buni oynaga o‘xshatish yaxshiroqdir. Chunki insonning ayni o‘zi oynada hosil bo‘lmaydi, balki unga muvofiq misol hosil bo‘ladi. Xuddi shuningdek, ma’lumotlar haqiqatiga to‘g‘ri keladigan misollarning qalbda hosil bo‘lmoqligi ilm, deb ataladi. Albatta oynada quyidagi besh xil ish sababli surat ko‘rilmaydi:

Birinchi - oyna shaklining ishlov va shakl berilib, sayqallashtirishdan oldingi temirning javhariga o‘xshash nuqsoni uchun.

Ikkinchi - agar shakli mukammal bo‘lsa ham, lekin uning iflosligi, zanglaganligi va kirligi uchun.

Uchinchi - oyna suratdan boshqa tomonga burib qo‘yilgani, ya’ni surat oynaning orqasida bo‘lgani uchun.

To‘rtinchi - oyna bilan suratning o‘rtasida osilgan parda tufayli.

Beshinchi - matlub surat turgan tomonni bilmaslik tufayli. Hatto shu sababli suratga ro‘baro‘ bo‘lish uzrli sanaladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:26:45

Xuddi shuningdek, qalb ham barcha ishlarda haqning haqiqati ravshan bo‘lishi uchun tayyorlangan oynadir. Qalblarning ilmlardan xoli bo‘lib qolmoqligi quyidagi beshta sababga ko‘radir:

Birinchisi - qalbning o‘zidagi kamchilik sababli, bu go‘dak bolaning qalbiga o‘xshaydi, chunki u hali yetuk bo‘lmagani uchun ma’lumotlar unga ravshan bo‘lmaydi.

Ikkinchisi - shahvatlarning ko‘pligidan qalb yuziga zich o‘rnashib qolgan ifloslik va osiyliklarning kirligi sababli, chunki bular qalbning sof va toza bo‘lishini man qilib qo‘yadi. Natijada qalb qorong‘ilashib, yomonliklar to‘lib qolganligi uchun unda haqiqat zohiri mumkin bo‘lmay qoladi. Bunga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ishora bordir: «Kim biror gunoh ish qiladigan bo‘lsa, undan aql ajrab chiqib ketadi, keyin unga hargiz qaytmaydi» (asli yo‘q hadis). Ya’ni, qalbida bir xiralik hosil bo‘ladi, uning asari yo‘qolmaydi. Zero, gunohning orqasidan uni o‘chiradigan bir yaxshilikni ergashtirib qilmog‘i lozim edi. Agar oldin bir gunoh bo‘lmagan holda yaxshilik qilsa, qalbning nuri shaksiz ziyoda bo‘ladi. Avval gunoh bo‘lgan holatda esa yaxshilikning foydasi behuda ketadi, qalbning nuri ziyoda bo‘lmaydi. Shunday holatda ham yaxshilik qilinsa, qalb nuri ziyoda bo‘lmasa-da, qalbdan gunoh o‘chib, u gunohdan oldingi holatiga qaytadi. Bu esa, ya’ni qalbning nuri ziyoda bo‘lmasligi ochiq-oydin xusron va iloji bo‘lmagan nuqsondir. Chunki kir bo‘lib, so‘ngra sayqal berish asbobi bilan artilgan oyna oldin kir bo‘lmasdan, balki faqat uning jilosini ziyoda qilish uchun sayqal berilgan oynaga o‘xshash emas. Allohning toatiga yuzlanish va shahvat taqozo qilgan narsalardan yuz o‘girish qalbga jilo berib, musaffo qiladigan narsadir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:27:03

Alloh taolo aytadi:

«Bizning (yo‘limiz)da jihod qilgan - kurashgan zotlarni albatta O’z yo‘llarimizga hidoyat qilurmiz» (Ankabut surasi, 69-oyat).

Payg‘ambar alayhissalom ham aytadilar: «Qaysi bir kishi bilgan narsasiga amal qilsa, Alloh taolo unga bilmagan narsasini meros qilib beradi» (Abu Naim rivoyati).

Uchinchisi - matlub haqiqat tarafidan burilganligi sababli. Chunki solih, itoatkorning qalbi agar sof bo‘lsa ham, unda haqiqat mohiyati zohir bo‘lmaydi. Negaki u haqiqatni talab qilmayapti va oynasini istalayotgan narsa tomonga to‘g‘rilagan ham emas. Balki ko‘pincha badan bilan bajariladigan toatlarni batafsil qilish, ya’ni oydinlashtirish g‘amiga yoki yashash sabablarini tayyorlash g‘amiga g‘arq bo‘lib, rububiyat huzuri to‘g‘risida va ilohiy maxfiy haqiqat sirlari to‘g‘risida taammul qilishga fikrni burmaydi. Natijada amal ofatlarining nozik jihatlari va nafs ayblarining yashirin tomonlari to‘g‘risida fikr yuritayotgan bo‘lsa, unga mana shu narsalar kashf bo‘ladi, xolos. Yoki maishat foydalari to‘g‘risida fikr qilayotgan bo‘lsa, unda ana shu narsalar kashf bo‘ladi. Agar butun g‘am-tashvishini amallarga va toatlarning tafsilotiga bog‘lab qo‘yish Haq mohiyatini kashf qilishdan to‘sib qo‘yadigan bo‘lsa, bor g‘am-tashvishni dunyoviy shahvatlarga va uning lazzatlari-yu, munosabatlariga burib qo‘ygan kishi to‘g‘risida nima deb o‘ylaysiz va qanday qilib bular uni haqiqiy kashfdan to‘sib qo‘ymasin?

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:27:20

To‘rtinchisi - oyna bilan surat o‘rtasidagi parda sababli. Albatta shahvatlariga g‘olib keluvchi haqiqatlardan bir haqiqat to‘g‘risidagina fikr yurituvchi itoatkor kishiga goho ergashish yo‘liga binoan yoki yaxshi gumon qilish yo‘liga binoan avvaldan taqlid qilib kelgan e’tiqodi tufayli kashf bo‘lmay qoladi. Chunki ana shu e’tiqod o‘zi bilan Haqning haqiqati o‘rtasini to‘sib qoladi. Gumonning zohiridan iborat tutib olgan narsasining xilofi qalbida kashf bo‘lishidan to‘sib qo‘yadi. Bu ham katta pardadir. Bu bilan o‘z yo‘llarida mutaassib bo‘lganlar va mutakallimlarning ko‘plari to‘silgan. Balki yeru osmon Egasi to‘g‘risida fikr yurituvchi solihlarning ko‘plari ham nafslarida qotib qolgan va qalblariga mahkam o‘rnashgan taqlidiy e’tiqodlari tufayli to‘silgandirlar. Bu e’tiqodlar ular bilan haqiqatlarni anglash o‘rtasida to‘siqqa aylanadi.

Beshinchisi - matlub narsani topib olish voqe bo‘ladigan jihatni bilmaslik sabablidir. Chunki ilm talab qilayotgan kishi noma’lum narsalar bilan ilm hosil qilmog‘i mumkin bo‘lmaydi. Faqat istayotgan narsasiga munosib keladigan ilmlarni eslash bilangina hosil qilishi mumkin. Agar u ilmlarni eslab va e’tiborli yo‘llar bilan ulamolar biladigan maxsus tartibda o‘zining nafsini tartibga solsagina, matlub jihatini topgan bo‘ladi. Natijada istalayotgan narsaning haqiqati qalbiga ravshan ayon bo‘ladi. Chunki fitriy bo‘lmagan matlub ilmlar o‘zida hosil bo‘lgan ilmlar to‘ri bilan ovlanadi. Har bir ilm sobiq ikki ilmdan hosil bo‘ladi, u ikki ilm qo‘shilib, maxsus ko‘rinishda birlashadi. Ikkala juftlikdan erkak va urg‘ochi hayvon yaqinligidan yangi nasl paydo bo‘lganidek, uchinchi ilm hosil bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:27:48

Odatda, kimdir bir otdan nasl olmoqchi bo‘lsa, uni eshak, tuya va insondan olmog‘i mumkin bo‘lmaydi. Balki erkak va urg‘ochi otlarning maxsus juftligidan oladi. Bu ham oralarida maxsus juftlik qo‘shiluvidan keyin bo‘ladi. Xuddi shuningdek, har bir ilm uchun maxsus ikkita asl manba bo‘lib, oralarida birlashish yo‘li bor. Ikkalasining birlashuvidan matlub foydali ilm hosil bo‘ladi. O’sha usullar va birlashish kayfiyatini bilmaslik ilmdan to‘sib qo‘yuvchidir. Buning misoli biz zikr qilgan narsa bo‘lib, u surat turgan tomonni bilmaslikdir. Buning misoli oyna bilan orqa gardanini ko‘rmoqchi bo‘lgan kishiga o‘xshaydi. Agar u oynani yuzining ro‘parasiga ko‘tarsa, gardan tomonga to‘g‘rilagan bo‘lmaydi. Unda gardan ko‘rinmaydi ham. Agar oynani orqasiga ko‘tarib gardaniga to‘g‘rilasa, unda oynani ko‘zdan boshqa tarafga burgan bo‘ladi, natijada oynani ham, gardan suratini ham ko‘rolmaydi.

Yana bir oynaga muhtoj bo‘ladi. Uni esa gardanning orqasiga tiklab qo‘yadi va bu oyna oldingi oyna ro‘parasida uni ko‘rib, ikkalasining qo‘yilishi orasidagi munosabatni kuzatadigan holatda bo‘ladi. Ana shunda gardanga ro‘baro‘ bo‘lgan oynada gardan surati muhrlanadi-da, so‘ngra o‘sha oynaning surati ko‘z qarshisida turgan oynada aks etadi. So‘ngra ko‘z gardan suratini ko‘radi. Xuddi shuningdek, ilmlarni egallashda ajoyib yo‘llar bor. Unda oyna to‘g‘risida zikr qilganimizdan ham ajoyibroq yo‘llar mavjud. O’sha yo‘llarda topqirlik kayfiyatida yurgan kimsa yer yuzida qudratli bo‘ladi. Bu esa qalblarni ishlarning haqiqatini bilishdan to‘sib qo‘yadigan uslublardir. Aks holda har bir qalb fitratan haqiqatni bilishga layoqatli bo‘ladi, chunki qalb robboniy ulug‘ bir ishdir. Mana shu sharaf va xususiyat bilan qolgan ilm javharlaridan ajrab turadi.

Qayd etilgan