Bunga Alloh taoloning kalomida ham ishora bor:
«Albatta Biz bu omonatni (ya’ni, shariati Islomiyyadagi toat-ibodatlarni) osmonlarga, yerga va tog‘u toshlarga ko‘ndalang qilgan edik, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar, inson esa uni o‘z zimmasiga oldi» (Ahzob surasi, 72-oyat).
Alloh taoloning bu so‘zida albatta insonda osmonlardan, yerdan va tog‘lardan ajrab turadigan xususiyat borligiga ishora bor. Ana shu xususiyat bilan u Alloh taoloning omonatini ko‘tarishga toqati yeta oladigan bo‘ldi. U omonat esa ma’rifat va tavhiddir. Har bir odamning qalbi aslida omonatni ko‘tarishga tayyor va toqati yetadigan bo‘ladi. Lekin yuqorida zikr qilingan sabablar uni qiyinchiliklarni ko‘tarishdan va uning haqiqatiga yetishdan to‘xtatib qoladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Har bir tug‘ilgan go‘dak Islom fitratida tug‘iladi. Ammo ota-onalari uni yahudiy, nasoro va majusiy qilib qo‘yadilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Agar shaytonlar odam farzandlari qalblari atrofida aylanib yurmaganlarida osmon podshohligiga qarardilar», degan gaplari ham qalblar bilan molik o‘rtasida parda bo‘lib qoladigan ba’zi sabablarga ishoradir (Imom Ahmad rivoyati). Bunga Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda ishora bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Ey Rasululloh, Alloh qaerda, yerdami yoki osmondami?» deb so‘ralganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh mo‘min bandalarning qalblarida», dedilar (Tabaroniy boshqa lafz bilan rivoyat qilgan). Yana bir xabarda kelishicha, Alloh taolo aytadi: «Meni yerim, osmonim ham o‘ziga sig‘dirolmadi. Meni yumshoq, beozor mo‘min bandamning qalbi sig‘dira oldi» (asli yo‘q hadis). Yana bir xabarda kelishicha, «Ey Rasululloh, insonlarning yaxshisi kim?» deyildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir qalbi maxmum mo‘mindir», dedilar. Yana: «Qalbi maxmum nima degani?» deb so‘raldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Aldoqchiligi, zulmi, xiyonati, kin va hasadi bo‘lmagan, pokiza, taqvodor kishidir», dedilar (sanadi sahih). Shuning uchun Umar roziyallohu anhu: «Qalbim Robbimni ko‘rdi», dedilar. Zero, u kishi taqvo tufayli hijobni o‘rtadan ko‘targandilar.