Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 126393 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:37:42

Bu oyatda Alloh taolo qalbning idrok etishini ko‘rish, deb nomladi va quyidagi oyat ham shunga o‘xshashdir:

«Shunday qilib Biz Ibrohimga (o‘zi uchun hujjat qilib olishi) va aniq ishonuvchilardan bo‘lib qolishi uchun osmonlar va Yer mamlakatlarini ko‘rsaturmiz» (An’om surasi, 75-oyat).

Alloh taolo bu oyatda iroda qilgan narsa zohiriy (ya’ni, qalb ko‘zi bilan ochiq) ko‘rishdir. Bu ne’mat qilib berish o‘rnida zikr qilinadigan Ibrohim alayhissalomgagina maxsus narsa emas. Shuning uchun Alloh taolo bu ko‘rish, ya’ni botiniy ko‘rishning ziddini ko‘rlik, deb nomladi. Alloh taolo aytadi:

«Axir ular (ya’ni, Makka mushriklari) yer yuzida sayr qilib-aylanmaydilarmi? (Ana o‘shanda) ular uchun dono dillar, tinglaydigan quloqlar bo‘lur edi. Zero, ko‘zlar ko‘r bo‘lmas, balki ko‘kraklardagi ko‘ngillar ko‘r bo‘lur» (Haj surasi, 46-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:41:26

«Kimki bu dunyoda ko‘r - gumroh ekan, bas, u oxiratda ham ko‘r va butunlay yo‘ldan ozguvchidir» (Al-Isro surasi, 72-oyat).

Bular aqliy ilmlarning bayonidir.

Diniy ilmlar esa ergashish yo‘li bilan payg‘ambarlardan olingan ilmlardir. Bu ilmlar Alloh taoloning kitobini va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini o‘rganish va ularni eshitib, ta’lim olgandan keyin ma’nolarini fahmlash bilan hosil bo‘ladi. Qalb sifatlarining kamolga yetmog‘i va uni har xil kasalliklardan salomat bo‘lmog‘i ham mana shu diniy ilmlar bilandir. Qalb ularga muhtoj bo‘lib tursa-da, aqliy ilmlarning o‘zi uning salomat bo‘lishiga yetarli emas. Go‘yo aql badanning sog‘lom bo‘lish holatini muntazam tutib turishga yetarli bo‘lmay, tabiblardan ta’lim olishga, dorilarni va maxsus davolarni bilishga muhtoj bo‘lganidek, aqlning o‘zi ham bu narsalarga yo‘l topolmaydi. Lekin bu ta’limlarni eshitgandan keyin ularni aqlsiz tushunish ham mumkin emas. Demak, aqlning o‘zi bilan eshitishdan ham behojat bo‘linmaydi, eshitishning o‘zi bilan aqldan ham behojat bo‘linmaydi. Aqlni chekkaga surib, taqlidningo‘ziga chaqiruvchi kishi nodon hisoblanadi. Qur’on va sunnat nurlaridan bebahra bo‘lib, aqlning o‘zi bilan kifoyalangan kishi esa aqliga g‘ururlangan (ya’ni, aldangan) hisoblanadi. Siz mana shu ikki firqaning birortasidan bo‘lib qolmoqdan saqlanib, ikki asl narsani (ya’ni, aql va Qur’on bilan sunnat ta’limotini) jamlab yuruvchi kishilardan bo‘ling. Chunki aqliy ilmlar ozuqaga va shar’iy ilmlar dorilarga o‘xshaydi. Kasal kishi ba’zan dori bo‘lmagan holatlarda ozuqa bilan zararlanadigan vaqt ham bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:54:21

Xuddi shuningdek, qalb kasalliklarini davolash ham faqat shariatdan istifoda qilingan dorilar bilangina mumkin bo‘ladi. Shariatdan istifoda qilingan dorilar esa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qalblarni davolash uchun tuzib bergan ibodat vazifalari va amallardir. Qaysi bir inson xasta qalbini shar’iy ibodat muolajasi bilan davolamasdan aqliy ilmlar bilan kifoyalanadigan bo‘lsa, go‘yo badani kasal kishi ozuqalar bilan zararlanganidek, u ham zararlanadi. Aqliy ilmlar shar’iy ilmlarga zid keladigan narsa, ikkisining o‘rtasini jamlash mumkin emas, deb o‘ylaydigan kishilar gumoni qalb ko‘zining ko‘rligidan sodir bo‘ladi, bunday gumonsirashdan Allohdan panoh so‘raymiz.

Bu gaplarni aytuvchi kishining nazarida ba’zi shar’iy ilmlar ba’zisiga zid kelib qoladi. Natijada ikkisining o‘rtasini jamlashga ojizlik qilib gumon qiladi, albatta dinda bir-biriga ziddiyatlik bor, deb o‘ylaydi-da, hayratda qoladi. Bunday kishilar xamirdan qil sug‘urilganday dindan chiqib ketadi. Unga bunday xayollar kelishiga sabab shuki, uning nafsidagi ojizligi dindagi ziddiyat bo‘lib tuyuladi. Bu juda noto‘g‘ri o‘ylashdir. Albatta uning misoli bir qavmning hovlisiga kirgan ko‘r kishiga o‘xshaydi, u hovlining ba’zi anjomlariga toyilib ketib, hovli egalariga «Bu anjomlar nima uchun yo‘lga tashlab qo‘yilgan, nima uchun joyiga qo‘yilmagan?» deydi. Hovli egalari unga javoban «Anjomlarning hammasi o‘z o‘rnida, lekin sen ko‘rliging uchun to‘g‘ri yo‘ldan yurmayapsan, toyilishingni ko‘rligingdan ko‘rmasdan birovlarning kamchiligiga burishing ajablanarli ishdir», deyishadi. Bu zikr qilgan narsalarimiz diniy ilmlarning aqliy ilmlarga munosibligidir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:56:32

Aqliy ilmlar dunyoviy va uxroviyga bo‘linadi.

Dunyoviy ilm tabiblik, hisob, muhandislik, munajjimlik va boshqa sanoat hamda hunarmandchilik ilmlaridan iborat. Uxroviysi esa «Ilm kitobi»da batafsil bayon qilganimizdek, qalb holatlarini, amallarning ofatlarini, Alloh taoloni sifatlari va af’ollari bilan bilishdir. Bu ikkisi, ya’ni dunyoviy va uxroviy ilm bir-biriga muvofiq kelmaydigan ilmdir. Ya’ni, qay bir kishi himmatini bularning biriga sarflab, unga chuqur kirishib ketadigan bo‘lsa, aksar holatda ikkinchisiga qalb ko‘zi bilan qarashdan ojiz bo‘ladi. Shuning uchun Ali roziyallohu anhu dunyo va oxiratga uchta misol keltirganlar: «U ikkisi tarozining ikki pallasiga o‘xshaydi. (Birini og‘irlatsangiz, ikkinchi yengillashadi.) Mashriq va mag‘ribga o‘xshaydi. (Biriga yaqinlashsangiz, ikkinchisidan uzoqlashasiz.) Yana ikki kundoshga o‘xshaydi. (Birini rozi qilsangiz, ikkinchisi xafa bo‘ladi)». Shu sababli dunyo ishlari to‘g‘risida, ya’ni tabobat, hisob, muhandislik va falsafada o‘ta dono bo‘lgan kishilarning din ishlarida johil ekanliklarini va aksincha, oxirat ilmlarining nozik nuqtalarigacha xabardor bo‘lgan olimlarning dunyoviy ilmlarning ko‘pidan bexabarliklarini ko‘rasiz. Chunki aqlning quvvati ko‘p holatlarda ikkalasini birgalikda egallashga yetmaydi. Albatta ularning biri (bilan chuqur mashg‘ul bo‘lish) ikkinchisining mukammal bo‘lishidan to‘sib qo‘yadi va shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Jannat ahlining ko‘plari sodda kishilar bo‘ladi», deganlar (Bazzor rivoyat qilgan va zaif, degan). Ya’ni, dunyo ishlari to‘g‘risidagi soddalik nazarda tutilyapti.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:58:16

Hasan Basriy rahmatullohi alayh ba’zi ma’ruzalarida aytgan ekanlar: «Agar sizlar biz ko‘rgan zotlarni ko‘rganingizda albatta ular jinni bo‘lsalar kerak, der edingiz va agar u zotlar sizlarni ko‘rganlarida bular shaytonlar bo‘lsa kerak, deyishardi». Siz qachon din ishlaridan boshqa ilmlarda dono kishilar inkor qilgan ajoyib hodisalarni eshitganingizda bularning inkor etib, haqiqatni qabul qilmasliklari sizni aldab qo‘ymasin. Zero, mashriq tomonga qarab yo‘l bosib ketayotgan kishi mag‘rib tomonda topiladigan narsalarga ega bo‘lmog‘i mumkin emas. Dunyo va oxirat ishlari ham xuddi shu kabi joriy bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo quyidagi oyatida aytadiki:

«Albatta Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan, hayoti dunyoning o‘zigagina rozi bo‘lib, o‘sha bilan xotirlari jam bo‘lgan kimsalar hamda Bizning oyatlarimizdan g‘ofil qolgan kimsalar - ana o‘shalarning joylari kasb qilib o‘tgan gunohlari sababli do‘zaxdir» (Yunus surasi, 7-8-oyat).

«Ular oxiratdan g‘ofil-bexabar bo‘lgan hollarida faqat hayoti dunyoning zohirinigina bilurlar» (Rum surasi, 7-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:59:47

«Bas, (ey Muhammad alayhissalom), siz Bizning eslatmamizdan orqa o‘girib ketgan va faqat hayoti dunyonigina istagan kimsalardan yuz o‘giring! Ularning «ilm»dan yetgan joylari mana shu (hayoti dunyo matolarinigina istash)dir» (Van-najm surasi, 29-30-oyatlar).

Dunyoning masolihlarini mukammal ko‘ra olish bilan dinni mukammal bila olish orasini jamlash oson bo‘lmagan ishlardandir. Bu Alloh taolo dunyo va oxiratda o‘z tadbirini qilib turish uchun barqaror qilib qo‘ygan kimsalargagina oson bo‘ladi. Ular Jabroil alayhissalom bilan quvvatlanadigan, biron bir ishda oqsamay, har bir ishga bemalol imkon topadigan,   ilohiy   yordamdan   madad  oladigan   payg‘ambarlardir.   Ammo qolgan   insonlarning   qalblari   agar   bir   ish   bilan   mashg‘ul   bo‘lsa, ikkinchisidan burilib, uni mukammal qila olmaydilar.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:00:08

Ilhomlanish bilan o‘rganish o‘rtasidagi va Haqni topishda so‘fiylik yo‘li bilan ko‘zi (ya’ni, farosati) o‘tkirlik yo‘li o‘rtasidagi farqning bayoni

Bilingki, albatta zaruriy bo‘lmagan, qalbda ba’zi hollarda hosil bo‘ladigan ilmlarning yuzaga kelishi goho kutilmagan joydan tushib qolgandek, qalbga kirib qoladi. Goho mulohaza va ta’lim olish yo‘llari bilan qo‘lga kiritiladi. Bas, maxsus o‘rganishsiz va daliliy yo‘llarsiz hosil bo‘lgan ilm ilhom, deb nomlanadi. Mulohaza yo‘llari bilan hosil bo‘lgani esa saboq olish va fahmlash, deb nomlanadi. Endi biron-bir yo‘lsiz, o‘rganishsiz va bandaning harakatisiz qalbga tushib qolgani ham ikkiga bo‘linadi. Avvalgisida - banda ilm qanday va qaerdan hosil bo‘lganini bilmaydi. Ikkinchisida - qalbiga ilm tushib qolishi bilan birga ana shu ilmning qaysi sabab bilan iste’foda qilganini bilib oladi. Bu esa qalbga ilmni tashlaguvchi farishtani ko‘rmog‘idir. Avvalgisi ilhom va qalbga tuflash, deb nomlanadi. Ikkinchisi esa vahiy, deb atalib, bu payg‘ambarlarga xosdir. Avvalgisi Allohning do‘stlariga va sof bandalariga xosdir. Bundan ham oldingisi esa, ya’ni mulohaza qilish yo‘liga binoan hosil bo‘lgani ulamolarga xosdir.

Bu xususdagi gapning to‘g‘risi shuki, albatta qalb har bir narsadagi Haqning haqiqati unda ravshan bo‘lmog‘ini tan oladi. Lekin u bilan haqiqat o‘rtasiga qalb oynasining ko‘rinmay qolishiga sabab bo‘luvchi besh narsa to‘silib qolgan. U Alloh taolo qiyomatgacha bo‘lishini hukm qilgan har bir narsaning naqshi solingan Lavhul mahfuz bilan qalb oynasi o‘rtasini to‘sib turadigan pardaga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:00:41

Ilmlar haqiqatining Lavhul mahfuz oynasi orqali qalb oynasida ko‘rinmog‘i suratning bir oynadan ikkinchi bir oynaga aksi tushib, unda ham ko‘rinmog‘iga o‘xshaydi. Ikki oynaning o‘rtasiga tushib qolgan parda goh qo‘l bilan chetga suriladi, goh esa uni harakatlantiradigan shamol esishi bilan chetlanadi. Xuddi shuningdek, goho mayin shabada esganida qalb ko‘zlaridan parda ochilib ketib, natijada Lavhul mahfuzda yozilgan ba’zi narsalar qalbda ravshanlashib qoladi. Bu esa goho u uxlayotgan vaqtda bo‘ladi. Bas, bu bilan kelajakda bo‘ladigan narsani bilib qoladi va pardaning tom, ya’ni mukammal ko‘tarilishi o‘lim bilan bo‘ladi. Ana shundagina parda butkul ochiladi va yana uyg‘oqlikda ham kashf bo‘ladi, hatto Alloh taolodan bo‘lgan maxfiy lutfu-marhamat bilan parda ko‘tarilib ketadi. Natijada qalblarda g‘ayb  pardasi  orqasidan  ilm g‘aroyibotlaridan bo‘lgan bir narsa yaltirab ko‘rinadi. Bu goho tez, shiddatli chaqmoqqa o‘xshaydi. Goho esa bir chegaraga yetgunicha asta-sekin orqama-orqa kashf bo‘lish bilan bo‘ladi. Bu holatda doimiy turuvchilar juda oz bo‘lishadi. Ilhom ilmning o‘zida, uning o‘rni va sababida harakat qilib o‘rganishdan farqli bo‘lmaydi, lekin pardaning yo‘q bo‘lishi boralarida farqlidir. Chunki bu narsalar, ya’ni parda ko‘tarilishi bandaning ixtiyorida emas. Vahiy esa biror narsada ilhomdan farqli bo‘lmaydi, balki bularning hammasi ilmni ifoda qiluvchi farishtani mushohada qilish bilan bo‘ladi. Chunki ilm qalblarimizda farishtalar vositasi bilan hosil bo‘ladi. Alloh taoloning oyatida quyidagi ma’noli so‘zlar bordir:

«Biron odam uchun Alloh unga so‘zlashi joiz emas, magar vahiy-ilhom orqali yo biron parda-to‘siq ortidan yoki biron elchi-farishta yuborib, o‘sha (farishta Allohning) izni-ixtiyori bilan U xohlagan narsani vahiy qilishi orqali (so‘zlar)» (Sho‘ro surasi, 51-oyat).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:00:59

Agar bularni yaxshi bilsangiz, tasavvuf ahllarining ta’lim olishsiz hosil bo‘ladigan ilohiy ilmlarga moyil ekanliklarini ham bilib oling. Shuning uchun ham ular ilm darsiga, musanniflar yozgan kitoblarni o‘qishga, har xil gaplar haqida va zikr qilingan dalillar haqida bahs yuritishga qiziqmaydilar. Balki (yomonlikka boshlovchi nafsga) qarshi kurashish, yomon sifatlarni qalbdan o‘chirish, (bu yomon sifatlarning hammasidan) butkul uzilish, chuqur himmat bilan Alloh taologa yuzlanish kabi ishlarga oshiqadilar. Agar bandada shu narsalar hosil bo‘lsa, Alloh uning qalbini boshqarish va ilm nurlari bilan nurlantirishga kafil bo‘ladi. Agar qalb ishini Alloh taolo boshqarsa, unga rahmat oqib keladi va qalbda nur yorishadi. U kengayib malakut siri unga kashf bo‘ladi. Rahmat lutfi bilan qalb yuzidan g‘aflat pardasi sidirib olinadi. Qalbda ilohiy ishlarning haqiqati porlaydi. Banda faqat qalbni soflashning o‘zi bilan, chinakam iroda va himmat ko‘rsatish bilan, o‘ta tashnalik va Alloh taolo ochib qo‘ygan rahmatini hamisha intizor kutib turish bilan tayyorgarlik ko‘rmog‘i lozim bo‘ladi. Payg‘ambar va avliyolar uchun ishlarning haqiqati kashf bo‘lishi, ularning qalblariga nur quyilishi ta’lim olish, dars qilish va kitob o‘qish bilan hosil bo‘lmagan. Balki dunyoda zohid bo‘lganlari tufayli, dunyo aloqalaridan ajrab, qalblarini dunyo mashg‘ulotlaridan bo‘shatish va chuqur himmat qilib Alloh taologa yuzlanishlari bilan hosil bo‘lgan. Kim Alloh uchun bo‘lsa, Alloh uning uchun bo‘ladi. Ahli tasavvuf o‘ylaydiki, bu xususda avval qilinadigan ish dunyo aloqalaridan butkul uzilish va qalbni ulardan xoli qilish, ahli, bola-chaqasi, mol-davlati, vatani (ya’ni, yashash joyi) g‘am-tashvishlaridan uzilish bilan, ilm haqida, rahbarlik, amal-martaba haqida ham o‘ylashdan uzilish bilan bo‘ladi. Bandaning qalbida boshqa biror narsaning borligi va yo‘qligi bir xil holatga aylanib qoladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:01:19

So‘ngra besh vaqt farz namozlar va ularning sunnatlariga kifoyalanib, uyning bir burchagida yolg‘iz holda qoladi. Va butun g‘amlardan qalbini bo‘shatib o‘tiradi. Qur’on o‘qish, uning tafsiri haqida taammul qilish va yo bir hadis kitobi yoki boshqa asarlar o‘qish bilan fikrini bo‘lmaydi. Balki xayoliga Alloh taolodan boshqa narsani keltirmaslikka harakat qiladi. Mana shunday xilvatda o‘tirganida qalbini hozirlab, tili bilan doim to‘xtovsiz Alloh, Alloh, deb turadi. Hattoki tilini harakatlantirishdan to‘xtatishga (ya’ni, harakatsiz Alloh, deyishgacha) yetadi. Shunda so‘z (ya’ni, «Alloh» lafzi) go‘yo tiliga oqib kelayotganday bo‘ladi. So‘ng tildan so‘zning asari ketguncha va qalbi doimiy zikr qilib turish holatiga kelguncha bu holatga sabr qilib turadi. So‘ngra qalbdan lafzning surati, harflari va kalimaning holati yo‘qolib, qalbda kalima ma’nosining o‘zigina qoladi, go‘yo undan ajralmaydigan, uni lozim tutuvchi bo‘lgunicha shu holatda bo‘ladi. Shu hadga yetguncha ixtiyor unda bo‘ladi. Vasvasalarni daf qilib, bu holatni davom ettirib turishda ham uning ixtiyori bor. Unda Alloh taoloning rahmatini jalb qilish ixtiyori bo‘lsa-da, lekin u mana shu ishlari bilan Alloh taoloning rahmat shabadalariga ro‘para bo‘ladi. Demak, unga Alloh taolo rahmatidan ochadigan narsasini kutib turmoq qoladi. Payg‘ambarlar va avliyolarga ham Alloh taolo shu yo‘lda rahmatini ochgan. Mana shu paytdagina agar irodasi rost, himmati sof, chiroyli davomatda bo‘lsa, shahvatlari o‘ziga tortmasa, nafsining gapi dunyo aloqalari va tashvishlari bilan uni mashg‘ul qilmasagina, Haq nurlari qalbida yaltiray boshlaydi. Bu nur avvalda sobit turmasdan tez kelib, keyin g‘oyib bo‘lgan chaqmoqqa o‘xshaydi, so‘ngra yana qaytadi, goho bu holat (ya’ni, qaytishi) kechikadi. Agar qaytsa, mustahkam joylashib oladi.

Qayd etilgan