Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 123712 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:12:23

Umar roziyallohu anhu xutbalarining orasida «Ey qo‘shin, toqqa, toqqa», deb gapirib yuborganlar. Dushman yaqinlashib qolgani u kishiga kashf bo‘lib qolgan paytda bilib qolgan narsalari xususida ularni ogohlantirib qo‘ydilar. U kishining ovozlari toqqa yetib borgani buyuk karomatlar jumlasidandir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: «Usmon roziyallohu anhuning oldilariga kirdim. Yo‘lda bir ayolga yo‘liqqan edim va unga ko‘z qirim bilan qarab, chiroyi to‘g‘risida biroz o‘ylanib qolgan edim. Usmon roziyallohu anhuning oldilariga kirganimda «Sizlardan biringiz oldimga kirib keladi, vaholanki uning ikki ko‘zida zino asari zohir bo‘lib turibdi. Qarash ikki ko‘z zinosi ekanini bilmadingmi? Tavba qilasan yoki albatta ta’ziringni beraman», dedilar. Shunda men: «Payg‘ambardan keyin yana vahiy keldimi?» dedim. U kishi: «Yo‘q, lekin bu qalb ko‘zi, burhon va rostgo‘y farosatdir», dedilar».

Abiy Said al-Xarrozdan rivoyat qilinishicha, u kishi aytdilar: «Masjidi haromga kirdim, u yerda yirtiq kiyim kiygan bir faqir kishini ko‘rdim. Ichimda bu va bunga o‘xshashlar odamlarga yuk bo‘ladi, dedim. Shu zahoti menga «Albatta Alloh taolo nafslaringiz (ya’ni, ichingiz)dagi narsani biladi. Allohdan qo‘rqinglar», degan nido keldi. Xufyona Allohga istig‘for aytdim. Yana menga «Alloh bandalaridan tavbani qabul qiladigan Zotdir», degan nido keldi. So‘ngra nido g‘oyib bo‘ldi va men biror zotni ko‘rmadim».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:12:52

Zakariyo ibn Dovud aytdilar: «Abul Abbos ibn Masruq Abul Fazl al-Hoshimiy kasallik vaqtlarida oldilariga kirdilar. Abul Fazl oilali bo‘lib, qaerdan tirikchilik qilib oilalarini boqishlarini bilib bo‘lmasdi. Abul Abbos aytdilar: «U kishining huzurlarida turgan vaqtimda o‘zimga-o‘zim ichimda: «Bu kishi qaerdan tirikchilik qilarkin?» dedim. Menga u kishi: «Ey Abul Abbos, bu past himmatingizni qaytarib oling, chunki Alloh taoloning xufyona marhamatlari bordir», dedilar».

Ahmad un-Naqib aytadilar: «Shibliyning oldilariga kirdim. U kishi: «Sinovdan o‘tding, ey Ahmad», dedilar. Shunda «Nima xabar bor?» deb u kishidan so‘radim. U kishi: «O’tirgan edim, xotirimga sening baxil ekanliging keldi. Sen «Men baxil emasman», deding. Xotirimga yana «Sen baxilsan», degan so‘z keldi», dedilar». Ahmad bu so‘zni eshitganlaridan keyin: «Bugun menga dunyo matosidan biron narsa keladigan bo‘lsa, birinchi   yo‘liqqan   kambag‘alga   berib   yuboraman»,  deb  aytdilar.   «Shu xayolimni tugatib ulgurmasimdan oldimga xalifa xizmatchilaridan biri kirib keldi va o‘zi bilan ellik dinor pul ham olib kelib, «Bu dinorlarni manfaatlaringizga ishlating», dedi. Bu dinorlarni olib tashqariga chiqdim va bir sartarosh oldida sochini oldirayotgan ko‘zi ojiz kambag‘alni ko‘rdim. Uning oldiga borib, dinorlarni unga uzatdim. Kambag‘al: «Uni sartaroshga bergin», dedi. Men: «Buning hammasi shuncha dinor», dedim. Shunda u kishi: «Sen baxilsan, deb aytmaganmidik?!» dedi. Bas, dinorni sartaroshga uzatdim. Sartarosh esa: «Bu kambag‘al oldimga o‘tirganida undan haq olmayman, deb kelishgandik», dedi. Men bu dinorlarni Dajla daryosiga tashlab yubordim va «Seni (ya’ni, dinorni) kim ulug‘laydigan bo‘lsa, albatta Alloh azza va jalla u kishini xor qiladi», dedim».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:18:26

Hamza ibn Abdulloh al-Alaviy aytadilar: «Abul Xayr Taynoniyning oldilariga kirdim va o‘zimcha: «U kishi bilan salomlashaman, lekin u kishining hovlilarida taom yemayman», deb ahd qilgan edim. U kishining huzurlaridan chiqib ketayotgan paytimda orqamdan kelayotganlarini ko‘rib qoldim. Qo‘llarida ovqat solingan tovoq bor edi. Aytdilarki: «Ey yigit, yeyaver, chunki hozir o‘z ahdingdan chiqding». Abul Xayr Taynoniy karomatlari ko‘pligi bilan mashhur edilar».

Ibrohim ar-Raqiy aytadilar: «Abul Xayr Taynoniy bilan salomlashishni qasd qilib huzurlariga borgan edim. Shom namozi bo‘lib qoldi. U kishi namozni boshlab, Fotiha surasini o‘qib ham ulgurmagan edilarki, dilimga safar xarajatlarim behuda ketdi, degan xayol keldi va u kishi salom berganlaridan keyin tahorat olishga chiqdim. U yerda bir yirtqich menga hamla qilmoqchi bo‘ldi. Shu zahoti Abul Xayr Taynoniyning oldilariga qaytdim, u kishiga «Menga yirtqich hamla qilmoqchi bo‘ldi», deb aytdim. U kishi tashqariga chiqib yirtqichga baqirib: «Mehmonlarimga ro‘para bo‘lmagin, deb aytmaganmidim?!» dedilar. Arslon uzoqlashib ketdi. Men tahoratimni olib, keyin u kishining oldilariga qaytib kelgan edim, menga «Zohiringizni to‘g‘rilash bilan mashg‘ul bo‘ldingiz, natijada arslondan qo‘rqdingiz va biz botinni o‘nglash bilan mashg‘ul bo‘ldik. Natijada arslon bizdan qo‘rqdi», dedilar».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:18:43

Mashoyixlarning o‘tkir farosatlari, insonlarning e’tiqodlari va ko‘ngillaridagi narsalar haqida xabar berishlari to‘g‘risidagi hikoyalar hisobiga yetib bo‘lmas darajada ko‘pdir. Yana Xizr alayhissalomni ko‘rishlari, undan xotifdan ovoz eshitgandek so‘rashlari va har xil karomatlardan iborat hikoyalar ham sanab bo‘lmaydigan darajada ko‘pdir. Lekin bularni inkor qiluvchi kishiga, modomiki bu holatlarni o‘z nafsida ko‘rmagan bo‘lsa, bunday hikoya foyda bermaydi. Chunki aslni inkor qilgan kishi tafsilotni ham inkor qiladi. Biror kishi ham inkor qilishga qodir bo‘lmaydigan ikkita qat’iy dalil bor: birinchisi — rost tushning ajoyibotlari, chunki rost tush bilan g‘aybiy narsalar kashf bo‘ladi. Agar bu narsa ko‘proq uyquda sodir bo‘ladigan esa-da, uyg‘oq vaqtida ham bo‘lishini mahol, deb bo‘lmaydi. Uyqu bedorlikdan faqat hislarning sekinlab qolishida, his etiladigan narsalar bilan mashg‘ul bo‘lolmay qolinganlik farq qiladi, xolos. Qancha-qancha uyg‘oq kishilar borki, o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lib, eshitmaydi ham, ko‘rmaydi ham.

Ikkinchisi - Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘oyibdan va kelajakda bo‘ladigan ishlardan xabar bermoqlaridir. Bu Qur’onda ham kelgan. Agar bu narsalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uchun joiz bo‘ladigan bo‘lsa, boshqa kishilarga ham joiz bo‘ladi. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ishlar haqiqatlari kashf qilingan va insoniyatni isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan shaxsdirlar. Bunday ishlar (nabiydan boshqa) biror kishida zohir bo‘lsa, u payg‘ambar emas, balki valiy, deb nomlanadi. Kimki payg‘ambarlarga iymon keltirib, to‘g‘ri tushlarni tasdiq qilsa, unga qalb uchun ikki eshik borligiga iqrorlik lozim bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:18:54

Birinchi eshik tashqariga bo‘lib, ular hislardir. Ikkinchi eshik qalb ichkarisidan ko‘zga ko‘rinmas olamga eshikdir va u ilhom, qalbga puflash va vahiy eshigidir. Bas, endi ikki eshikning borligiga iqror bo‘lsa, ilmlarni ta’lim olish va odatiy sabablar bilan o‘rganish doirasida cheklab qo‘ymoqlik mumkin bo‘lmaydi. Balki nafs bilan kurashish ham ilmga olib boradigan bir yo‘l bo‘lmog‘i joizdir. Bu biz zikr qilgan qalb shahodat olami bilan malakut olami o‘rtasida aylanib yurishi ajoyibotlarining haqligiga ishora qiladigan narsalardir. Ammo ishlarning haqiqati uyquda ta’birga muhtoj bo‘ladigan holatda kashf bo‘lishi va xuddi shuningdek, payg‘ambar va avliyolar uchun ham farishtalar har xil suratlarda gavdalanishi - bular ham qalb sirlarining ajoyibotlaridandir. Bular mukoshafa ilmi bilan lozim bo‘ladi.

Zikr qilingan mana shu narsalar bilan kifoyalanamiz. Chunki bu insonni jiddu jahdga va ularning kashf bo‘lishini talab qilishga qiziqtirish uchun yetarlidir. Batahqiq, qalblari ochilgan ba’zi kishilar aytadilar: «Menga farishta ko‘rindi. Mendan tavhiddan bilganlarim, ya’ni xufyona zikrlarimdan bir narsani unga yozirishimni so‘radi. So‘rab aytdiki: «Sen uchun bir amal yozmaymiz. Biz seni Alloh taologa yaqinlashtiradigan amalni ko‘tarib ketishni xohlaymiz». Men: «Farz amallarni yozmayapsizmi?» dedim. Ular: «Yozyapmiz», deyishdi. «Unday bo‘lsa, ana shu sizga kifoya qiladi», dedim». Bunda nomai a’molni yozadigan farishtalar qalb sirlaridan xabardor emasliklariga va albatta ular faqat zohiriy amallardan xabardor bo‘lishlariga ishora bordir.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:19:31

Ba’zi oriflar aytadilar: «Abdollarning ba’zilaridan yaqiniy mushohada haqida bir masala so‘radim. U kishi chap tomonlariga qarab: «Alloh sizga rahm qilsin, bunga nima deysiz?» dedilar. So‘ng o‘ng tomonlariga qarab: «Alloh sizga rahm qilsin, bunga nima deysiz?» dedilar. Keyin ko‘zlarini qalblariga qaratdilar-da, yana: «Alloh rahm qilsin, siz nima deysiz?» dedilar. So‘ngra ajoyib tarzda javob berdilar, men uni eshitdim. Keyin u kishidan o‘ng va so‘l tomonga qaraganlari sababini so‘radim. U kishi: «Menda bu masalaga puxta javob yo‘q edi. Chap tomonimdagi farishtadan so‘radim. U bilmayman, dedi. O’ng tomonimdagi farishtadan so‘radim, u farishta chapdagidan ko‘ra bilimdon edi, u ham bilmayman, dedi. Bas, qalbimga qarab undan so‘radim. U senga javob bergan narsalarimni aytib berdi. Qalbim ikkisidan biluvchiroq ekan», dedilar». Bu hikoya Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlari ma’nosiga o‘xshash ekan: «Albatta ummatlarim ichida ilhom qilinganlari bordir. Umar ana shundaylardandir».

Asarda kelishicha, Alloh taolo aytadi: «Qaysi bir bandaning qalbiga qaraganimda unda ko‘proq Mening zikrim bilan mashg‘ul bo‘linganini ko‘rsam, qalbini O’zim idora qilaman va uning suhbatdoshi va ulfati bo‘laman».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:19:41

Abu Sulaymon Doroniy aytadilar: «Qalb qurib qo‘yilgan bir gumbaz o‘rnidadir. Uning atrofida ko‘pgina qulflangan eshiklar bor. Qaysi eshik ochilsa, o‘sha eshik tarafda amal qiladi». Batahqiq, qalb eshiklaridan bir eshik malakut tomoniga va mala’il a’lo tomoniga (ya’ni, ko‘zga ko‘rinmaydigan olamga) ochilishi zohir bo‘ldi. Ana shu eshik nafsga qarshi kurashish bilan, parhez bilan, dunyo xohishlaridan yuz o‘girish bilan ochiladi. Shuning uchun Umar roziyallohu anhu askarlarning amirlariga «Itoatkor kishilardan eshitgan narsalaringizni yodda tuting, chunki to‘g‘ri ishlar ularga ravshan bo‘ladi», deb maktub yubordilar.

Ba’zi ulamolar aytadilar: «Alloh taoloning yadi (qo‘li) dono kishilarning og‘izlari ustidadir. Ular faqat Alloh taolo ular uchun tayyorlab qo‘ygan haq narsanigina gapiradilar». Yana boshqa kishi aytadi: «Agar xohlasa, Alloh taolo O’zidan qo‘rquvchi bandalarini ba’zi sirlaridan xabardor qiladi, deyman».

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:20:06

Shayton vasvasa bilan qalbga hukmronlik qilmog‘i va vasvasa ma’nosi hamda uning g‘olib kelishi sabablari bayoni

Bilingki, albatta qalb yuqorida zikr qilganimizdek, bir necha eshikli qilib qurilgan bir gumbazga o‘xshaydi. Xabarlar unga har bir eshikdan yetkaziladi. Yana atrofidan kamon o‘qlari bilan mo‘ljalga olib turilgan joyga o‘xshaydi. Yoki yo‘l yoqasiga tiklab qo‘yilgan bir oynaga o‘xshaydi. Uning oldidan har xil suratli kishilar o‘tib, oynada har xil suratlar ko‘rinib turadi. Oyna suratdan hech xoli bo‘lmaydi.  Yoki bir hovuzga uxshaidiki, unga har xil anhorlardan suv ochib qo‘iilgan edi. Albatta qalbda doimiy ravishda mana shunday yangi xabarlar kirib turadigan joylari bo‘ladi. Ammo tashqaridan kiradiganlari beshta his qilinadigan a’zolardir. Ichkaridan keladigan xabarlar esa xayol, shahvat, g‘azab va insonning tabiatidan tarkib topgan xulqlardir. Chunki inson his etish a’zolaridan (ya’ni, eshitish, ko‘rish, tatish, ushlash, hidlash) biri bilan biror narsani bilsa, undan qalbda asar qoladi. Xuddi shuningdek, masalan, ko‘p yeyish va tabiatidagi quvvat sababli shahvat qo‘zg‘aladigan bo‘lsa, qalbda undan asar hosil bo‘ladi. Garchi inson uni his etishdan tiyilsa ham, nafsda hosil bo‘lgan xayollar qoladi. Xayollar bir narsadan ikkinchisiga ko‘chib o‘tib turadi. Mana shu xayollarning ko‘chishi barobarida qalb ham bir holdan ikkinchi holga o‘tadi. Bu so‘zlarimizdan maqsad albatta qalb doim mana shunday sabablar tufayli o‘zgarib va ta’sirlanib turadi.

Qalbda hosil bo‘luvchi ta’sirlarning o‘ziga xosi xotiralardir, ya’ni fikrlash va xotirlashdan paydo bo‘ladigan tushunchalardir. Bu - inson ilmlarni yangidan yoki eslash yo‘liga binoan idrok etishi, deganidir. Bu tushunchalarning xotira, deyilishiga sabab shunday: qalb xabarlardan g‘ofil bo‘lib qolganidan keyin qayta tushuniladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:21:25

Tushuncha xohishni harakatga keltiradi. Negaki, niyat, qasd va xohish albatta xayolga kelgan narsa tushunilgandan keyin bo‘ladi. Ishlarning avvali tushunchalardir. So‘ngra tushuncha rag‘bat uyg‘otadi, rag‘bat qasd qilishni qo‘zg‘aydi, qasd qilish niyatni harakatga keltiradi, niyat esa a’zolarni ishga soladi. Rag‘batni qo‘zg‘atuvchi tushuncha oqibatda zarar qiluvchi yomonlikka chaqiradigan narsalarga va oxiratda foyda qiluvchi yaxshilikka chaqiradigan narsalarga bo‘linadi. Bular ikki tushuncha hisoblanib, ikki xil nomga muhtoj bo‘ladi. Avvalgisi maqtalgan tushuncha, bu ilhom, deyiladi. Yomonlangan tushuncha, ya’ni yomonlikka chiqiruvchisi esa vasvasa, deyiladi.

Endi siz bu tushunchalar paydo bo‘luvchi ekanini bilasiz. Albatta har bir paydo bo‘luvchi narsaning paydo qiluvchisi ham bo‘ladi. Qachonki, hodisalar har xil bo‘lsa, bularning sabablari ham har xil bo‘lishiga dalolat qiladi. Bu Alloh taolo mavjud hodisalarni sabablari bilan birga yaratgani qonunidan ma’lum. Qachonki, uyning devorlari olov nuri bilan yoritilib, shifti esa tutun bilan qoraysa, bilasizki, albatta shiftning qorayish sababi yoritish sababidan emas. Xuddi shuningdek, qalb nurlari va zulmati uchun ham ikkita har xil sabab bor. Birinchisi -malak, deb nomlanmish yaxshilikka chaqiruvchi tushuncha. Ikkinchisi -shayton, deb nomlanmish yomonlikka chaqiruvchi tushuncha. Qalbni yaxshi ilhomlarni qabul qilishi uchun tayyorlab turadigan marhamat tavfiq, deb nomlanadi.     Qalbni     shayton     vasvasalarini     qabul     qilish     uchun tayyorlaydigan narsa ig‘vo va muvaffaqiyatsizlik, deyiladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 07:21:59

Albatta har xil ma’nolar uchun turlicha ismlar kerak. Farishta Alloh taolo maxluqotlaridan biri bo‘lib, uning ishi yaxshiliklarni to‘kish, ilm bilan foydalantirish, haqiqatni kashf qilish, yaxshilikni va’da qilish va yaxshilikka buyurishdir. Alloh taolo uni shuning uchun yaratib bo‘ysundirgan. Shayton Alloh taolo maxluqotlaridan bir maxluq bo‘lib, uning ishi yomonlikni va’da qilish, buzuqlikka buyurish, bir yaxshilikka qasd qilingan paytda kambag‘allik bilan qo‘rqitishdir. Vasvasa ilhomga muqobil bo‘ladi. Shayton farishtaga muqobil bo‘ladi. Tavfiq muvaffaqiyatsizlikka muqobil bo‘ladi. Bunga Alloh taoloning so‘zida ishora bordir:

«Sizlar eslatma-ibrat olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik» (Vaz-zoriyot surasi, 49-oyat).

Barcha mavjudotlarning o‘zi barobarida jufti bor. Faqat Alloh taolo yolg‘izdir. Uning tengi ham, jufti ham yo‘qdir. Balki U ana shu juftliklarning yaratguvchisi, haq bo‘lgan yolg‘iz Zotdir.

Qayd etilgan