Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 176960 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 33 B


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:18:30

Nafsining xohishidan tiyila olganlar to‘g‘risida esa Alloh taolo bunday deydi:

«Endi kim (hayoti dunyodalik paytida qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (va U Zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Van-noziot surasi, 40-41-oyatlar).

Yuqoridagi askarlarga qanday qarshi kurashish va ba’zisini ba’zisiga bo‘ysundirish haqida «Nafsni riyozat qildirish kitobi»da batafsil keltiriladi, inshaalloh.
Ikkinchi misol - insonning badani go‘yo bir shaharga o‘xshaydi va uni idrok eta biluvchi aqli esa go‘yo ana shu shaharning tadbirli bir podshohiga o‘xshaydi. Uning botiniy va zohiriy hislaridan bo‘lmish idrok etuvchi quvvati askar va yordamchilariga, a’zolari esa uning xalqiga o‘xshaydi. Yomonlikka buyuruvchi nafsi, ya’ni shahvati va g‘azabi mamlakati to‘g‘risida u bilan olishib, xalqini halok qilishga urinayotgan dushmanga o‘xshaydi. Demak, badani chegaraga, uning nafsi esa ana shu yerda turadigan bir chegarachi askarga o‘xshaydi. Agar u dushmani bilan urushsa va uni yengib g‘olib bo‘lsa, albatta bu ishlarni o‘zi xohlaganidek bajarsa, g‘azotdan zafar bilan qaytgan g‘oziydek olqishlanib, u maqtalgandek maqtaladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:18:49

Alloh taolo kalomida aytadi:

«Alloh molu jonlari bilan kurashgan zotlarni (biron uzr sababli jihodga chiqmay) o‘tirib olgan kishilardan ham bir daraja afzal qildi» (Niso surasi, 95-oyat).

Agar chegaraga beparvo bo‘lib, xalqini tashlab qo‘ysa, u holda askarning ishi yomonlanadi va Alloh taoloning huzurida undan o‘ch olinadi. Bir xabarda kelganidek, qiyomat kuni unga aytiladiki: «Ey yomonlik egasi, go‘shtni yeding, sutni ichding va lekin yo‘qolgan narsani egasiga qaytarmading, siniqlarni tuzatmading, bugun sendan o‘ch olaman» (asli yo‘q hadis).

Yuqorida zikr qilingan holatga, ya’ni nafsning o‘z dushmani bilan kurashishiga Payg‘ambarimiz alayhissalomning mana bu so‘zlarida ham ishora bor. U zot sollallohu alayhi vasallam bir jihoddan qaytganlarida: «Kichkina jihoddan katta jihodga qaytdik», degan ekanlar (Bayhaqiy rivoyat qilgan va sanadi zaif, degan).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:19:03

Uchinchi misol - aqlning misoli go‘yo ot minib olgan bir ovchiga o‘xshaydi, uning shahvati mana shu otiga va g‘azabi esa uning itiga o‘xshaydi. Agar bu sayyod ov qilishga mohir bo‘lsa va uning oti chiniqtirilgan, iti esa o‘rgatilgan bo‘lsa, u zafar topadi va ovi baroridan keladi. Agar o‘z nafsini yaxshi bilmasa, o‘z ishiga usta bo‘lmasa, oti hurkak va iti qopag‘on bo‘lsa, ot ham unga bo‘ysunib ham yurmaydi va it ham uning ishorasi bilan itoat qilgan holda yugurib kelmaydi, bu ovchi istagan narsasiga yetishish u yoqda tursin, balki halok bo‘lishi ham mumkin. Ovchining mohir bo‘lmasligi insonning johilligiga, donoligi yetishmasligiga va qalb ko‘zining charchaganiga o‘xshashdir, otning hurkakligi shahvat, xususan, qorin, jinsiy shahvatning g‘olib kelganiga o‘xshashdir. Itning qopag‘onligi esa g‘azab g‘olib kelib insonni egallab olganiga o‘xshaydi. Alloh taolodan O’zining lutfi bilan go‘zal tavfiq berishini so‘rab qolamiz.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:19:23

Inson qalbining xususiyati to‘g‘risida

Shuni yaxshi bilingki, biz zikr qilgan narsalarning hammasidan Alloh taolo insondan boshqa jamiki hayvonlarga ham ne’mat qilib bergan. Zero, shahvat, g‘azab, zohiriy va botiniy hissiyotlar hayvonlarda ham bor. Misol uchun bir qo‘y ko‘zi bilan bo‘rini ko‘rgach, albatta uning adovatini qalbi bilan his etadi va undan qochadi. Mana shu botiniy idrok bo‘ladi.

Quyida esa inson qalbiga xos bo‘lgan narsalarni zikr qilamiz. Mana shu xos narsalar borligi uchun ham insonning sharafi yuksaldi va Alloh taologa yaqinlashmoqqa haqli bo‘ldi. Bu xos narsa ilm va irodadir.

Ilm dunyoviy va uxroviy ishlarni hamda aqliy haqiqatlarni bilishdir. Chunki bular his etiladigan ishlardan ayri bo‘lib, hayvonlar bunda sherik bo‘lolmaydilar. Nafaqat diniy va dunyoviy ilm, balki zarur bo‘lgan har bir ilm aqlga xosdir. Zero, inson bir shaxsning ma’lum bir holatning o‘zida ikki joyda bo‘lmoqligini tasavvur etib bo‘lmaydi, deb hukm qiladi, inson va uning bu hukmi har bir shaxsga taalluqlidir. Yana ma’lumki, albatta inson o‘z sezgisi bilan faqat ba’zi shaxslarnigina idrok eta oladi, uning hamma shaxslarga bo‘lgan hukmi sezgisi idrok eta oladigan narsadan ziyoda bir narsadir, zarur bo‘lgan zohiriy ilmlar to‘g‘risidagi bu ma’noni anglay olsangiz, boshqa nazariy narsalarni fahmlash oydinroq bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:19:37

Iroda shuki, agar inson ishning oqibatini idrok etib, undagi to‘g‘ri yo‘lni topsa, insonning o‘zida ana shu ishning foyda tomoniga, unga kerakli narsani berishga, uni iroda qilishga o‘zidan bir shavq qo‘zg‘alib chiqadi. Bu esa shahvat va hayvonlarning irodasidan boshqa, balki shahvatning aksicha irodadir. Chunki insonning shahvati, ya’ni xohishi tomir yorib keraksiz qonni oldirishdan qochadi, aql esa buni xohlaydi va talab qiladi, hatto unga molini sarflaydi. Shahvat kasallik paytida ham lazzatli, ammo ta’qiqlangan ba’zi taomlarni yeyishga moyil bo‘ladi, oqil esa ana shundan qaytaruvchi bir narsani o‘zida topadi. U shahvatdan bo‘lgan qaytaruvchi emas, balki irodadir. Agar Alloh taolo ishlarning oqibatini biluvchi aqlnigina yaratib, a’zolarni aqlning hukmi taqozo qiladigan narsalarga yo‘llaydigan irodani yaratmaganida aqlning hukmi albatta zoe ketgan bo‘lardi.

Demak, insonning qalbi ilm va iroda bilan xoslangan. Albatta bundan hayvonlar xolidir. Balki avvalgi chog‘larida go‘dak ham undan xoli bo‘lar. Go‘dak balog‘atga yetgandagina unda iroda paydo bo‘ladi, ammo xohish va g‘azab, zohiriy va botiniy hissiyotlar go‘dakda ham mavjuddir. Endi go‘dak bu ilmlarni hosil qilishda ikki pog‘onadan o‘tmoqlikka muhtoj bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:19:51

Birinchisi - uning qalbi avvalo zarur narsalarning ilmlarini qamrab olishi, ya’ni amrimahol narsalar bo‘lmaydi, amalga oshishi joiz narsalar bo‘ladi, deb bilishligi. Bas, bu holatda go‘dakda nazariy ilmlar hosil bo‘lmaydi. Lekin hosil bo‘lish ehtimoliy ishga aylanadi. Bu go‘dakning ilmlarga nisbatan holati xuddi yozish deganda faqatgina siyohdon, qalam va so‘zga aylanmagan harflarnigina biladigan insonga o‘xshaydi. Chunki u hali yozishga yetib bormagan bo‘lsa-da, albatta unga yaqinlashib qolgan.

Ikkinchisi - go‘dakda fikr va tajribalar bilan qo‘lga kiritiladigan ilmlarning hosil bo‘lmoqligi. Go‘yo bu ilmlar go‘dakning oldida zaxiraga saqlab qo‘yilganga o‘xshaydi, qachon xohlasa, unga qaytishi mumkin bo‘ladi. Endigi uning holati yozishga mohir kotibning holatiga o‘xshaydi. Zero, u yozishga qodir bo‘la turib, unga kirishib keta olmagan bo‘lsa ham, yozuvchi deb ataladi. Mana shu insoniyat darajasining nihoyasidir. Lekin shu daraja ichida ham sanoqsiz darajalar bor, insonlar bularda ma’lumotlarining ko‘p-ozligi, yuksak va pastligi, uni qo‘lga kiritish yo‘llari bo‘yicha bir-birlaridan tafovut qilishadi. Zero, ba’zi qalblarda ma’lumotlar zohir bo‘lib qolish va kashf bo‘lib qolish yo‘liga binoan ilohiy ilhom bilan paydo bo‘ladi. Ba’zilari esa ularni ta’lim olish va kasb qilish, ya’ni o‘zi o‘rganishi bilan egallaydi. Goho tez, gohida esa sekinroq hosil bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:20:01

Mana shu o‘rinda ulamo, hukamo, payg‘ambar va avliyolarning manzillari farqlanadi. Bu maqomda yuksalish darajalari chegaralanmagan. Zero, Alloh subhanahu va taologa ma’lum bo‘lgan narsalarning nihoyasi yo‘qdir. Martabalarning eng nihoyasi esa payg‘ambarning martabalaridir. Kishiga haqiqatlarning hammasi yoki aksariyati harakat va qiyinchiliklarsiz kashf bo‘ladi, ya’ni juda tez vaqtda ilohiy kashf yordamida bo‘ladi. Albatta banda mana shu baxt bilan Alloh taologa ma’naviy, haqiqiy va sifat bilan qurbat qilishda yaqinlashadi, makon va masofa bilan emas. Bu darajalarga ko‘tarilmoq esa Alloh taolo tomon sayr qiluvchilarning manzillaridir va bu manzillarning cheki ham yo‘qdir. Albatta har bir solik o‘z yo‘lida yetgan manzilinigina va orqasida qolgan, ya’ni oldin bosib o‘tgan manzillarinigina biladi, xolos. Ammo oldidagi, ya’ni hali yetib borilmagan manzillarining ilmini haqiqati bilan bilolmaydi. Lekin payg‘ambarlikka va payg‘ambarning o‘zlariga iymon keltirib va buning mavjud bo‘lganini tasdiq qilganimizdek, albatta g‘aybga iymon keltirgan holda uni tasdiq qiladi. Biroq qorindagi bola tug‘ilgan go‘dak holatini bilmaganidek va go‘dak esa zaruriy ilmlar ochilib, foyda-zararni ajratib qolgan bolaning holatini bilmaganidek, bu bola esa oqil kishining holatini va nazariy ilmlardan egallagan narsalarini bilmaganidek, payg‘ambarlikning haqiqatini payg‘ambardan o‘zga hech kim bilmaydi. Xuddi shuningdek, oqil kishi ham Alloh taolo valiylariga va payg‘ambarlariga O’zining lutfi va rahmati fazilatlaridan ochib bergan narsalarni bilmaydi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:20:30

Alloh taolo insonlar uchun rahmatidan qaysi narsalarni ochib qo‘ygan bo‘lsa, hargiz uni ushlab qoluvchi yo‘qdir. Bu rahmat esa biror kishi kamsitilmagan holda Alloh subhanahu va taolodan saxiylik va keng karam hukmi bilan sarflab qo‘yilgandir. Va lekin u Alloh taoloning rahmat ne’matlariga o‘zini ro‘para qiluvchi qalblardagina zohir bo‘ladi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: «Albatta Robbingiz uchun zamonangiz kunlarida tajalliyot vaqtlari bo‘ladiki, bas, unga o‘zingizni chog‘lang» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Insonning o‘zini chog‘lashi qalbni poklash va yomon xulqlardan hosil bo‘ladigan kir va iflosliklardan tozalash bilan bo‘ladi. Buning bayoni ham tezda keladi. Mana shu saxiylikka, ya’ni rahmat saxiyligiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ishora bor, ya’ni «Alloh taolo har kecha dunyo osmoniga tushadi va: «Biron bir duo qiluvchi   bormi?   Men   uning   duosini   qabul    qilay»,   deydi».   Yana  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Robbilaridan naql qilib aytadilar: «Batahqiq, yaxshilarning Menga yo‘liqishga shavqlari ko‘p bo‘ladi va Men ularga yo‘liqish shavqida ulardan qattiqroqman» (asli yo‘q hadis). Alloh taoloning yana mana bu so‘zi ham bor: «Kim Menga bir qarich yaqinlashsa, Men unga bir gaz yaqinlashaman» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:20:52

Bularning hammasida shunga ishora borki, ilm nurlari ne’mat beruvchi tomonidan baxillik tufayli qalblardan to‘sib qo‘yilgan emas, chunki Alloh taolo baxillik va man qilishdan oliydir. Lekin qalb iflosligi, kirligi va unda boshqa bir mashg‘ulot borligi uchun to‘sib qo‘yiladi. Chunki qalblar idishlarga o‘xshaydi, modomiki idishlar suv bilan to‘la holda bo‘lsa, unga havo kirolmaydi. Qalblar ham Allohdan boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lsa, unga Alloh ulug‘ligining ma’rifati kirmaydi va bunga ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlarida ishora bor: «Agar shaytonlar odam farzandi qalblarining atrofida aylanib yurmaganlarida albatta osmon podshohligiga qaray olgan bo‘lardilar» (Imom Ahmad rivoyati). Bu jumlalardan insonning ilm va hikmat bilan xoslanganligi ravshan bo‘ladi.

Ilm navlarining ulug‘rog‘i Allohga va Uning sifatlari, af’ollariga oid bo‘lgan ilmdir. Insonning yetukligi ham ana shu bilandir. Yetuklikda esa Alloh taologa yaqin bo‘lganlik saodati va salohiyati bor. Badan nafsning ulovidir, nafs esa ilmning makonidir. Ilm insonning maqsadi va unga xos bo‘lgan xususiyatdir. Inson shuning uchun yaratilgan. Ot yuk ko‘tarishda eshak bilan bir xil bo‘lsa-da, lekin kerak bo‘lganda hamla qilishi, qocha olishi va ko‘rinishining chiroyi bilan eshakdan ajralib turadi. Ot ana shu xususiyatlar bilan yaratilgan bo‘ladi.

Qayd etilgan


Laylo  20 Oktyabr 2007, 06:21:09

Agar bu xususiyatlarda sustkashlik qilsa, eshak martabasining eng pastiga tushib qoladi. Xuddi shuningdek, inson ham eshak va ot bilan ba’zi ishlarda o‘xshash bo‘lsa-da, boshqa ishlarda undan ajralib turadi. Bu ajrab turadigan ishlari insonning xususiyatlaridandir. Ana shu xususiyatlar esa olamlar Robbiga yaqin bo‘lgan farishtalarning sifatlaridir va inson hayvon va farishtalar o‘rtasidagi bir martabadadir. Inson yeyish, ichish va nasl qoldirish tomonlaridan bir o‘simlik kabidir. Sezish va ixtiyoriy harakatlanish jihatidan esa hayvon kabidir. U ko‘rinishi va qomati tomonidan esa devorga o‘yilgan bir suratga o‘xshaydi. Uning insoniylik xususiyatlari esa narsalarning haqiqatini bilishlikdadir.

Agar qay bir inson barcha a’zo va quvvatlaridan ilm va amalga yordam so‘rab ishlatsa, albatta u o‘zini farishtalarga o‘xshatibdi va ularga qo‘shilmoqqa haqli. Farishta va rabboniy, deb ismlanmoqqa loyiqdir. Alloh taolo Yusuf alayhissalomni ko‘rgan ayollar haqida xabar berib aytadiki:

«Ey pok Alloh, bu bashar (farzandi) emas, bu asil farishtaning o‘zi-ku», deb yubordilar» (Yusuf surasi, 31-oyat).

Qayd etilgan