Muallif Mavzu: Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Qalb ajoyibotlarini sharhlash kitobi)  ( 119285 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 3 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Laylo

  • Mehmon
Kim o‘z himmatini badani orom oladigan lazzatlarga sarflasa, hayvonlardek faqat yeyishning o‘zi bilan kifoyalansa, hayvonlar yo‘lining ham eng pastiga tushib qoladi. Natijada ho‘kizga o‘xshab aniq tentakka yoki to‘ng‘izga o‘xshab ochko‘zga aylanadi yo bo‘lmasa, it va mushukka o‘xshab qattol ziyonkorga yoki tuyaga o‘xshab arazchiga yo yo‘lbarsga o‘xshab mutakabbirga yoxud tulkiga o‘xshab aldoqchiga aylanadi. Yoki bo‘lmasa, bularning hammasini jamlab, juda qattiq osiy hisoblangan shaytonga aylanadi. Inson a’zolaridan biri bilan ham yoki hissiyotlardan biri bilan ham Alloh taologa yetish yo‘lida yordam so‘rashi mumkin bo‘ladi. Mazkur kitobimizning «Shukr bobi»da mana shu yordam so‘rashning bir jihati bayoni keladi.

Qay bir inson a’zolari va hislarini shunga amal qildirsa, albatta u najot topadi. Kim undan boshqa narsalarga burilib ketsa, albatta u ziyon ko‘radi va noumid bo‘ladi. Mana shu yo‘lda butkul saodatga erishmoq Alloh taologa yo‘liqmoqni maqsad qilib olmoqlik, oxirat diyorini qarorgoh, dunyoni past bir manzil, badanini ulov va a’zolarni o‘ziga xizmatkor qilib olmoqlikdadir. Agar shunday qilsa, insonning botiniy askarlaridan biri - idrok etish hissi mamlakatining markazi hisoblangan qalbga podshoh kabi o‘rnashadi hamda dimog‘ning old qismiga joylashtirilgan xayoliy quvvati esa podshoh xabarchisi o‘rnida bo‘ladi. Zero, his etilgan xabarlar o‘sha yerda to‘planadi.

Laylo

  • Mehmon
Turar joyi dimog‘ning orqa tomoni hisoblangan hifz quvvati esa xazinabon o‘rnida bo‘ladi. Til esa tarjimon o‘rnida yuritiladi. Uning harakatlanuvchi a’zolari esa kotiblar o‘rnidadir. Beshta sezgi a’zolari esa josuslar o‘rnida bo‘ladi. Bas, ularning har biriga mamlakat hududlaridan birining xabarini keltirish topshiriladi: ko‘zga ranglar olami, quloqqa ovozlar olami va burunga hidlar olami topshirilgan. Boshqalariga ham xuddi shu kabi vazifalar yuklangan. Chunki bular xabar sohiblaridir. Xabarlarni ular bu olamdan oladilar va podshoning xabarchisi bo‘lmish xayoliy quvvatga topshiradilar, xabarchi esa xazinachi hisoblangan hifz quvvatiga topshiradi. Xazinachi esa uni podshohga ko‘rsatadi. Podshoh mamlakatining tadbirida hamda asosiy maqsadga aylangan safarini oxiriga yetkazishda kerak bo‘ladigan va o‘zi balolanib qolgan dushmanni yanchib tashlashda muhtojlik sezadigan narsalarni va yo‘lto‘sarlarni daf qilishda zarur bo‘ladigan narsalarni xabarlardan terib oladi. Agar mana shularni qilsagina, saodatli maqomda va Allohning ne’matlariga shukr qiluvchilardan bo‘ladi. Agar bularda sustkashlik qilsa yoki ularning dushmanlari, ya’ni shahvat, g‘azab va boshqa naqdini nasibalar rioyasini qilishga yoxud o‘zining manzili bo‘lmagan, balki yo‘lida uchragan imoratga ishlatsa, katta xatoga yo‘l qo‘yadi. Vaholanki, uning asl vatani va asl qarorgohi oxirat bo‘la turib shunday qilsa, yordamsiz qo‘yilgan bir badbaxt va Alloh taoloning ne’matlariga nonko‘r, Alloh taoloning askarlarini, ya’ni botiniy va zohiriy askarlarni zoe qiluvchi, Allohning dushmanlariga ko‘mak beruvchi va Allohning jamoatini yordamsiz qo‘yuvchi bo‘ladi. Natijada qaytib boriladigan joyda, ya’ni oxiratda o‘ch olinishga va rahmatdan uzoq bo‘lishga duchor bo‘ladi. Ana shunday holatdan Allohdan panoh so‘raymiz.

Laylo

  • Mehmon
Zarbulmasal qilingan ikkinchi misolimizga Ka’b ul-Axbor mana bu so‘zlari bilan ishora qilganlar: «Oisha roziyallohu anhoning oldilariga kirdim va: «Insonning ko‘zi yo‘l ko‘rsatuvchi, quloqlari idish, tili tarjimon, ikki qo‘li qanot va ikki oyog‘i elchidir. Insonning qalbi esa podshohdir, agar podshoh yaxshi bo‘lsa, askarlari ham yaxshi bo‘ladi» (Abu Naim, Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyatlari), dedim. Oisha roziyallohu anho aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mana shunday eshitganman. Ali roziyallohu anhu qalblarni o‘xshatish to‘g‘risida «Albatta Alloh taolo uchun yer yuzida shunday idishlar borki, u idishlar qalblardir. Qalblarning Allohga suyuklisi ularning qattiqrog‘i, sofrog‘i va yumshoqrog‘idir», deb aytdilar. Keyin: «Dinda qattiqrog‘i, iymonda sofrog‘i va birodarlarga yumshoqrog‘idir», deb bu so‘zlarini sharhladilar». Bu Alloh taoloning mana bu so‘zlariga ishoradir:

«Muhammad Allohning payg‘ambaridir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlar bilan) esa rahm-shafqatlidirlar» (Fath surasi, 29-oyat).

«U zot nurining (mo‘min banda qalbidagi) misoli xuddi bir tokcha, uning ustida bir chiroq, bu chiroq bir shisha ichida, u shisha go‘yo bir dur yulduzga o‘xshaydi» (Nur surasi, 35-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Ubay ibn Ka’b aytishlarcha, buning ma’nosi mo‘min kishi nurining va qalbi nurining o‘xshashligidir.

«Yoki (kofirlarning qilgan amallari) ustma-ust to‘lqin va yana uning ustidan (qora) bulut qoplab olgan dengizdagi zulmatlarga o‘xshaydi» (Nur surasi, 40-oyat).

Bu oyat esa munofiq qalbining o‘xshatilishidir. Zayd ibn Aslam Alloh taoloning:

«Yo‘q, (ular yolg‘on, deyishayotgan narsa) Lavhul Mahfuzdagi (ya’ni, har qanday buzilish, o‘zgarishdan saqlangan - himoyalangan Lavhdagi) buyuk Qur’ondir» (Buruj surasi, 21-22-oyatlar) so‘zi to‘g‘risida «Bu mo‘minning qalbidir», deydilar. Sahl aytishlaricha, qalb va ko‘krak qafasining misoli arsh va kursiga o‘xshaydi. Bular qalbning misollaridir.

Laylo

  • Mehmon
Qalb sifatlarining majmui va uning misollari bayonida

Shuni yaxshi bilingki, albatta inson yaratilishida va uning tarkibida to‘rt xil unsur yo‘ldosh bo‘lib yuradi. Ana shu sababli insonda to‘rt xil sifat jamlanadi. To‘rt xil sifat quyidagilardir: yirtqichlik, hayvoniy, shaytoniy, robboniy sifatlari.

Agar insonga g‘azab egalik qilib olgan bo‘lsa, unda dushmanlik, yomon ko‘rish, urish, so‘kish bilan insonlarga hujum qilishdan iborat yirtqichlik sifatlari o‘rin oladi. Agar unga shahvat egalik qilib olgan bo‘lsa, ochko‘zlik, xarislik, shahvatparastlik va boshqa narsalardan iborat hayvoniy sifatlari kuchayadi.

Agar uning nafsida robboniy bir ish sodir bo‘lsa, Alloh taolo aytganidek:

«Ayting: «Ruh yolg‘iz Parvardigorim biladigan ishlardandir» (Al-Isro surasi, 85-oyat). Bu holda inson o‘ziga rububiyatni da’vo qiladi, egalik qilmoqni, yuksalmoqni, alohida bo‘lmoqni, ishlarning hammasida o‘zboshimchalik qilmoqni, yolg‘iz o‘zi rais bo‘lmoqni hamda bandalik va kamtarlik martabasidan sug‘urilib ajrab chiqmoqni yaxshi ko‘radi. Yana hammasi ilmlardan xabardor bo‘lmoqni xohlaydi. Olimlikni, ma’rifatparvarlikni va ishlarning haqiqatini bilishni da’vo qiladi. Agar uni ilmga nisbat berilsa, ya’ni olim, deyilsa, xursand bo‘ladi va agar uni nodonlikka nisbat berilsa, xafa bo‘ladi.

Laylo

  • Mehmon
Har bir haqiqatni bilmoq, barcha xalqlar ustidan g‘olib kelish bilan ularga hukmronlik qilmoq rububiyat sifatlaridan, ya’ni Allohning sifatlaridandir. Insonda esa bu sifatga xarislik, qiziqish bor.

Endi inson g‘azab va shahvatda hayvonlar bilan bir xil bo‘lib, undan yaxshi-yomonni ajrata olishi bilangina ajralib turadigan bo‘lsa, u insonda shaytoniylik ustun bo‘lib qoladi. Natijada u juda yomon insonga aylanadi. Ajrata olish qobiliyatini ham yomonlik yo‘llarini topishda, ya’ni kashf etishda ishlatadi. Maqsadlarga ham makr-hiyla va aldoqchilik bilan yetadi, yaxshilik qilinadigan o‘rinlarda yomonlikni ko‘paytiradi va bular esa shaytonlarning xulqlaridir.

Har bir insonda mana shu to‘rtta xislatdan ozginadan bo‘lsa ham, uchraydi. Ya’ni, robboniylik, shaytoniylik, vahshiylik, hayvoniylik -hammasi qalbda jamlangan bo‘ladi. Bu go‘yo to‘ng‘iz, it, shayton va donolik sifatlari inson terisi ichiga jamlanib olgandekdir. To‘ng‘iz sifati shahvatdir.

Laylo

  • Mehmon
Chunki to‘ng‘iz rangi, shakli yoki surati tufayli yomonlangan emas, balki haddan ziyod ochko‘zligi, badfe’lligi va hirsi tufayli mazammat qilingan. It esa g‘azabdir. Chunki o‘ta jur’atli va qopag‘on it surati, rangi va shakli tufayli it yoki yirtqichligi emas, balki qonxo‘r, vahshiy, adovat va qopag‘onlilik uchun yomonlangandir. Insonning botinida ham yirtqich hayvonning vahshiyligi va g‘azabi, to‘ng‘izning hirsi va ochko‘zligi bor. Bu to‘ng‘iz ana shu ochko‘zligi bilan insonni fahsh va munkar ishlarga chaqiradi. Yirtqich esa g‘azabi bilan zulmga va ozor berishga chorlaydi. Shayton doim to‘ng‘izning shahvatini va yirtqichning g‘azabini qo‘zg‘ab, ularning birini ikkinchisiga gij-gijlaydi. Ularning tabiatidagi narsalarni chiroyli ko‘rsataveradi.

Aqlga misol qilib keltirilgan donolik esa o‘zining o‘tkir qalb ko‘zi va ochiq, yorqin ma’rifati bilan shayton hiylalaridan ogoh qilib turishga va to‘ng‘iz sifatining ustiga it sifatini hukmron qilib, uning ochko‘zligini sindirmoqqa buyurilgandir. Zero, shahvat g‘alayoni g‘azab bilan sinadi. It sifatining qonxo‘rligini uning ustiga to‘ng‘iz sifatini, ya’ni shahvatni hukmron qilib daf qilmoqqa va itni uning siyosati ostida mag‘lub qilmoqqa buyurilgandir. Bas, agar mana shunday qilishga qodir bo‘lsa, ishlar to‘g‘rilik tomonga o‘nglanadi va badan mamlakatida adolat zohir bo‘ladi, har biri to‘g‘ri yo‘lda yuradi. Agar bularni mag‘lub qilolmasa, u holda o‘zini yengishadi va uni xizmatkor qilib olishadi. Bas, natijada har xil hiylalar chiqarishda va to‘ng‘iz sifatini to‘ydirish va it sifatini rozi qilish uchun har xil fikrlar kashf qilishda muqim bo‘lib qoladi. Buning natijasida esa ana shu to‘ng‘iz va itlarga doimo bo‘ysunib qoladi.

Laylo

  • Mehmon
Ko‘p insonlarning hollari shunday. Chunki ularning maqsadlari ko‘proq qorinlari, jinsiy a’zolari va dushmanlar bilan olishuvdir. Ajablanarlisi shuki, bunday inson butparastlarning butga sig‘inishini inkor qiladi. Lekin o‘zidan parda ko‘tarilib, haqiqiy holati xuddi ba’zi insonlarga uyqusida yoki uyg‘oqligida ko‘rsatilganidek oshkor etilsa, o‘zini cho‘chqaning oldida goh sajda, goh ruku’ qilib, uning ishora va amrini kutib turgan holatda ko‘radi. Natijada u to‘ng‘iz o‘z shahvatlaridan biror narsa istagida qo‘zg‘olgudek bo‘lsa, shu zahoti uning xizmatiga va istagini hozirlashga yuguradigan bo‘lib qoladi. Yoki o‘zini qopag‘on it oldida, unga ibodat qilgan holda va u istagan narsalarga eshitgan zahoti itoat etgan holda ko‘radi va uning itoatiga yetish uchun kerak bo‘ladigan hiylalar to‘g‘risida fikr qilish uchun diqqatini qaratadi. Bunday kishi ana shu ishlari bilan shaytonini xursand qilishga intiluvchidir. Chunki to‘ng‘izni hayajonlantirib, itni qo‘zg‘otadigan va ularni o‘z xizmatiga majburlaydigan narsa shaytondir. Bas, inson mana shu tomondan, ya’ni to‘ng‘iz va itning istagini bajarish bilan shaytonga ibodat qiladi. Har bir banda o‘zining harakat va sakanotlarini, sukut va gapirishlarini, tik turishi va o‘tirishini tekshirib ko‘rsin hamda qalb ko‘zi bilan qarasin. Agar nafsi insof ko‘zini ochib tursa, o‘zini kun bo‘yi ana shularning, ya’ni shayton va askarlarining ibodatlariga harakat qilayotgan holatda ko‘radi, bu esa zulmning eng nihoyasidir. Zero, zulm xo‘jayinni xizmatkor, murabbiyni tarbiyalanuvchi, xojani qul va g‘olibni mag‘lub qilib qo‘ydi. Zero, aql boshliqlikka, g‘oliblikka va ega bo‘lmoqlikka haqli edi. Lekin uni mana bu uch narsaga xizmat qilish bo‘ysundirib qo‘ydi.

Laylo

  • Mehmon
Endi shubha qilmasa ham bo‘ladiki, bu uch narsaga toat qilish ta’siridan qalbga sig‘may qoladigan darajada xunuk sifatlar tarqaladi. Bu xunuk sifatlar hatto muhrga va qalbni halok qiluvchi, o‘ldiruvchi tamg‘aga aylanib qoladi. Shahvat to‘ng‘iziga itoat qilishdan behayolik, ifloslik, isrofgarchilik, ziqnalik, riyokorlik, nomussizlik, masxarabozlik, pastkashlik, harislik, o‘ta ochko‘zlik, laganbardorlik, hasadgo‘ylik, ginachilik, so‘kishish va boshqa narsalar sodir bo‘ladi. Ammo g‘azab itiga itoat qilishdan qalbga tarqaladigan narsalar - o‘zini tutolmaslik, yomon ishlardan saqlanmaslik, mutakabbirlik, o‘ziga katta baho berish, qattiq g‘azablanmoq, manmansirashlik, mazax qilmoq, yengil sanamoq, xalqni taxqirlamoq, yomonlikni istamoq, zulmkorlik va boshqa narsalar sodir bo‘ladi. Shahvat va g‘azabga itoat qilishdan shaytonga bo‘ysunish kelib chiqadi. Shaytonga itoat etishdan esa makr, aldoqchilik, hiyla, ayyorlik, surbetlik, fisq-fujur, fitnagarlik, xiyonat qilish, firibgarlik, behayo so‘zlarni gapirish va shunga o‘xshash narsalar hosil bo‘ladi. Agar bularning aksicha - robboniy sifatlarni hammasiga g‘olib qilsa, qalbida robboniy sifatlardan bo‘lgan ilm, hikmat, ishonch, narsalarning haqiqatini ihota qilish, ya’ni qamrab olish, ishlar qay tarzda bo‘lsa, ularni shunday bilish, bularning hammasiga esa ilm quvvati va qalb ko‘zining nuri bilan ega bo‘lish, ilmning yetukligi va ulug‘ligi bilan butun xalq oldida yurishga haqli bo‘lmog‘i qalbida qaror topar edi hamda shahvat va g‘azabga itoat qilishga muhtoj bo‘lmasdi.

Laylo

  • Mehmon
Shahvat to‘ng‘izini ushlab turishdan, uni to‘g‘rilik chegarasiga qaytarishdan qalbga pok vujud, qanoat, bosiqlik, zohidlik, parhez, taqvo, ochiq yuzlilik, chiroyli holat, hayo, qalbning ziyrakligi, bir-biriga yordam berish va shunga o‘xshash narsalar tarqaladi. G’azab quvvatini ushlab turishdan, uni o‘ziga bo‘ysundirishdan, turishi vojib bo‘lgan chegaraga uni qaytarishdan qalbda jo‘mardlik, saxiylik, baquvvatlik, nafsni tiyib tura olish, sabr qilish, halimlik, qiyinchilikni ko‘tarish, kechirimlilik, qat’iyatlilik, istalgan maqomga yetishish, oliyjanoblik, viqorli bo‘lish va boshqa sifatlar hosil bo‘ladi.

Qalb yuqorida zikr qilinganiday, unga ta’sirini o‘tkazuvchi yomon sifatlar o‘rab olgan, ya’ni xiralashtirgan bir oyna hukmidadir. Bu yomon sifatlar qalbga paydar-pay bog‘liqdir, ammo biz zikr qilib o‘tgan yaxshi sifatlar esa qalb oynasining jilosini, yoruqligini, nurini va ziyosini ziyoda qiladi, hatto unda haqiqat jilosi shu’lalanadi, dindagi matlub ishning haqiqati qalbda kashf bo‘ladi. Shunday qalblarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ishora bordir: «Agar Alloh bir bandaga yaxshilikni xohlasa, qalbida o‘zi uchun nasihatgo‘y paydo qilib qo‘yadi» (Daylamiy rivoyati); «Kimning qalbida bir nasihatgo‘y bo‘lsa, uning uchun Alloh tomonidan bir saqlaguvchi bo‘ladi» (asli yo‘q hadis).

Laylo

  • Mehmon
Allohning zikri qaror topgan qalb haqida mana bu oyatda ham ochiq ishora bor:

«Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur» (Ra’d surasi, 28-oyat).

Ammo yomon sifatlar qalb oynasiga ko‘tarilayotgan qora bir tutunga o‘xshaydi. Qalb qorayib, zulmat qoplab butkul Alloh taolodan to‘silib qolguncha bu tutun qalbni butunlay chulg‘ab, doim to‘lib turadi. Bu muhrlangan, kirlangan qalbdir. Alloh taolo aytadi:

«Yo‘q, (undoq emas)! Balki ularning dillarini o‘zlari kasb qilguvchi bo‘lgan gunohlari qoplab olgandir!» (Mutaffifun surasi, 14-oyat.)

Laylo

  • Mehmon
«Bu yerga (ilgarigi) egalaridan keyin merosxo‘r bo‘layotgan kimsalarga, agar Biz xohlasak, ularning gunohlari sababli musibat yetkazib qo‘yishimiz ma’lum emasmi? Biz ularning dillarini (ana shunday) muhrlab qo‘yurmiz. So‘ng ular (hech qanday pand-nasihatga) quloq solmay qo‘yadilar» (A’rof surasi, 100-oyat).

Alloh taolo eshitmaslikni gunohlar tufayli muhrlab qo‘yilganligiga bog‘ladi, mana bu oyatda esa eshitishni taqvoga bog‘lab keltirdi:

«(Ey mo‘minlar), Allohdan qo‘rqingiz va Unga quloq tutingiz» (Moida surasi, 108-oyat).

«Allohdan qo‘rqingiz! Alloh sizlarga (haq-hidoyat yo‘lini) bildiradi» (Baqara surasi, 282-oyat).

Laylo

  • Mehmon
Gunohlar ko‘payib ketsa, qalbga muhr bosib qo‘yiladi. Keyin u haqni idrok etishdan va dinni tuzatishdan ojiz bo‘lib qoladi. Oxirat ishini yengil sanab, dunyo ishini ulug‘laydigan bo‘lib qoladi. Oxiratga bo‘lgan g‘ami ham ozayib ketadi. So‘ngra oxiratdan, undagi buyuk ishlardan biror narsa qulog‘iga chalinsa ham, biridan kirib, ikkinchisidan chiqib, qalbga o‘rnashmaydi. Shu bilan birga qalbni tavba qilishga va o‘zini o‘nglab olishga harakatlantira olmaydi ham.

O’sha insonlar qabrlarda yotgan kofirlar noumid bo‘lganidek noumid kimsalardir.

Bu Qur’on va sunnat xabar berganidek, qalbning gunohlar tufayli qorayganligi demakdir.

Maymun ibn Mihron aytishlaricha, agar banda bir gunoh qilsa, qalbiga bir kichkina qora dog‘ qo‘yiladi. Agar (o‘zini gunohdan) uzoqlashtirib, tavba qilsa, dog‘i ketib sayqallanadi. Agar (gunohga yana) qaytadigan bo‘lsa, qalbidagi kichkina qora dog‘ kattalashadi, hatto uni butunlay bosib oladi. Mana shu qalbni egallab olishdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytishlaricha, «Mo‘minning qalbi top-toza, unda yoritib turadigan chiroq bo‘ladi. Kofirning qalbi esa qorayib ketgandir» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyatlari).

Laylo

  • Mehmon
Shahvatlarga qarshi chiqish bilan Allohning toatida bo‘lish qalbni sayqallaydigan narsalar. Allohga osiy bo‘lish esa qalbni qoraytiradigan narsa. Qaysi bir inson gunohlarga yuzlansa, qalbi qorayadi. Qaysi bir inson gunohi orqasidan yaxshi amal qilib, uning asarini o‘chirsa, qalbini zulmat qoplamaydi-yu, lekin uning nuri kamayadi. Go‘yo oyna yaqinida nafas olib, so‘ng uni artib, keyin yana nafas olib, so‘ng yana artganga o‘xshaydi. Chunki u xiralikdan xoli bo‘lmaydi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qalblar to‘rt xil bo‘ladi, bir qalb borki, ichida yoritib turadigan chirog‘i bor, top-toza, bu mo‘minning qalbi. Yana bir qalb borki, qora, to‘ntarilgan, bu esa kofirning qalbi. Yana bir qalb borki, g‘iloflanib g‘ilofiga bog‘lab qo‘yilgan, bu esa munofiqning qalbi va oxirgisi moyil (egilgan) qalb, unda iymon ham, munofiqlik ham bor. Bu qalbdagi iymonning misoli baqlajonga o‘xshaydi. Yaxshi suv unga quvvat beradi. Undagi munofiqlikning misoli bir jarohatga o‘xshaydi, uni esa yiring bilan zardob rivojlantiradi. Shu ikki xil moddaning qaysinisi unga g‘olib kelsa, qalb o‘shanga hukm qilinadi» (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyatlari). Boshqa rivoyatda «Qaysinisi u bilan ketsa» bo‘lib kelgan. Alloh taolo aytadi:

«Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar-da, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar» (A’rof surasi, 201-oyat).

Alloh taolo qalbning jilosi va ochiqligi zikr bilan hosil bo‘lishini va yana bunga faqat taqvodorlargina erishishini aytdi. Taqvo zikr eshigidir, zikr kashf eshigidir, kashf esa katta zafar eshigidir va u Alloh taologa yo‘liqish bilan bo‘ladigan zafardir.

Laylo

  • Mehmon
Qalbning xususan ilmlarga qo‘shilgandagi holati bayoni

Bilingki, albatta ilmning o‘rni qalb, ya’ni hamma a’zolarning tadbirini qilib turuvchi ilohiy ne’matdir. Butun a’zolar qalbga itoatda bo‘lib, uning xizmatini qiladilar. Qalb ma’lumotlarga bog‘liqlikda    turli-tuman    narsalarning   suratlariga    bog‘liq   oynaga o‘xshaydi. Albatta turli-tuman narsalar bir suratdir va o‘sha suratning misli oynaga muhrlanib, unda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, har bir narsaning haqiqati mavjud bo‘lib, o‘sha haqiqatning ham surati bor. Bu surat qalb oynasida aks etib, unda ravshanlashadi. Albatta oyna boshqa, shaxslarning surati boshqa, uning o‘xshashi oynada hosil bo‘lmog‘i boshqa, bu uch xil ishdir. Shu singari u yerda (qalbning bog‘liqligida) uchta ish bor. Ya’ni, narsalarning haqiqati va haqiqatlarning o‘zi qalbda hosil bo‘lib, unda nomayon bo‘lmoqligi. Olim - narsalar haqiqatining misollari tushadigan qalbdan iborat, ma’lumot narsalarning haqiqatidan iborat, ilm esa oynada misollarning hosil bo‘lishidan iboratdir. Albatta ushlashlik qo‘lga o‘xshash ushlovchini va qilichga o‘xshash ushlanadigan narsani hamda qilich bilan qo‘lning o‘rtasida qilich qo‘lda tutilishi bilan bo‘lgan bog‘liqlikni talab qiladi va «ushlash», deb nomlanadi. Shuningdek, ma’lumotning misoli qalbga yetganda «ilm», deb ataladi. Haqiqat ham, qalb ham batahqiq mavjud edi, lekin ilm hosil bo‘lmagan edi. Chunki ilm haqiqat qalbga yetganidan keyin hosil bo‘ladi. Shuningdek, qilich ham, qo‘l ham mavjud, lekin qilich qo‘lda bo‘lmaganligi uchun «olish, ushlash» ismi bo‘lmadi. Ha, ushlash qilichning ayni o‘zi qo‘lga yetishidan iboratdir.

 

Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (O'limni eslash kitobi)

Muallif Muslima_subhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 96
Ko'rilgan: 52769
So'nggi javob 22 Iyul 2008, 09:39:38
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tavba kitobi)

Muallif Musannif AdhamBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 222
Ko'rilgan: 81919
So'nggi javob 20 Sentyabr 2008, 00:41:06
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ro‘za sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 27
Ko'rilgan: 17620
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 01:35:42
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Zakot sirlari kitobi)

Muallif AbdulAzizBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 65
Ko'rilgan: 27337
So'nggi javob 29 Sentyabr 2008, 02:15:22
muallifi AbdulAziz
Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Tafakkur kitobi)

Muallif AbdullоhBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 85
Ko'rilgan: 34291
So'nggi javob 31 Yanvar 2009, 02:23:23
muallifi AbdulAziz